www.ziyouz.com
kutubxonasi
84
yelkangdan oshirib, anhorga otib yuborsang, yangi tishing tilla bo‘lib chiqadi.
Men Xo‘janing aytganini qildim.
— Endi og‘zingni yuvib ol, — dedi u ko‘zimga termilib. — Meni aytdi dersan, kuzgacha
tilla tish chiqadi.
Keyin ikkovimiz anhorga tikilgancha uzoq jimib qoldik. Suv unsiz oqar, narigi sohilda
qamishlar qilt etmay turar, ora-chora qaldirg‘ochlar suvga tumshug‘ini tekizib, «viyt»
etgancha, yana havoga ko‘tarilar edi. Xo‘ja jo‘raboshining boyagi gapini o‘ylab o‘tirganini
bilardim-u, nima deyish, nima qilishga aqlim yetmasdi.
— Juda katta-a? — dedim anhorga imo qilib.
— Shuyam katta bo‘ptimi? — Xo‘janing ko‘zlarida birdan o‘t chaqnadi. — Chirchiqda
shunaqa katta daryo borki, ichida akulalar suzib yuradi.
— O‘zing ko‘rganmisan? — dedim ishonmay.
— Bilaman-da! — Xo‘ja orzumandlik bilan xo‘rsindi. — O‘sha daryoning bu betidan u
betiga bemalol suzib o‘taveraman.
— Suzishni bilmaysan-ku?
— Oyim o‘rgatadilar.
— Akula yeb qo‘ysa-chi?
— Akulang nima bo‘pti! Dadamga aytaman, to‘pponcha bilan otib tashlaydilar. — U
shunday dediyu birdan noto‘g‘ri gapirganini payqagandek, jimib qoldi. Ko‘zlari
javdiragancha teskari qaradi. Bir zum suvga tikilib o‘tirdi-da, xo‘rsindi. — Yur, mollarga
qaraylik. Chakalakka kirib ketmasin...
Ertasiga akalarim jo‘raboshining ta’zirini berib qo‘yishdi shekilli, echkimni o‘tloqda
boqishga ruxsat tegdi.
— Lekin anovi Xo‘jangga aytib qo‘y, yalmog‘iz buzog‘ini yana olib kelsa, jig‘ini ezib
qo‘yaman! — dedi jo‘raboshimiz ko‘kargan qovog‘ini silab.
O‘zimga qolsa echkimni jon deb o‘tloqda boqardimu Xo‘janing bir o‘zini jiydazorda
qoldirgim kelmadi. Nima qipti, bu yerda ham o‘t ko‘p. Har kuni o‘ynaydigan futbol bilan
chillakdan mahrum bo‘ldik. Ammo Xo‘ja bilan sira zerikmasdim. Shunaqangi narsalarni
biladiki! Bu yerdan olisda, judayam olisda, tog‘lar orqasida Chirchiq degan shahar bor.
Shunaqa katta shaharki, uning oldida Toshkent nima bo‘pti! U yerda shunaqangi katta
daryo oqadiki, ichida uydek-uydek kemalar suzib yuradi. Xo‘janing oyisi qachon
xohlasak bizni o‘sha kemalarga olib chiqaveradi. Xohlasak, baland tog‘larga chiqamiz. U
yerdan butun dunyo ko‘rinadi. Bizning uyimiz ham, Xo‘jalarniki ham, Xo‘janing dadasi
ham, hamma-hamma!
Bular hammasi yaxshi-yu, Xo‘janing bir odatini tushunolmasdim. Gapirib turadi-turadi-
da, birdan jimib qoladi. Anhorga tikilgancha bir narsalarni o‘ylab o‘tiraveradi,
o‘tiraveradi. Shunaqa paytlarda zerikib ketaman.
Bir kuni uni yo‘qotib qo‘ydim. Jiydazor ichkarisiga kirib ketgan echkimni qaytarib
kelguncha terlab ketdim. U yoqdan haydasam, bu yoqqa qochadi. Chakalak ichiga kirib
oladi-da, masxara qilgandek, dumini likillatib, qisqagina ma’rab qo‘yadi. Oldiga boray
desam, jiyda tikanlari hammayog‘imni tirnab tashlaydi. Alam ustida kesak bo‘ron qilib
yaydoq joyga olib chiqqunimcha kun botdi. Qarasam, Xo‘janing buzog‘i daraxtga
bog‘loqlik turibdi-yu, o‘zi yo‘q. Yugurib, ikkalamiz o‘tiradigan suv bo‘yidagi do‘nglikka
bordim. Yo‘q, u yerda ham ko‘rinmaydi.
— Xo‘ja-a-a! — dedim baqirib.
Oqshom zulmati bostirib kelayotgan jiydazor orasida «a-a-a» degan sado keldi. Birdan
yuragimni vahima bosdi. Akalarim jiydazorda ajina bor, deyishar edi. Xo‘jani ajina chalib
ketgan bo‘lsa-chi?! Ovozim boricha chinqirib yubordim:
— Xo‘ja-a-a!
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |