www.ziyouz.com
kutubxonasi
90
borishgani, onasi Orifning vrach bo‘lishini orzu qilgani, Orif Andijon medinstitutida
o‘qigani...
Gapimiz cho‘zilib ketdi shekilli, hadeb yo‘talayotgan soqolli kishi eshikni ikki marta ochib
ichkariga ma’noli mo‘raladi. Suhbatimiz chala qoldi. Orif yozib bergan dori qog‘ozlarni
olib chiqib ketarkanman, bolalik xotiralari tag‘in yodimga tushdi.
...O‘sha yili qish qattiq keldi. Tuf desa, tupuk yaxlaydi. Dadam menga birinchi marta
piyma olib berdi. Yaxmalak o‘ynashga yaramasa ham, yaxshi, issiqqina. Biroq qor
shunchalik qalin yoqqanki, iz tushmagan joyda yursam, piymamning qo‘njidan bemalol
kirib ketaveradi. Risolat opalarning hovlisi biznikidan narida bo‘lgani uchun deyarli har
kuni darsdan o‘qituvchim bilan birga qaytamiz. U kalish-mahsi kiyib olgan. Yo‘l ochib
ketaveradi. Men ketidan ergashaman.
Qahraton tonglardan biri edi. Tanchaga tiqilib yotibman. Akalarim o‘qishga ketgan. Men
peshindan keyin boraman. Chopon kiygan dadam to‘rda sandalga tiqilib yarim mudrab
o‘tiribdi. Bir tomonda boshiga qalin ro‘mol o‘ragan oyim. Uning yonida samovar. Sa-
movarning qorniga g‘alati tasvirlar tushirilgan. Oyimning aytishiga qaraganda, bular eski
zamonda chiqqan tangalar emish. Jo‘mrak ostiga qo‘yilgan tovoqqa samovar
tumshug‘idan muttasil suv tomadi: chik-chak, chik-chak... Derazalarga «Qorbobo rasm
chizib ketgan». Tashqari ko‘rinmaydi. Hatto eshikni ham qirov bosgan. Ammo-lekin
tancha mazza. Odam bir yotgandan keyin turgisi kelmaydi. Sandal ustidagi eski
dasturxonda uch-to‘rt bo‘lak qora non, jiyda, turshak...
Bir mahal tashqarida gurji kuchugimning akillagani eshitildi. Dadam bir ko‘zini ochib
oyimga savol nazari bilan qaradi. Oyim endi o‘rnidan turayotgan edi, eshik shaxt bilan
ochildi. Uyga avval ammam, ketidan sovuq g‘urillab kirdi. Ammamning qalin tivit ro‘moli,
qora baxmal paltosi, hatto kipriklarigacha qirov qo‘ngan edi. Oyim ildam borib, uning
qo‘lidagi katta tugunni oldi.
Dadam ham shoshib qoldi.
— Iye, iye! — dedi chehrasi yorishib. Ammo boshqa gapirolmadi. Og‘zida nosvoy bor
edi. U shosha-pisha sandal ko‘rpasining bir chetini ko‘tardi-da, tanchaga tupurdi.
— Tuzukmisiz, opa? — dedi o‘rnidan turib.
Ammam muzdek lablari bilan peshonamdan o‘pdi-da, qo‘lini tanchaga tiqdi.
— Xah, o‘lsin-a! — dedi qaltirab. — Qo‘limga so‘zak kirib ketdi-ya.
Oyim choyni yangilash uchun darrov samovarni ko‘tarib chiqib ketdi. Dadam
ammamning ko‘ziga tikilib qaradiyu xavotirlanib so‘radi:
— Tinchlikmi, opa, nima bo‘ldi?
— Dard bo‘ldi! Balo bo‘ldi! Sen bu yerda tanchaga ketingni tiqii-ib yotgin, xo‘pmi!
Opamning ahvoli nima kechdi, demagin, xo‘pmi!
— Nima bo‘ldi o‘zi? — dedi dadam murosaga chaqirgan ohangda.
Ammam to‘satdan yig‘lab yubordi:
— Ne umidlar bilan kutuvdim bu bolani! Mana, urush bitdi, bolam eson-omon keldi, endi
yaxshi to‘ylar qilaman, degan umidim bor edi.
Dadamning rangi o‘chdi:
— Afzalxonga bir nima bo‘ldimi?
Urushdan yaltiroq tugmali shinel kiyib kelgan, ammamning o‘ziga o‘xshash chiroyli
Afzalxon akam ko‘z o‘ngimga keldi. Qaytib kirgan oyim ham dadamning xavotirli savolini
eshitib uy o‘rtasida turib qoldi.
— Tinchlikmi?
— Bola emas, balo bo‘ldi bu! — Ammam ro‘molchasiga burnini qoqib piqilladi. —
«Kelganingga ikki yil bo‘ldi, yoshing ham o‘ttizga qarab ketyapti, bilgan u deydi,
bilmagan bu deydi», desam, pissayib yurganida gap bor ekan. Daraxtni bir tepsang,
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |