Yoqilg‘i – issiqlik elektr stansiyalari, qora metalurgiya sanoatining dastlabki
bosqichini (cho‘yan eritish) joylashtirishda asosiy rol o‘ynaydi. Ammo uning
ta’siri har doim yetakchi kuchga ega emas. Issiqlik elektr stansiyalari yoki
metalurgiya zavodlari iste’mol rayonlarida ham joylashtirilishi mumkin. Bunday
xol neft va uning maxsuloti mazut, tabiiy gaz asosida ishlovchi issiqlik elektr
stansiyalarini qurishga taaluqli (yoqilg‘ini quvurlarda keltirishni iqtisodiy jihatdan
ma’qulroq) bo‘ladi.
Biroq, qora metalurgiya (cho‘yan erituvchi) zavodlarini joylashtirish
qonuniyatlari bir xil emas. Ma’lumki, qazib olinadigan temir rudasining taxminan
48-50%i foydali, bu “o‘rtacha” raqam xamma joyda ham bir xil emas – ayrim
konlarda temirning qazib olinadigan rudadagi ulushi atigi 17-19%ni tashkil etadi.
Bunday konlarga Uraldagi Qo‘shqonarni yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi
Tebinbuloq konlarini misol qilib ko‘rsatish mumkin. Bu yerlardan qazib olinadigan
rudani bevosita domna pechlarida eritib bo‘lmaydi, zero unda kerakli mineraldan
ko‘ra foydasiz jinslar ko‘proq. Shuning uchun bu ruda dastlab boyitilishi va uning
tarkibidagi foydali mineralning xissasi oshirilishi kerak. Boyitilgandan so‘ng ruda
tarkibidagi temirning (rangli metallar uchun boyitish jarayoni ayniqsa muhim,
chunki ularning rudalar tarkibidagi ulushi ancha past) miqdori bir necha barobar
ko‘payadi.
Ammo bu bilan ham uning hissasi yetarlicha bo‘lmaydi. Shuning uchun
metallurgiya korxonalari ko‘proq xom ashyo rayoniga yaqinroq joylashtiriladi.
Ba’zi metallurgiya zavodlari xom ashyo va yoqilg‘i rayonlari o‘rtasida joylashgan,
zero mazkur sanoat tarmog‘i uchun bu ikki omilning ahamiyati deyarli bir xil.
Bunga yorqin misol bo‘lib Cherepoves metallurgiya kombinati (Rossiya
Federatsiyasi) xizmat qiadi. U Pechera kokslanuvchi ko‘mir xavzasi bilan Kola
yarim oroli temir rudasi konlarining taxminan o‘rtasida qurilgan. Ammo korxona
aniq ikki oraliq masofada emas, u biroz g‘arbga “tortilgan”, sababi Sankt-
Peterburg, uning yirik mashinasozlik sanoatini po‘lat va prokatga bo‘lgan
ehtiyojini qondirishdir. Korxona yaqinida katta suv ombori ham bor.
Shuninigdek, ko‘mir va temir rudasini bir-biri bilan hududiy almashuvi
asosida xar ikkala rayonda shakllangan qora metallurgiya markazlari mavjud. Bu
borada 30-yillarda amalga oshirilgan Ural-Kuznesk kombinati (UKK)ni ko‘rsatish
o‘rinli. Ushbu dastur o‘rinli ishlab chiqarish majmuining dastlabki ko‘rinishi
bo‘lib, uni hayotga tadbiq etishda ham xom ashyo rayonida – Janubiy Ural temir
rudasi konlari asosida (dunyodagi eng yirik Magnitagorsk metallurgiya kombinati),
ham yoqilg‘i rayoni – Kuznesk toshko‘mir xavzasida, ya’ni Novokuzneskda
bunday ulkan korxonalar bunyod etilgan edi.