www.ziyouz.com
kutubxonasi
87
cho‘ntagiga qovurma chuchvara solib qo‘yadi, goh popukqand beradi.
To‘ydan keyin Xo‘ja avvalgidan ham ma’yus, indamas bo‘lib qoldi. Oyim mehribonchilik
qilgan sayin o‘zini olib qochadi. O‘shanda bir narsani bilmagan ekanman, keyin
tushundim. Odam o‘zining nochorligini qanchalik chuqur his qilsa, shuncha mag‘rur
bo‘larkan.
Bir kuni ertalab, odatdagidek jildini osgancha, Xo‘ja eshikdan kirib keldi. Oyim unga ko‘zi
tushishi bilan chumchuqdek chirqillab qoldi.
— Kim urdi seni?! Qaysi qo‘ling singur urdi?
Qarasam, Xo‘janing yuzi momataloq bo‘lib ko‘karib ketibdi.
— Nimaga uradi?! — dedi oyim ovozi qaltirab. — Shuncha ko‘rgiliging yetmaydimi o‘zi,
Xudo urgurlar!
— Urgani yo‘q, — dedi Xo‘ja yerga qarab. — Narvondan yiqilib tushdim.
Maktabga ketayotganimizda sekin so‘radim.
— Dadang urdimi?
Xo‘ja bir zum javdirab qarab turdi-da, bosh irg‘adi.
— Opam kir yuvgan edi, — dedi shivirlab (u o‘gay onasini opa derdi), — yoyib qo‘ygan
ko‘ylagini buzoq yamlabdi.
— Dadang yomon-a?
— Yo‘q, — Xo‘ja keskin bosh chayqadi. — Dadam opamni yomon ko‘radi. Shunga
achchiq qilib urdi. — U hech kimga aytmasligi kerak bo‘lgan sirni ochayotgandek, atrofga
javdirab qarab oldi-da, qo‘shib qo‘ydi.— Dadam oyimni yaxshi ko‘radi...
O‘sha bizning oxirgi suhbatimiz bo‘ldi. Xo‘ja negadir ikki dars o‘qib ketib qoldi. Darsdan
qaytib kelsam, oyim yo‘q. Kechqurun allaqayoqdan horib-charchab qaytdi.
Ertasiga ertalab Xo‘jani kutib o‘tirgan edim, oyim negadir jerkib berdi.
— Xo‘ja bilan kindiging bittami! Boraver maktabingga.
Indamadim. O‘sha kuni Risolat opa ham Xo‘jani yo‘qlama qilmadi.
Qaytib kelsam, oyim haliyam jahlidan tushmabdi. Xo‘janing buzog‘ini hovlidagi bodomga
arqonlab, hadeb kimnidir qarg‘ayapti.
— Uyiga oborib ber, manavi harom o‘lgurni! — dedi arqonning uchini uzatib.
Yomon bir narsani his qilib, bo‘shashib ketdim:
— O‘zi-chi? O‘zi qani?
— Xo‘ja ketdi, bildingmi! — Oyim yana jerkib berdi. — Oyisi bilan ketdi.
Talmovsirab qoldim. Xo‘janing buzog‘ini yetaklab borarkanman, uni judayam yaxshi
ko‘rishimni ilk bor anglab yetdim. Ularning darvozasiga yaqin kelishim bilan yuragimni
qo‘rquv bosdi. Darvoza oldida Egamberdi aka o‘tin yorar edi. O‘rik shoxini bir uchidan
ushlab, to‘nka ustiga surib qo‘yadi-da, yerda yotgan boltani olib, cho‘nqaygancha zarb
bilan uradi, shunda chap qo‘li tayoqdek osilib, yerga tegib ketadi. Keyin boltani yerga
tashlab, sog‘ qo‘li bilan shoxni yana to‘nka ustiga suradiyu qaytadan boltani olib, tag‘in
chopadi... Qo‘rqa-pisa to‘xtab qoldim.
U qaddini rostlagan edi, menga ko‘zi tushdi.
— N-nima gap? Xo‘ja q-qani? — dedi goh menga, goh buzoqqa qarab.
— Xo‘ja ketdi. — Qo‘rquvdanmi, alamdanmi, ovozim titrab chiqdi. — Chirchiqqa ketibdi.
Uning qo‘lidan boltasi tushib ketdi. Bir zum lablari titrab, tikilib turdiyu ko‘zlariga yosh
qalqib chiqdi.
— N-nega? N-nega ketadi? — dedi ingrab. Keyin kafti bilan yuzini to‘sgancha, to‘nka
ustiga o‘tirib qoldi. Chap qo‘li hamon tayoqdek osilib turar, o‘ng yelkasi esa dir-dir titrar
edi.
Katta odamning yig‘lashini birinchi ko‘rishim edi. Kecha Xo‘jani urganini eshitganimda
qanchalik yomon ko‘rgan bo‘lsam, hozir unga shunchalik rahmim kelib ketdi. Buzoqning
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |