www.ziyouz.com
kutubxonasi
78
«Q» bilan «G‘»ni aytishga hech tili kelishmasdi. Risolat opa degan chiroyli o‘qituvchi
opamiz buni bilgani uchun Valini ko‘p ham qiynamasdi. U doim deraza oldidagi partada
o‘tirardi.
Bir kuni maktabga komissiya kelib qoldi. Bir emas, to‘rt kishi orqa partaga borib
o‘tirishdi. O‘qituvchi opamiz dars o‘tyapti-yu, hayajondan ovozi titraydi. Sinf jimjit. Shu
payt deraza sharaqlab ochildi-da, Zebi xolaning yo‘g‘on ovozi eshitildi.
— Vali, ma, non!
Hammamiz o‘sha tomonga qaradik, Valining sariq yuzi olovdek yonib ketdi. Nima
deyishini bilmay nuqul «keting», deb imlaydi. Zebi xola bo‘lsa derazadan ikkita arpa non
uzatib turibdi.
— Olsang-chi, qo‘lim kuyib ketdi! — dedi u zarda bilan.
Sinfxonani birpasda issiq non hidi tutib ketdi.
Risolat opamiz bir zum esankirab turdi-da, tashqariga yugurdi.
— Nima qilyapsiz, xola? — dedi yig‘lagudek bo‘lib.— Maktab-ku bu!
— Maktabligini o‘zim ham bilaman! Machitga kelganim yo‘q! — Zebi xola ovozini baralla
qo‘yib do‘rilladi. — Bolam ertalab choy ichmasdan chiqib ketuvdi. Och o‘tirsinmi endi?
Risolat opamiz yalinishga tushdi:
— Jon xola, komissiya bor.
— Nima, kamissiyang non yemaydimi! Bolam bir kun kech olim bo‘lsa bo‘lar. «Kamissiya
keldi», deb tishining kirini so‘rib o‘tirsinmi?
Boyadan beri suv quygandek jimjit bo‘lib turgan sinfxonada to‘satdan qahqaha portladi.
— Ana, kamissiyangning o‘ziyam kulyapti-ku! — Zebi xola derazadan boshini suqdi. —
Ma, bolam, yeb ol, uyalma!
...Bir kuni jo‘raboshimiz sigirini qaytarmagani uchun Valini urib burnini qonatdi. Ertasiga
qiziq bo‘ldi. Tol soyasida dam olib o‘tirsak, maydoncha chetida Zebi xola ko‘rindi.
Toy jo‘raboshining yelkasiga turtdi.
— O‘lding! Zebi xola kelyapti, qoch!
Jo‘raboshining ko‘zi olayib ketdi. Qaddini rostladi-yu, keyin qo‘l siltab shineliga
yonboshladi.
— Qatta uradi! O‘zi zo‘rg‘a kelyapti-ku.
Qarasak, Zebi xola chindan ham zo‘rg‘a-zo‘rg‘a kelyapti. Qo‘lidagi tayoqqa suyanib ikki
qadam yuradi-da, to‘xtaydi. Oqsoqlanib qadam bosadi.
— Yiqilib oyog‘i singanga o‘xshaydi, — dedi jo‘raboshimiz.
Zebi xola inqillab-sinqillab yaqin keldi. Ammo besh qadamcha qolganda birdan cho‘loqligi
tuzalib qoldi. Tayoqni baland ko‘targanicha ikki hatlab jo‘raboshining tepasiga keldi.
Tayoqning qarsillashi bilan jo‘raboshining dodlashi baravar eshitildi.
— Mana urish! — dedi Zebi xola do‘rillab. — Urish mana bunaqa bo‘ladi. — U
jo‘raboshining gardaniga tag‘in tushirdi. — O‘zidan kichkinaning burnini qonatish mana
bunaqa bo‘ladi!
Jo‘raboshi jonholatda dumalar, ammo qocholmasdi.
— Oyi! Urmang, oyi! — Vali oyisining qo‘lidagi tayoqqa yopishdi.
— Tavba qildim! — Jo‘raboshi tipirchilab, kafti bilan boshini pana qildi. — Jon xola, o‘lay
agar, ikkinchi qilmayman!
— Oyi! — Vali Zebi xolani quchoqlab oldi. — Kerakmas!
Zebi xola tayoqni uloqtirdi.
— Nima, meni bolam malaymi senga?! — dedi dag‘dag‘a bilan. — Sening molingni
boqsin, deb katta qilib qo‘yibmanmi bolani?!
...O‘sha voqeadan keyin jo‘raboshimiz ancha yuvosh tortib qoldi. Uchinchimi, to‘rtinchi
kuni mog‘or bosgan kattakon qovoq ko‘tarib keldi. Tol soyasida o‘tirib qovoqni ikki
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |