Pirimqul Qodirov
HUMOYUN VA AKBAR
(Avlodlar dovoni)
Tarixiy roman
Birinchi qism: HUMOYUN
A G R A
HAMIDA BONU AROSATDA
Hijriy 935-yilda* Agraga ko‘chib kelgan Xonzoda begim o‘n yildan beri Hindistonda istiqomat qilayotgan bo‘lsa ham, hanuzgacha bu yerdagi yil fasllarining g‘aroyibligiga o‘rganolmaydi. Uning nazarida, Agraning kuzi va qishi yo‘q, bahori bilan yozi esa yil bo‘yi davom etadi. Kech kuzda, begimning yoshligi o‘tgan Farg‘ona vodiysida, daraxtlar bargini duv to‘kadigan xazonrezlik paytida Agraning yam-yashil xurmozorlari xuddi yozdagidek meva berib turadi. Qishda, Samarqandning moviy gumbazlari oppoq qor bilan bezanadigan paytda Jamna bo‘ylarida donli ekinlar boshoq tortadi, toklar esa gulga kiradi. Xut oyining oxirida Toshkentda qish qirovlari endi tugaydigan kezda Hindistonning janubida ertaki uzumlar pishadi. Navro‘z kirganda esa bozorga yangi qovun chiqadi va hind dalalarida arpa o‘rimi boshlanadi.
Agradagi Zarafshon bog‘ida baland gulmohur daraxtlari bor. Bu daraxtlar navro‘z arafasida butun barglarini birdan to‘kadi-yu, novdalaridagi shig‘il g‘unchalar birvarakayiga ochiladi. Shunda yaproqsiz novdalarning hammasi yirik-yirik qizil gullar bilan qoplanadi. Ulkan gulmohur daraxtlari qip-qizil gulxanlarga o‘xshab ko‘zni yondiradi. Shuning uchun bu ajoyib daraxtni olovli mohur ham deyishadi.
Mana shu gulmohurlar yonidagi tillakori tolorda* yoshi oltmishlardan oshgan, sochlari oqarib, jussasi kichik bo‘lib qolgan Xonzoda begim xomush bir qiyofa bilan yolg‘iz o‘ltiribdi.
Bog‘ juda orasta, yo‘lkalarga oltinrang qumlar solingan, marmar ariqlardan tiniq suvlar jildirab oqadi. Chorchamanlarda mamlakatning eng noyob gullari muattar hid taratib ochilib turibdi. Lekin bu hammasi Xonzoda begimga juda omonat tuyuladi. Inisi Bobur qonli janglarda barpo etib ketgan ulkan davlat hanuzgacha hind yeriga teran ildiz otolgan emas. Fotihlik qilichining yaralari tezda tuzalmas ekan. Mamlakatning turli o‘lkalarida Humoyun va uning inilariga qarshi ketma-ket isyonlar bo‘lmoqda. Shu xatarli vaziyatda og‘a-inilar inoq bo‘lish o‘rniga bir-birlari bilan chaplashib, hokimiyat talashadilar. Xonzoda begim ularni murosaga keltirolmay qiynaladi. Hozir bog‘da o‘ltirgan paytida ham, butun xayoli og‘a-inilarning nizolaridan beri kelmaydi.
Begimning parishon nazari tushib turgan ko‘kalamzor maydonda esa bir to‘p otliq qizlar chavgon* o‘ynamoqda. Ular Xonzoda begimday mashhur kayvoni o‘yinga qarab turganidan ruhlanib, jon-jahdlari bilan chavgon to‘pini muxoliflar darvozasiga kiritishga intiladilar.
Bir taraf darvoza bo‘z otliq qizlar himoyasida. Qora otliqlarga ikkinchi darvoza berilgan. O‘yinchilarni farq qilish oson bo‘lishi uchun bo‘z otliq qizlar sariq rangli cholvor va nimcha kiyishgan. Qora otliqlar esa qizil kiyimda.
Hindol mirzoning yoshgina xotini Sultonim begim maydon atrofida saman otini yo‘rttirib, o‘yinga hakamlik qiladi. Uning qo‘lida zargarlar bulbulga o‘xshatib chiroyli qilib yasagan oltin hushtak. Qoidani buzganlar shu hushtak bilan ogohlantiriladi.
Bir payt to‘p bo‘z otliqlarning darvozasiga kiritildi-yu, o‘yinning shiddati oshib ketdi. Xonzoda begim chavgoncho‘plarning bir-biriga shaq-shuq urilayotganini, bo‘z otliqlar juda qattiq hujumga o‘tganini ko‘rganda, «biron kor-hol bo‘lmasin tag‘in», deb beixtiyor xavotirlandi. Bu xavotirlik endi uning e’tiborini o‘yinga tortdi.
Tapir-tupur ot chopayotganlar — bo‘y yetgan xushro‘y qizlar. Ularning orasida Gulbadan begim ham bor. Qizlarning hech biri Xonzoda begimning ko‘zi oldida mag‘lub bo‘lib, uyalib qolishni istamaydi, hammasi to‘pni boshqalardan tortib olishga intiladi. Shunda otlari bir-biriga urilib, ayqashib ketadi, goho biron ot urilish zarbidan gandiraklab yiqilgudek bo‘ladi. Bu qaltis holatlar Xonzoda begimni iztirobga sola boshladi.
Axir bu qizlar eng nufuzli bek-u a’yonlarning oilasidan. Agar birontasining yuz-ko‘ziga chavgoncho‘p tegib yarador qilsa, chandiq qoldirsa yoki birontasi otdan yiqilib, tuyoq tagida ezilsa mutaassib shayxlar yana fisq-u fasodni ko‘paytiradi. Ular qizlarning doim parda ichida — uy asirasi bo‘lib o‘ltirishini talab qiladilar. Lekin parda ichida xonanishin bo‘lib beharakat yashaydigan ayollar notavon va mo‘rt bo‘lishini, baquvvat nasl berolmasligini Xonzoda begim yaxshi biladi. Begim bilan birga bu yerlarga kelgan el-ulusning qizlari esa qadimdan otliq yurib o‘rganganlar. Hozir ham Xonzoda begim biladigan ayollarning bir yerda muqim turadiganlari oz. Erlar qatori ayollar ham hali Xurosonda, hali Kobulda yashaydilar, hali Badaxshonga ketib, hali Agraga keladilar. Bu uzoq o‘lkalar orasida ikki-uch oylik yo‘llarni ko‘pgina qizlar otliq bosib o‘tadi. Taqdir taqozosi shundoq bo‘lgach, ota-bobolar udumi bo‘yicha qizlarni ham yoshligidan chavandozlikka o‘rgatish, ular orasida ham poygalar, musobaqalar o‘tkazish joiz emasmi? Albatta, qizlarni otdan yiqilish-u mayib bo‘lishdan ham ehtiyot qilish kerak!
Xonzoda begim shuni o‘ylab, o‘yinni hayajon bilan kuzatgani sari qizlar xavf-xatarni unutib, to‘daga dadil tashlanishar, qamchi o‘rniga chavgoncho‘p bilan otlari sag‘risiga urib, muxolif tomonga hamla qilishardi.
Bo‘z otliq qizlardan Hamida degani o‘yinchilar g‘ij-bij bo‘lib turgan to‘daga o‘qday yorib kirdi-yu jilovni qo‘yib yubordi. Chavgoncho‘pni ikki qo‘llab tutganicha, uzangiga oyog‘ini tiradi-da, uloqchilardek pastga engashdi. Bu qiz qoplon kabi chaqqonlik bilan to‘pni chavgoncho‘pga ilintirib to‘dadan olib chiqqanda, Xonzoda begimning zavqi kelib «o!» deb yubordi. Narigi darvoza himoyasiz qolgan edi. Hamida «go‘y» deb ataladigan to‘pni o‘sha tomonga chir-pirak qilib olib o‘tdi. Uning oti ham shamolday uchmoqda edi. Qora otliqlar quvib yetganicha bo‘lmay, Hamida bonu to‘pni darvozaga shunday chapdastlik bilan urib kiritdiki, buni ko‘rgan Xonzoda begim:
— Balli, sherqiz! — deb qarsak chaldi.
Otini burib orqaga qaytayotgan Hamida bonu Xonzoda begimning so‘zini eshitmagan bo‘lsa ham, uning qarsak chalganini ko‘rib, o‘zida yo‘q suyundi.
Tillakori tolorda o‘ltirgan begimning jussasi kichkina ko‘rinsa ham, Hamida bonu uchun ayol zoti orasida undan salobatlisi va qudratlisi yo‘q. Sultonim begim Hamidaga yaqin kelib:
— Eshitdingizmi? — dedi. — Hazrat onam sizga «sherqiz!» deb tahsin aytdilar.
— Chindanmi, a?
— Men ham eshitdim! — dedi bo‘z otliq Gulbadan begim.
Hamida bonu hayajon ichida otini tolor tomonga burdi-da, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, Xonzoda begimga qulluq qildi.
Bu kayvoni begimning boshidan qanday dahshatli fojialar kechganini Hamida yaxshi biladi. O‘ttiz to‘rt yoshida beva qolgan va yolg‘iz o‘g‘li Xurramshohdan judo bo‘lgan Xonzoda begim keyinchalik Sultonimni farzandlikka olgan. Sultonim aslida andijonlik me’mor, mavlono Fazliddinning jiyan avlodidan edi. Qizcha ikki yasharligida ota-onasi vaboga uchrab o‘lib ketishgan, mavlono ularga juda qattiq kuygan edi. Voqeadan xabar topgan Xonzoda begim mavlononing hurmati uchun ikki yashar Sultonimni o‘ziga qiz qilib oldi, unga butun mehrini berib, o‘n to‘rt yil tarbiyaladi. Bultur jiyani Hindol mirzoning Sultonimga ko‘ngli borligini sezib, Humoyunning maslahati bilan ularning to‘ylarini o‘tkazdi. Bu to‘y shunchalik katta bo‘ldiki, unga borgan mo‘tabar begimlarga obu oshdan tashqari kumush barkashlarda bir siqimdan oltin tangalar tortildi. Har bir begim siqimiga siqqanicha oltin olganini, boshqa yoshroq qizlar orasiga oltin-kumush tangalar sochqi tarzida sochilganini Hamida bonu o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Oyog‘i tagiga kelib tushgan bitta oltin tangani u ham yaxshi niyat bilan esdalikka olib qo‘ygan.
Uni to‘yda eng hayron qoldirgan narsa shu ediki, davlat boshlig‘i bo‘lgan Mirzo Humoyun o‘sha kuni to‘yxonaning baland joyiga qo‘yilgan hashamatli shohsupada Xonzoda begimni o‘z yoniga o‘tqazib, uni podshoga tenglashtirib e’zozladi. Bu voqeani ko‘rgan keksalar: «Musulmon podsholarining kamdan kami ayol zotining hurmatini bu darajada baland ko‘targan», deb hali ham aytib yuradilar.
Hamida bonu uchun shunday bir qo‘l yetmas balandlikda yurgan Xonzoda begim endi uning chavgon o‘ynashiga qiziqishi, yana «sherqiz!» deb tahsin aytishi kutilmagan bir baxt bo‘lib tuyuldi. Bu baxtdan Hamidaning vujudiga yangi kuchlar quyulib kela boshladi. U har to‘p urganda bilagida sherning ku-chini sezganday bo‘lar, tagidagi bo‘z oti ham maydon bo‘ylab o‘qday uchardi.
Tolorda o‘ltirgan Xonzoda begim Hamida bonu bilan o‘zining orasida alohida bir e’zoz va qiziqish kuchayib borayotganini sezib turardi. Hamida uning e’tiboridan ruhlanib yaxshi o‘ynagani sari Xonzoda begimning dili ham yayramoqda edi. Boyagi og‘ir o‘ylar, vujudini bo‘shashtirgan keksalik charchoqliklari esidan chiqib, ularning o‘rnini yorug‘ bir zavq egallamoqda edi...
Hamida bonu muxoliflari darvozasiga ikkinchi marta to‘p kiritganda Xonzoda begim bu qizga butunlay mahliyo bo‘lib qoldi. Hozir bo‘z ot ustida Hamida emas, yoshlikdagi Xonzoda begim o‘ltirganday tuyuldi. Begimning ko‘zi oldida o‘n olti yashar qizlik paytlari gavdalandi. Uzoqlarda qolib ketgan Andijon, Qoradaryo bo‘yidagi chorbog‘, o‘n bir yoshlik o‘spirin inisi Bobur mirzo... va uning mulozimlari bilan chavgon o‘ynagan chavandoz kiyimidagi go‘zal qiz Xonzoda... Bu hammasi bulutlar orasidan yarq etib ko‘ringan oftob bo‘lib begimning qalbini yoshlik nurlariga to‘ldirdi...
Xonzoda begimga go‘yo yoshligini qaytib bergan bu qiz kim ekan? Begim uning Gulbadan va Sultonim bilan birga yurganini ilgarilari ham ko‘rgan, lekin ko‘pda e’tibor bermagan edi. Endi u bilan yaqindan tanishgisi keldi-yu o‘yin tugagandan keyin kanizini yuborib, Hamida bonuni tolorga chaqirtirdi.
_________
* Hijriy 935-, milodiy 1528-yilga to‘g‘ri keladi.
* T o l o r — yozlik shiypon.
* Ch a v g o n — ot minib o‘ynaladigan va ba’zi jihatlari chim xokkeyni eslatadigan qadimiy o‘yin.
* * *
Kechki dim havoga o‘yinning tafti qo‘shilib, Hamida bonu bo‘g‘riqib ketgan, qora qoshlarining ustida ter munchoqlari yiltirar edi. Podsho darajasida mashhur bo‘lgan Xonzoda begimning oldiga cholvor kiyib, terlab-pishib borish Hamida bonuga joiz emasdek tuyuldi. U kanizga:
— Bir lahza muhlat bering, kiyimlarimni almashtirib kelay! — dedi.
— Yo‘q, hazrat begim sizni shu kiyimda taklif qildilar! O‘zlari ham yoshliklarida chavgon o‘ynaganlar. Ko‘p andisha qilmang, yuring!
Hamida kanizga ergashib tolor tomon borar ekan, ipak durra bilan tang‘ib chambar qilingan ikki o‘rim uzun sochlarini yelkasiga tushirdi. Durraning uchi bilan qoshi ustidagi ter rezalarini artdi.
U tolor zinapoyasidan ko‘tarilayotganda Xonzoda begim o‘rnidan turib, unga tomon yurdi. Hamida bonu uch-to‘rt qadam narida to‘xtab kelinlarday egilib ta’zim qildi. Xonzoda begim unga kulimsirab yaqinlashdi-da, qo‘l berdi. Odatga binoan, Hamida bonu uning qo‘lini ikki qo‘llab oldi-yu, bir tizzasini yerga tirab, bayroqni o‘pgandek ixlos bilan o‘pdi. Qiz boshini eggan paytda yo‘g‘on qora socharining biri yelkasidan sirg‘alib ko‘kragiga tushdi.
Xonzoda begim ikkinchi qo‘li bilan uni belidan quchib sekin tikka turg‘izdi va zarbof ko‘rpachaga taklif qildi.
Shu orada Sultonim begim ham tolorga chiqib keldi. Begimlar to‘rga o‘tib o‘tirganlaridan so‘ng Hamida bonu oyoqlarini taqimi ostiga olib, odob bilan cho‘kkaladi. Shunda uzun sochlarining jingalak qilingan uchlari ko‘rpacha ustiga tushdi. Qiz har qimirlaganda sochlarining uchi zarbof ko‘rpachani supurayotganday bo‘lar va Xonzoda begimga alohida bir zavq berar edi. U Hamidani g‘alaba bilan muborakbod qilgandan keyin, kimning qizi ekanini va Agraga qayerlardan kelganini so‘ray boshladi.
Hamidaning otasi faqih* Mirbobo Do‘st asli toshkentlik edi, Shayboniyxon qirg‘inlarida Xurosonning Jom shahriga kelib qolgan va shu yerlik qizga uylangan edi. Keyinchalik u Bobur mirzodan panoh istab Jomdan Kobulga ko‘chib boradi. Boburning suyukli xotini Mohim begim ham jomlik bo‘lgani uchun Hamidaning onasi hamshahariga orqa qilib avval uning huzuriga kiradi. Keyin Mohim begimning tavsiyasi bilan Mirbobo Do‘stni Bobur qabul qiladi. Bobur unga fikh ilmidan savollar berganda, Mirbobo Do‘st arabcha-forscha bitilgan qonun-qoidalardan tashqari, turkiy tilda yozilgan «Mubayyin»dan ham ko‘p misollar keltirdi. Boburning bu she’riy kitobini u boshdanoyoq yod bilar edi. Mirbobo Do‘st bolalarga faqat qonunshunoslikdan emas, tarix, mantiq va adabiyotdan ham yaxshi dars berishi mumkinligini sezgan Bobur uni kichik o‘g‘li Hindol mirzoga muallim qilib tayinladi, shundan beri bu oilaning butun taqdiri Hindol mirzoga bog‘liq bo‘lib qoldi. Hindol Badaxshonga borganda bular ham borishdi, Agraga kelganda bular ham birga kelishdi. Shu uzoq yo‘llarda Hamida kichikligidan ot minishga o‘rgandi va chavandozlikni mashq qildi. Hozir Mirbobo Do‘st Hindol mirzoning qonunshunoslik bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib ishlaydi. Maoshi durust bo‘lsa ham, ikki o‘g‘il, bir qizni bekzodalar kabi kiyintirishga, besh-oltita ot, uch-to‘rtta xizmatkor asrashga yetmaydi. Shuning uchun Hamidaning onasi Hindol mirzoning haramida qissaxon bo‘lib xizmat qiladi. Sultonim begimga mashhur dostonlar va hikoyatlardan o‘qib beradi-yu, buning evaziga durustgina in’om va ulufa oladi. Hamidaning o‘zi ham Sultonim begimning tengdosh nadimalari qatorida yuradi.
Xonzoda begim bu tafsilotlarni Sultonimdan va Hamidaning o‘zidan eshitgan sari bir narsadan taajjublanib qo‘ydi. Butun borlig‘idan latofat yog‘ilib turgan shunday qiz o‘z dargohlarida yurgan ekan-u haligacha nechun unga durustroq bir e’tibor berishmabdi?
Xonzoda begim chavgonni yaxshi o‘ynaydigan boshqa chavandoz qizlarga latofat yetishmasligini, ba’zilari erkakshoda bo‘lishini biladi. Hamida bonu cholvor kiyib o‘ltirgan bo‘lsa ham, chavandozlik kiyimlari uning ingichka belini, bo‘liq ko‘kraklarini, novdaday egiluvchan yosh tanining kuchga to‘liq nafosatini behad go‘zal qilib ko‘rsatadi. Yo‘g‘on soch o‘rimlarining nozik bo‘yin ortida to‘lg‘anib turishi Xonzoda begimga zavq berdi:
— Hamida bonu, sizni ko‘rib bir bayt she’r yodimga tushdi. Aytaymi?
— Ayting, hazrat begim, jon qulog‘im bilan eshitgaymen!
— O‘zi asli shu bog‘da bitilgan. Rahmatli inim Boburning gazalidan:
Do'stlaringiz bilan baham: |