Humoyun va akbar


A G R A NIZOM TAQDIRINING TEBRANISHLARI



Download 1,25 Mb.
bet5/36
Sana22.04.2022
Hajmi1,25 Mb.
#572068
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   36
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com

A G R A
NIZOM TAQDIRINING TEBRANISHLARI

Humoyun daryo o‘pqonlaridan omon chiqqan bo‘lsa ham, Ganga bo‘yidagi mag‘lubiyatning yomon oqibatlari yanada dahshatliroq o‘pqonlar va girdoblarga aylanib, uni o‘z qa’riga torta boshladi. Ganga va Karamnasada suvga cho‘kib o‘lganlarning soni yetti mingdan ortiq, Sherxon askarlari bilan jang qilib halok bo‘lganlar va asir tushganlar esa besh mingga yaqin. Malomat ustiga qo‘shilgan baxtsizlik tufayli Humoyunning xotinlari Beka begim va Chand bibi, Qizi Aqiqa begim, ishongan sarkardasi Bay­ramxon ham Sherxon tomonidan asir olingan edi.


Bu shum xabarlar butun mamlakat bo‘ylab tarqalgan sari Humoyunning el orasidagi obro‘si tushib ketdi. Suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan marhumlardan har birining otasi, onasi, yaqin qarindoshlari bor. Ular loaqal o‘z jigarbandlarining jasadlarini topolmaganidan, toshqin daryolar ko‘p o‘liklarni benom-u nishon yo‘qotib yuborganidan jizg‘anak bo‘lib kuyar edilar. Achchiq alam va musibat ichida qovurilgan azadorlar Humoyundan ixlosi qaytib qichqirishardi:
— Humoyun eplasa podsholik qilsin-da!
— Daf bo‘lsin bunday noshud sarkarda!
— Kelgindi temuriyzodadan to‘ydik!
— Yo‘qolsin Humoyun!
— Daf bo‘lsin!!
— Ketsin yurtiga, kelgindi!!!
Agra atrofida g‘ulu ko‘targan olomonning achchiq gaplarini Ganga bo‘yidan qaytayotgan Humoyunning o‘zi ham eshitdi. Kunduz kuni poytaxt aholisiga ko‘rinishga yuzi chidamagani uchun Agradagi Hasht Bihisht bog‘iga kechasi qorong‘ida kirib keldi.
Bu yerda uni Xonzoda begim, Gulbadan va boshqa yaqinlari kutib turgan edilar. Xonzoda begim qorong‘ida Humoyunning o‘zini ko‘rib ulgurmasidan shirador ovozini eshitdi-yu, yuragi hapriqib ketdi. Humoyunning ovozi otasi Boburnikiga shu qadar o‘xshar ediki, begim noxosdan uning tovushini eshitsa inisi tirilib kelayotganday hayajonga tushar edi. Hozir ham to Humoyun bek-u mulozimlardan ajra­lib, ayvonda muntazir turgan ayollar oldiga kelguncha begim o‘z yuragining gursillab urganini eshitib turdi.
Humoyun ilgarigidan hiyla ozg‘in va xipcha ko‘rindi. Yarador o‘ng yelkasi hali tuzalmagan, to‘nining bir yengi bo‘sh. U ayollarga chap yelkasini tutib ko‘rishdi. Boshiga kasaba ro‘mol o‘ragan, iyagiga lachak tutgan singlisi Gulbadanni tezda tanimadi.
— Ie, Gulbadan senmiding? — deb u bilan keyin ko‘rishdi. — Ilgari toqida yurar eding. Endi lachak tutadigan bo‘libsan! Zo‘rg‘a tanidim!
Humoyun o‘zini tetik ko‘rsatish uchun shu gaplarni aytdi-yu, keyin Xonzoda begim bilan xonayi xosda yolg‘iz qolganda lablari pir-pir uchib o‘pkasi to‘lib gapirdi:
— Xatolik o‘zimdan o‘tdi, hazrat amma! O‘zim noshudlik qildim! Qancha vaqtim kayf-u safo bilan o‘tdi! Shon-shuhratnnig ketidan quvib, peshonamga Ko‘hinur olmosini taqib yurganlarim!.. Xudo bandasini jazolamoqchi bo‘lsa avval uni hovliqtirib aqlini olar ekan. Men ham aqlimni yo‘qotib qo‘yganimni endi bilmoqdamen!
Humoyun hamma dardini aytib ko‘nglini bo‘shatsin uchun Xonzoda begim uning so‘zini bo‘lmay toqat bilan jim tingladi. U butun aybni boshqalarga to‘nkab, o‘zini oppoq qilib ko‘rsatadigan mayda odamlardan emasligi begimga zimdan tasalli berdi.
— Humoyunjon, otangiz ham qanchalik og‘ir mag‘lubiyatlarni boshdan kechirganini bir eslang. Siz-ku shu vaqtgacha faqat g‘alaba zavqini surib yurdingiz. Mag‘lubiyat qanday bo‘lishini endi ko‘rmoqdasiz. Lekin Samarqandda Shayboniyxon bizni besh oy qamal qilganda ne balolarni boshdan kechirmadik!
Xonzoda begim xon asoratida o‘tgan umrini eslab og‘ir «uh» tortdi. Shu «uh» bilan u go‘yo Humoyunning dard-u g‘amini o‘ziga olganday bo‘ldi. Oltmish ikki yashar Xonzoda begim shuncha azoblarni sabr-bardosh bilan yengib o‘tgan bo‘lsa, Humoyun ham yana yaxshi kunlarga yetishishi mumkindir. Shu o‘y bilan Humoyun o‘zini xiyol bosib olganda Xonzoda begim uning yuziga onalarcha mehr bilan termuldi:
— Yuz shukurki, barcha falokatlardan omon chiqibsiz.
Humoyun daryodan tirik chiqqandagi nurli tuyg‘u hozir yana ko‘nglini yoritib qaytib keldi.
— Odam hayotning qadrini o‘lim bilan olishganda bilarkan, amma! Hayot-mamot oldida shoh-u gado barobar deganlari rost ekan. Toj-u taxt, oltin-kumush, obro‘-e’tibor hammasi butunlay o‘z aha­miya­tini yo‘qotarkan. O‘sha suvchi yigit Nizom... undagi halollik, poklik, beg‘arazlik, fidoyilik bizning hech birimizda yo‘q!
Xonzoda begim Nizomning ta’rifini eshitgan sari uni ko‘rgisi kelib:
— O‘zi siz bilan birga keldimi? — dedi.
— Ha, hozir ota-onasini ko‘rgani ketdi. Ikki haftadan beri yonimdan qo‘ymay, ichki beklarim qatorida olib yuribmen. Boylikka qiziqmaydir. O‘zi hindlardan, muslim-u majusiyni barobar ko‘radir. Kabir degan bhaqtiy shoirga ixlosmand ekan. Jaloliddin Rumiy, Sa’diy she’rlarini ham yod bilur.
— Forsiy tilda-ya?
— Ha, turkiyni ham o‘rganibdir. Tug‘ma iste’dodi bor ekan. Zehni, aql-u farosati meni hayratga soldi. O‘zi uncha ko‘p maktab ko‘rgan emas, faqat to‘rt yil tahsil olgan, ammo xati-savodi o‘tkir. Hazrat otam­ning turkiy she’rlaridan qariyb uch yuz baytini menga yod aytib berdi. Muhofazasining zo‘rligini shundan bildim. Qarangki, og‘ir paytda inilarimni yordamga chaqirdim, uchovidan birortasi Ganga bo‘yiga bormadi. Shuncha balolardan omon qaytdim, chiqib birortasi kutib olmadi! Men gunoh qilgan bo‘lsam, jazosini tortdim! Endi inilar ham tortsin!
— Siz inilaringizga jazo bermoqchimisiz?
— Inilarim nuqul taxt talashurlar. Uxlasalar tushlariga podsho bo‘lish kirgay! Biroq men toj-u taxtni inilarimga emas, hind yigiti Nizomga bermoqchimen! Shoyad o‘shanda hind eli bizning xatolarimizni kechirsa!..
— Voy, bu qandoq mumkin, Humoyunjon? — Xonzoda begim hang-u mang bo‘lib qoldi.
— Inilarim shu qadar oqibatsizlik qilganda begona bir yigit jonini ming xatarga solib meni qutqargan bo‘lsa, men uni boshimga ko‘tarib e’zozlasam ar­zimagaymi?
— Lekin siz unga toj-u taxtni bermoqchisiz-ku! Axir boburiylar sulolasi shu bilan tugasa... buni aytishga ham til bormaydir!..
— Bunisidan qo‘rqmang, hazrat amma. Men yomon xatolar qildim, otamning toju taxtiga o‘zimni nomunosib sezmoqdamen! Qalbi toza Nizom taxtga chiqib, uni menga poklab bergusidir! Axir jannatmakon otam ham kamtar dehqonlardan chiqqan Tohirni halol-u pokligi uchun o‘ziga behad yaqin olar edi-ku. Umrlarining oxirida bir go‘shada faqat shu Tohir bilan birga turishni istaganlari yodingizdami? Buning sababini men endi fahmlamoqdamen.
— Ruhiy larzalar haddidan oshib, sizni tushkunlikka solmishdir, Humoyunjon! Bu qaroringizda shoshilmang. Nizomni taxtga chiqarishdan oldin Sherxonga qarshi kuch to‘plang.
— Mamlakat xalqi bizdan begonasirasa, men kuchni qaydan to‘plagaymen, ammajon? Balki hindlar bizdan bezib Sherxonga yordam bergani uchun mag‘lub bo‘lgandirmen? Balki Nizomni menga taqdir o‘zi yordamga yuborgandir? Endi men halol yigitni astoydil e’zozlasam, shu bilan tagjoy hindlarning ko‘nglini olurmen, ishonchini qozonurmen, keyin ular menga madad berurlar!
Humoyunning dalillari ko‘p, qarori qat’iy ekanini sezgan Xonzoda begim:
— Axir siz Nizomga... podsholik udumlarini o‘rgatmog‘ingiz uchun fursat kerakdir? — deb so‘radi.
— Albatta. Davlatni boshqarish oson emas.
— Ungacha men Komron mirzo bilan bir uchrashay. Nechun sizni ko‘rishga chiqmadi? Saba­bini bilaylik. Orada biron g‘ubor bo‘lsa tarqataylik.
— Oradagi g‘ubor menga ma’lum. Hozir Komron mirzo mendan o‘zini qudratliroq deb bilur. Men abgor bo‘ldim. Komron esa Kobul-u Badaxshon, Qandaxor-u Panjobning hammasiga hukmron bo‘lib oldi. Endi o‘zini podsho e‘lon qilib, nomiga xutba o‘qitishi qoldi, xolos!
— Komron unchalikka bormas. Nahotki jannatmakon otalaringizning vasiyatlarini unutsa?
Xonzoda begim shu o‘y bilan ertasi kuni soyabon aravada Komron mirzo turadigan Gulafshon bog‘iga yo‘l oldi.
* * *

Komron mirzoning isitmasi bor, nam havoda qiynalib nafas olar va ichkarida o‘ltirgisi kelmas edi. U Xonzoda begimni ham gulzorlar orasidagi naqshin tolorda qabul qildi. Dasturxonga hindistonning no­­rinji va xurmosidan tashqari Turondan keltirilgan soyaki mayiz, lavzina va bargaklar ham qo‘yilgan. Xonzoda begim Komron bilan so‘rashar ekan, uning yirik gavdasi otasinikiga o‘xshab ketishini xayolidan o‘tkazdi. To‘rt og‘ayni ichida eng gavdasi yirigi, ko‘rinishi salobatlisi va ovozi jarangdori Komron mirzo. U turkiy tilning nozik tovlanishlarini Humo­yundan yaxshiroq biladi, notiqligi ham Bobur mirzoni eslatadi. To‘rt og‘aynining har birida otalarining qaysidir xislati va fazilati bor, lekin nega ular yakdil bo‘lib birlasholmaydi? Xonzoda begim ana shuni tushunishga intilib, Komron mirzoning gaplariga kamoli diqqat bilan quloq soldi.


— Og‘amizning mag‘lubiyati hammamiz uchun ham og‘ir kulfat bo‘ldi, hazrat begim. Ayniqsa, xotinlari bilan qizlarining asirga tushgani biz inilar uchun ham misli ko‘rilmagan malomat.
— Shunday ko‘rgiliklar taqdirda bor ekan-da, Komronjon. Humoyun o‘zini o‘zi ayblab, ich-etini yeb o‘ltiribdir.
— Hatto otamizning taxtiga o‘zlarini nomunosib bilib, boshqa odamni podsho qilmoqchi emishlar, rostmi?
Bu sir xufiyalar orqali allaqachon Komronning qulog‘iga yetib kelganidan Xonzoda begim hayratga tushdi.
— Amirzodam, odam og‘ir kayfiyat bilan har narsa deyishi mumkin. Har qalay, Humoyun sizning ulug‘ og‘angiz, shuncha falokatlardan keyin dargohiga borib ko‘ngil so‘rasangiz yaxshi bo‘larmidi?
— Kechadan beri tobim yo‘q, isitmam ko‘tarilgan.
Xonzoda begim Komronning ko‘zi yaltirab, lablari quruqshab turganiga endi e’tibor berdi.
— Xudo shifo bersin. Sizga ne bo‘ldi?
— Agra havosi menga yoqmadi. Jigarim shishgan. Tabiblar muolaja buyurgan. Sal o‘zimga kelsam, akamizdan albatta xabar olmoqchimen. Hozircha sizdan iltimos shulki, og‘amizga ayting, yalangoyoq saqqoni taxtga chiqarish fikridan qaytsinlar. Bu biz uchun yana bir malomat bo‘lg‘ay. Axir boburday podshohning yana uchta o‘g‘li turganda uning taxtiga qayoqdagi eshkakchi hindini chiqarish — otamizning xotirasiga-yu bizning hammamizga behurmatlik bo‘lmagaymi?
— Saqqo juda pok, avliyosifat yigit emish, Humoyun uning yaxshiligiga javoban shu ishni qilib, o‘z gunohlaridan poklanmoqchi.
— Og‘amiz chindan ham ko‘p gunohlar qilgan, agar o‘zlarini astoydil poklamoqchi bo‘lsalar, Makkatulloga hajga borsinlar!
Podshoni taxtdan tushirib hajga jo‘natish — uni o‘limga buyurishning pardali bir turi sanaladi, chunki haj yo‘lida himoyasiz qolgan tojdorni o‘ldiradigan qasoskorlar albatta topiladi. Komronning o‘z akasiga shunday qismatni ravo ko‘rayotganligi — uning ko‘nglidagi o‘gaylik adovati qanchalik shafqatsiz tus olganini Xonzoda begimga oshkor qilib qo‘ydi.
— Amirzodam, Humoyun bunday qismatga hech ham loyiq emas! Tepamizda otangizning arvohlari chirqirab qolmasin, Humoyunni halokat chohiga itaruvchi odamlar bo‘lsa, siz og‘angizni ulardan himoya qilmog‘ingiz kerak!
— Himoya bundan ortiq bo‘lurmi, hazrat begim? Hozir Agrani, uning atroflarini bizning o‘ng besh ming qo‘shinimiz qo‘riqlab turibdir. Akamizning besh mingtagina navkari qolgan. Agar biz bo‘lmasak, Sherxon Agraga ham qo‘shin tortib kelardi, haligacha uni bosib ham olardi!
— Bu gapingiz rost, amirzodam. Sherxonday xatarli dushman qarshisida og‘a-ini yakdil, yaktan bo‘linglar. Podsho og‘angiz atrofiga yig‘ilinglar!
— Podsho bo‘lishni og‘amiz eplolmadilar-ku. Buni o‘zlari ham tan olganlari bejiz emasdir?
— Endi, har qalay, jannatmakon otalaringiz Humoyunni voris tayinlaganlar.
— Rahmatli otam bizga atab yozgan ruboiylarini unutgan bo‘lsangiz men eslataymi?

Davlat bilan shod-u shodmon bo‘lg‘aysen,
Shavkat bilan mashhuri jahon bo‘lg‘aysen!
Ko‘nglingdagidek dahr aro kom surib,
Bu dahr borincha Komron bo‘lg‘aysen.

Komron she’r o‘qiganda xuddi otasining o‘zi bo‘ldi-qoldi. O‘sha sehrli ohang, nafosat va jo‘shqinlikka to‘la shoirona ruh. Ijodda otasiga eng yaqin turgan o‘g‘il — Komron ekaniga Xonzoda begim hozir yana bir marta ishondi. Ammo hayotda-chi? So‘z bir xil-u ish boshqa xil bo‘lmasa Komron boshiga kulfat tushgan akasiga nisbatan shunchalik shafqatsiz bo‘la olarmidi? Hajga ketsin emish-a! Akasini ketkizib, o‘zi tezroq taxtga chiqmoqchi-da...


Xonzoda begim shu o‘y bilan Komronning huzuridan chiqar ekan, Humoyun inilaridagi raqobat balosidan qutulish uchun ham mamlakatning ko‘p­chilik aholisi bo‘lgan hindlarga suyanish zarurligini ich-ichidan his qildi. Naryoqdan Sherxon qilichini yalang‘ochlab kelyapti. Kim shu vaziyatda Humo­yunning joniga ora kiradi? Faqat Nizom kabi halol va fidoyi odamlar! Zora Nizom taxtga chiqqandan keyin butun hind ulusi Humoyunga astoydil yon bossa-yu uning mushkullarini oson qilsa! Endi Xonzoda begim uchun ham yagona najot yo‘li shu bo‘lib ko‘rindi.
* * *

Nizom faqat ertaklardagina bo‘ladigan, odam ishonib-ishonmaydigan g‘alati kunlarni boshidan kechirmoqda edi. Kemaning pastki qavatida o‘ng oltita eshkakchining orasida siqilib o‘tirib ishlashga o‘rgangan yigit endi podsho saroyining yuqorigi qavatida olti xonali hashamatli joyda yashaydi. O‘nlab xizmatkorlar uning har bir istagini og‘zidan chiqar-chiqmas ado etishadi. Yotadigan bo‘lsa maxsus to‘shakchilar, unga gul atri sepilgan pushtirang ipak choyshablar yoyib, yumshoq parqu to‘shak solib berishadi. Ertalab turgan zahoti boshqa xizmatkorlar uning qo‘liga suv quyib yuvintirishadi, parcha va zarbof kiyimlarni kiydirishadi. Ayvonda ham, bog‘ yo‘lkalarida ham uni novcha, baquvvat soqchi yigitlar suiqasdlardan qo‘riqlab yurishadi. Ovqat yemoqchi bo‘lsa saroy bakovuli, bovurchisi, chashnagiri va oshpazlari istagan taomini muhayyo qilishadi. Ilgari Nizom umrida bir marta tatib ko‘rishga havasmand bo‘lgan kiyik kaboblar, bedana do‘lmalar, kaklik palovlar hozir istagan paytida tayyor bo‘ladi. Hamma xohishlari osongina amalga oshgani sari istakning o‘zi kamayib boradi. Ovqatdan ko‘zi to‘yib qolgani uchun­mi, uning ilgarigi ishtahalari endi yo‘q, ko‘proq achchiq qalampirli narsalarni yeydi.


Nizomning ko‘ngli tilagan hamma narsani muhayyo qilish haqida Mirzo Humoyun saroy ahliga qat’iy buyruq bergan. Lekin Nizom o‘z ko‘nglidagi eng kuchli istakni hech kimga aytolmaydi. Hamida bonu Hindol mirzoning buyrug‘i bilan Alvarga olib ketilganini kelgan kuni kechasi onasidan eshitgandan beri qanday qilib qizni Agraga qaytarish haqida o‘ylaydi-yu, o‘yining oxiriga yetolmaydi. Inisi Hindol mirzoni faqat Humoyun chaqirib olishi mumkin. Biroq Nizom hamida bonuning diydoriga mushtoq ekanini unga qanday aytadi? Nizom hali Hamida bonu bilan ahd-u paymon qilmagan bo‘lsa, qizning unga qanchalik mayli borligini aniq bilmasa... Hozir Nizom izzat-ikromda yurgan paytida Hamida bonuni bir ko‘rsa edi, dilini unga dadil ochgan bo‘lardi, qizning rizoligini olib, keyin oraga odam qo‘yardi. Ana o‘shanda Humoyunga ham tortinmay dil yorgan bo‘lardi.
Nizomni yonidan qo‘ymay, unga podsholik udumlarini o‘rgatib yurgan Humoyun bu yigitning goho o‘ychan va parishon bo‘lib qolishini sezdi.
— Biron qizga oshiqmisiz? — deb hazil ham qildi.— Ayting, sovchi yuboraylik.
Nizom siri ochilishidan xavotirlanib entikdi. Birdan tavakkal qilib:
— Qizni Alvarga olib ketibdilar, — dedi. — Otasi Hindol mirzoning xizmatida edi.
— Otasi kim?
— Hamida bonuni Xonzoda begim Humoyunga munosib ko‘rgan paytlari Nizomning esiga tushdi. U iztirob ichida:
— Hazratim, ijozat bering, — dedi. — Men qizni... ko‘rib, rizoligini olmaguncha... kimligini aytmay turay.
Humoyun Nizomdagi bu holatni odob va kamtarlik nishonasi deb bildi-yu:
— Ixtiyoringiz, — dedi. — Ammo inimiz Hindol meni ham dog‘da qoldirdi. Agrada biz yo‘q paytda ko‘p ishlarni chalkashtirib ketibdir. Kalavaning uchinchi topishda o‘zi yordam bermog‘i kerak. Bugun ertalab Hindolning onasi Dildor og‘achani Alvarga maxsus odamlar bilan jo‘natdim. «Kelsin, gunohidan kechgaymen», dedim. Bir haftada ichida Hindol barcha odamlari bilan Agraga qaytib kelmog‘i kerak.
Nizom quvonch va hayajon ichida o‘rnidan turib Humoyunga ta’zim bilan minnatdorchilik bildirdi.
Nizom har ishda Humoyunning ko‘ngliga qarab o‘rgangan edi. Biroq Humoyun uni yaqin kunlarda taxtga chiqarish harakatiga tushganda Nizom avval hayiqdi. Nahangday kattadahan bek-u a’yonlarni idora etish osonmi? Ammo Humoyun doim uning yonida bo‘lmoqchi, hamma ishni bamaslahat amalga oshirmoqchi edi. U Nizomni qo‘yarda-qo‘ymay axiyri taxtga chiqishga ko‘ndirdi.
Dushanba kuni Nizomga Zuhra yulduzining rangiga mos havorang va yashil tuslardagi shohona liboslar kiydirildi. Dastorpech uning boshiga katta gavhar qadalgan podsholik sallasini qo‘ndirayotganda Humoyun Nizomga ovozini pasaytirib dedi:
— Bu gavhar bir vaqtlar rahmatli otam Bobur hazratlarining sallalarida porlab turgan edi. Hazrat Nizomiddin, sizga endi o‘shal ulug‘ siymoning ruhlari madad bersin!
Nizom o‘zinig «hazrat Nizomiddin» ekaniga ishongisi kelmay atrofiga bir qarab oldi. Shu daqi­qalardan boshlab u go‘yo ikki odamga aylandi. Biri hamma egilib ta’zim qiladigan hazrat Nizomiddin-u, ikkinchisi uning soyasiday goh esga tushib, goh unutilib turgan avvalgi Nizom suvchi.
Devonimga barcha amirlar, viloyat hokimlari, hamma arkoni davlat to‘plandi. Holisa* yerlardan olingan daromadlar, jogirlardan tushgan, shahar-u qishloq­lardan soliqchilar yiqqan kurur-kurur tangalar taxt qarshisidagi keng sahnga — tanobiy gilamlar ustiga xirmon kabi uyildi. Umrida oltin-u kumush pullar­ning bunday katta uyumini ko‘rmagan ba’zi odamlar­ning ko‘zlari qamashib ketdi.
Hazrat Nizomiddin taxtga chiqib o‘ltirgach, Humoyun oltin va kumush uyumlari oldiga keldi-da, shu yerdan turib yangi podshoga ta’zim qildi:
— Hazratim, biz safarda ekanimizda sodiq odamlarimiz butun viloyatlardan yig‘ib tayyorlab qo‘ygan mana shu bir yillik davlat daromadlarini sizga topshirishga ijozat bergaysiz!
Viloyatlardan har yili yig‘iladigan davlat daromadlari qanchalik ko‘p bo‘lishini Nizom endi ko‘rmoqda edi. Jimir-jimir yiltirab turgan tangalarning har biri dehqon-u kosiblardan qancha zo‘ravonliklar bilan oliq-soliq tarzida undirib olinganikin? Eshkakchi Nizom bu tangalar yiltirashida jabrdiyda bechoralar­ning ko‘z yoshlarini ko‘rganday bo‘ldi. Ammo hazrat Nizomiddin besh-olti tuyaga yuk bo‘ladigan shuncha oltin va kumushning o‘z ixtiyoriga o‘tganidan mag‘rur.
Uning chindan ham podsho bo‘lganiga bek-u a’yon­larni Humoyunning ta’zimidan ham ortiq ishontirayotgan narsa — gilam ustidagi oltin-u kumush uyumlari edi. Ko‘zni yondiradigan bunchalik ko‘p boylik birvarakayiga Nizomiddin hazratlarining ixtiyoriga o‘tganligi bek-u a’yonlarga yashin tezligida ta’sir qildi. Zari borning zo‘ri bor, deb bejiz aytmaganlar. Boya kinoya bilan qiyshaygan lablar endi darhol to‘g‘rilandi, ko‘zlarda jiddiy e’tibor, qiziqish, hatto hayiqish paydo bo‘ldi.
Taxtga yastanib chordana qurib olgan hazrat Nizomiddin o‘zini podsho deb tan olgan o‘nlab ko‘zlarning hayiqishidan g‘ururi ortib, viqor tuyg‘usidan yuragi hapriqa boshladi. Shunda avvalgi Nizom uning qulog‘iga sekin shipshiganday bo‘ldi: «O‘zingizni bosing, hazrat. Mirzo Humoyun sizga tayinlagan mushkul ishlarni unutmang. Bu beklarning har biri yalang‘ochlangan qilichga o‘xshab turibdir. Xato qilsangiz boshingizni kesgay!» Hazrat Nizomiddin buni quruq vahima deb o‘ylaydi: «Endi men shu oltin xirmonining kuchi bilan eng zo‘ravon beklarni ham o‘z izmimga bo‘ysundirgaymen!» deydi. Nizom uni ogohlantiradi: «Muncha katta ketmang, boylik — qo‘lning kiri, xolos. Axir bu oltin xirmoni dehqon-u kosiblarning nasibasidan uzib olib yasalgan-ku. Zolim soliqchilar bu tangalarni undirib kelguncha qanchadan qancha zulm o‘tkazgan. Faqir eshkakchi bo‘lgan paytingizda o‘zingiz ham qanday adolatsizliklarni boshdan kechirganingizni eslang!».
Bu ichki ovozdan hazrat Nizomiddin xiyol hush­yor tortdi-da, qo‘l qovushtirib buyruq kutayotgan Turdibekka yuzlandi.
— Janob vazir! — yangi podshoning ovozi hayajondan titrab eshitildi. — Ganga bo‘yida Chausada halok bo‘lgan bek-u navkarlarning yetim-u yesirlari bizdan ko‘mak kutmoqdalar. Mana shu yerga uyulgan tangalardan... — hazrat Nizomiddin Humoyun bilan oldindan kelishib olgan farmoyishlarni, ayniqsa, raqamlarni bexato aytish uchun bir lahza to‘xtab oldi. Har qalay, xotirasining o‘tkirligi ish berdi. Raqamni aniq esladi: — Shu pullardan bir yuz-u yigirma ming rupiysi halok bo‘lganlarning yetim-u yesirlariga ro‘yxat bo‘yicha rasamadi bilan ulashilsin!
— Bosh ustiga, hazratim!
Xazinachi va sarmunshi podshoning og‘zidan chiqayotgan har bir farmoyish va raqamni maxsus daftarga yozib olmoqda edi.
ba’zi bek-u a’yonlar «bu oltin xirmonidan bizga ham kapsan tegsa kerak!» degan umid bilan ko‘zlarini lo‘q qilib turishibdi. Odat bo‘yicha, ular yangi taxtga chiqqan podshodan in’omlar olib o‘rganishgan.
— Janob xazinachi! — dedi hazrat Nizomiddin. — Katta barkashlardan birini oltinga, yana birini kumushga to‘latdirib, mana shu davra bo‘ylab aylantiring. Har bir bek-u mulozim o‘ng kaftiga siqqanicha oltin-u, chap kaftiga siqqanicha kumush olsin!
Bir vaqtlar eshkakchi Nizomni nazar-pisand qilmay oyog‘i bilan ko‘rsatib yurgan bek-u a’yonlar endi u in’om qilgan barkashdagi tangalarga hirs bilan changal solishdi. So‘ng yangi podshoning in’omidan mamnun bo‘lib, unga astoydil egilib ta’zim qilishdi.
Hazrat Nizomiddin podsholik zavqidan yayraydi. «Qani endi hozir yonimda Humoyun emas, Hamida bonu yurgan bo‘lsa!» degan istak qayta-qayta ko‘nglidan o‘tadi. Nizomning hazratga aylangan paytdagi obro‘-e’tibori-yu boyliklarini ko‘rgan Hamida undan iftixor qilishi mumkin emasmidi? Sevgan qizing sendan iftixor qilganini ko‘rsang, eng katta baxt shu bo‘lmasmi?
Biroq, Nizom hozir bu baxtdan mahrum. U Hindol mirzoning odamlari yana bir hafta-o‘n kunda Agraga qaytishini sabr-toqat bilan kutishi kerak. Ammo hazrat Nizomiddin sabrsizroq. U bugun taxtga chiqqandan beri o‘zini hamma ishga qodir sezadi, qo‘lini qayoqqa cho‘zsa yetadiganday tuyuladi. In’om va ehsonlardan ortib qolgan oltin-u kumushlar yana bir aravaga yuk bo‘ladigan darajada ko‘p. Shuncha boylikka ega bo‘lgan odam nahotki Hamida bonuning diydoriga yetisholmay o‘rtanib yursa? Dildor og‘acha oltmishlarga kirgan ayol, tez yo‘l yurolmaydi, Alvarga yetib borguncha qancha vaqt o‘tadi! Hindol mirzo yana kuch yig‘ishtirib qaytib kelguncha... e-he, kim bor-u kim yo‘q!
Undan ko‘ra Nizom o‘zi Alvarga jo‘nagani yaxshi emasmi? Ammo hozir u — podsho, bir yoqqa boradigan bo‘lsa navkar-u qo‘shin bilan jo‘nashi kerak. Hamida bonuni ko‘rish uchun qo‘shin tortib dag‘dag‘a qilib borsa, Hindol mirzo bilan urush qiladimi? Buni o‘ylashning o‘zi kulgili.
Nizom honayi xosda yolg‘iz o‘ltirib uzoq xayol surdi-yu, oxiri Hamida bonuga maktub yoza bosh­ladi:
«Osmonimning tanho oftobi Hamida bonu!
Ilgarigi Nizom bo‘lsam, sizga bunday maktub yozolmas edim. Siz shu vaqtgacha mening ilkim yetmaydigan yuksaklikda yurar edingiz. Hozir taqdir meni ham oliy bir yuksaklikka ko‘tardi. Balki eshitgandirsiz, Mirzo Humoyun meni o‘zlarining taxtlariga munosib ko‘rdilar... Qani edi, Jamna bo‘yidagi o‘sha sohilda, Zarafshon bog‘ining chetida yana uchrashsak. Shu vaqtgacha aytishga jur’at etolmagan muhabbatimni oshkor qilsam. Agar yulduzimiz bir-biriga to‘g‘ri kelsa-yu, siz rozi bo‘lsangiz, keyin to‘y tayyorligini boshlasak. Mirzo Humoyun bu ishda ham tantilik bilan ko‘mak berishlariga ishonchim komil.
Sizni sog‘ingan Nizom».
Hazrat Nizomiddinning nomiga maxsus shohona muhr ham o‘yilgan edi. Nizom hali Hamida bonu bilan biror marta maktub yozishgan emas, ular bir-birlarining dastxatlarini bilmaydi. Bu xatni Nizom o‘zi yozganiga qiz shubha qilmasligi uchun u imzosi yoniga podsholik muhrini ham bosdi.
Endi bu xatni Alvarga kim yetkazadi? Hazrat Nizomiddin xazinachini chaqirtirib, ikki hamyon to‘la oltin tayyorlatdi. Bu pulga uddaburon choparlardan yollashi mumkin. Lekin Hamida bonuga taalluqli sirni har kimga aytib bo‘lmaydi. Juda ishonchli odam bo‘lishi kerak. Nizom uchun saroydagi eng ishonchli odam Humoyun edi. «Hazrat, siz Mirzo Humoyunga maslahat soling», dedi Nizom. Ammo hazrat Nizomiddin hamma narsani Humoyunga aytib yurmasdan, ba’zi bir nozik niyatlarini o‘zi amalga oshirishi kerak emasmi? Bironta muammoni o‘zi mustaqil yechsa nima bo‘lipti? Qancha uddaburon beklar, navkarlar bor. Podshoning maxfiy topshiriqlarini bajaruvchi mushriflar undan buyruq kutib yuribdi. Humoyun Afzalbek degan devqomat bir mushrifni ko‘p ta’riflagan, «osmondan yulduzni olib kel, desangiz keltirgay, ammo tegirmondan butun chiqur» degan edi. Hozir shu hazrat Nizomiddinning esiga tushdi. Bu yigit minglab navkarlar cho‘kib o‘lgan Karamnasadan sog‘-salomat suzib o‘tgan. Keyin Agraga kelgunlaricha Humoyunga va uning yonida yurgan Nizomga ko‘p xizmatlar qilgan.
Hazrat Nizomiddin xufton payti xonayi xosga Afzalbekni chaqirtirdi. Ikki bukilib ta’zim qilgan novcha, serpay mushrif yangi podshoning sinovchan nazaridan xavotirga tushib:
— Hazratim, buyuring, sodiq qulingizmen! — dedi.
— Alvarga... Necha kunda borib kelmog‘ingiz mumkin?
— Agar yomxonalar chopqir otlardan bersalar, uch kunda, hazratim!
Hazrat Nizomiddin maqsadga o‘tishdan oldin bir oz ikkilandi. Ketida soyadek turgan Nizom «Ehtiyot bo‘ling, sinamagan kishingizga sir bermang!» deb shivirladi. Ammo hazrat unga quloq solmadi.
— Men sizga buyurmoqchi bo‘lgan ishni, — deb Afzalbekka qat’iy tikilib gap boshladi: — Ikkimizdan boshqa hech kim bilmasligi shart!
— Hazratim, buyuring, to o‘lgunimcha sir saqlagaymen!
Hazrat Nizomiddin oltin to‘la hamyonni unga uzatdi.
— Yomxonalardan ot yollashga qancha pul ketsa tortinmay sarflang, — dedi. — Boshqa xarajatlarga ham yetgulik oltin olursiz.
Afzalbek hamyonni ta’zim bilan oldi-yu, tabarruk qilib ko‘ziga surdi va tez qo‘yniga soldi. Shundan so‘ng hazrat Nizomiddin Hamida bonuga yozilgan maktubini unga berdi. Qiz Hindol mirzoning dargohida turishini, Aminat degan kanizi borligini aytdi.
— Uqdim, xotirjam bo‘ling, hazrat. Men bu maktubning javobini olib kelmog‘im kerakdur. Shun­doqmi?
— Agar javob o‘rniga... qiz o‘zi kelmoqchi bo‘lsa, soyabon aravada kanizi bilan yetkazib kela olurmisiz?
— Hindol mirzoning dargohidan qiz... o‘g‘irlash juda xatarli.
«Qiz o‘g‘irlash» degan so‘zlar hazrat Nizomiddinni sergaklantirdi.
Mirzolarning oriyati yomon, baloga qolishi mum­kin. U Afzalbekka soddadillik bilan izoh berdi:
— Men u qizga uylanmoqchimen, boshqa yomon niyatim yo‘q!
Afzalbek shu payt podsho o‘rnida avvalgi sodda eshkakchi Nizomni ko‘rganday bo‘ldi-yu, miyig‘ida kulimsirab bosh irg‘adi:
— Hamma ish ko‘nglingizdagidek ado etilg‘ay!
— Agar shu nozik ishlarni bajo keltirib qaytsangiz, bizning eng ishongan odamimizga aylanursiz!
Afzalbek yangi podshoning katta ishonchidan ruhlanib, unga yana egilib ta’zim qildi-yu, orqasi bilan yurib chiqib ketdi. Ammo shu yomg‘ir faslida loylarga botib besh kunlik yo‘lni uch kunda bosib o‘tish azobini o‘ylaganda Afzalbekni g‘am bosdi. U ham asli bechora bir kosibning o‘g‘li, saroyga katta martabalar orzusida ishga kirgan, lekin olti yildan beri o‘zi istagan darajadagi nufuzli bek bo‘la olgani yo‘q. Nizom esa bir necha kun ichida oddiy eshkakchidan hukmfarmo shohga aylandi. Afzalbekning mavqeyi yaqindagina yalangoyoq yurgan Nizomnikidan baland edi. U maxsus ishlar mushrifi sifatida podsho kemasida Nizomga ish buyursa, Nizom ta’zim bilan baja­rish­ga majbur edi. Mana endi Nizom osmonda. Af­zalbek hali ham allaqanaqa pasqamlikda yuribdi-yu, Nizom uning tepasiga chiqib olib ish buyuryapti. Turib-turib, Afzalbekka mana shu juda alam qildi. Agar u Nizomning taxtda uzoq o‘ltirishiga ishonsa ehtimol, bu alamlarga qaramay, uning buyrug‘ini bajarardi va katta mukofotlar olish imkonini qo‘ldan boy bermagan bo‘lardi. Lekin saroy va uning atrofida yurgan mish-mish gaplarga qaraganda, Nizomning taxtda o‘ltirishi juda muvaqqat. Uni tezroq yo‘qotish harakatida yurgan zamona zo‘rlari ko‘p. Humo­yunning o‘zi ham taxtini boshqa odam egallaganidan bezovta bo‘lib yuribdi. Afzalbek Alvarga borib kelguncha bu saqqoning kavushini to‘g‘rilab qo‘yishlari hech gap emas.*
Undan ko‘ra Afzalbek ana shu zamona zo‘rlaridan biri bo‘lgan piri a’zam Said Xalilning duosini olgani yaxshi emasmi? Axir u Said Xalilga qo‘l berib murid bo‘lgan, Humoyun saroyida ko‘rgan-bilganlarini unga maxfiy ravishda yetkazib turishga so‘z bergan.
Afzalbek xufton namozidan keyin Said Xalilning shahar chetidagi chorbog‘iga bordi va hazrat Nizomiddindan qanday nozik topshiriq olganini unga bir-bir so‘zlab berdi.
— Borakallo, Afzalbek, borakallo! — deb Said Xalil undan Nizomning Hamida bonuga yozgan maktubini so‘rab oldi, ko‘zoynagini taqib, maktubni chiroq yorug‘iga solib o‘qir ekan: — Ho‘, muhabba­ting boshingni yesin, haromi! — deb Nizomni qarg‘ab qo‘ydi. — Nomahram yigit bilan sohillarda uchrashib yurgan bu qaysi behayo qiz ekan?
— Mirbobo Do‘st deganning qizi.
— E, o‘sha Hindolga dars bergan mahmadona faqih! Vaqti kelsa uning ham adabini bergaymiz. Bu yalangoyoq saqqoning taxtga chiqqani avom xalqni juda qo‘zg‘atib qo‘ydi. Ko‘cha-ko‘yda yuz xil gap. Endi go‘yo kambag‘allar davron suradigan payt kelganmish. Zolim bek-u amirlar hokimiyatdan chetlatilarmish. Saqqoning dahriy otasini zindonga tashlatganim uchun meni ham shayxulislom lavozimidan bo‘shatisharmish. Ammo Nizom degan yalangoyoq endi tumshug‘idan ilinadigan payt kelibdir. Bora­kallo!.. Alvarga necha kunda borib kelurmen, deb so‘z berdingiz?
— Uch kunda.
— Demak, uch kundan so‘ng... bu saqqoni qopqonga qanday ilintirishni o‘ylab olmog‘imiz kerak.

___________


* Holisa — podshoning xos yeri.
* Humoyun Nizom suvchini taxtga chiqargani ko‘pchilik tarixiy manbalarda, jumladan, Abulfazlning «Akbarnoma»sida, Javhariyning «Humoyunnoma»sida, Gulbadan begimning esdaliklarida qayd etilgan. Ammo uning qancha vaqt taxtda o‘ltirgani turli manbalarda har xil ko‘rsatilgan. Gulbadan begim Nizomni ikki kun podsho bo‘lgan desa, ba’zi hind olimlari uni bir yarim oy taxtda o‘ltirgan, deb yozadilar.
* * *

Ertalabdan tuya minib ko‘chalarga chiqqan jarchilar yangi podsho Nizomiddin hazratlarining el-yurtga osh berishi va ochlarga non ulashishi haqidagi xabarni butun shaharga tarqatdilar. Qator aravalar qop-qop unlarni novvoyxonalarga tashib berdilar. Katta doshqozonlarda palov pishguncha xushbo‘y issiq nonlar ham tandirlardan uzildi. Yangi podsho nomidan bu ishga mutasaddi qilib tayinlagan odamlar to‘p-to‘p bo‘lib kelgan minglab kishilarga osh tortdilar, savat-savat issiq nonlarni miskin-u bechoralarga ulashdilar.


Ko‘pchilikning og‘zida to‘satdan taxtga chiqqan hind yigiti Nizomning nomi. Ming-ming odamlar bu hodisaning tafsilotini va Nizomning qanaqaligini bilgisi keladi. Uni umrida bir marta ko‘rgan yoki u bilan biror og‘iz gapirishgan kishi ham darrov odamlarning e’tiborini tortadi. Ayniqsa, hunarmand kosiblar, suvchilar, o‘z mehnati bilan kun ko‘radigan turli kasb egalari Nizomning kechagina oddiy eshkakchi bo‘lganini surishtirib bilganlari sari ko‘ngillari ko‘tariladi. Osh yeb tarqashayotganlarida:
— Ilohim, taxtda ko‘proq o‘ltirsin-u bizga o‘xshagan zahmatkashlarning joniga ora kirsin! — deb astoydil duo qilishadi.
Tush payti Hasht Bihisht bog‘idan otlanib chiqqan hazrat Nizomiddin Mirzo Humoyun va ikki yuz kishilik mavqab-u qo‘riqchilar markaziy xiyobondan o‘tib, qozixona va hibsxona tomon yo‘l oldilar. Odatdagiday, podshodan oldinda qo‘sh naqora chalinib, xos navkarlar yo‘l ochib borar edilar. Odamlar g‘ujg‘on bo‘lib, bir-birini surib, itarib, oq otda o‘tib borayotgan yangi podshoga ko‘z tikdilar. Daryolarda suzib o‘rgangan Nizom otda kam yurgan, shuning uchun egar unga noqulay tuyular, ot kattaroq qadam olganda yelkasi va boshi silkinib qo‘yardi. U hali boshqa chavandozlarga o‘xshab egarga mixlanganday mahkam o‘ltirishga odatlanmagan, buni ko‘rgan ba’zi bek-u navkarlar o‘zaro ko‘z urishtirib, zimdan lab burishardi.
Lekin yo‘l chetlariga tizilib turgan xaloyiq, Nizomga hayrat aralash zavq bilan tikiladi. Navkar­likka odam yollaydigan tavochilar paytdan foydalanib targ‘ibot yurgizadilar. Sharqda Sherxon Agrani bosib olishga tayyorgarlik ko‘rayotganini, yangi podshoga botir himoyachilar kerakligini aytadilar. Ilgari askariy xizmatdan o‘zini chetga oladigan yigitlar ham endi ko‘chadan o‘tib borayotgan Nizom bilan Humo­yunning bir-biriga qilgan yaxshiliklarini eshitganlari sari ularga yaqin bo‘lgilari va Agrani birga himoya qilgilari keladi. Shu sababli tavochilarning navkarlikka odam yollashi avvalgiga nisbatan ancha yengil bo‘lib boradi.
Nizom bilan Humoyunning zindonlar va hibsxo­nalardagi odamlardan xabar olishga borayotganlari adliya amaldorlarini bezovta qiladi. Ammo hazrat Nizomiddin otalari yotgan zindonlarni ko‘rishga xohish bildirgandan keyin hech kim uning so‘zini qaytara olmadi.
Tosh devorli baland qo‘rg‘on hovlisida yomg‘ir ko‘lmaklari sovuq yiltiraydi. Zindonlar hovli o‘rtasidagi tepalikning yonbag‘irlaridan qazilgan. Agar zindonlar tekis yerdan qazilsa devorlariga tosh-u g‘isht qalangani bilan yomg‘ir faslida suvga to‘lib qolar va odam yashashi mumkin bo‘lmas edi. Shuning uchun ularning o‘rasi suv to‘planmaydigan tepalik yonbag‘riga o‘yib ishlangan, mahbuslarga har zamonda non-u suv berib turiladigan temir panjaralar ham tepaga qarab ochiladi. Uning ustidagi shiyponcha tomi yog‘in-sochin tushmaydigan qilib yopib qo‘yiladi. Lekin tepalikning pastida faqat zindonbonlar kiradigan va juda kam ochiladigan mustahkam temir eshik ham bor. Beliga qilichdan tashqari qator kalitlar osib olgan zindonbegi podshoning buyrug‘i bilan ana shu temir eshikni ochdi. Devorlariga g‘isht qalangan nimqorong‘i yo‘lak ko‘rindi. Davtiy deb ataladigan chirog‘bon kiruvchilarning yo‘lini yoritdi.
Nizom, Humoyun, Turdibek va Xo‘ja Husayn ichkariga qadam qo‘ydilar. Podshoning taklifiga binoan mavkab bilan birga kelgan Said Xalil tisarilib hovlida qolmoqchi edi, Nizom unga o‘girilib:
— Taqsir, siz kiring, — dedi. — O‘zingiz zindonga tashlatgan odamlardan bir xabar olaylik.
Rangi qo‘rquvdan oqargan Said Xalil:
— Hazratim, tobim yo‘qroq, — dedi.
— Taqsirni suyab olinglar, — deb hazrat Nizomiddin xos navkarlarga buyurdi.
Barvasta navkarlar Said Xalilni ikki tirsagidan ushlab oldilar. Yana bitta chirog‘bon davtiy paydo bo‘ldi va yo‘lakni yoritib oldinda bordi.
Yo‘lakning bir tomonida zindonlarga kiriladigan eshiklar ko‘rindi. Zindonbegi ularning qulfini ham ochdi. Eshik yo‘lakka qarab ochildi-yu, ichkaridan avval qo‘lansa hid chiqdi, keyin zanjirlarning shaqirlashi va odamlarning g‘ovuri eshitildi. Davtiy chi­roqni eshikka yaqin tutdi. Nizom eshik ichkarisiga o‘rnatilgan baquvvat temir panjarani endi ko‘rdi.
Mahbuslardan uch-to‘rttasi panjara oldiga keldi. Ulardan biri Humoyunni tanib:
— Podsho-ku! — dedi. Qolganlar ham panjara tomonga yopirildi va hamma birdan unga arzini ayta boshladi. Zindonbegi:
— Jim! Tartib bilan so‘zlanglar! — deb shovqinni bosdi.
Nizom otasi bilan zindonda bir yil yotgan va unga qadrdon bo‘lib qolgan uchta odamning nomini yozib kelgan edi. Otasi unga: «Shu odamlar nohaq qamalgan, men bo‘lgan voqeani batafsil eshitganmen, gunohlari yo‘qligiga kafilmen!» — degan edi. Nizom sallasining qatidan o‘sha qog‘ozni oldi-da, unda yozilgan nomlardan birini aytib, hindchalab so‘radi:
— Sekrilik Muni Das bormi?
— Bor! Muni Das men bo‘lamen, sohib!
Oq oralagan o‘siq soqoli og‘zini bekitib turgan zanjirband mahbus temir panjarani changallab, Nizomga tomon intildi:
— Adolat qiling, sohib! Soliqchilar meni nohaq qamatgan. Oltita bolam bor. Olgan hosilimning uchdan birini davlatga berganmen!
Qo‘lida ochiq daftar bilan turgan qozikalon Muni Dasning nomi yozilgan varaqni chiroq yorug‘iga tutib o‘qidi:
— Xiroj bilan juzyani* to‘lamagan! Munsif* bilan urishib, uni haqorat qilgan, shuning uchun qamalgan.
— Munsif mendan juzya solig‘ini ikki qayta olmoq­chi bo‘ldi! Bolalarim och qolmasin deb ikkin­chi martasida to‘lamadim! Munsif meni kaltakladi, achchiq ustida men ham uni «zolimsen!» deganim rost.
— Shiqdor-u munsiflar orasida zolimlar ko‘p, sohib! — deb ichkaridan yana bir mahbus gap qotdi.— Bizdan olgan oliq-solig‘ining yarmini ham davlatga bermagay, ko‘pini o‘zi olib qolgay! Soliqchilar boyib ketgan!
— Sizning ismingiz nedur? — deb so‘radi Nizom bu gaplarni aytgan mahbusdan.
— Ismim Nazir. Ajmirlikmen, sohib! Men ham zolim soliqchilar tuhmati bilan zindonga tushganmen!
Nizom qo‘lidagi qog‘ozdan ajmirlik Nazirning nomini topdi-yu, Humoyunga yuzlandi:
— Amirzodam, bularning begunohligini menga otam aytgan. Qarang, biri hindi, ikkinchisi muslim, ammo zolim munsiflarga ikkovi ham birdek qarshi. Dinu millat ayirish adolatdan emas. Yaratganning oldida barcha bandalari barobardirlar. Shuning uchun biz juzya solig‘ini bekor qilishga haqlimiz. Ortiqcha oliq-soliqlar bilan aholini qiynab boy bo‘layotgan zolim shikdor-u munsiflarning o‘zlari zindonga tashlanmog‘i kerak. Bu borada maxsus taftish o‘tkazgaymiz! Hozir esa Muni Das bilan Nazir zindondan ozod etilsin, ro‘zg‘orlarini o‘nglab olishlari uchun har biriga yuz rupiydan nafaqa berilsin!
Zindonbon hazrat Nizomiddin qarshisida ta’zim qilib:
— Bosh ustiga, hazratim! — dedi-da, buyruqni bajara boshladi.
Muni Das bilan Nazir qo‘l-oyoqlaridagi zanjirlarini shaqirlatishib, bir-birlarini quchoqlab ketdilar. Keyin ko‘zlari quvonchdan yoshlanib, hazrat Ni­zomiddinga minnatdorchilik bildirdilar. Nizom­ning qo‘lidagi qog‘ozchaga nomi yozilgan yana bir kishi — agralik keksa to‘quvchi — ikki kun burun zindonda jon bergan ekan. Nizom buni eshitib:
— Xudo rahmat qilsin,— dedi-yu, narigi zindonga o‘tmoqchi bo‘ldi. Shunda o‘n-o‘n besh mahbus temir panjaraga yopishib, undan shafoat so‘ray boshladilar. Lekin bular o‘g‘irlik va poraxo‘rlik qilgan haqiqiy jinoyatchilar edi. Nizom ularning gapiga quloq solmay narigi eshikka qarab o‘tdi. Zindonbon bu eshikni ochayotganda navkarlarga suyanib turgan Said Xalil negadir qalt-qalt titray boshladi. Bu zindonda mahbus uncha ko‘p emas edi. Davtiylar temir panjaraga chiroq osib, ichkarini yoritganda ichkarida besh-oltita zanjirband odam ko‘rindi. Yarim yalan­g‘och qoramtil-ko‘kish tanalar orasida soqol-mo‘ylovi oltinrang, oq yuzli bir mahbus Humoyunning e’tiborini tortdi.
— Bular — Sherxonga sotilganlar! — deb izoh berdi qozi. Oq tanli mahbus Humoyunni tanib, eshikka tomon talpindi:
Hazrati oliylari, men Sherxonga emas, sizga tarafdor bo‘lganim uchun jazolandim!
Humoyun Moskoviyadan Xo‘ja Husayn bilan birga kelgan mehmonni tanidi, nomini eslolmasa ham, bultur, navro‘zda keltirgan qarchig‘ayini esladi. Xo‘ja Husayn esa uni ovozidan tanib hayajon ichida:
— Matvey! — dedi va temir panjara orqali qo‘l cho‘zdi: — Kalitin! Men sizni yurtingizga qaytib ketgansiz, deb eshitgan edim-ku!
— Ketmoqchi bo‘lib turganimda kechasi bor-budimni musodara qilib, o‘zimni zindonga tashladilar!
— Kim shunday qildi? — so‘radi Humoyun.
— Said Xalil janoblarining muridlari. Men ular­ning Sherxon bilan aloqasi borligini sezib qolgan edim. Kutval Amir Bahlul qatl ettirilganda men uning tuhmatga uchraganini aytgan edim.
— Kimga aytdingiz? — so‘radi qozi.
— Portugaliyalik Alvaro Pakaviraga. U menga o‘zini yaqin olib yurardi, «siz ham yevropaliksiz, biz xristianlar, inoq bo‘lishimiz kerak», deb tilyog‘lamalik qilib yonimdan ketmas edi. Sherxonning xufiyasi masjidi jomening oldidagi do‘konda Said Xalil bilan shivirlashib gaplashganini bir kun mol olishga kirga­nimda tasodifan eshitib qoldim. Ular Sherxonning kutvalga yozgan maktubini bir mulozimning cho‘n­tagiga qanday solib qo‘yish haqida maslahat qilishdi. Men shu gapni soddalik qilib Pakaviraga aytib beribmen. Keyin bilsam, bu farangi ham Said Xalil bilan til biriktirgan ekan. Oxiri sirlari fosh bo‘lishidan qo‘rqib, meni hech kimdan beso‘roq zindonga tashlattirishdi.
Nizom Said Xalilga o‘girilib qaradi. Said Xalil titrog‘ini bosishga tirishib, xirillab gapirdi:
— Bu kofirni men emas, Hindol mirzo zindonga tashlattirgan!
Turdibek Humoyunga izoh berdi:
— Bu mehmon zindonda yotganidan biz mutlaqo bexabarmiz. Kalitin degan nom qamalganlar ro‘yxatida yo‘q.
— Buni Said Xalilning odamlari ataylab sir tutgan, — dedi Humoyun.
Hazrat Nizomiddin zindonbonga buyurdi:
— Begunoh mehmonni darhol zindondan bo‘shating. Janob Turdibek, mehmonning musodara qilingan narsalarini shu bugunoq topdirib bering. Topilmaganlarining tovonini Said Xalilning mol-u mulki hisobidan to‘lattiring!
— Mendan emas, kuchingiz yetsa Hindol mirzodan undiring! — deb e’tiroz qildi Said Xalil.
Humoyun unga g‘azab bilan tikildi:
— Siz Hindolni razillarcha adashtirgansiz! Sizning Sherxonga sotilgan ikkita muridingiz hozir saroydagi hibsxonada so‘roq qilinmoqda. Ular iskanjaga olingandan keyin sizning barcha ablahona ishlaringizni bir-bir aytib berdi. Bu begunoh mehmonning zindonda yotganini ham biz o‘sha muridlaringizdan bildik. Sherxonning qalbaki xati bilan Hindolni aldab Amir Bahlulni o‘ldirtirgan qotil ham siz ekansiz!
Yo‘lakda turgan odamlar orasida hayrat va g‘azab tovushlari eshitildi. Said Xalil tirsagidan tutgan navkarlar qo‘lidan bo‘shashga intildi.
— Bu bo‘hton... meni... meni o‘shalar bilan yuzlashtirsinlar...
Hazrat Nizomiddin unga zindonda turgan Matveyni ko‘rsatdi.
— Mana, siz nohaq zindonga tashlatgan begunoh odamlardan biri yuzma-yuz turibdir. Ilkingizdagi marvarid tasbehni farangistonlik xufiya poraga berganini hibsxonadagi muridlaringiz bizga aytdi. Qani sizda imon? Qani Allohga e’tiqod? Din-u imonni oltinga sotib yeydigan sizdek ochko‘z odam qanday qilib shayxulislom bo‘la olgay? Amir Bahlulning qoni tutsin sizni! Zindonga tashlang buni!
— Haqqingiz yo‘q! — deb qichqirdi Said Xalil. — Diniy lavozimdagi shayxulislomni podsholar ham hibs etolmagay!
— Siz ulamolar majlisining fatvosi bilan diniy lavozimdan bo‘shatilgansiz, — dedi hazrat Nizo­middin. — Bugundan boshlab shayxulislomlik vazifasini Xo‘ja Husayn janoblari ado eturlar. Taqsir, fatvoni ko‘rsating!
Xo‘ja Husayn qo‘ynidan ulamolar majlisining fatvosini olib o‘qib berdi. Qur’on suralari bilan boshlanadigan fatvoda Said Xalilning nafsga berilganligi, oltin-u javohirot ketidan quvib, din-u imonga qarshi jinoyatlar qilganligi, shu sababli o‘z vazifasidan ozod etilganligi, endi unga boshqa gunohkor bandalar qatori jazo berish podsho hazratlarining ixtiyorida ekanligi aytilgan edi.
— Nechun bu fatvo menga oldin ma’lum qilinmadi? — deb shovqin soldi Said Xalil. — Agar mendan gunoh o‘tgan bo‘lsa, imonimni poklash uchun hajga borurmen! Qo‘yvoring meni!
U navkarlar qo‘lidan chiqib ketmoqchi bo‘lib yulqina boshladi. Hazrat Nizomiddin navkarlarga buyurdi:
— Bu odamni mahkam tuting. Haj bahonasi bilan Sherxon huzuriga qochib ketmasin. Qancha begunoh odamlarni zanjirband etgan Said Xalil endi o‘zi ham zindon zanjirining qandoq bo‘lishini bilsin. Oling, poyiga zanjir uring!
Zindonbon temir panjarani ochib ichkariga kirdida, Matvey Kalitinning qo‘l-oyog‘idagi zanjirning qulfiga kalit soldi. Undan yechib olingan zanjir Said Xalilning oyoq-qo‘liga kiydirilayotganda hazrat Nizomiddin bilan mirzo Humoyun zindon yo‘lagidan hovliga qaytib chiqdilar.
Ular bu ishni oldindan maslahatlashib qilishgan, Nizom otasining qasdi uchun ham bu noinsof jino­yatchini jazolashga jazm qilgan edi. Bugun ikkovi hamjihat va yakdil ish qilganlaridan Humoyun mamnun. Ammo zindonning dahshatli manzaralaridan Nizomning dilida qolgan og‘ir asorat kechgacha ko‘nglini xira qilib yurdi. Oqshomgi taom paytida Humoyun undagi o‘zgarishni sezib:
— Nechun xomush ko‘rinursiz? — dedi.
— Amirzodam, men hali kimlarnidir o‘lim jazosiga ham buyurmog‘im kerakdir? Ko‘nglim bo‘shroq ekan... Bugungi zindonlar azobi... ig‘volar... tuhmatlar... odam o‘ldirishlar... Loyqa bir sel meni o‘z holimga qo‘ymay oqizib ketgandek... Hayronmen... Besabab xavotirga tushmoqdamen.
Humoyun og‘ir tin olib:
— Bu og‘ir xavotirliklar menga ko‘pdan tanish, — dedi. — Hokimiyatni boshqarish — xatarli sellar orasida suzishdek mushkul. Lekin bunga ham odatlanmoq mumkin... Ertaga siz devoni xosda hunarpeshalarni qabul qilmog‘ingiz kerak. Dehlida biz boshlagan qasrlar qurilishi to‘xtab qoldi. Ularni davom ettirishga imkon yo‘q. Me’mor-u muhandislar ishsiz qolmishlar. Ularga Agrada biron ish topib bermog‘imiz kerak...
— Jamna ustiga yangi ko‘prik qurdirsak-chi? Eski ko‘prik juda tor, bozor kunlari piyodalar, ot-aravalar sig‘ishmay, ba’zilari daryoga ag‘anab ketadilar.
— Siz hukmfarmosiz, hazratim, — dedi Humoyun. — Xazina o‘z ixtiyoringizda. Lozim topsangiz, ertaga hunarpeshalarga ko‘prik qurishni buyuring.
Podsholik hazrat Nizomiddinga yana eng yoqimli tomonini ko‘rsatganday bo‘ldi-yu, uning ko‘nglidagi xiralik tarqab ketdi. Ruhini yana bir oz ko‘tarish uchun, «yangi kemalar ham qurdirgaymen», dedi ichida. Jamnada suzadigan bu kemalarga Nizomning o‘zi bosh jolabon* bo‘ladi. Ungacha ko‘prik ham bitsa, mushkullari oson bo‘lgan odamlar, «buni Nizom hazratlari qurdirgan, otasiga rahmat» deyishlari turgan gap...

_____________


* Xiroj bilan juzya — g‘ayridinlardan olinadigan qo‘shimcha soliqlar.
* Munsif — soliq yozadigan amaldor.
* Jolabon — daryo kemalarining sardori.
* * *

Nizomning bu shirin xayollarini xonayi xosga sekin kirib kelgan Afzalbek buzdi. Hazrat Nizo­middin podsholik tashvishlariga berilib Hamida bonuni xayolidan uzoqlashtirgan bo‘lsa ham, lekin Nizom Afzalbekning qachon qaytishini sabrsizlik bilan kutmoqda edi. Shuning uchun Afzalbek ko‘ringan zahoti u sakrab o‘rnidan turdi.


Mushrifning ko‘rinishi horg‘in, etigining qo‘njlariga loy sachragan, otini ayamay haydagani bilinib turibdi. Ammo yuzida mamnun bir jilmayish bor.
— Hazratim! — deb Nizom qarshisida tiz cho‘kkan mushrif qo‘yniga qo‘l soldi.
— O‘zini ko‘rdingizmi? — sabrsizlanib so‘radi Nizom.
— Ha, keldilar!
— Hamida-ya? Qayerga tushdi?
— Zarafshon bog‘iga. Mana maktublari.
Nizom o‘ram qilingan va so‘rg‘ichlangan zarhal qog‘ozni ochayotganda dimog‘iga xushbo‘y gul atri urildi. Bu unga Hamida bonuning hididek tuyuldi-yu, vujudini zavq va shodlikka to‘ldirdi. Qisqagina maktubga nazar tashlar ekan, Hamida bonuning chiroyli dastxati borligini endi ko‘rdi.
«Ikki olamda men uchun yagona bo‘lgan qalbim hukmdori podshoh Nizomiddin hazratlariga!» — deb boshlangan edi maktub. Nizom ichida «hazrat demasa ham bo‘lar edi-ku», deb qo‘ydi. «Qalbim hukmdori» degani o‘zi yetarli. Lekin eng muhimi, Hamida bonu Zarafshon bog‘iga kelib tushgan, bugun oqshom uni bog‘ chetidagi o‘sha sohilda, Nizomlarning eski uylari oldida sabrsizlik bilan kutajagini aytgan edi. Xat oxirida yana: «Sizga u dunyo-yu bu dunyo sadoqatli yor bo‘lish orzusidagi Hamida bonu», deb imzo qo‘yilgan edi.
So‘nggi so‘zlar Nizomning quvonchini alangalantirib yubordi. U horg‘in jilmayib qo‘l qovushtirib turgan Afzalbekka bir hamyon oltin berdi:
— Bu hali xamir uchidan patir, — dedi. — Sizga katta inoyatlar keyin bo‘lg‘usidir... Oqshom tush­dimi?
— Hazratim... daryo bo‘yida sizga maxsus qayiq muntazir.
— Kimning qayig‘i?
— O‘zimniki... Mendan boshqa hech kim bilmagay...
— ma’qul, siz oldinroq ketavering.
Ular qirg‘oqning qaysi joyida uchrashishga ke­lishib oldilar. Nizom yengil parchadan tikilgan qabosini kiyib boqqa chiqqanda ketidan ikkita qo‘rchi sekin ergashib bora boshladi. Nizom hozir sevgilisi bilan qanday uchrashishini ko‘z oldiga keltirar ekan, qizning xatidagi «Qalbim hukmdori», «sizga sadoqatli yor bo‘lish orzusidagi Hamida bonu» degan jumlalar uni entiktirar edi. Bu so‘zlari uchun Nizom Hamida bonuni ehtiros bilan quchib o‘pishga tayyor edi... Visol paytida ular ikkovlari yolg‘iz qolishlari kerak. Qo‘rchilar xalaqit beradi. Nizom orqaga keskin o‘gi­rildi-yu, qo‘rchilarning qarshisidan chiqdi:
— Bilamen, sizlar meni qo‘riqlab yuribsiz. Ammo bu oqshom yolg‘iz yurishni ixtiyor qildim. Sizlarga javob! Meni qasr eshigi oldida kutinglar.
— Ma’zur tuting, hazratim. Qo‘rchibegi bizga buyurgan!.. Yolg‘iz qo‘ymasligimiz kerak.
— Agar mening farmonimni bajarmasalaring, qo‘rchibegini ham, sizlarni ham shu bugunoq ishdan bo‘shatgaymen!
Qo‘rchilar orqasiga tisarildilar:
— Farmoningiz bosh ustiga, hazratim!
— Aytganimni qilsalaring ming rupiy mukofot bergayman!
— Bajonidil qasr oldida sizni kutgaymiz, — deb qo‘riqchilar qaytib ketishdi.
Nizom oqshom g‘ira-shirasida Jamnaning qirg‘o­g‘iga borib Afzalbekni topdi. Qayiq kattagina, eshkagi to‘rtta edi. Anchadan beri o‘z kasbini sog‘inib yurgan Nizom daryoning narigi qirg‘og‘iga suzib o‘tguncha o‘zi ham eshkak eshdi. Afzalbek qayiq bilan birga Zarafshon bog‘idan ellik qadamcha berida qoldi, Nizom Hamida bonu bilan ko‘rishib qaytguncha shu yerda kutadigan bo‘ldi.
Nizomlarning Zarafshon bog‘i yonidagi kulbalari kimsasiz, huvillab yotibdi. Nizom allaqachon ota-onasini bu yerdan ko‘chirib ketgan va saroyga yaqin joydan shinam uy-joy olib bergan.
Zarafshon bog‘i chetida Nizom Hamida bonu bilan ilgari uchrashib yurgan joyda hozir hech kim yo‘q. Lekin undan beridagi chirog‘siz uy ayvonida qandaydir sharpa sezildi. Hamida bonu chet ko‘zlardan panalab tashlandiq uy ayvoniga kirganmi? Nizom hayajondan entikib bolalikdan tanish bo‘lgan, faqat hozir huvillab qolgan ayvonga chiqdi. Shu payt ikki tomondan ikkita bahaybat odam uning ustiga tashlandi. Ulardan biri darhol Nizomning og‘zini qo‘li bilan bekitdi. Ikkinchisi uning qo‘llarini orqaga qayirib, allakimga:
— Tezroq bog‘la! — deb shipshidi. Bir lahzada uchinchi, to‘rtinchi odam paydo bo‘ldi. Nizom jonholatda yulqinib, o‘zini u yoq-bu yoqqa tashlab ko‘rdi, ammo biqiniga tushgan mushtlardan ko‘zi tinib, tanasi bo‘shashdi. Uy ortida usti bekik soyabon arava turgan edi. Nizomning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, og‘ziga latta tiqib, shu aravaga soldilar. Agradan janubga — Sekri tomonlarga olib ketdilar. Allaqancha vaqt o‘tgach, yo‘ldan chetga burilib, o‘siq butalar orasidagi ovloq bir joyda to‘xtadilar-da, Nizomni aravadan tushirdilar. Kundaday yo‘g‘on o‘rta yashar bir odam:
— Joningdan umiding bo‘lsa, hozir farmon yozursen! — dedi. — Said Xalil janoblarini darhol zindondan bo‘shattirgaysen!
Nizom gap nimadaligini endi fahmlay boshladi. Boshini «xo‘p!» deganday irg‘adi, og‘zi bekik bo‘lgani uchun so‘zlay olmadi. Uning og‘zini yechdilar. U o‘qchib yo‘taldi, ko‘zlari yoshlanib, yerga tupurdi.
— Men... farmon yozishim uchun... qog‘oz-qalam kerak... chiroq...
Soyabon aravadan qorachiroq olib tushib yoqdilar. Uning yorug‘i avval ho‘kiztaxlit odamning sersoqol yuzini yoritdi. Keyin silliq kiyingan, mo‘ylovi tarashlangan oq sallali mullanamo yigit Nizomga ro‘para bo‘ldi:
— Ob-bo yalangoyoq saqqo-ey! — dedi bu yigit labini nafrat bilan burib. — Shundoq buyuk pir sassiq zindonda yotganda, sen jononlar bilan uchrashib aysh-u ishrat qilmoqchi bo‘ldingmi, a?
Demak, bular Nizomning Hamida bonuga yozgan xatini qo‘lga tushirishgan. Nahotki Afzalbek uni aldab, bularning tuzog‘iga ilintirib bergan bo‘lsa?
— To‘y tayyorligini ko‘rarmish-a! Mana senga to‘y!..
Oq sallali yigit Nizomning yuziga bir tarsaki urdi. Qo‘li yumshoq, og‘rig‘i uncha bilinmadi. Ammo Afzalbekka ishonib qanchalik aldanganini, yozgan maktubi Hamida bonuga yetib bormaganini, boyagi javob xatni qizning nomidan mana shu mullanamo yigit yozganini birvarakay fahmlagan Nizom tarsakidan ham ko‘ra qilgan xatosidan vujudi qaqshab o‘kirib yubordi.
Uni tepib, itarib yerga cho‘kkalatdilar, qo‘lini yechib, Said Xalilni zindondan ozod qilish haqida farmon yozishni buyurdilar. Qattiq bog‘langanidan uvishib, qotib qolgan qo‘llar anchagacha qalamni tutolmadi.
Sersoqol yo‘g‘on odam mullanamo yigitga qarab:
— Taqsir, o‘zingizning xatingiz yaxshi, — dedi. — Farmonni siz yozing. Shu saqqo imzo chekib muhrini bossa bo‘ldi.
Mullanamo yigit oq qog‘ozi bor juzdonni tizzasiga qo‘yib, qalamni qo‘liga oldi. Aravani haydab kelgan ikkinchi yigit unga chiroq tutdi. Ho‘kiztaxlit yo‘g‘on odam esa cho‘kka tushgan Nizomning ko‘kraklarini paypaslab:
— Muhr bormi? — dedi. — Ha, qo‘ynida nimadir borga o‘xshaydir. Chiqar muhringni! Endi uni faqat biz istagan farmonga bosursen! Agar aytganimizni qilmasang, o‘liging mana shu butazorda qolgay! To‘y sen uchun emas, go‘shtingni yeydigan darrandalar uchun bo‘lgay!
Nizom qo‘ynidagi muhrga xuddi bir chayonni ushlayotganday qo‘rqa-pisa qo‘l urdi. Oltin qutichadagi podsholik muhri g‘alamislar qo‘lida qancha dahshat-u falokatlarga yo‘l ochib berishi mumkin! Shu muhr bosilgan qog‘oz bilan bular xazinaga ham tushishadi. Mirzo Humoyunni qatl etish haqidagi farmonga shu muhrni bosib, hazrat Nizomiddinning imzosi bilan uni o‘ldirishlari mumkin emasmi? Qancha yaxshiliklar qilgan odam­ning qotiliga aylanish ehtimoli Nizomni shunchalik dahshatga keltirdiki, o‘zining joni xavf ostida ekanini ham unutdi. Chora izlab atrofga ko‘z qirini tashlaganda chiroq shu’lasi o‘ng qadamcha naridan boshlanadigan balchiq aralash katta bir ko‘lmakka tushdi.
Mulla yigit farmonni yozib tugatganda Nizom unga muhr bosmoqchi bo‘lib qaddini tikladi. Muhrni oltin qutichadan oldi-yu, qulochkashlab o‘sha ko‘l­mak tomonga otdi. Ho‘kiztaxlit odam:
— Hey, ablah, to‘xta! — deganicha Nizomga tashlandi, Nizom undan qochib, o‘zini chiroq tutib turgan aravakashga urdi. Chiroq yerga to‘nkarilib tushdi-yu, darhol o‘chdi. Yoruqqa o‘rgangan ko‘zlar qorong‘ilikda odamni odamdan ajratolmay qoldi. Shundan foydalangan Nizom o‘ng qadamcha nariga qochib bordi. Ammo orqasidan uchovlashib yetib olishdi, Nizomni oyog‘idan chalib yiqitishdi-yu, tepkilay boshlashdi.
Nizom hushidan ketayotib uzoqdan itlarning akillaganini eshitganday bo‘ldi. Bu unga najot tovushiday eshitildi.
— Muhrni ataylab yo‘q qildi-ya, ablah! — dedi yo‘g‘on odam Nizomning boshiga tepib.
— Izlab topaylik, — dedi mulla yigit, — bo‘lmasa farmon ish bermagay.
— Qanday topursiz? Hammayoq qorong‘i, butazor, balchiq...
— Itlar huryapti, — dedi aravakash. — Allakimlar kelayotganga o‘xshaydir...
Kelayotganlar — shu atrofning dehqonlari, yo‘qolgan mollarini qidirib, itlarini ergashtirib chi­qishgan edi. Butazorlar orasida favqulodda hodisa bo‘layotganini sezgan itlar qattiq hurib tobora yaqinlashib kelmoqda edi.
Nizom xiyol hushiga kelib yotgan joyida bir talpindi.
— Bu ablahning endi bizga keragi yo‘q. Buni o‘ldiring!
— Tezroq bo‘ling! Itlar yaqin kelib qoldi.
Ho‘kiztaxlit odam pichog‘ini sug‘urdi-yu, shosha-pisha uni Nizomning badaniga bir necha marta sanchib oldi...
— O‘ldi! Yuringlar!...
Ular aravaga minib qochishdi.


Download 1,25 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   36




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish