Oddiy sharhlash deb huquq normalari, yuridik amaliyotga oid tushuntirishlar va fikrlar bo'lib, ularni oddiy fuqarolar tomonidan kundalik hayot va tajriba ma'lumotlari, huquqiy ong asosida ifoda etilishi tushuniladi. Sharhlashing ushbu turi fuqarolar tomonidan huquq normasini kundalik turmushda izohlanishidir. Uning xarakterli xususiyati shundaki, u noto'g'ri bo'lishi mumkin, chunki ushbu sharhlashda faqat hissiy tomonlama baho berilishiga olib kelishi ehtimoldan yiroq emas. Shunga qaramay, bunday adolat hissi, qonuniy ahamiyatga ega harakatlarni amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega. Albatta, oddiy sharhlash hech qanday tashqi yozma ifoda olmaydi. Biroq jamiyatning huquqiy madaniyatiga katta ta`sir ko`rsatadi41.
Kasbiy sharhlash deganda, kundalik amaliyotda xizmat faoliyati nuqtai-nazaridan doimiy ravishda shug‘ullanadigan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining mavjud huquq normalarini mazmun va mohiyatini yoritishga qaratilgan fikri va mulohazalari tushuniladi. Kasbiy sharhlash bilan asosan sudya, prokuror, tergovchi, advokat, notarius va boshqa yuridik kasb vakillari shug‘ullanishi mumkin. Bundan bevosita ko’rib, bilib olamizki, normativ hujjatlar bilan ishlaydigan kasb egalari. Bunga misol tariqasida, jismoniy shaxs bir tomonlama bitim tuzish uchun notarius oldiga borganida, u notarial normativ-hujjatlarda qayd etilgan tartib bilan tushuntirishadi, ya’ni notarial ishlar notariuslarga tegishli bo’lganligi uchun ular o’z kasbidan kelib chiqqan holda qonunlarga asoslanib oddiy va sodda qilib tushuntirishga intilishadi- bu ham ularning kasbiy mahoratini belgiladigan asosiy holatlardan biridir.
Doktrinal sharhlash deganda, kundalik faoliyatida bevosita huquqdagi muammolarga duch keluvchi va ularni bartaraf etish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis, yurist-olimlarni mavjud huquq normalarining mohiyatini yoritib berishga yo‘naltirilgan izohlari tushuniladi. Tatbiq etilayotgan normalarni ilmiy (doktrinal) sharhlash ilmiy xodimlar, olimlar, mutaxassislar tomonidan monografiyalar, darsliklar, ma’ruzalar va ilmiy maqolalarda amalga oshirilishi mumkin. Bunday sharhlar ilmiy xarakterga ega bo‘lib, majburiy (normativ) ahamiyat kasb etmaydi. O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.A.Karimov bu borada, jumladan, shunday degandi: «... ma’lum bir loyiha, konkret qonun muhokama etilayotgan paytda saylovchilar bilan uchrashuvlar tashkil etish mumkin. Bu qonunchilik faoliyati sifatini oshiradi, qonunning ta’sirchanligini ta’minlaydi, xalqning huquqiy madaniyatini yuksaltirish imkonini beradi»42.
Huquqni tom ma’noda sharhlash deganda, tatbiq etilayotgan huquq yaratuvchi idoraning irodasi bilan uning huquqiy normada so‘zda ifodalangan irodasi bir bo‘lganda qo‘llanadigan izohlash tushuniladi. Tom ma’noda sharhlash fanda «aynan» sharhlash ham deb ataladi. Bunga misol qilib O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ko‘rsatish mumkin: «O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yagona fuqarolik o‘rnatiladi. O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi, unga qanday asoslarda ega bo‘lganligidan qat’iy nazar, hamma uchun tengdir»43. Shuningdek, huquqiy normalarni so‘zning tom ma’nosida sharhlashga misol sifatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 22-moddasini keltirish mumkin. Unda «O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolat»lashi mustahkamlangan. Bundan tashqari huquqni sharhlashning boshqa ikki turini ham keltirib o’tish mumkin, bular:
Cheklangan sharhlash, ya’ni, huquqiy normaning so‘zda ifodalangan va rasmiylashtirilgan ma’nosi uning mantiqiy ma’nosi va mazmunidan keng bo‘lgan hollarda qo‘llaniladi. «O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega»44 ekanliklari O’zbekiston Respublikasi qonunchiligida mustahkamlangan. Qonun chiqaruvchi idora «O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari» iborasi bilan faqat voyaga yetgan, muomala layoqatiga ega shaxslarni nazarda tutadi.Bundan ma’lumki voyaga yetmagan, ruhiy kasal shaxslar bunday huquqdan foydalana olmaydilar.
Ikkinchi sharhlash turi esa Kengaytirilgan sharhlash ya’ni, qonun normasi matnining mazmuni uning mantiqiy ma’nosidan tor bo‘lganda qo‘llaniladi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 112-moddasida «Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar», deyilgan. Bunda qo‘llanilgan «sudya» iborasining haqiqiy ma’nosi keng tushuniladi. Qonun chiqaruvchi idora «sudya» iborasi orqali faqat sudyalarni emas, shu bilan birga xalq maslahatchilarini ham mustaqilligini va faqat qonunga bo‘ysunishini nazarda tutgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev Konstitutsiyamizning 25 yilligiga bag‘ishlangan ma’ruzasida shunday dedi: «Kanstitutsiya va qonun ustuvorligi hamda qonuniylik tamoyillarining so‘zsiz ta’minlanishi inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning muhim kafolatidir... Shu nuqtayi nazardan, Konstitutsiya hamda qonun talablariga og‘ishmay amal qilish ma’naviy saviyamiz, madaniyatimizning asosiy mezoniga aylanishi shart»45.
Shunday qilib, huquqiy normalarni sharhlash, huquq yaratuvchi organning normativ-huquqiy hujjatlarda mujassamlangan irodasining haqiqiy ifodasi bilan huquqiy normaning so‘zda ifodalangan ma’nosini aniqlash va tushuntirish orqali, huquqning to‘liq tatbiq etilishiga ko‘maklashadi. Aholining huquqiy normalar mazmunini teran anglashga, ularga qat’iy amal qilishga, huquqiy tarbiya va huquqiy madaniyatning yuqori saviyada bo‘lishiga olib keladi. Mamlakatimizda huquq normalarini doktrinal sharhlash muammolaridan biri sharhlashni faqat Konstitutsiya va kodekslarga sharh berish bilan cheklanib qolinganligi hisoblanadi. Har bir qabul qilingan qonunga nisbatan doktrinal sharhlashni amalga oshirilishi fuqarolarning qonunlarga rioya qilib harakat qilishga hamda qonun ustuvorligini ta`minlashga xizmat qilgan bo`lar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |