4-fasl. X-X1 asrlar islom mintaqasida ilm va madaniyat rivojining yuksak bosqichga ko’tarilishi va bunda turkiy xalq vakillarining hissasi
IX asrdayoq mintaqa bo’yicha shuhrat taratgan qator yurtdoshlarimiz - olimlar va davlat arboblari - Ahmad ibn Tulun (835-883), Muhammad ibn Muso Xorazmiy (780-850), Ahmad Farg’oniy (vafoti 861 yil), Amayuriy Farg’oniy, Abu Hafs Sug’diy (vafoti 832 y.) kabi ulug’ shaxslar etishib chiqdi. Ular singari o’nlab ulug’ siymolar mintaqa miqyosidagina emas, balki jahon miqyosida ham nom qozondilar va hanuz ahli basharga qilgan xizmatlari unutilgan emas.
Milodiy X- XI asrlarga o’tgach, endi mintaqa miqyosida mashhur shaxslarning hisobiga etib bo’lmay qoldi, bu davrning turli qomuslar va farhanglarda nomi tilga olingan atoqli namoyandalar ro’yxati har bir asr uchun 150-200 ismdan kam emasdir. Bularning ko’pchiligi Xuroson va Movarounnahrdan etishib chiqqan siymolar bo’lib, Balxiy, Samarqandiy, Marvaziy, Buxoriy, Farg’oniy, Xorazmiy nisbali allomalar safiga endi Shoshiy, Forobiy, O’zgandiy, Jurjoniy, Tirmiziy, Tusiy kabi boshqa shaharlarning vakillari
75
ham qo’shila borganining guvohi bo’lamiz. Bu davrda yurtdoshlarimiz ilmning deyarli barcha sohalariga faol hissa qo’shib bordilar. She’riyat va unga oid ilmlar, ilmi adab va axloqshunoslik, fiqh, Kalom, tibbiyot, riyoziyot, handasa, sarfu nahv(grammatika), ilmi nujum, tarix va jug’rofiya, tasavvuf irfoni, falsafa, qiyosiy tilshunoslik va og’zaki ijodni o’rganish, musiqa ilmi, kitobat ilmi va hokazo ilmlarning juda keng doirasi qamrab olindi, xattotlik, me’morlik, naqqoshlik kabi turli amaliy san’atlar urf bo’ldi.
Bu davrda adabiyot asosan saroy adabiyoti sifatida gullab yashnadi. Har bir hukmdor qoshida mustaqil adabiy maktablar tashkil topdi. She’riyat uch tilda - arab, fors va turkiy adabiy tilda yaratildi. Bag’dodda turkiy til bilimdonlari ijod etgan bo’lsa, Buxoro va Samarqand, Xorazm va Toshkentda arab tilida ijod etuvchi adib va shoirlar etishib chiqdi. Firdavsiy «Shohnoma»si, Mahmud Koshg’ariyning
«Devonu lug’otit-turk» asari, Yusuf Xos Hojibning «Qutadg’u bilig» dostoni kabi o’nlab buyuk adabiy obidalar shu davr mevalaridir. Bu davr saroy adabiyotida ishqiy g’azallar, may va musiqa tarannumi, madhiya-qasidalar va hijo, ya’ni alohida shaxslarni hajv etish keng rivoj olgan edi. Nasriy asarlar risola tusida bo’lib, ko’proq pand-nasihat, dunyoning o’zgaruvchanligi haqida mulohazalardan iborat bo’lardi.
Ahli basharning islomgacha yaratgan yozma va og’zaki merosini jiddiy tadqiq etish natijasida ikki muhim yo’nalish vujudga keldi. Birinchisi, qadim Yunon falsafasi ta’sirida shakllangan mustaqil islom falsafasi bo’lsa, ikkinchisi, Sosoniylar davrida yaratilgan tarixiy yilnomalar -»Xudoynamak»lar (Hukmdorlar tarixi)ni jiddiy o’rganish va arab tiliga tarjima qilish natijasida islom mintaqasida avval arab, so’ng fors tilida mustaqil fan sifatida shakllanib, keng urf bo’lgan tarixshunoslik, ya’ni dunyo tarixiga oid ko’p jildlik asarlar yozish an’anasi edi.
Bu davrga kelib butun mintaqa bo’ylab turkiy qavmlardan ulug’ lashkarboshilar va hukmdorlar etishib chiqa boshladi. Ulug’ turkiy sulolalar - Qoraxoniylar, G’aznaviylar, Saljuqiylar dunyo siyosatini shakllantirishda faol ishtirok eta boshladilar. Volgabo’yi bulg’or (turkiy) hukmdorlari rasman islomni qabul qildi. Misrda IX asrda hokimiyatga kelgan turk voliylari bu o’lka hayotiga sezilarli ta’sir ko’rsatdilar. XI asr (hijriy V asr) turkiy hukmdorlarning mintaqa bo’ylab to’liq davlat boshqaruviga o’tgan davri, deyish mumkin. Qoraxoniylar va G’aznaviylar butun Xuroson va Markaziy Osiyoni egallagan bo’lsalar, 1058 yilda Saljuqiylar hukmdori Muhammad Tug’rulbey (1040-1063) Bag’dodga kirib keldi. Shu yillardan Abbosiy xalifalarning dunyoviy hukmdorlik faoliyatiga rasman chek qo’yildi. Ammo ularning ruhoniy etakchi sifatidagi obro’lariga tajovuz qilinmadi. Bu davrda turkiy sulolalar ta’siri Volgabo’yi, G’arbiy Sibir va Sharqiy Turkiston hududlaridan to Shimoliy Hindiston erlarigacha taraldi. Qafqozorti, Eron, Shom va Iroq turkiy islom sulolalari qo’liga o’tdi. Ularning hukmdorligi asta-sekin Misr va Kichik Osiyogacha yoyilib bordi.
X-XI asrlar butun Islom mintaqasida ilm va madaniyatning eng gullab- yashnagan davri, ayniqsa, XI asr uning avj nuqtasiga ko’tarilgan pallasi bo’ldi, deyish mumkin. Bu davrda ilm markazlari, adabiy maktablar endi bir-ikki joyda emas, balki butun mintaqa bo’ylab yoyilib ketdi. Bag’dod, Xorazm, Farg’ona, Toshkent, Termiz, Nasaf, Marv, Qoshg’ar, Balasog’un, Talas, Volgabo’yi
76
shaharlari, Nishopur, Isfahon, Hirot, Jurjon, Tus, Rey, G’azna, G’arbda Ispaniya va Shimoliy Afrikaning turli shaharlari ilm-ma’rifat o’choqlariga aylandi.
Milliy ma’naviyatimiz rivojida mazkur bosqichni - Islom ma’rifatchiligi deb nomlash maqbul ko’rindi. Abu Nasr Forobiy (873-950), Abu Mansur Muhammad al-Moturidiy (870-944), Abu Abdulloh Xorazmiy (vafoti 997 yil), Abu Ali ibn Sino (980-1037), Abu Rayhon Beruniy (973-1048), Yusuf Xos Hojib (1019 yilda tug’ilgan) kabi ajdodlarimiz ijodi ushbu bosqichga to’g’ri keladi. Bu bosqichning asosiy xislati aqlga, mantiqiy tafakkurga tayanish, o’tmish (islomgacha) insoniyat yaratgan ma’naviy boylikni o’zlashtirib, yangicha talqin qilish, aniq va tabiatga oid fanlarga qiziqishning behad kuchayishi edi. Bu bosqich an’analari keyin ham davom etdi. Bu bosqichda «Haqiqat izlovchilar» ning turli yo’nalishlari: Kalom, falsafa, botiniya va tasavvuf mukammal shakllandi. Bu yo’nalishlar keyingi asrlarda ham rivojlanishda davom etdi (masalan, yurtdoshimiz ulug’ tilshunos va mufassir Mahmud az-Zamahshariy (1075-1144) XII asrda adab ilmi va mo’’tazila oqimining buyuk namoyandasi bo’lib maydonga chiqdi). Shu jihatdan Islom mintaqasida ilm-fan rivojini faqat X-XI asrlar bilan cheklash, albatta, mumkin emas, ammo biz har bosqichning chegaralarini belgilashda muayyan shartlilikka yo’l qo’yib, millat ma’naviy kamolotining etakchi tamoyillarini va ichki mantiqiy rivojini nazarda tutdi
Do'stlaringiz bilan baham: |