Gul jamolin yopqon ul gulning ikki rayhonidur.
G‘uncha sirin ochqon ul ikki labi xandonidur.
Hamida bonuning ko‘zlarida yulduzlar charaqlab yonganday bo‘ldi. Lablari tabassum bilan ochilib, uning ichki sirini — bu she’rni yaxshi bilishini va yoqtirishini sezdirib qo‘ydi.
— G‘azalning davomini siz ayta qoling! — dedi Xonzoda begim.
Hamida iboli ko‘zlarini yerga tikib:
— Mubolag‘a qilsam ma’zur tuting, hazrat begim,— dedi.
So‘ng aruzning nafis qoidalarini o‘rniga keltirgan holda o‘sha g‘azaldan ikki satr aytdi:
Sel emasdur yer yuzin tutkon ko‘zimning yoshidur,
Ra’d emasdur* ko‘kka chirmoshqon ko‘ngul afg‘onidur.
Xonzoda begim xandon urib kuldi-yu:
— Bu so‘zlar siz uchun chindan ham mubolag‘a!— dedi. — Yer yuzin tutqon ko‘z yoshlaridin tangrim sizni asrasin!
Xonzoda begim o‘z ko‘nglida esa: «Nechun Humoyun haligacha bu qizni ko‘rmabdir?» deb taajjublanib qo‘ydi. Chunki bir vaqtlar Boburni qiynab, fig‘onini ko‘kka chirmashtirgan quyunlar hozir Humoyunning atrofida aylanib yuribdi. Boburning-ku Mohim begimdek dono xotini bor edi, oila orqali keladigan ko‘p balolarga shu sadoqatli ayol balogardon bo‘lar, farzandlarini ham otaga ixlosmand qilib tarbiyalagan edi. Humoyunning esa xotin jo‘nidan hech baxti ochilmayapti. Uni o‘n sakkiz yoshidayoq tog‘asi Yodgorbekning Beka begim degan qiziga uylantirishgan edi. Kiborlar jamiyatida o‘sgan bu qizda nafis bir chiroy bor-u, ammo onalik uquvi yo‘qmi yoki yaqin qarindoshlar oila qursa nasli kasalmand va zaif bo‘ladi, deganlari rost ekanmi? Beka begimdan bir emas, ikki o‘g‘il tug‘ildi-yu, yoshligidayoq o‘lib ketdi. Shohlik udumiga binoan Humoyunning merosxo‘r o‘g‘li bo‘lishi kerak. Uni yana ikki marta uylantirdilar. Humoyunning o‘zi ham yor tanlashda adashyaptimi, xullas, uch xotinidan birontasi unga munosib bo‘lib chiqmadi. Humoyun o‘ttizga kirdi. Hamon o‘g‘ilga zor, xotinlaridan esa ko‘ngli yarimta. Amir-u umarolari uni may bazmlariga tortadi. O‘tgan kuni kechki payt Humoyun Xonzoda begimni ko‘rgani kelganda ancha kayfi bor edi. Kayfning dadilligi bilan ammasiga ichini yorib hasrat qildi:
— Tole’im yo‘q ekan! Mamlakat to‘la qiz, tangri mening peshonamga birorta oqila-yu fozilasini bitmagani g‘alati!
Xonzoda begim Hamida bonuning sehriga berilib, uning g‘azal o‘qishidan zavq qilayotgan paytda Humoyunning shu hasrati yodiga tushdi-yu, ikkovini yonma-yon qo‘yib tasavvur etdi. Humoyun ham ko‘hlik yigit, janglarda botirlik ko‘rsatib dong‘i ketgan, uni kuyov qilish orzusida yurgan sulton-u vazirlar ko‘p. Ularning podshoga qaynota bo‘lgilari kelib yurganda Mirbobo Do‘stday oddiy mulozimga yo‘l bo‘lsin! Bundan tashqari, Hamidaning o‘zi uch xotinlik Humoyunga tegishni istarmikin? Balki uning boshqa biron ko‘ngil bergan yigiti bordir? Xonzoda begim she’r bahsini davom ettirib, Hofizdan, Dehlaviydan, Navoiydan goh forsiy, goh turkiy tilda baytlar keltirar ekan, bularning ko‘pi Hamida bonuga tanish ekanini, qiz juda farosatli va bilimli bo‘lishdan tashqari, ishqiy g‘azallarga alohida mayli borligini sezdi. So‘ng yarim hazil, yarim chin ohangda so‘radi:
— Sizga atab she’r bitgan oshiq yigitlar ham bordir, Hamida bonu?
Hamida iymanib bosh egdi-yu, yerga ko‘z tikdi.
Shunda Sultonim begim Hamidaga oshiq bo‘lib she’riy maktublar yozgan bir bekzodaning tarixini onasiga aytib berdi. Junaid barlos nomli ulkan amirning o‘g‘li bo‘lgan bu bekzoda Hamidaga sovchi ham yubordi. Lekin Hamida uni xushlamas edi, oxiri Hindol mirzodan himoya so‘radi. Kichikligidan o‘z dargohida o‘sgan Hamidani avaylab yuradigan Hindol mirzo bekzodaning otasi bilan gaplashib, boshqa maktub ham yozmaydigan, sovchi ham yubormaydigan qildi.
Xonzoda begim Hamidaning tutgan yo‘lini ma’qullab:
— Shoshmaganingiz ham ma’qul, — dedi. — Inshoollo, sherqizga munosib arslon yigit uchrab qolgay.
Begimning ko‘pni ko‘rgan tajribali ko‘zlari Hamidaga umid bilan tikilmoqda edi. Xonzoda begim uzoq umri davomida Shayboniyxon-u shoh Ismoildan tortib temuriy tojdorlargacha qancha-qanchasining oilaviy hayotlarini yaqindan ko‘rdi, ne-ne mashhur malikalarning toj-u taxt balolariga bardosh berolmay shikast yeganlariga guvoh bo‘ldi. Hamidaning husniga yarasha aqli ham yetuk, vujudidan kuch yog‘ilib turibdi. Humoyunning ichki va tashqi ziddiyatlarga to‘lgan mashaqqatli hayotiga balki shu qizning bardoshi yetar? Balki ular orzu qilgan o‘g‘ilni shu qiz tug‘ib berar? Xonzoda begim ularni qanday qilib bir-biriga yaqinlashtirsa ekan? Navro‘z kunlarida Humoyun kema sayriga ayollarni ham taklif qilgan. Xonzoda begim Sultonimga yuzlandi:
— Qizim, bugun chavgon o‘ynagan dugonalaring bilan mashqni davom ettiringlar. Mirzo Humoyunni kema sayridan so‘ng shu boqqa taklif etgaymiz. Hamidalar qanday chavgon o‘ynashini hazrat bir ko‘rsinlar. U kishi bunday tomoshaga juda ishqibozlar.
Hamida podshoning ko‘zi oldida ot chopib o‘ynashini tasavvur qildi-yu, birdan vahmi keldi:
— Hazrat begim, men qo‘rqamen!
Xonzoda begim kuldi:
— Buncha qo‘rqmang, ertaga siz ham biz bilan kema sayriga borursiz. Hazratimni yaqindan ko‘rsangiz vahimangiz bosilib qolgay. Keyin yaxshi otlarga minib mashq qilgaysiz.
Xonzoda begim kaniziga tomon o‘girilib:
— Otbegiga ayting, chavkarni oltin anjomlari bilan olib kelsin! — deb buyurdi.
Sultonim onasiga hayron bo‘lib tikildi. Xonzoda begim Iroqdan keltirilgan chavkar otni o‘zi uchun ikki ming rupiyga sotib olgan edi. Bu pulga oddiy otlardan o‘ntasini beradi. Nahotki endi uni Hamidaga in’om etsa? Xonzoda begim qizining ko‘zlaridagi hayratning sababini sezdi-yu:
— Mening boshqa otlarim bor, — dedi, so‘ng jilovdor yetaklab kelgan chavkar otni oltin anjomlari bilan birga Hamida bonuga in’om qildi.
___________
* F a q i h — qonunshunos.
* R a ’ d — yashin va momaqaldiroq.
* * *
Bu voqea og‘izdan og‘izga o‘tib, Hamidaning ota-onasiga ham ma’lum bo‘ldi, Qizlariga Xonzoda begimning nazari tushgani, erta-indin Hamidani Humoyun mirzo saroyiga taklif etmoqchi bo‘lishayotgani ularga tolening kulib boqishidek tuyuldi. Chevarlikdan xabari bor ona bugundan boshlab Hamida uchun qimmatbaho atlas-u muslinlardan yangi kiyimlar tikishga tushdi. Lekin bu ishlardan qizning o‘zi bezovta bo‘lardi. Axir Hamida Humoyunning go‘zal xotini Beka begimni, olti yashar qizchasi Aqiqani ko‘rgan. Oilali, farzandli yigitga xomtama bo‘lish... Yo‘q, yo‘q, Hamida buni o‘ziga mutlaqo ravo ko‘rmaydi! Hamida ixlos qo‘ygan shunday ulug‘ Xonzoda begim nahotki uni kundoshlik azobiga loyiq deb bilsa? «Balki ko‘ngil bergan yigitingiz bordir?» deb so‘radi-ya. Hamida uyalib «yo‘q» degani uchun endi o‘zidan ham norozi bo‘ldi. «Bor» deya qolsa osonroq qutulmasmidi? Ammo «kim?» deb so‘rasalar qanday javob beradi? Eshkakchi yigit Nizomga ko‘ngli borligi... Rostmi? Buni hali o‘zi ham aniq bilmaydi-ku, qanday aytadi? Arosatda qolganday iztirob chekayotgan Hamida bonu bog‘ning narigi chetidan limillab oqib o‘tayotgan Jamna daryosining sohiliga qarab ketdi.
Bog‘ning uzoq burchagida daryo o‘zani qo‘ltiqqa o‘xshab ichkariga yorib kirgan xilvat joy bor. Oqim bu yerda juda sokin, suv tagi mayin qumloq, uncha chuqur ham emas. Hamida bu yerga yetti yashar qizaloq paytlaridan beri ko‘p keladi. Sohilni bir tomondan baland daraxtlar, ikkinchi tomondan bog‘ devori pana qilib turadi. Devor ortida kemachi bir odamning kichkina hovlisi va ikki eshkaklik qayig‘i bor. Yomg‘ir fasli tugab, quruq va issiq oylar boshlanganda Jamnada suv kamayib, qirg‘oq chetlari milkday ochilib qoladi. Shunda bog‘ devori tugagan joydan qo‘shni hovliga kirib chiqsa bo‘ladigan yo‘lak paydo bo‘ladi.
Kemachining bolalari Zarafshon bog‘iga o‘tishga jur’at etolmaydilar. Shuning uchun Hamida sakkiz yashar qizcha ekanida haligi yo‘lakdan o‘zi o‘tib borgan, kemachining Nizom degan kattagina o‘g‘li uni qayig‘iga chiqarib daryoda sayr qildirgan edi. Hamidani onasi «hali bola-ku» deb uncha qattiq tergamas edi. O‘n yetti yoshli Nizom podsho bog‘ida turadigan Hamidaga o‘zining qanchalik chapdast ekanini ko‘rsatib qo‘ygisi keldi.
— Bonucha, sizga baliq tutib beraymi? — deb ko‘ylagini yechdi-yu, qayiqdan suvga sho‘ng‘idi. Jamnaning qoramtil suvi shishadek tiniq edi. Hamida Nizomning suv tagida baliq quvib ko‘zi ochiq holda suzishini ko‘rdi-yu, hayron qoldi. Nizom sohil chetidagi qo‘ltiqqa qamab tutgan bir baliq uning qo‘lidan sirg‘alib chiqib ketdi. Ammo boshqa bir baliqni tutgan zahoti ikki qo‘llab qayiqqa qarab otdi. Uning qo‘llaridan sachragan suv zarralari Hamidaga ham tegdi. Kattagina baliq qizchaning oyog‘i ostiga tushib, patirlab o‘ynay boshladi.
Nizomning suvda bu qadar yaxshi suzishini ko‘rib, Hamidaning unga havasi keldi. U suzishni bilmas edi. Buni eshitgan Nizom qayig‘ini uylari oldidagi qoziqqa yaqin keltirib bog‘ladi-da, daryo chetidan qulay joy tanlab, Hamidani suzishga o‘rgata boshladi.
Hamida yengil harir ko‘ylakchasi bilan suvga kirdi. Nizom uni belidan, qo‘llaridan tutib, suv yuziga ko‘ndalang yotqizdi-da, oyoq-qo‘llarini qanday harakatlantirishni tushuntirdi. Keyin asta qo‘yib yubordi. Hamida bir-ikki qadam suzar-suzmas chokib keta boshladi. nizom engashib uni darhol suvdan chiqarib oldi. Shunda qizcha beixtiyor uning bo‘yniga qo‘lini solib nafasini rostladi. Bir vaqt xayolini yig‘ishtirib qarasa, Nizomning bag‘rida uni bo‘ynidan quchoqlab turibdi. Iymanib kuldi-da, uning qo‘lidan sirg‘alib chiqdi. Nizom ham kulib turar, lekin bo‘taloqnikiga o‘xshagan yuvosh ko‘zlari shunday samimiy va beg‘araz boqar ediki, Hamida to suzishni o‘rganguncha undan biror marta seskanmadi va birorta nojo‘ya qilig‘ini sezmadi. Dili pok bu suvchi yigit unga tobora jozibali ko‘rinadigan bo‘ldi.
Shundan keyin ular uch-to‘rt yil ko‘risholmadilar. Chunki Hindol mirzoga agradan uch yuz mil* garbi-janubdagi Mevat viloyati mulk qilib berildi. O‘sha joyda qo‘rg‘on va bog‘ qilib,oilasini, o‘ziga qarashli odamlari qatori Hamidalarni ham ko‘chirib ketdi. Isyonkor rajputlar viloyati bo‘lgan Mevat juda notinch, urush, yurishlar ko‘p bo‘lar, Hamida va uning ota-onasi Agrada osuda o‘tkazgan damlarini sog‘inib eslashardi. Ayniqsa bog‘ chetidagi sokin qo‘ltiq va qayiq sayri Hamidaning yodiga ko‘p tushar, Agraga qaytadigan kunlarni u doim orziqib kutardi.
Agrada Hindol mirzoga otasidan qolgan to‘rt bog‘ning bittasi — mana shu Zarafshon berilgan edi. Oradan bir necha yil o‘tib, Hindol mirzo va uning odamlari bu boqqa yana qaytib kelganlarida hamida bonuning bo‘yi yetib qolgan, unda balog‘at belgilari paydo bo‘lgandan beri onasi ko‘chaga yopinchiqsiz chiqarmas, bog‘ sayriga ham, chavgon o‘yiniga ham yolg‘iz yubormas edi.
Mana hozir ham u bog‘ning uzoq burchagidagi xilvat sohilga kanizagi Aminat bilan birga keldi. Qoshlari ingichka, sochlari qizg‘ish Aminat asli cherkas qizi edi. Eron shohining navkarlari bilan bo‘lgan janglarda asir olingan va qul bozorida sotilgan bu jabrdiyda juvon besh yildan beri Hamidaga kaniz bo‘lib xizmat qiladi. Uni Nizom ham tanib qolgan. Chunki so‘nggi yillarda Hamida daryo sohiliga doim kanizi bilan birga keladigan bo‘ldi. Hamida endi Nizomning ko‘zi oldida cho‘milishdan uyaladi. Yoshi yigirma beshga kirib, xiyla bosiq va sipo yigit bo‘lib qolgan Nizom ham Hamida bonudagi bu o‘zgarishlarni ma’qul ko‘rgan kabi bosh irg‘ab, kulimsiraydi, unga salom berganda ikki kaftini peshonasi ustiga juftlab, yengil bir ta’zim bajo keltiradi, shu bilan kiborlar jamiyatiga mansub bo‘lgan qizni o‘zidan xiyla baland qo‘ygandek bo‘ladi.
Aminat uning qayig‘iga birinchi marta chiqqanda: «Eshkakchi yigit durustroq peshkash olish umidida bizni astoydil sayr qildirmoqchi», deb o‘yladi. Yigitning tiniq, qoramtir yuzida kamtargina bir jilmayish bor, o‘zi beozor va yuvosh ko‘rinadi. Faqat timqora ko‘zlaridan, kuchli bir olovning tapti urib turadi. Baquvvat qo‘llari eshkaklar orqali butun qayiqni o‘ziga bo‘ysundirib, uch kishini suv yuzida qushday uchirib boradi.
Qayiq tor bo‘lgani uchun Aminat orqada, Hamida esa tumshuq tomonda Nizom bilan yuzma-yuz o‘ltiribdi. Ikkovining ko‘zi ko‘ziga tushgani sari Hamida bonuda nafis bir hayajon kuchayib borayotgani Aminatni taajjubga soldi. Qiz go‘yo mana shu uchrashuvni ko‘pdan beri kutib yurgan edi-yu, endi visolga yetishganidan quvonib, husn-u jamoli ochilib bormoqda edi. Hamidaning qanchalik ko‘hlik qiz bo‘lib yetilganini, uning yuz-ko‘zida, qaddi-qomatida qanchalik sehr-u joziba borligini Aminat hozir birinchi marta yaqqol his qildi. Hamidaning qizlik latofati go‘yo bir g‘uncha holida edi-yu, eshkakchi yigitning diydori shu g‘unchani birdan gullatib ochib yubordimi? Bu yigitda nima karomat bor o‘zi?
Daryo sokin oqayotgan joyda Nizom eshkak eshishdan to‘xtab, past, mayin tovush bilan ashula boshladi.
Nizom azbaroyi Hamidaga mehri tushganidan uning turkiy tilini o‘rgangan, hozir shu tildagi o‘ziga yoqqan she’rlarni hindcha kuylarga solib aytar edi. Uning ovozi odamni rom eta oladigan darajada dilbar va kuchli. Og‘ir qayiqni qushday yengil uchirayotgan yigitlik kuch-qudrati uning ovozida ham sezilib turadi.
Hamida uning qo‘shig‘ini eshitgan sari g‘alati bir sehr-u jodu ta’siriga berilib, o‘z ixtiyorini yigitning qo‘liga topshiradigan holatga tushmoqda edi.
Aminat birdan Xonzoda begimni esladi. Humoyunga munosib ko‘rilgan Hamidadek qiz kelib-kelib shu eshkakchiga ko‘ngil beradimi?
Yigit Aminatning sovuq nigohini yelkasi bilan sezgan kabi unga o‘girilib qaradi. Ko‘zlarida beg‘araz, tamasiz bir mehr nurlanib turganini ko‘rib, Aminat beixtiyor o‘ng‘aysizlandi. Nizom oliy dargohlarda yurgan Hamida bonuga yetishaman deb umid qilmaydi, faqat bu qizning noyob jozibasini muqaddas bilib, unga sajda qilgisi keladi. U o‘z dilidagi tuyg‘uni Hamidaga tushuntirmoqchi bo‘lib:
— Men bhaqtiga* imon keltirganmen, — dedi.
— Bhaqti kim o‘zi? — so‘radi Hamida.
— Bu birovning ismi emas. Bizga o‘xshagan faqir kishilar e’tiqodi. Men Makkayu Madinaga hajga borib sig‘inmaymen. Qarshimda turgan chin insonning diliga sig‘inamen. Masjidda tamagir mullolar odamlardan xayr-u ehson undirib boy bo‘lurlar. Boylik bor joyda muqaddas narsa yo‘q. Shuning uchun biz masjidga bormagaymiz. Biz uchun muqaddas joy — yaxshi odamning dili.
Oddiy bir hind yigitdan bunaqa g‘alati gaplar chiqishini kutmagan Hamida taajjubga tushdi:
— Voy, masjiddan yuz o‘girsangiz otangiz urishmaydimi?
— Menga bhaqtini otam o‘zlari o‘rgatganlar. Otam ham, bobom ham, — deb Nizom ovozini pasaytirib shivirladi, — Kabirga ixlos qo‘yib qo‘l berganlar.
Hamida bonu bu nomni eshitib, beixtiyor vahmi keldi. Chunki uning bilishicha, Kabir dahshatli bir jodugar kofir bo‘lgan, el-ulusni yo‘ldan ozdirib, dindan chiqargan, shuning uchun Iskandar Lodi degan podsho Kabirning bo‘yniga tosh bog‘latib, Gang daryosiga cho‘ktirishni buyurgan. Lekin Kabir suv tagidan tirik chiqqan. Podsho uni quturgan filning oyog‘i tagiga tashlatib o‘ldirmoqchi bo‘lganda u filni ham sehrlab, o‘lmay qolgan.
Nizom ertaknamo bu gaplarni Hamidadan eshitib mayingina kuldi:
— Kabirning daryodan tirik chiqqani ham, filning oyog‘i tagida o‘lmagani ham rost. Bobom menga buning sirini aytib berganlar. Kabirning jodusi uning she’rlarida ekan. She’rini kuyga solib aytsa eshitgan jonzot shunday ta’sirlanar ekanki, Kabir*ning irodasiga qarshi biron ish qilolmay qolarkan.
— Bobongiz Kabirni yaqindan bilar ekanmilar?
— Ha, otam ham bilgan. Bundan yigirma besh yil avval men tug‘ilganda Kabir bizning uyga kelgan. Menga Nizom degan otni shu odam qo‘ygan ekan.
— Tavba, kimga ishonishingizni bilmaysiz! — dedi Hamida o‘ychan. — Otamlar menga: «Kabirni tilga olma, kofir bo‘lasan», deb aytgan edilar.
— Otangizni johil muhtasiblar* adashtirgan, — dedi Nizom. — Ular bizning boshimizga ham qancha kulfatlarni soldilar. Kabirga qo‘l bergan otam zindonda yotibdilar.
Nizom og‘ir tin oldi-yu, bultur Hamidalar yo‘q paytda mana shu daryo bo‘yida bo‘lgan qonli voqealarni aytib berdi.
____________
* M i l — 1000 metr.
* B h a q t i — hindcha ixlos demakdir. Inson o‘z takomiliga ishonsa va komil odamlarga ixlos qo‘ysagina yomon illatlardan xalos bo‘la oladi. «Ixlos — xalos» degan hikmat bhaqtida shunday talqin etiladi.
* K a b i r (1440—1518) — ulug‘ hind shoiri. Uning she’rlari hozir ham xalq orasida juda keng tarqalgan. Rivoyatlarga ko‘ra, Kabir asli brahman oilasida tug‘ilgan, chaqaloqligida onasi tashlab ketgach, uni oddiy bir musulmon to‘quvchi kosib oilasi tarbiyalab voyaga yetkazadi. Kabirning o‘zi ham to‘quvchi bo‘lgan.
* M u h t a s i b — diniy ishlar nazoratchisi. Qo‘lida darra bilan yurib, odamlarning ro‘za tutishi-yu masjidga namozga kelishini nazorat qilgan.
* * *
Nizomning otasi o‘zining katta o‘g‘liga hindlarning eng ezilgan shudra* qavmidan chiqqan eshkakchi do‘stining qizini olib bermoqchi bo‘ladi. Yigit bilan qiz bir-birlarini yaxshi ko‘radi. Ota-onalari uchun ularning har xil dinda ekanliklari ahamiyatsiz. Kabir ta’limoti asosida ular musulmon mullasini ham, hind brahmanini ham tan olmaydilar. Ular «dinu millat ayirish faqat tamagir ruhoniylar uchungina kerak» deyishib, to‘y tayyorligini boshlashadi. Shu orada Nizomlarning mahallasidagi masjidda kutilmagan bir to‘polon boshlandi. Kechasi allakimlar masjidning mehrobiga qora cho‘chqaning o‘ligini tashlab ketadilar. Mahalla imomi «bu ishni cho‘chqaboqar majusiylar qilgan» deb, qavmlarini hindilarga qarshi gijgijlaydi. Johillardan besh-o‘ntasi ko‘chaga chopib chiqadilar-u hindlar muqaddas hisoblaydigan va ko‘chada bexavotir yurgan govmish sigirni yerga ag‘anatib, bo‘yniga pichoq tortadiar. «Masjid mehrobiga cho‘chqaning o‘ligini tashlab ketganlarning jazosi budir!» deyishib sigirning kattakon son go‘shtini hind ibodatxonasining sajdagohiga osib qo‘yadilar. Shu tarzda har ikki tomonning ham diniy e’tiqodlari qattiq haqoratlanadi-yu, qirg‘in boshlanib ketadi. To shahar hokimi — qutval bundan xabar topib, ikki yuz navkari bilan yetib kelguncha va qirg‘inni to‘xtatguncha ikki tomondan o‘n yetti kishi halok bo‘ladi, yetmish-sakson odam yaralanadi. Jarohatlanganlar orasida Nizomning otasi ham bor edi. U behuda qirg‘inning oldini olmoqchi bo‘lib oraga tushgani uchun kimdir tosh otib boshini yorgan edi.
Bu hodisalarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Nizom sigir-u cho‘chqa bahonasida odamlarni qirg‘in qilgan johil imom-u brahmanlarni butun vujudi bilan yomon ko‘rib qoldi. Nizomning otasi esa bunday diniy adovatlardan baland turgan va chin insonlikni ilohiyot darajasiga ko‘tarib ulug‘lagan Kabirga avvalgidan ham ortiq ixlos qo‘ydi. O‘zining Kabir ta’limotiga sodiqligini va diniy nizolardan baland turishligini el-yurt oldida isbot etish uchun hind qizi bilan to‘ng‘ich o‘g‘lining to‘yini albatta o‘tkazadigan bo‘ldi. O‘sha to‘polon tufayli to‘xtab qolgan to‘y tayyorligi kuzning mezon oyida nihoyasiga yetdi. Nizomlarning daryo bo‘yidagi hovlilari gulshodalar bilan bezandi. Dasturxonlarga shirinliklar, xurmolar, norinjlar, boshqa anvoyi mevalar qo‘yildi. Kelin-kuyov oq, sariq, pushtirang gulshodalardan to‘qilgan maxsus shomiyonaga* kirib o‘ltirdiar.
Ularga nikoh o‘qish uchun mahalla imomini ham, hind brahmanini ham chaqirishmadi, bhaqtiga ixlos qo‘ygan sakson yoshlik bir mo‘ysafid kelinning qo‘lini kuyovning qo‘liga tutqazdi-yu, Jaloliddin Rumiy va Kabir she’rlaridan kuyladi. Bu she’rlarda «riyokor imom-u brahmanga ishonma, dilingdagi muqaddas tuyg‘ularga ixlos qo‘y, inson, ilohiyot sening o‘zingdadir» degan ma’no bor edi. Bu ma’no, albatta, taqvodor shayxlar bilan mutaassib brahmanlarni talvasaga solib qo‘ydi. Axir butun xalq masjid-u ibodatxonaga bormay qo‘ysa na brahmanni, na mullani tan olmasa, xayri-ehsonni kim beradi? Ruhoniylarning tirikchiligi qanday o‘tadi? Obro‘-e’tibori qayoqda qoladi? Bu ketishda el-ulus podshoga ham itoat etmay qo‘yadi, hokimiyatni tutib turgan diniy mafkura vayron bo‘ladi!
Johil shayxlar va brahmanlar to‘y arafasidayoq shahar hokimiga murojaat qilib, shoshilinch choralar ko‘rish kerakligiga, masjid-u ibodatxonani yomonlab yurgan dahriylar xalq orasida isyon chiqarishi va yangi qirg‘inlarga sabab bo‘lishi mumkinigiga uni ishontirgan edilar. Daryo bo‘yidagi to‘y xursandchiligi avjiga chiqqan paytda birdan ellik-oltmish otliq navkar qamchi o‘ynatib, qilich yalang‘ochlab kirib keldi. Kabirning isyonkor she’rlarini kuyga solib aytayotgan xonandalarni qamchi bilan urib haydab yubordilar. Kelin-kuyov kirib o‘ltirgan shomiyona gulshodalari qilich zarbalaridan tilka-pora bo‘ldi. Navkarlar ketidan tayoq ko‘tarib kirgan muhtasiblar g‘ayridinga uylanmoqchi bo‘lgan muslim yigitning nikohini harom deb e’lon qildilar. Nizomning otasi bunga qarshi e’tiroz qilgan edi, uning qo‘llarini orqasiga bog‘latib, hibsga olib ketdilar.
— Otam hali ham zindonda yotibdi, — og‘ir tin olib hikoyasini tugatdi Nizom. — Bultur machitga tashlab ketilgan cho‘chqaning o‘ligini muhtasib un-dan ko‘rayotgan emish. Tuhmatni qarang!
— Otangiz podshoga arz qilsalar bo‘lmaydimi? — kuyunib so‘radi Hamida.
— E, podsho osmonda, otam yer ostidagi zindonda! Ikki orani poraxo‘r amaldorlar bilan aldamchi shayxlar to‘sib olmishlar. Podsho o‘shalarning gapiga ishongay!
Yigit bu so‘zlarni aytganda uning ko‘zlarida isyonkorona bir o‘t yonganini Aminat ham ko‘rdi-yu, o‘z boshiga tushgan asiralik kulfatlarini esladi. Nizomga hamdardlik bildirib:
— Bu dunyoda adolat o‘zi yo‘q! — dedi. — Zamona mudom zo‘rniki!
Zamona zo‘rlariga yaqin bo‘lgan Hamida yakkalanib, noqulay ahvolga tusha boshladi. Nizom buni sezdi-yu, oraga tushgan g‘uborni tarqatishga intildi:
— Xudo xohlasa, bir kun emas, bir kun haqiqat yuzaga chiqib qolgay. Men podshoning kemasida eshkakchimen. Paytini topsam, kemada Humoyun mirzoga arz qilmoqchimen!
«Balki men... hazratning inoyatiga sazovor bo‘lsam «Nizomning begunoh otasini hibsdan chiqartiring» deb iltimos qilarmidim?» degan o‘y Hamidaning ko‘nglidan o‘tdi. Lekin qiz bola bunday iltimoslarni qilishi uchun Humoyunga qay darajada yaqin bo‘lishi kerak! Unga yaqin borish — Nizomdan uzoqlashish emasmi? Biroq Hamida bu yigitdan uzoqlashgisi kelmaydi, ko‘ngil unga qarab talpinadi. Yetti yashar qizaloq paytida mana shu daryoning sokin qo‘ltig‘ida Nizom uni suzishga o‘rgatgani hech esidan chiqmaydi. Ikkovi suvda birga suzgan o‘sha damlar zavqi hozir daryo to‘lqinlari orasidan unga ko‘z tikib turganday.
Nizom qayiqni sokin qo‘ltiqqa burib kelib to‘xtatganda Hamidaga ma’yus termulib «yana qachon ko‘rishamiz?» degandek qaradi.
— Navro‘zda podshohimiz kema sayriga chiqarmishlarmi? — so‘radi Hamida yigitdan.
— Ha, bizga farmon berilgan. Navro‘z kuni podshoh kemasining eshkagini biz eshar ekanmiz.
— Xonzoda begim meni ham kema sayriga taklif qilganlar. Borsam... sizni yana ko‘rar ekanmen-da.
Nizom bu gapdan quvonish o‘rniga nogahoniy bir iztirob ichida qoldi. Humoyun mirzo kemaning yuqorigi qavatida tillakori tolorda yasanib, jozibaga to‘lib o‘ltirishini, Nizom esa pastdagi tor joyda o‘n oltita eshkakchining orasida terlab-pishib eshkak eshishini ko‘z oldiga keltirdi. Xonzoda begim Hamida bonuni Humoyun bilan tanishtirganda pastdagi eshkakchi Nizom bunga qay ko‘z bilan qaraydi-yu, qanday ruhiy azoblarga uchraydi?
Ana shu savolni Hamida bonu yigitning yuzida qalqqan iztirobdan payqadi-da, o‘zi ham ikki o‘t orasida qolishi mumkinligini endi sezdi.
_____________
* Sh u d r a — eng past to‘rtinchi tabaqa — kasta. Unga ko‘proq kosiblar, hammollar va boshqa oddiy kishilar kiradi.
* Sh o m i yo n a — bu yerda guldan qilingan chodir yoki chimildiq ma’nosida.
* * *
Navro‘z kuni Hamida bonu qo‘sh karnay va qo‘sh surnaylar tovushidan uyg‘ondi. Bayram liboslarini kiyib, Xonzoda begim in’om etgan chavkar otni mingan holda Gulbadan begim va yana uch-to‘rtta oliynasab qiz-juvonlar bilan shahar markaziga qarab borayotganda Nizomni esladi. Uni qiynamaslik uchun bir bahona topib kema sayriga chiqmay qo‘ya qolsamikin?
Biroq butun Agra aholisi va boshqa viloyatlardan kelgan yuzlab odamlar shahar markazidan o‘tayotgan Humoyun mirzo va uning mavkabini* yaqinroqdan tomosha qilishga intilmoqda edi.
Mavkabdan oldinda darra* ko‘targan qo‘riqchilar yo‘l ochib boradi. Ular bilan ketma-ket nog‘orachi va karnaychilar kelyapti.
Qo‘sh nog‘oralarini nortuyalarning o‘rkachiga xurjunga o‘xshatib ayri tashlab olgan ikkita hindu yigit nog‘ora cho‘plarini tinimsiz o‘ynatib, butun shaharni quvnoq takatumlarga to‘ldirishga harakat qiladi. Karnaylar mis halqumlarini osmonga cho‘zib, o‘z «ha-ha-hu-uv»lari bilan nog‘oralar tovushini bosib ketgudek bo‘ladi. Ammo surnaylarning ingichka va o‘tkir navolari hammasidan ham balandroq yangraydi. Markaziy xiyobonga qarab yopirilgan izdihom daryosi Hamidalarni ham beixtiyor o‘sha tomonga oqizib ketganday bo‘ldi. Fil ustidagi havorang kimxob soyabon jajji bir ko‘shkdek, uch tomoni pardalik, faqat old tomoni ochiq. Harakatlanib borayotgan ko‘shk ichida yolg‘iz o‘tirgan Humoyunning peshonasi ustida — sallasining old tomonida Ko‘hinur olmosi yaraqlab ko‘zni qamashtirgudek bo‘ladi. Humoyun bu gavharni yilda bir marta — navro‘z paytida peshonasiga qadab el-ulusga ko‘rinish beradi. Shuni bir-biridan eshitgan odamlar podshodan ham ko‘ra uning sallasidagi Ko‘hinurni yaqinroqdan ko‘rishga harakat qiladilar. Lekin xiyobonning ikki chetida zanjirday tizilib borayotgan otliq qo‘riqchilar izdihomni mavkabga yaqin keltirmaydi.
Faqat bir joyda ellik-oltmishta yosh-yalanglar bir-birini itarib, surib, qo‘riqchilar zanjirini xiyobon ichiga egib kirgiza boshladi. Darra kimningdir yelkasiga qarsillab urildi. Shunga qaramay izdihom seli otliq qo‘riqchilar zanjirini uzib o‘ta boshladi. Qo‘rchiboshi achchiqlanib, birdan qilich yalang‘ochladi.
Fil ustidan buni ko‘rib qolgan Humoyun o‘ng yonida otliq borayotgan Bayramxonga bir nima deb ishora qildi. Bayramxon orqaga o‘girilib:
— Janob qo‘rchibek, shoshmang! — dedi. — Hazratim sochqi buyurdilar!
Qirq yoshlardagi qo‘li uzun shig‘ovul otini chu-chulab, olomon bilan qo‘riqchilar tirashib turgan joyga yaqinlashar ekan, egariga ortilgan gilam xurjunning o‘ng ko‘zidan bir siqim kumush tanga oldi. Yo‘g‘on tovushini baland ko‘tarib, turkiy va forsiy so‘zlarga hindcha iboralar aralashtirib dedi:
— Xaloyiq, tinchlaning! Humoyun hazratlari navro‘z bayrami munosabati bilan fuqaroga xayr-u ehson qilmoqchilar! Oling, mana shu kumush tanga sizlarga!
Shig‘ovul yurib borayotgan ot ustidan oldinga intilib, siqimidagi oq tangalarni olomon bostirib kelgan joyning orqa tomoniga sochdi. Oftobda xira yaltiragan kumush tangalar kimningdir boshiga, kimningdir yelkasiga urilib yerga tushdi. Buni ko‘rgan yosh-yalanglarning anchasi podshoni ham, uning filini ham unutib, tangalar tushgan tomonga tashlandilar.
Mavkab boyagiday shoshilmay yurib ketmoqda edi. Shig‘ovul ham yurib borayotgan ot ustida turganicha qo‘lini endi xurjunning chap ko‘ziga soldi-yu, ketma-ket ikki siqim mis tanga oldi va ularni boyagidan ham nariroqqa qulochkashlab sochdi. Tangalarga targ‘ibotni qo‘shib so‘zida davom etdi:
— Xaloyiq! Navro‘z — musulmon-u hinduga, barcha ellar-u dinlarga barobar bayramdur! Bahor ayyomida kecha bilan kunduz barobarlashgan tabiiy muvozanat kunida navro‘z kirib, yangi yil boshlangay. Farmoni oliy bunyod bo‘ldikim, jamiyatda ham tabiatdagi kabi muvozanat hukm sursin, mamlakatning barcha el-uluslari din-u millat ayirmasdan, navro‘zni inoqlik, hamjihatlik bilan bayram qilsinlar.
Shig‘ovul yana xurjunning o‘ng ko‘ziga qo‘l solib bir changal kumush tanga oldi-yu, odam gavjum tomonga sochdi.
Boya mavkabga tomon yopirilib kelayotgan yosh-yalanglarning ko‘pchiligi tangalarning ketidan quvib ketishdi.
Xiyobon chetlari sochqi yordamida ancha ochilib qolgach, otliq kelayotgan Hamidalar mavkabga yaqinroq borishdi. Boya olomonga jahl qilib, qilich yalang‘ochlagan qo‘rchiboshi qilichini qiniga qaytarib soldi-da, fil ustidagi Humoyunga bosh egib, undan uzr so‘ragan kabi qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi. Humoyun esa qo‘rchiboshiga «ma’zursiz» degan kabi jilmayib qo‘yganini Hamida bonu aniq ko‘rdi. Shu payt yigitning peshonasi ustidagi Ko‘hinur ko‘kish ziyo tara-tib sehrli charaqladi. Humoyun Hamida bonuga atrofda bor yigitlarning eng ko‘hligi va baxtlisi bo‘lib ko‘rindi. Qiz ertalabki xavotirliklarini unutib, Humoyunning bu tomonga bir qarashini va ko‘z ko‘zga tushishini istadi.
______________
* M a v k a b — podshoning a’yonlari va mulozimlari.
* D a r r a — bambukdan qilingan maxsus tayoq.
* * *
Biroq fil ustida borayotgan Humoyunning xayoli butunlay boshqa narsalar bilan band. U Hamidalar tomonga yuzlanganda ham qizning boshi osha uzoqlarga nazar tashlaydi. Nega bu yil navro‘z sayliga odam bulturgidan ikki-uch barobar kam chiqqan? Bulturgi navro‘zda butun shahar va uning atroflari yasan-tusan xaloyiqqa to‘lib ketgan emasmidi? Navro‘z kunlarida bozor rastalarini, ko‘cha va maydonlarni rang-barang ipak matolar, gulshodalar bilan bezatish odati «oyin bandi» deb atalardi. Agrada bu odatni Humoyun maxsus farmon bilan joriy qilgan edi. Humoyun mamlakatning sharqida va g‘arbida katta g‘alabalarga erishgan paytlarda uning har bir farmonini so‘zsiz bajaruvchilar ko‘p edi.
Hozir ishlari orqaga ketib, nufuzi pasaygani va inilari bilan orasi buzilgani uchun ham navro‘z namoyishiga odam kam chiqqani sezilib turibdi.
Og‘a-ini nizosini Komron boshlab berdi. U Badaxshon-u Kobulga qanoat qilmay, Laxo‘rga qo‘shin tortdi. Ikki orada urush chiqishi muqarrarligini sezgan Xonzoda begim keksalik bedarmonligiga qaramay safarga otlandi. Ikki hafta yo‘l yurib, Agradan Laxo‘rga elchi bo‘lib bordi. Komron mirzo akasiga ko‘mak berish uchun Laxo‘rga kelganini, zinhor mulk talashmoqchi emasligini aytib ont ichdi. Begim uning Humoyunga sadoqat izhor qilib yozgan maktubini va jo‘shqin turkiy she’rlarini olib Agraga qaytdi.
Komronning Humoyunga yuborgan she’rlaridan otalari Bobur mirzoning ovozi eshitilib turganday bo‘lar edi. Komron akasiga kamtarlik bilan yozgan edi:
Do'stlaringiz bilan baham: |