www.ziyouz.com
kutubxonasi
94
— Menga qara! — dedi tamaki o‘ray turib. — O‘qituvchingni aytib chiq.
— E, uyalaman! — dedim rostini aytib.
— Xo‘p degin. — Afzalxon akamning barmoqlari titrab ketgandek bo‘ldi. — Bitta ukalik
qilgin, jiyan. O‘zing katta yigitsan-ku, senga ordenimni beraman.
Afzalxon akamning kattakon, og‘ir Qizil Yulduzini o‘ynashni yaxshi ko‘rardim. U bo‘lsa,
burovini bo‘shatib, yechib ko‘rishimga hech ruxsat bermasdi.
Ordendan ko‘ra uning yalinishi ta’sir qildi. Piymamdan sovuq o‘tib, oyog‘im muzlay
boshlagan bo‘lsa ham orqaga qaytdim. O‘qituvchilar xonasining eshigini qo‘rqa-pisa
ochdim. Bu yer ham sovuq, devorda xaritalar. Stol ustida jurnallar. Risolat opa sovib
qolgan pechkaning tunuka dudburoniga kaftini bosib, qo‘lini isitayotgan ekan. Nariroqda
sochlari oppoq matematika o‘qituvchisi o‘tiribdi.
Risolat opa meni ko‘rib negadir jilmaydi:
— Uyga ketmadingmi?
Indamay bosh chayqadim.
— Bo‘pti, ketdik. — U ro‘molini qaytadan o‘radi. Paltosining tugmalarini soldi-da, kelib
qo‘limni tutdi.— Vuy, qo‘ling muzlab ketibdi-ku. Meni kutishing shartmidi?
Negadir o‘zimni juda yomon ko‘rib ketdim. Yerga qaragancha indamay ketaverdik.
Oldinda o‘qituvchim, orqada men. U qo‘lini orqaga cho‘zgancha iliq kafti bilan qo‘limni
ushlab olgan. Har qadam bosganida kalish-mahsisi g‘ijir-g‘ijir qiladi. Tovonidan quruq,
muzdek qor sachraydi. Bir mahal u qo‘limni qo‘yib yubordi. Menga o‘girilib qaraganini,
ko‘zimga tikilayotganini his qilib turardimu boshimni ko‘tarolmasdim. Afzal akam qorni
g‘ijir-g‘ijir bosib yaqin keldi. Shundagina sekin boshimni ko‘tardim. Risolat opa hamon
menga qarab turar, sovuq bo‘lsa ham kulcha yuzlari qizargan, yanayam chiroyli bo‘lib
ketgan edi.
Afzalxon akam ikki qadam narida to‘xtadi.
— Kechirasiz, — dedi sekin. — Men iltimos qiluvdim. — U qorga botib Risolat opaga yo‘l
bo‘shatdi. Oldinda Risolat opa, keyin Afzalxon akam, uning ketidan men — tizilishib
yo‘lga tushdik. Anchagacha jim ketishdi. — O‘ylab ko‘rdingizmi? — dedi nihoyat Afzalxon
akam.
Ularning gapini eshitish yaxshi emasligini his qilib turardim. To‘xtab qoldim. Ular ham
o‘n qadamcha nari borib to‘xtashdi.
— Bitta o‘g‘lingizni o‘ylasangiz xavotir olmang,— dedi Afzalxon akam. Biroq Risolat opa
bir nima deb imladi shekilli, Afzalxon akam ovozini pasaytirdi. Qo‘lini keskin-keskin
siltagancha allanimani kuyib-pishib tushuntira boshladi. Ancha gaplashishdi. Oyog‘imdan
muz o‘tib ketdi. Burnimni tortaverib charchadim. O‘tib ketay desam, bir yog‘i qorga
botishdan, ikkinchi tomoni, ularga yaqin borishdan qo‘rqaman.
Afzalxon akam shinelining cho‘ntagidan yana qog‘oz, tamaki oldi. Tez-tez o‘ray boshladi.
Ikkovlari tag‘in yurib ketishdi. Xayriyat!
Men ham ergashdim. O‘ttiz-qirq qadam yurib yaydoq dalaning qoq o‘rtasida yana
to‘xtashdi. O‘n qadamcha berida men ham to‘xtadim. Endi oyog‘im akashak bo‘lib
qolgan, piyma ichida nima bor — nima yo‘q, o‘zim ham bilmasdim.
Afzalxon aka tamaki tutab turgan qo‘lini silkitib yana allanimalarni gapira boshladi.
Shundan keyin g‘alati bo‘ldi. Afzalxon akam birdan sirg‘anib ketgandek, cho‘kkalab qoldi.
Avvaliga yiqilib tushdi deb o‘ylagan edim. Yo‘q, yiqilmagan ekan. U Risolat opamning
oyog‘idan quchib hayqirib yubordi:
— Ayting, nima qilay! Bilaman, Yo‘ldoshni yaxshi ko‘rardingiz. Men ham yaxshi
ko‘rardim. Do‘stim edi... Lekin endi u yo‘q-ku!
Risolat opa Afzalxon akamning qo‘ltig‘idan tutib turg‘izmoqchi bo‘lar, ammo kuchi
yetmasdi. Beixtiyor uch-to‘rt qadam yaqin borib qoldim.
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |