Tahliliy tartib-taomillar. Ular ham moliyaviy ham nomoliyaviy ma’lumotlar o’rtasidagi to’g’ri aloqadorliklarning tahlili orqali moliyaviy ma’lumotlarning baholanishini qamrab oladi. Tahliliy tartib-taomillar auditorga iqtisodiy jarayonlarni yanada kengroq va chuqurroq o’rganish imkonini yaratadi. Ularning yordamida mijoz kompaniyadagi ishlab chiqarish va sotish dasturlarining asoslanganligi; uning yakuniy natijalarini yuzaga keltirgan sabablar o’rganiladi; o’g’irlik, hisobot ma’lumotlarini buzib ko’rsatish va ularga bog’liq iqtisodiy ko’rsatkichlar o’rtasidagi ziddiyat topiladi; ularning o’zgarishiga alohida olingan omillarni ta’siri hisoblanadi va kompaniya faoliyatini yaxshilash imkoniyatlari aniqlanib, ularni amaliyotga joriy qilish tadbirlari ishlab chiqiladi. Tahlil natijalari tahliliy jadval, ma’lumotnoma, xulosa va takliflar shaklida rasmiylashtiriladi.
Skanerlash. Xalqaro amaliyotda bu usuldan keng foydalaniladi. Uning yordamida auditorlar mijoz kompaniya xujjatlarida aks ettirilgan g’ayritabiiy moddalar va xodisalarni o’rganadilar. Skanerlash natijasida:
moliyaviy yil tugagandan keyingi oyda mahsulot sotish hajmining g’ayritabiiy holda kamayib ketish hollarini aniqlash mumkin.
3-gurux. Yuzaki tanishuv, kuzatish, mantiqan fikrlash va huquqiy kuchga ega bo’lmagan xujjatlarga asoslanib isbotlov kuchi zaif bo’lgan dalillar yig’ishga imkon beruvchi usullar. Bu guruxga quyida keltirilgan usullarni kiritish mumkin;
1. yuzaki tanishuv;
2. tanlanma kuzatish;
3. da’vo va talablarni o’rganish;
4. so’rov o’tkazish;
5. mantiqiy baholash;
6. ijrochilar bilan bevosita muloqot.
Yuzaki tanishuv. Auditor tekshiruvni yoki xizmat ko’rsatishni boshlashdan avval mijoz korxonadagi ahvol bilan yuzaki tanishib chiqadi. Bundan maqsad mijoz kompaniyada ombor xo’jaligining holati, moddiy boyliklarni saqlash sharoitlari; saqlovdagi va foydalanishdagi texnika va texnologiyaning holati; tsex va uchastkalarda mehnatni tashkil qilish, ishchi va xizmatchilarni ichki tartibga rioya qilish darajasi; korxonaga kirish va undan chiqish jarayonini nazorat qilish tizimi hamda mijozning biznes jarayonlari to’g’risida tushunchaga ega bo’lish va unga dastlabki baho berishdan iborat.