II BOB. HUQUQNI SHАRHLАSHNING HUQUQIY MEXАNIZMLАRI TАHLILI
2.1. Huquqni sharhlashning huquqiy asoslari
2.2. Huquqni sharhlashning norma ijodkorligi va huquqni qoʼllash jarayonidagi ahamiyati
Huquq normasi qabul qilinganidan so`ng uning qoidalarini jamiyatga to`g`ri yetkazib berish uchun avvalo huquqni qo`llovchi subyekt uni to`g`ri anglashi va tushunishi lozim. Huquqni qo`llash vakolatli davlat organlarning muayyan huquqiy masalani, ishni ko'rib chiqish va u to'g'risida individual qaror qabul qilishdan iborat bo'lgan, ushbu qarorlar kimga qaratilgan bo`lsa o`sha uchun majburiy bo'lgan faoliyat hisoblanadi.
V.A.Tumanov fikricha, huquqni qo`llash - bu davlat hokimiyati organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati bilan bog'liq bo'lgan huquq normalarini amalga oshirishning maxsus shakli46. Ushbu izohni tushunish uchun avvalo huquqni amalga oshirish nima ekanligini bilib olishimiz lozim.
Huqu47qni amalga oshirish davlat tomonidan yuridik jihatdan mustahkamlangan va kafolatlangan imkoniyatlarning amalga oshirilishi bo`lib, huquq normalarini kishilar va ularning tashkilotlari faoliyatida hayotga tatbiq etilishidir. Huquqni amalga oshirishning to`rtta shaklini farqlash lozim: huquqqa rioya etish, uni ijro etish, huquqdan foydalanish va qo`llash48.
Bundan kelib chiqadiki, huquqni qo`llash jarayoni huquqni amalga oshirishni oxirgi bosqichi hisoblanadi. Huquq normalarida qoidalar umumiy bo`ladi, uni ma`lum bir vaziyatda qo`llash uchun tegishli davlat organi tomonidan ma`lum bir huquqiy hujjat qabul qilinadi. S.S.Mailyan yuqoridagi fikrlarga hamohang ravishda - huquqni qo`llash faoliyatini vakolatli organlar va shaxslarning yuridik faktlar va o'ziga xos huquqiy normalar asosida biror bir ish bo'yicha individual qarorni tayyorlash va qabul qilishdagi vakolatli faoliyat ekanligini ta`kidlab o`tgan49.
Huquqni qo`llash jarayoni ma`lum bir vaziyatga va subyektga qaratilib, huquq normalaridagi umumiy qoidalarini aniqlashtiradi, shu asosda voqea va hodisalarga huquqiy baho berilib, chora ko`riladi. Masalan, noqonuniy ravishda ishdan bo'shatilgan shaxsni ish joyiga tiklash to'g'risidagi sud qaror qabul qilinishi huquqni qo`llashga yaqqol misoldir.
Yuridik adabiyotlarida huquqni amalga oshirish xususuda turlicha qarashlar o‘z ifodasini topgan. Masalan, huquqiy davlat nazariyasini falsafiy jihatdan asoslab bergan olimlardan biri I.Kant huquqni amalga oshirish yuzasidan quyidagicha fikrlarni ilgari surgan: “Huquqning amalga oshrilishi uning umummajburiy bo‘lishini talab etadi… Huquq majburiy kuch ishlatmasdan o‘z funksiyasini amalga oshirishga qodir emas va qatʼiy imperativ umumiy qonun sifatida o‘z muqarrarligidan mahrum bo‘ladi. Huquqni majburiy kuch bilan faqat majburiyatning asl va birlamchi egasi- davlat taʼminlay oladi. Shunisi ham borki, davlatchilik huquqqa hayot bag‘ishlaydi va qatʼiy imperativ talablarini oqlaydi”50.
Huquqshunos olim Sh.Saydullayev esa, “huquqni amalga oshirish – bu davlat tomonidan yuridik jihatdan mustahkamlangan va kafolatlangan imkoniyatlarning amalga oshirilishi bo‘lib, huquq normalarini kishilar va ularning tashkilotlari faoliyatlarida hayotga tatbiq etilishidir”51, degan taʼrifni bergan.
Taʼkidlash joizki, huquqni qo‘llash – huquqni amalga oshirishning eng muhim shakli hisoblanadi. Shu sababli, huquqni qo‘llash muammolarini batafsil va har tomonlama o‘rganish hamda uning mazmun-mohiyatini chuqurroq anglab olish uchun huquqni amalga oshirish tushunchasi va uning o‘ziga xos xususiyatlariga to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
O`zbekiston Respublikasida eng yuqori yuridik kuchga ega normativ-huquqiy hujjat O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hisoblanadi. Undagi huquq normalari yaxlit, umumiy asosda qayd etilgan. Masalan, Konstitutsiyamizning 44-moddasida har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanganligi ta`kidlangan. Shu asosda sudga shikoyat qilish huquqi mexanizmlarini ta`minlash maqsadida 2016-yil 29-iyulda “Arizani qabul qilishni rad etish, arizani ko‘rmasdan qoldirish va ish yuritishni tugatish bilan bog‘liq protsessual normalarni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi Oliy Sud Plenumi qarori qabul qilingan. Ushbu qaror konstitutsiya normalarini sud amaliyotida aniq va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida chiqarilgan sud organining hujjatidir.
Huquq normalarini sharhlash zarurati huquq normalarining tizimlilik xususiyati orqali paydo bo`ladi. Huquq normalari o`zaro bog`liqlikda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solib turadi. Normativ-huquqiy hujjatlar mantiqan o`zaro bog`lanishi sharhlashni amalga oshirishni taqozo etadi.52
Huquqni qo`llash hujjatlari va huquqni sharhlash hujjatlarining o`zaro farqini quyidagilarda ko`rishimiz mumkin:
1.Sharhlash hujjatlari ham normativ, ham individual bo'lishi mumkin
( huquqni qo'llash hujjatlari har doim individual xususiyatga ega va muayyan hayotiy vaziyatni hal qilish uchun mo'ljallangan);
2.Sharhlash hujjatlari huquqiy me'yorlarni qo'llash bo'yicha tushuntirishlarni o'z ichiga oladi (huquqni qo'llash hujjatlari to'g'ridan-to'g'ri aniq huquqiy normalarni o'z ichiga oladi)53.
Huquq normalarini sharhlash to'g'ridan to'g'ri tegishli davlat organning xususiyatlariga va huquqiy faoliyat turiga bog'liq. Huquqni sharhlash hujjatlari huquq normani ishlab chiqmagan organ tomonidan qabul qilingan taqdirda, uni qabul qilish tartibi huquq normasi tegishli organ faoliyatiga doir qoidalar bilan tartibga solinadi. Huquq normasini sharhlanishi sababli huquq dagi mavjud kamchiliklar va bo`shliqlar to`ldirilib boriladi. Bu ham bevosita jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlar va turli xil o`zgarishlar, yangiliklar bilan bog`liq. Masalan, sobiq SSSR davlatida 1960-yillarda Jinoyat kodeksida samolyotni olib qochish uchun jazo belgilanmagan. Chunki u davrda Sovet davlatida ushbu jinoyat turi mavjud bo`lmagan.
Huquqdagi bo`shliqlarni hal qilishda va huquqni qo`llash jarayonida sharhlashni yo`lga qo`yilmasligi korrupsiya holatlariga sabab bo`lishi mumkin. 2021-yil 24-fevralda qabul qilingan “Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” gi Adliya vazirining buyrug`ida normalarning barqarorligi va huquqiy muvofiqligi bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiyaviy omillarga quyidagilar kiritilgan: so‘zlarning noto‘g‘ri qo‘llanilishi; noaniq va asossiz havolalar keltirilganligi; normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida ziddiyatlarning mavjudligi54. Huquq normasidagi so`zlarning noto`g`ri qo`llanilishi o`z navbatida huquqni qo`llovchi subyektlarga muayyan qiyinchiliklarni tug`diradi. Shu bilan birgalikda huquq normasidagi so`zlarni bir-biriga muvofiq kelmasligidan foydalanib, boshqacha talqinda sharhlab korrupsion holatlarga yo`l ochilishi mumkin. Aynan shu holat ham zamonaviy huquqiy tizimda sharhlashning naqadar katta ahamiyatga egaligini ko`rsatmoqda. Huquq ijodkorligi va undan keyingi bosqich hisoblanadigan huquqni qo`llash jarayon o`zaro uzviy bog`liq bo`lishi uchun huquqni sharhlash bog`lovchi ko`prik hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, huquqni qo`llash jarayoni huquqni amalga oshirishni oxirgi bosqichi hisoblanadi. Huquqni sharhlash huquqni qo`llashda muhim o`rin tutadi. Buning sababi shundaki, huquq normalarining asl ma`nosini tushunmasdan turib uni qo`llash mumkin emas. Biror bir huquq normasi asosida huquqni qo`llash hujjatini chiqarish uchun avvalo huquq normasining mazmuni, mohiyati hamda ta`sir doirasini anglash lozim. Huquqni qo`llash jarayonida sharhlashni olib borilishi korrupsion holatlarini oldini olishga xizmat qiladi. Huquqdagi mavjud bo`shliqlar huquqni qo`llash jarayonida yuzaga chiqadi, bu holatga sharhlash orqali barham berish mumkin.Demak, sharhlash orqali nafaqat alohida olingan norma va normativ-huquqiy hujjat moddalaridagi ziddiyatlar ochib beriladi, balki butun bir qonunchilik tizimidagi ziddiyatlarga barham beriladi. Bu huquqni qo`llash tizimida sharhlashning qanchalik katta ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi. Bunda asosan tizimli sharhlash usulini qo`llash ijobiy natija beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |