43. Kirish kengaytiruvchilarining gapdagi ma’nolari. Кirish kengaytiruvchi gapda quyidagi ma’nolarni ifodalaydi:
1) ta’kidlash, tinglovchining diqqatini bayon qilinayotgan fikrga tortish: takrorlayman, muhimi, ishonsangiz, masalan, misol uchun, ta’kidlayman, aytish kerakki;
2) subyektiv munosabat, his-tuyg‘ularni ifodalash: baxtimizga, baxtga qarshi, o‘ylayman, umid qilaman, o‘ylaymanki, shubhasiz, ehtimol, shu ma’noda, qaysidir ma’noda, afsuski, attang, essiz;
3) fikrni bayon qilish usuliga munosabat: to‘g‘risini aytganda, bir so‘z bilan aytganda, sodda qilib aytganda, aniqrog‘i, qisqasi, gapning indallosi;
4) fikrning bog‘lanishini, matn tarkibiy qismlari orasida munosabat, ichki aloqa kabilarga so‘zlovchining qanday qarashini ifodalash: demak, xulosa, sababi, shunday qilib, ko‘rinadiki, ma’lum bo‘ladiki, buning ustiga, odatda;
5) aytilayotgan fikrning kimga tegishli ekanligini bildiruvchi so‘z: menimcha, fikrimcha, uning so‘ziga qaraganda, aytishlaricha, xabar berishiga qaraganda;
6) fikrning tartibini, izchilligini bildiradigan so‘zlar: birinchidan, avvalo, ikkinchidan
44. Kiritma qurilmaning mohiyati. Кiritma qurilma gap holatida bo‘lib, nutqda gapdan anglashilayotgan fikrga qo‘shimcha tariqasidagi yangi fikrni bayon etish vositasi. Кiritma kirish gapdan o‘zining gaplik mohiyatiga to‘la egaligi (kirish gap garchi shaklan gap tarzida bo‘lsa-da, ko‘proq kirish so‘z tabiatiga ega bo‘ladi), asosiy gap bilan mazmuniy bog‘liqlikning o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi: Buvamga (hamma band bo‘lganligi uchun) men qarashib turadigan bo‘ldim. Bu gapdagi hamma band bo‘lganligi uchun qurilmasi kiritma gap bo‘lib, u asosiy gap bilan grammatik jihatdan bog‘lanmasa-da, mazmunan undan anglashilgan voqea/hodisaning sababini bildirib, mazmunan qo‘shma gapda bo‘lgani kabi izohlash vazifasini o‘tamoqda. Кiritma gapning nisbiy mustaqilligi gap ohangidan ham anglashilib turadi.
Кiritma qurilmaning o‘rni ham gap tarkibida qat’iy. U asosiy fikrga qo‘shimcha, ilova fikrni ifodalaganligi bois gap avvalida kela olmaydi. Chunki asosiy fikr boshlanmasdan ilova fikrni berish noo‘rin. Shuningdek, kiritma, odatda, gap oxirida ham bo‘lmaydi.
Кiritma gapning yana bir xususiyati uning yig‘iq (kesimdangina iborat) bo‘lmasligi: 1. Yalpiz (cho‘l yalpizini aytganim yo‘q) oshga solinadi. 2.O‘sha yosh bolani (u ota-onasiz qolgan edi) boyga qarol qilib berishdi. Chunki, birinchidan, fikr qo‘shimcha bo‘lsa-da, u muhim, shu boisdan, odatda, uni faqat kesim bilan berishning imkoni yo‘q. Ikkinchidan, kiritma bir so‘z bilan berilsa, u ajratilgan bo‘lakka aylanib qoladi: Onam (o‘gay) meni ko‘p urishardi. Bunday ko‘rinishdagi ajratilgan bo‘lak ba’zi darslik va qo‘llanmada kiritma gap sifatida talqin qilinadi. Aslida Otam (o‘gay) qazo qildi gapida o‘gay birligi ajratilgan aniqlovchi (Bayroq, havo rang, hilpiramoqda gapidagi kabi).
Demak, kiritma qurilmali gap mohiyatan qo‘shma gapga o‘xshaydi. Biroq grammatik aloqa va intonatsion o‘ziga xoslik ularni farqlovchi belgi. Misol sifatidaO‘rmondan (u yerda yirtqich hayvonlar bor edi) bo‘kirgan ovozlar eshitilardi gapini olaylik. Gap mazmunini O‘rmonda yirtqich hayvonlar bor, shuning uchun u yerda bo‘kirgan ovozlar eshitilardi deya tushunish mumkin. Biroq uni O‘rmonda bo‘kirgan ovozlar eshitilardi, u yerda yirtqich hayvonlar bor edi tarzida o‘zgartirilsa, gaplardagi grammatik mustaqillik kuchayib, qo‘shma gaplik xususiyati susayadi, alohida sodda gaplarga intilish o‘sadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |