www.ziyouz.com
kutubxonasi
85
Yana o‘sha sado keldi. Akamning allaqaysi kitobida olti qo‘lli odamning rasmini ko‘rgan
edim. G‘ira-shirada jiydalar xuddi o‘shanaqa vahimali maxluqlardek qing‘ir-qiyshiq
«qo‘llari»ni cho‘zib turishar, yugurgan sayin ustimga bostirib kelayotganga o‘xshar edi.
Qo‘rqib ketganimdan tikanlarni bosgancha jonholatda yugurdim. Jiyda tikanlari yuz-
ko‘zimni timdalar, oyog‘imga yantoqlar kirayotganini bilardi-m-u, ammo to‘xtay
olmasdim.
Bir mahal ro‘paramda Xo‘ja paydo bo‘ldi.
— Qayoqda yuribsan? — dedim ovozim qaltirab.
Xo‘ja qo‘limdan mahkam ushlab oldi. U ham qo‘rqib ketgan bo‘lsa kerak, nuqul titrar edi.
— Aytmaysan-a? — dedi sekin. — Hech kimga aytmaysan-a?
Shundagina nariroqda, jiydaning panasida turgan qora ko‘ylakli ayolni ko‘rdim.
— Oyi! — dedi Xo‘ja sekin, iltijoli ohangda.
Shunda hammasini tushundim. Xo‘janing oyisi hamon qimirlamay turar, xuddi sehrlanib
qolganga o‘xshar edi. Xo‘ja ko‘zimga termilib, tag‘in yalindi:
— Aytmaysan-a?
Men indamadim. Ammo bu sirni hech kimga, hatto oyimga ham aytmasligimni bilib
turardim. Shu ondayoq yana bir narsani angladim. Bu yerdan tezroq ketishim, xalaqit
bermasligim kerak.
—Tezroq bo‘l! — dedimu Xo‘janing buzog‘i boylangan joyga yugurib ketdim...
* * *
Xo‘ja va’da qilgan tilla tish kuzda ham chiqmadi. Biroq endi buni o‘ylashga vaqt
qolmagan, ikkalamiz uchun ham yangi hayot — maktab hayoti boshlangan edi. Bizning
uyimiz maktab yo‘lida bo‘lgani uchun Xo‘ja har kuni ertalab chaqirib kelardi. Zog‘ora
nonni echki sutiga bo‘ktirib yemabsiz, dunyoga kelmabsiz! Erta bilan oyim ikkalamizning
oldimizga tovoqda sut bilan zog‘ora qo‘yar, Xo‘ja harchand tortinchoqlik qilmasin, yeb
turib ketmaguncha hol-joniga qo‘ymasdi.
Bir kuni Xo‘ja kelmadi.
— Sen boraver, — dedi oyim. — Bugun Xo‘ja maktabga bormasa kerak.
Darsdan qaytdimu mehmonlar kelganini darrov bildim. Ayvon zinasida yangi amirkon
tufli yaraqlab turar, ichkarida oyim allakim bilan chaqchaqlashib suhbatlashar edi. Uyga
kirishim bilan eng avval Xo‘jaga ko‘zim tushdi. U uy to‘rida yong‘oq, mayizlar bilan
bezatilgan xontaxta oldida o‘tirardi. Yonida esa onasi o‘tirar, oyimning gaplariga diqqat
bilan quloq solgancha, yong‘oq pallasidan mag‘iz ajratib, nuqul Xo‘janing oldiga surib
qo‘yardi. O‘shanda, qorong‘ida aniq ko‘rmagan bo‘lsam ham, bu xotin Xo‘janing oyisi
ekanligini darrov bildim. Ostonada bir zum turib qoldim. Qachondir bu xotinni yomon
ko‘rib qolganim uchunmi, uni xunuk, juda xunuk deb o‘ylardim. Yo‘q, judayam chiroyli
ekan. Qarg‘ashoyi ko‘ylagi ham, qop-qora sochlari, yuzidagi xoli ham, Xo‘janikiga
o‘xshagan ko‘zlari ham chiroyli edi.
U meni ko‘rdiyu katta odamni izzat qilgandek, dik etib o‘rnidan turdi. Oyimga o‘xshab,
bag‘riga bosib ko‘rishdi. Peshonamdan o‘payotganida dimog‘imga atir hidi urildi. Oyim
hech qachon atir sepmagani uchunmi, bu isdan boshim aylanib ketdi.
— Kel, jonim, — dedi yonidan joy ko‘rsatib. — Birpas oldimda o‘tir. — U yonboshda
turgan sumkaning zanjirini g‘ijirlatib ochdi-da, sarg‘ish qog‘ozga o‘roqliq allanima uzatdi.
— Ma, jonim!
Qog‘ozni ochishim bilan ko‘zim charaqlab ketdi. Bu — usti xuddi katak daftarga o‘xshash
shokolad edi. Quvonch bilan Xo‘jaga qarab qo‘ydim. Uning ko‘zlarida shodlik uchqunlari
porlab turar edi.
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |