So’rov o’tkazish. Auditor lozim bo’lgan holatlarda mijoz kompaniya ishchi va xizmatchilari o’rtasida o’zini qiziqtirgan masalalar bo’yicha so’rov o’tkazishi mumkin. U so’rovnomadagi savollarni shunday tuzishi kerakki, so’raluvchi (respondent) ularga "ha" yoki "yo’q" deb javob qila olsin. Doimiy mijoz kompaniyada xodimlarni so’rovga tortishini muntazam o’tkazib turish va uning ma’lumotlarini malakali tarzda tahlil qila olish auditorga kompaniyaning u yoki bu yo’nalishi bo’yicha diqqatga sazovor ma’lumotlarni olishi, ob’ektdagi holatni o’zgarib borilishini kuzatib turishi hamda kompaniya rahbariyati e’tibor bermayotgan tomonlarni aniqlashi uchun asos bo’lib xizmat qiladi. Ammo bu usulning kamchiliklari mavjud. Birinchidan, uni o’tkazish mablag’ va vaqt talab qiladi. Ikkinchidan, so’rovga tortilganlar so’rovnomaga javob berishlari shart emas. Demak ularning ko’pchiligi bu holatdan foydalanishlari mumkin. Uchinchidan, ko’pchilik so’rovnomaning talabiga e’tibor bermay savollarga o’z bilganlaricha erkin tarzda javob berishi mumkin. Bu holat ma’lumotlarni guruhlashtirishni qiyinlashtiradi. To’rtinchidan, so’rovnomodagi ma’lumotlarni aniqligi, unga javob bergan kimsaning tajribasi, daxlsizligi va sofdilligiga bog’lik bo’ladi. Beshinchidan, so’rovnoma ma’lumotlari yuridik kuchga ega emas.
Mantiqiy baholash. Bu usul orqali xujjatlar bilan rasmiylashtirilgan xo’jalik muomalalarini zamon, makon va hajmda yuzaga kela olish imkoniyati aniqlanadi. Boshqacha qilib aytganda xujjatda aks etgan voqelikni mantiqqa mos kelishi o’rganiladi. Buning uchun masalan, keltirilgan yuk massasi, uni olib kelgan avtomobilning yuk ko’tara olishi imkoniyati va yuk xujjatida ko’rsatilgan idishning sig’imi bilan; tsex hisobotida ko’rsatilgan tayyor mahsulot hajmi uning ishlab chiqarish quvvatlari va ishlab chiqarilgan mahsulot uchun hisoblangan ish haqi qaydnomalari bilan; inventarlash ro’yxatida qayd qilingan hom-ashyo yoki materiallar miqdorini ular saqlanishi mumkin bo’lgan maydon sig’imi bilan; birlamchi xujjatlarda ko’rsatilgan yoqilg’i hajmini ularga yuklanayotgan idishlarning sig’imi bilan solishtirib chiqiladi. Mantiqan baholash boshqa usullar bilan birgalikda o’g’irlik va qo’shib yozishlik xollarini aniqlash imkonini beradi. Bu usulning samarasi uni qo’llayotgan auditorning bilimi, tajribasi va mushohada qila olish qobiliyatiga bog’liq bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |