www.ziyouz.com
kutubxonasi
79
pallaga ayirdi-da, qirg‘ich bilan tozalashga tushdi. Keyin pallalarning qirrasini arraning
tishiga o‘xshatib jimjimador qilib qirqib chiqdi. Ikki pallani bir-biriga yopgan edi, orasi
kovak koptokka aylandi qoldi.
— Nima qilmoqchisan? — dedi Toy burnini tortib.
— Burningga osib qo‘yaman! — dedi to‘ng‘illab jo‘raboshi. — Artib ovora bo‘lib
yurmaysan. — Keyin qovoqni bir chekkaga qo‘ydi-da, Toyga buyurdi. — Qorong‘i
tushganda shu yerga kelasan. Sen ham, — dedi menga imo qilib. — Xo‘ja bari bir
kelolmaydi. Dadasi chiqarmaydi.
— Nimaga o‘zi? — dedim tushunmay.
— Tomosha ko‘rsataman.
— Vali-chi, Vali ham keladimi? — dedim nariroqda tol yog‘ochidan hushtak yasayotgan
Valiga imo qilib.
— Yo‘q, — Jo‘raboshi keskin bosh chayqadi. — U ham oyisidan qo‘rqadi. Es-es, kim
kelmasa pes!
Kechki ovqatdan keyin bekinmachoq o‘ynayotgan akalarimning ko‘zini shamg‘alat qilib
maydonchaga chiqdim. Qorong‘ida, tol tagida Toy bilan jo‘raboshi turibdi. Jo‘raboshining
qo‘lida boyagi qovoq. Faqat odamning boshiga o‘xshatib «og‘iz-burun» teshib qo‘yibdi.
Negadir hammayoqni lampamoy hidi tutib ketgan...
— Laychang nimaga keldi? — deb to‘ng‘illadi jo‘raboshi.
Qarasam, gurji kuchugim oyog‘im tagida dumini likillatib turibdi.
— O‘zidan so‘ra! — dedim men ham to‘ng‘illab.
Jo‘raboshi yerdan kesak olib otgan edi, it angillab qochdi.
— Nega urasan?
— Xalaqit beradi! — dedi jo‘raboshi zarda bilan.— Yur, bo‘lmasa kech qolamiz.
Toy ikkalamiz beixtiyor unga ergashdik. Qatorlashib Darhon arig‘ining bo‘yiga bordik.
Ariq shu yerdan burilib oqar, nariroqda shox-shabbalar ustiga tuproq tashlab yasalgan
ko‘prik bor edi. Jo‘raboshi Toy ikkalamizni majnuntollar quyuq o‘sgan qorong‘i sohilga
olib tushdi. Negadir yuragimni qo‘rquv bosdi.
— Nima qilamiz o‘zi? — dedim ovozimni balandlatib.
— O‘chir! — Jo‘raboshi kerosin hidi anqib turgan mushtini burnimga tiradi. — G‘ing
desang, suvga otvoraman.
Shu payt uzoqdan allakimning qadam tovushi eshitildi.
— Kelyapti! — dedi jo‘raboshi pichirlab. Shosha-pisha qovoq pallasini ochdi. Kerosin hidi
qayerdan kelayotganini endi bildim: qovoqning ichi to‘la lampamoyga botirilgan latta
ekan. Jo‘raboshi yonidan gugurt olib chaqqan edi, lop etib olov ko‘tarildi. U chaqqonlik
bilan ikkinchi pallani yopdi-da, qovoqni suvga qo‘yib yubordi. Suv yuzasida «og‘iz-
burni»dan olov chiqarayotgan «kalla» qalqib-qalqib suzib ketdi. Jo‘raboshining niyatini
endi tushundim. Boyagi qadam tovushlari Zebi xolaniki ekanini ham endi bildim.
Qorong‘i bo‘lsa-da, katta-katta qadam tashlashidan, yelkasidagi ketmonidan tanidim.
Hushimni yig‘ib olgunimcha u tuproq ko‘prik ustiga kelib qoldi. Suv yuzida qalqib
kelayotgan olovli «kalla»ni ko‘rdiyu taqqa to‘xtadi.
— Voy, voy o‘lmasam! — dedi-da, ko‘prik ustiga tappa o‘tirib qoldi. — Bis-bis-bismillo...
— dedi duduqlanib. Hatto tovushi ham ingichkalashib ketgandek bo‘ldi. Keyin
gandiraklab o‘rnidan turdi-da, ovozi boricha qichqirdi. — Dod, voy-dod!
O‘rnimdan otilib turdim.
— Qo‘rqmang, xola! — dedim baqirib. Ammo jo‘raboshi bilagimdan mahkam tutib,
kerosin hidi anqib turgan kafti bilan og‘zimni to‘sdi. Ko‘nglim aynib ketdi.
— Qo‘yvor, eshak! — dedim bo‘g‘ilib. — Baribir aytib beraman!
— Aytib ko‘r-chi! — Jo‘raboshi yana mushtini do‘laytirdi. — Jig‘ingni ezib qo‘yaman!
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |