Ushbu faslda ilmiy kuzatishlar natijalari quyidagicha umumlashtirildi:
1. “Hayrat ul-abror” dostonida Alisher Navoiy “Xamsa”sining boshqa dostonlaridan farqli tarzda har bir so‘zni qo‘llashda birinchi navbatda, uning barcha uchun tushunarli bo‘lishi, shuningdek, og‘zaki va yozma nutqning bir-biriga muvofiq kelishi, o‘z navbatida asar badiiyatini oshirishiga alohida e’tibor qaratgan.
2. Navoiyning fikricha, so‘z qadrini bilish, uni chuqur fahm qilish, so‘zlayotganda so‘zni o‘z o‘rnida qo‘llay olish notiqning nutqida namoyon bo‘ladi. Notiqning so‘zlayotgan so‘zi, qo‘llayotgan iboralariga qarab uning bilim doirasi, dunyoqarashini anglash mumkin. Bu o‘rinda uning qiyofasi yoki kiygan kiyimi asosiy ahamiyatni kasb qilmaydi.
2.2. “Hayrat ul-abror” tili leksikasida o‘z qatlam va o‘zlashgan qatlamga oid so‘zlarning og‘zaki va yozma nutqda ifodalanish holati
O‘z qatlamga oid so‘zlarning og‘zaki va yozma nutqda ifodalanish holatiga ko‘ra ikki guruhga ajratishimiz mumkin:
Qadimgi turkiy tilga xos unitilgan so‘zlar;
Talaffuzda o‘zgarishga uchragan turkiy so‘zlar.
Alisher Navoiyning barcha asarlari kabi “Hayrat ul-abror”da ham tarixan qadimgi davrlardan buyon mavjud bo‘lib kelgan ko‘pgina o‘z qatlamga oid turkiy so‘zlar qo‘llanib kelgan. Bu esa umumturkiy leksikaning genetik jihatdan o‘ziga xos umumiyligini belgilaydi.
“Hayrat ul-abror” dostonida ham qo‘llangan so‘zlarni o‘z qatlam leksikasi faqatgina genetik jihatdan turkiy bo‘lgan so‘zlar hosil qilishda o‘zbek tiliga boshqa tillardan kirgan so‘z manbaidan ham foydalanilgan. O‘zbek tili leksikasining uzoq tarixiy taraqqiyoti davrida chet tildan kirgan so‘zlarga ular og‘zaki va yozma nutqda o‘zbekcha affikslarni qo‘shish orqali hosil qilingan. Bunga asarda qo‘llanilgan bir necha misollar keltirishimiz mumkin.
Komini (maqsadi), sirini, dimog‘iga, payg‘omidin (xabar), shajari (daraxt, avlod, urug‘), sidirg‘a, soyasida, ruxqa (yuz, bet), charxgakim (osmon), ojizni (zaifligini) va boshqalar.
O‘zbekcha qo‘shimchalarning chetdan kirgan so‘zlarga qo‘shilib ifodalanishi asar tiliga xos muhim usullardan biri bo‘lgan.
Chunki XIV asrdan e’tiboran yozma va og‘zaki nutq holatida bu kabi ko‘p tillilik ya’ni zullisonaylik (arab, fors, turkiy tillar) tabiiy bir holatga aylangan.
Shuning uchun Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” asarida ham aralash til holati (O‘zak va qo‘shimchalar qo‘shilmasi) qo‘llanishda davom etganligi o‘ziga xoslikni belgilaydi.
Ammo Alisher Navoiy imkoniyati boricha o‘z asarlarida turkiy leksikadan foydalanishga harakat qilgan.
Alisher Navoiyning barcha asarlari kabi qadimgi turkiy tilga xos unutilgan so‘zlardan ham keng foydalangan. “Hayrat ul-abror” asarida ham turkiy tillarda qadimdan mavjud bo‘lgan bir qator so‘zlar, asarda bir ma’no va o‘z shaklida qo‘llangan. “Hayrat ul-abror” asarida uchrovchi qadimgi turkiy tilga xos so‘zlar asliday qo‘llanganligini ko‘ramiz.
Tunda tez-(o‘zini) tez va qattiq urmoq.
Qaysari o‘tdek yuz urub tundu tez,
Solibon ul kishvar aro rustaxez.
(H. A. 11-bet).
Bayt sharhiga binoan mingan oti ham o‘tdan tez harakat qilib, qayoqqa o‘zini o‘tdek (tundu tez) tez va qattiq urmasin, hamma yerda to‘polon ko‘tardi.
Shuningdek, dostonda qadimgi tilga xos chabuk-chaqqan, sho‘x, ildam ma’nosida, tez va tund so‘ziga sinonim chobuk tarzida qo‘llagan.
Hindavi chobuk demakim, royi hind,
Kilki uchi mamlakatroyi hind.
(H. A. 11-bet).
Uni shunchaki hind chavandoz deb bo‘lmaydi, uni hind sultoni deb atash kerak. Shuningdek, asarda turkiy tilga xos so‘zlardan.
O‘tra – qarshi, to‘para (16-bet);
Kitmon –yashirin, yashirin saqlash (14-bet);
Eksun – qora rangli ipak kiyim (17-bet);
Jo‘lu – otning yopig‘i, majozan teri (17-bet);
Biyik – ulug‘, katta (17-bet).
Dog‘i – iz, dog‘ (17-bet);
Qayonkim – qaysi kim (17-bet);
Borisi – hammasi, barchasi (17-bet);
Kirpik –kiprik (19-bet);
Ug‘on – xudo, qudratli, kuchli (20-bet);
Uqob –burgut (25-bet);
Uqar – turna (30-bet);
O‘yitmoq – uxlatmoq (42-bet);
Uyirmoq – ag‘darmoq (43-bet);
Ush buncha – shu qadar (43-bet);
Usruk – mast (46-bet);
Usru – juda ko‘p (48-bet).
Kabi bir qator turkiy tilga xos so‘zlar dostonda qo‘llanilgan. Alisher Navoiyning bunday so‘zlarni qo‘llashdan asosiy maqsadi, eng avvalo, turkiy leksikadan unumli foydalanish bo‘lsa, ikkinchidan, tilimiz tarixini saqlash, qadimiy so‘zlarning uslubiy rang-barangligidan keng foydalanishdir.
“Hayrat ul-abror” dostonida yana shunday qadimgi turkiy tilga xos so‘zlar borki, ular dostonda ba’zi fonetik o‘zgarishlarga uchragan holda qo‘llangan. Ular hozirgi kunda talaffuzda o‘zgargan holda uchraydi:
O‘lub – bo‘lib (12-bet);
Qozmoq – qazmoq (12-bet);
Tengez –dengiz (12-bet);
Yorutub –yoritib (12-bet);
Bu kun – bugun (13-bet);
Go‘mbat –gumbaz (13-bet);
Xidmat – xizmatiga (14-bet);
Ulus –el, xalq (14-bet);
O‘qumoq –o‘qimoq (16-bet);
Botin –ich, ichki, majoziy ko‘ngil (16-bet);
O‘tun – o‘tin (16-bet).
Asarda yana shunday so‘zlar ham uchraydiki, ular qadimgi turkiy bitiklarda X-XII asr yozma manbalarda faol iste’molda bo‘lgan bo‘lsa, Navoiy asarlarida ham ma’lum darajada ularning ayrimlarini saqlanganligini ko‘ramiz:
Budun –xalq; Qopu – eshik; Bitik – xat, maktub; Tamag‘ –hamma, barcha; Uchuz –arzan; Ag‘g‘uvchi –maslahatchi; Bulan –asir (tutqun) va boshqalar.
Alisher Navoiy asarlari tili ham o‘z tarixiy taraqqiyoti jarayonida mustaqil ravishda o‘z ichki qonuniyatlari, asosan, rivojlangan. Tarixan turli tillar bilan tillashgan. Natijada o‘zbek adabiy tili o‘zining qadimiy turkiy negizidan ma’lum darajada uzoqlashgan asta-sekin o‘ziga xos aralash tilga aylana boshlagan.
Tirguzub – tiriltirib (18-bet).
Asarda tirguzub so‘zi aslida turdirmoq, o‘rnidan turg‘uzmoq ma’nolarida qo‘llanilgan bo‘lib, yaxshi so‘z bilan o‘lganni tiriltira ololgani uchun esa Iso Masih (s.a.) payg‘ambar o‘zini “jonbaxsh” degan laqab bilan atalgan. Ushbu baytda tirguzub so‘zi turg‘uzmoq, tiriltirmoq ma’nolarida qo‘llanganligi bilan xarakterlidir.
Ammo “Hayrat ul-abror” dostonida yana shunday so‘zlar uchraydiki, qadimdagi turkiy manbalarda, shuningdek, Navoiy asarlarida ham o‘z yozuv shaklini aynan saqlab qolganligi bilan xarakterlidir.
Masalan, qullaung‘a –qulluq (133-bet);
Anga –unga (133-bet);
Mundin – bundin (133-bet);
Bermakka – bermoqqa (132-bet);
Ko‘rguzub –ko‘rsatib, ko‘rsatmoq (142-bet);
Kibi –kabi (142-bet);
Birla –bila (142-bet) va boshqalar.
Kuydi suluk o‘tig‘a joni aning,
O‘ylaki, mahv o‘ldi nishoni aning. (H.A. 143-bet).
Ushbu baytda birinchidan, qadimgi turkiy tiliga xos suluk –yo‘l tutish; yaxshi yo‘lga kirish; darveshlik hayot;: o‘tig‘a-o‘t, olov; O‘ylaki, o‘ldi, aning kabi so‘zlashuv tiliga xos Navoiy davri eski o‘zbek tiliga xos shaklini saqlagan holda ishlatilgan.
“Hayrat ul-abror” tili leksikasida o‘zlashgan qatlamga oid so‘zlarni ikkiga bo‘lib o‘rganish mumkin:
Arab tilidan o‘zlashgan so‘zlar;
Fors tilidan o‘zlashgan so‘zlar.
“Hayrat ul-abror” dostonida o‘zlashgan qatlamga oid so‘zlar, asosan, Alisher Navoiyning barcha asarlaridagi kabi og‘zaki va yozma nutqida, asosan, arabcha va forscha so‘zlar qo‘llangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |