D E H L I
MUHABBAT VA G‘AZAB
Xazinaning qulf-u kaliti Akbarning ixtiyoriga o‘tgandan beri Dehlidagi Mirzo Humoyun maqbarasining tarxi qog‘ozdan yerga tushib, ulkan bir qurilish tusini oldi. Bu ishga katta-katta mablag‘lar ajratilgandan so‘ng, me’mor mavlono Mirakning qo‘l ostida o‘nlab sangtaroshlar, muhandislar, yuzlab korgarlar ishlay boshladi. Maqbaraga kerakli qizil tosh uzoqdagi tog‘lardan tashib keltirilardi. Ho‘kiz va tuya qo‘shilgan aravalar og‘ir toshlarni vaqtida yetkazib ulgurolmas, sangtaroshlar goho bekor turib qolishardi. O‘y-xayoli mudom Humoyun va uning maqbarasi bilan band bo‘lgan Hamida begim Agrada turadigan Akbarga xat yozib ahvolni tushuntirdi.
«Shukurki, hozir zamon tinch, filxonangizda yetti yuz fil boquvda turibdir, bir qismini yuk tashishga o‘rgatib bo‘lmasmikan?» deb so‘radi.
Shundan keyin Akbar bekor turgan harbiy fillaridan yuzta yuvoshrog‘ini Bhishan Chand boshliq filbonlarga berib, Agradan Dehliga jo‘natdi.
Harbiy fillar ko‘pincha bekor turar, har zamonda bir bo‘ladigan urush oldidan ularga zo‘r xo‘raklar berilar, shirin suvga mast va darg‘azab qiluvchi giyohlarning sharbati qo‘shilar, shuni ichgandan so‘ng, ular otliqni ham, piyodani ham xartumi bilan urib, oyog‘i bilan yanchib ketaverar edi. Mehnatga o‘rgatilgan fillar yuk tashib charchaganidan yuvosh bo‘lib qolar, ularga shakarqamish kabi yengil xo‘raklar, osoyishta tutuvchi yemishlar berilar edi. Bir-ikki oy shu tarzda boqilgan Favjdor ham yuvosh bo‘lib qolganini va yuk tashishga o‘rgana boshlaganini Akbar Dehliga kelganda o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi.
Arabistonlarga borib haj qilib kelgan Beka begim Hamida bonuga Sinay tog‘i etagida eshitgan bir rivoyatini aytib berdi:
— Bora-bora urush yo‘qolar emish-u odamlar qilichdan ham omoch yasar emishlar!
— Koshki o‘sha zamonlarni biz ham ko‘rsak, Hoji begim! — dedi Hamida bonu.
Bir vaqtlar kundosh bo‘lgan bu ikki ayol hozir inoq bo‘lib qolishgan. Endi ularning bir-birlaridan qizg‘anadigan erlari yo‘q. Mana bu maqbara qurilishidagi ishlar esa ikkoviga ham yetib ortadi.
Hoji begim bog‘ me’morchiligini yaxshi bilar, maqbara atrofidagi o‘ttiz jariblik* ichki-tashqi bog‘ning yo‘lkalari, gulzor va daraxtzorlari uning nazorati ostida qilinmoqda edi.
Mirzo Humoyun maqbarasining ichki-tashqi bog‘ o‘rtasiga qurilayotgani va bu bog‘ning o‘zi me’morchilik asaridek maxsus loyiha asosida bunyod etilayotgani — Dehli va Agrada hali tajribadan o‘tkazilmagan yangilik edi. Mavlono Mirak ham, begimlar ham bunday maqbaralarni Hirot va Mashhadda o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishgan, Samarqanddagi Amir temur maqbarasi shu tarzda qurilganini bilishar edi. Endi ular Movarounnahr va Eron me’morchiligining shu an’anasini Hindiston sharoitiga tadbiq etmoqda edilar. Qiyinchilik shunda ediki, Samarqand va Hirot obidalariga bezak tarzida ishlatiladigan rangdor koshinlarni bu yerda ishlatib bo‘lmasdi — Hindistonning issiq iqlimi va sernam yomg‘ir fasli koshinlarni tez ishdan chiqarardi. Shuning uchun maqbaraga ishlatiladigan barcha ziynatlar toshdan yo‘nilib, marmarga sayqal va zeb berib qilinmoqda edi. Mirzo Humoyun maqbarasi o‘zining bo‘y-basti va barcha ishi sangtaroshlikka asoslanganligi bilan Hirot va Samarqand obidalariga nisbatan ham takrori yo‘q bir yangilik bo‘lishi kerak edi.
Juma kunlari qurilishda ish to‘xtar, hammayoq suv quyganday jimjit bo‘lib qolar edi. Faqat ahyon-ahyonda Humoyun qabrini ziyorat qilishga kelganlarning tilovatlari mungli ohang bilan atrofga taralar edi.
Muslimalik odatiga binoan begimlar Humoyun qabriga ertalab oftob chiqmasdan kelishar, bunday paytda boshqa ziyoratchilar deyarli bo‘lmas edi. Bu juma hoji begim isitmalab ziyoratga kelolmadi-yu, Hamida begim tong payti, yolg‘iz o‘zi keldi.
Muvaqqat marmar sag‘aning atrofi o‘ralgan va usti yaxshilab yopilgan. Ichkari nimqorong‘i. Begim ikki shoxali shamdonning shamlarini yoqib, qabrning bosh tomoniga qo‘yayotganda kimdir pichirlab tilovat qilayotganini eshitdi. Orqasiga o‘girilar ekan, qabrning oyoq tomoniga cho‘kka tushgan soqoli uzun mo‘ysafidni ko‘rdi. Begim boshiga ko‘tarib qo‘ygan harir pardani tez yuziga tushirib cho‘nqaydi va tilovat tugaganda mo‘ysafidga qo‘shilib yuziga fotiha tortdi.
Mo‘ysafid hassasiga tayanib o‘rnidan turdi-da, titroq tovush bilan:
— Hazrat begim, kechikib bo‘lsa ham, sizga hamdardlik bildirgani keldim! — dedi.
Ovozi, ko‘zlari behad tanish, ammo bo‘liq oq soqol bekitib turgan yuzi begona, turkiy so‘zlarni hindcha talaffuz bilan aytishi ham kimnidir eslatadi. Lekin katta oq sallasi va egnidagi malla xirqasi shayxlarnikiga o‘xshaydi.
— Minnatdormen, taqsir, — dedi Hamida begim ham o‘rnidan ko‘tarilib.
— Humoyun hazratlari bilan... og‘a-ini tutingan edik, — so‘zida davom etdi mo‘ysafid. — Qabrlarini ziyorat qilgani har yili kelurmen. Ammo sizni birinchi uchratishim...
Hamida begim birdan Jamna bo‘yida o‘tgan qizaloq paytini, Nizom eshkakchining qayig‘ini, uning o‘tli ko‘zlarini va shirali tovushini esladi-yu, vujudi larzaga kelib so‘radi:
— Siz?.. Nizom?.. Sohib Nizom...
— Ha, baxtsizlikka uchrab Salim nomini olgan Nizom — men!
— Nahotki? Ko‘zlarimga ishonmaymen! — deb Hamida begim Nizom tomonga talpindi. Yigirma uch yilda odam shunchalik o‘zgarar ekanmi? Hali ellikka kirmagan Nizom — hassa suyangan oppoq soqolli qariya!
— Og‘ir jarohatlar meni tez qaritdi, begim. Sinmagan joyim qolmagan edi. Hali ham... Siz bilan... hazrat ikkovlaringiz... Sind viloyatida quvg‘inda yurgan paytlaringizda menga madad berdilaringiz.. Bo‘lmasa allaqachon o‘lib ketardim.
— Hayriyatki, yana ko‘rishishga muyassar bo‘ldik. Sizga aytadigan qancha gaplarim dilimda qolgan. Men uchun siz poklik timsoli edingiz, sohib Nizom!.. Hazratim ham sizni avliyodek sofdil yigit deb ulug‘lar edilar.
— Avliyo emas, osiy bandamen, — dedi Nizom. — Uchalamiz bir vaqtlar maktub orqali xabarlashgan edik, hozir ham bu yerda uchalamiz... hazrat Humoyunning ruhlari men uchun tirik. Insonning pokligi — dilidagi e’tiqodi bo‘lur. Kiyim toza bo‘lmasa ham, dil pok bo‘lsa, bunday dilni muqaddas bilib, unga sig‘inmoq mumkin. Men ham Jamnada birga suzib yurgan paytlarimda sizning siymongizda samoviy bir nur ko‘rganmen. Bu nur o‘shanda ko‘zlarimga kirib makon qurgan edi, haligacha ko‘zlarimni yumganimda qorachigim orasida siz ko‘ringanday bo‘lursiz, Hamida begim.
Humoyunning qabri yonida aytilayotgan bu so‘zlardan Hamida bonu o‘ng‘aysizlana boshladi. Buni payqagan Nizom:
— Keksayganda izhori dil qilmoqda deb o‘ylamang, begim, — dedi. — Siz ham, Mirzo Humoyun ham men ko‘rgan insonlar orasida eng sohibdil siymolardirsiz. Ikkovlaringiz ham menga behad aziz bo‘lganlaringiz uchun Sekridan shu yergacha piyoda yurib ziyoratga keldim.
Mo‘ysafid odam yuz mildan ortiq masofani piyoda yurib o‘tishi Hamida begimni hang-u mang qilib qo‘ydi:
— Axir... bilganimizda ot yuborar edik-ku, sohib Nizom!
— Otliq yurish mening hozirgi e’tiqodimga xilof, mening faqirparvar ustozlarim Kabir ham, Mo‘yiniddin Cheshti ham doim piyoda yurganlar. Kambag‘allikda umr o‘tkazganlar. Shayx Sa’diy aytganki:
Do'stlaringiz bilan baham: |