Asar tili leksikasida keng iste’molda bo‘lgan so‘zlar, bunday so‘zlar kundalik turmushda, yozma va og‘zaki nutqda keng qo‘llanilishi va ko‘pchilik uchun tushunarli ekani bilan xarakterlanadi.
Bular “Hayrat ul-abror”da quyidagicha qo‘llangan: kishi, cheksa, so‘zi, bir, kim, anga, bo‘lub, ulus, mung ko‘rk, nechuk, yaqo, chok, aylamak, erdi, uchun, edi, necha, aning, aro balki, topib, ketar, kelib, o‘tni, o‘zgaga, boshladi, oni, etib, tun-u kun, kelmagu, ketmak, tunin, yilni, yugurmak, oqizib, kuydurib, qo‘ydi, sovurdi, o‘zdi, qildi, ko‘rki, so‘ngra, qo‘ynida, o‘rub, kurub, o‘rtada, ko‘rguzubon, qovurchoqchi, ko‘rguzubon, orasidin, yoqasidin va boshqalar.
“Hayrat ul-abror”da qo‘llangan bunday faol iste’molda bo‘lgan so‘zlar til, lug‘at tarkibidan foydalanish imkoniyatlariga ko‘ra adabiy til, dialekt va shevalar, professional nutq uslubiy ko‘rinishlari, ya’ni ilmiy-ommabop tili, adabiy so‘zlashuv tili, badiiy adabiyot tili va boshqalar o‘zaro farqlanganidek, odatda, tilning lug‘at tarkibidagi so‘zlar nutqning sotsial va funksional uslubiy ko‘rinishlariga moslashgan, singishgan so‘zlar tipi o‘sha uslubning leksik normalarini xarakterlaydi.
Kasb-hunarga oid so‘zlar: Do‘kon, qozon, qopqoq, xum, ilik (qol), buzuq, ilgima (qo‘limga).
Bugungi kunda iste’moldan uslubiy talabiga mos qo‘llangan so‘zlar: Qadoq, put, botmon, amr, qozi, sudxo‘r, batrak, meshkopchi, kashshof, firqa va boshqalar.
Urug‘, qabila, elat, xalq va xalq nomlari: Qipchoq, O‘g‘uz, mang‘it, barlos, qarluq, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz va boshqalar.
Bugungi kunda dialektal hisoblangan so‘zlar:
- go‘sala (buzoq); - kadi (qovoq);
- kallapo‘sh (do‘ppi).
- ev (uy); - hamsoya (qo‘shni);
- to‘ngcha (qumg‘on);
- charmgar (ko‘chi);
Shuningdek, deyarli barcha otlarning turlari asarda uchraydi.
Kishi ismlari, laqablar, quruqlik va suvlikdagi tabiiy geografik nomlar, hayvon va boshqa mavjudotlarga berilgan laqab va nomlar, osmon jismlari, yulduzlar nomi, afsonaviy mavjudotlar, diniy tushunchalarni ifodalovchi so‘zlar, qurollar, qimmatbaho buyumlar, musiqiy atamalar nomi va boshqa bir qator so‘zlar uchraydi. Bu kabi turli sohalar bilan bog‘liq so‘z va atamalar talaffuzda, ya’ni og‘zaki nutqda qanday ifodalansa, yozma nutq jarayonida ham bir xil yozilishi xususiyatiga ega. Masalan, joy nomlariga taaluqli bo‘lgan Xuroson – shahar nomi ayni ko‘rinishda yozilgani bilan, Hirot o‘lkasi yoki yulduzlar atamasi bilan bog‘liq osmon jismlari nomlarida ham og‘zaki va yozma nutq holati bir xil tarzda ifodalanadi:
“...Uning minbari osmonga zina bo‘la oladi, bu zinaning poyalari mushtariy sayyorasigacha yetadi, oy unga osmonni yorituvchi qandilday, osmon kamalagining ko‘rinishi unga mehrobday”1.
Alisher Navoiy turli sohalar bilan bog‘liq bo‘lgan so‘zlarni badiiy san’atning ma’naviy va lafziy turlaridan mohirona foydalanib, ulardan turlicha o‘xshatishlar ham hosil qila olgan.
Masalan, “Qutichadagi gavharlar va javohirlar osmon va undagi yulduzlarni eslatadi”. “Bu Hirot qanaqa shahar bo‘ldi”! Uning bir ikkinchi qismidan ajoyib ikki turg‘un osmondan belgi bo‘lgan, uning ikki xiyoboni somonchining yo‘liga o‘xshaydi2.
Xullas, Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” asarida qo‘llangan faol iste’molda bo‘lgan so‘zlar va turli sohalarga bog‘liq so‘z va atamalar shoirning “Xamsa” dostonlari ichida birinchi yirik asar bo‘lishi bilan birga har bir so‘zni qo‘llashda, birinchi navbatda, uning oddiy nutqiy so‘zlashuvi barchaga tushunarli bo‘lishiga, og‘zaki va yozma nutqning bir-biriga muvofiq qo‘llanilishiga, ikkinchidan, dostonning badiiy poetik uslubi o‘z davri adabiy an’analari, tasvir vositalari o‘sha davr kishilarining tushunchalari bilan chambarchas bog‘liq holda qo‘llanganligi sezilib turadi.
Shuning uchun shoirning “Hayrat ul-abror” dostoni har jihatdan ham badiiy she’riy san’atlarning ham barchaga muvofiq, hamma tushunadigan jonli xalq tili elementlariga boy tarzda yozilganligi bilan xarakterlidir. Eng muhimi, doston tili o‘ziga xos xalqchilligi bilan alohida ajralib turadi.
Alisher Navoiy o‘z ona tilining imkoniyatlarini chuqur o‘rganadi. O‘z asarlarida o‘sha davrda benihoya rang-barang bo‘lgan shevalarning xususiyatlarini birlashtirdi, o‘zlashtirma so‘zlardan ham unumli foydalandi.
Bu haqida Navoiyning o‘zi shunday deydi: “...Va yillar turk (o‘zbek) tilida va nazmi qoida va uslubda bilmaganlarimni so‘rab va mushkullarimni haloli mushkulotim tobug‘ida arzga yetkurib, azim qoidalar topib kulliy natijalar ko‘rdim” (“Muhokamat ul-lug‘atayn”).
Hazrat Navoiy o‘z asarlarida biror so‘z yoki qo‘shimchani noo‘rin qo‘llamagan. Uning tilida grammatik qoidalar, qonuniyatlar umumlashdi, badiiy uslubiy sayqal topdi, Masalan Navoiy asarlarida chiqish kelishigi qo‘shimchasi faqat (-din) tarzida qo‘llangan.
Uning “Mezon ul-avzon” asarida chiqish kelishigining (-dan) shakli faqat bir o‘rinda qo‘llanadi, lekin shunda ham, bu holatning Navoiy yo‘l qo‘ygan xato emas, balki ulug‘ mutafakkirning boshqa tillarga, aniqrog‘i, turkman tiliga bo‘lgan hurmatining isbotini ko‘ramiz:
Sakoho‘m rabbiho‘m hamri
dudog‘ing kavsarindandur,
Bu mayni ichtikung nuqli
hadisin shakkarindandur.
Alisher Navoiy ushbu turkmancha baytdagi kavsarindandur, shakkarindandur so‘zlarini minglab qo‘llaydigan –din qo‘shimchasi bilan yozmaydi, aslida qanday bo‘lsa, shunday ifodalaydi.
Bunday misralardan ko‘rinadiki, Navoiy tilga, so‘zga har bir grammatik elementga g‘oyat sinchikovlik bilan qaragan, til va nutq sohasida o‘ziga benihoyat darajada talabchan bo‘lgan.
Navoiy o‘z asarlarida jumla qurish va mazmun ifodalashda so‘zning ahamiyati kattaligini, noo‘rin qo‘llangan so‘z nutqni bulg‘ashi, mazmunga qiron keltirishini ko‘p ta’kidlaydi:
Har kimsaki so‘z demak shiorida durur,
Ma’ni guli nutqining bahorida durur.
So‘zkim, desun ulki ixtiyorida durur,
So‘z yaxshilig‘i chu ixtisorida durur.
Shoir o‘z fikrini ifodalash uchun ko‘p so‘z qalashtirishni, mazmunsiz gapirish va ezmalikni qattiq qaralaydi: “So‘z hisobsiz - o‘zi ixtiBob.siz. So‘zida parishonliq - o‘zida parishonliq... Qulga yirtuq libosdan ne ziyon, durga badshakl sadafdin ne nuqson... Harzago‘ykim, ko‘p takallum surgay, itdekdurkim, necha teng otquncha hurgay...” (“Mahbub ul-qulub”).
Ulug‘ shoir “nadonning nutqi xuddi ayg‘oqchilikka o‘xshaydi va ko‘p gapirishi yo‘rtoqiliqdur. U oz so‘zlay desa, o‘z fikrini yo‘qqa chiqaradi, shu sababli gapirmagani ham ma’qul”, degan mazmunda:
Nodon so‘z demagi ayg‘oqdur va ko‘p demagi yo‘rtoqdur.
Oz demagi nosix va demagani muslih. (“Mahbub ul-qulub”).
Shunday qilib, Navoiy so‘z qadrini chuqur fahm qilish, nutqda soflik va go‘zallikka erishish har bir inson uchun buyuk taammul ekanini ta’kidlaydi. O‘zi ham bunga amal qiladi.
Har bir kishining madaniyatsizligi, o‘z xalqiga, tiliga e’tiborsizligi, eng avvalo uning nutqida namoyon bo‘ladi. Uning fikricha, so‘zlayotgan kishini ko‘rinishi va libosiga qarab emas, uning nutqiga qarab baho berish kerak:
Fahm ayla kishi holini so‘z demagidin,
Kim, berdi xabar hadisi ko‘nglidagidin.
Chun g‘araz so‘zdin erur ma’ni anga,
Noqil o‘lsa xoh xotin, xoh er.
So‘zchi holin boqma, boq so‘z holini,
Ko‘rma kim der ani, ko‘ngilkim ne der.
Sihhat onchaki, ahli aql komiduru bas,
Aqlig‘a dalil aning kalomiduru, bas!
(“Nazm ul-javohir”).
Ona tili va adabiyot uchun tolmas kurashchi Hazrat Navoiyning boshqa otashin chaqiriqlari qatori so‘z, til, nutq va nutq madaniyati borasida qoldirgan qimmatli fikrlarini qadrlashimiz, unga amal qilishimiz kerak.
Ona tilini hurmatlash, uning imkoniyatlaridan ham o‘rinli, ham unumli foydalanish har bir kishining muqaddas burchidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |