www.ziyouz.com
kutubxonasi
82
dutorni ko‘rsatib.
Oyim aybdor qiyofada o‘tirar, akalarim hayron bo‘lib bir-biriga qarashar edi. Hozir katta
janjal bo‘lishini sezib qo‘rqib ketdim.
— Tiling bormi?! — dadam battar tutaqib ketdi.
— Zebi opa chaluvdi, — dedi oyim sekin. — Sumalakka chiqqanimizda... bir chalib
beray, devdi...
Qiziq, dadam birdan hovuridan tushdi.
— Mayli, — dedi ovozi pasayib. — Zebi chalsa mayli. — U hujraga kirib ketdi-da,
anchadan keyin bir bo‘lak yog‘och ko‘tarib chiqdi. Dandon sopli pichog‘i bilan yog‘ochni
kesa boshladi. — Dutorning qulog‘ini tutdan qilmasa sinaveradi, — dedi sekin.
Yog‘ochning uyoq-buyog‘ini o‘yar ekan, uh tortdi. — Qarab turib Xudoning ishlariga ham
qoyil qolmayman. Ota-boladan bir oyda «qoraxat» kelsa-ya!
— Shuni ayting, — dedi oyim jonlanib. — Tag‘in ham odamzod chidarkan. Ham eridan,
ham yakka-yolg‘iz o‘g‘lidan judo bo‘lib o‘tiribdi boyoqish. — U bir zum o‘ylanib turdi-da,
qo‘shib qo‘ydi. — Bechora, Valisiga juda suyanib qolgan. Ishqilib, orzu-havasini shundan
ko‘rsin...
* * *
Valentin tuzatib ketgan mashinani haydab borarkanman, beixtiyor Zebi xolaning
ko‘chasiga burildim. Ana, Valentinning uchastkasi. Shifer tomli uy oldida ZIL turibdi.
Kabina zinasida katta-kichik uch bola oyog‘ini likillatib o‘tiribdi. Biri do‘ppi kiygan, biri
shapkasini bostirib olgan... Mashinani sekin haydab o‘tib borarkanman, ichkaridan dutor
sadolari eshitilgandek bo‘ldi. Kim bilsin, ehtimol menga shunday tuyulgandir?
XO‘JA
Bolaligida hammaning ham tishi tushadi. Meniki g‘alati bo‘lgan: birinchi tishimni urib
tushirishgan. Bunga Xo‘ja sababchi bo‘lgan.
Bu bolani nimaga bunchalik yaxshi ko‘rib qolganimni bilmayman. Ehtimol yuvoshligi
uchundir. Ehtimol, ko‘zlari doimo javdirab turishi uchundir. Odam bir narsani judayam
aytgisi kelsayu aytolmasa, ko‘zi shunaqa — har kimga bir qarab javdirayveradi.
Xo‘janing ko‘zlari shunaqa edi.
Hordiq kunlari dadam bilan oyim nonushta paytida «Nekalay» zamonidan qolgan
samovarni o‘rtaga qo‘yib uzoq suhbatlashib o‘tirishar edi. Bir kuni dadam tajang bo‘lib
gapirib qoldi:
— O‘ziyam ja-a-a Xudo urgan xotin ekan-da, o‘sha Ra’no! Mana, Egamberdi omon-eson
keldi-ku! O‘larmidi likillamasdan ko‘milib o‘tirsa!
Oyim bir nuqtaga tikilgancha o‘yga toldi. Ko‘zlariga g‘ussa cho‘kdi.
— Boshidayam-ku, yulduzi yulduziga uncha to‘g‘ri kelmasdi-ya, — dedi sekin. — Ammo
bari bir chatoq bo‘ldi. Ikki orada bola bechora tirik yetim bo‘lib qoldi.
Tushundim, Xo‘jani gapirishyapti. Dadasi urushda yurganda oyisi boshqa odam bilan
Chirchiq degan joyga qochib ketgan ekan...
Oyim aytgan «tirik yetim» degan gapning ma’nosini tushunmasam ham Xo‘jaga rahmim
kelib ketdi. Unga qanchalik rahmim kelsa, oyisini shunchalik yomon ko‘rib qoldim.
Xo‘ja buvisi, dadasi bilan katalakdek hovlida turardi. Egamberdi akaning jahli yomon.
Doim yaltiroq tugmachali jigarrang kitel kiyib yuradi. Gapirganida duduqlanib qoladi.
Chap qo‘li tayoqday osilib turadi. Xo‘janing aytishiga qaraganda, urushdan keyin ham bir
yilcha gospital degan katta kasalxonada yotgan ekan. Doktorlar qo‘lini kesmoqchi
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |