Shomonlik yoxud sehrgarlik ("shomon" so`zining tungus tilidagi ma'nosi "sehrgarlik"). Sehrgarlik (afsun, magiya) real natijalar olish uchun ilohiy kuchlarga ta'sir etish maqsadida amalga oshiriladigan ritual - urf-odatlar majmuasidir. U totemizm va animizm bilan bir vaqtda paydo bo`lib, u orqali kishilar o`z totemlari, ota-bobolarining ruhlari bilan hayolan bog‘lanishni amalga oshirib kelganlar. U qadim o`tmishda paydo bo`lib, minglab yillar davomida rivojlanishda davom etib, saqlanib kelgan. Odatda afsungarlik urf-odatlari bilan maxsus odamlar — shamanlar, afsungarlar shug‘ullanganlar. Ular orasida ayniqsa uzoq o`tmishda ayollar ko`p o`rinni egallaganlar. Bu shamanlar va afsungarlar jazavali va asabiy kishilar bo`lib, odamlar ularni ruhlar bilan muloqotda bo`lish, ularga jamoaning umid va niyatlarini yetkazish, ularning irodasini talqin qilish qobiliyatiga ega ekanligiga chuqur ishonganlar. Shamanlar, odatda, ma'lum ritual harakatlar orqali ovoz chiqarish, ashula aytish, raqsga tushish, sakrash yo`li bilan nog‘oralar va qo`ng‘iroqlar ovozlari ostida o`zlarini jazavaga solib, o`zini yo`qotish, jazavaning yuqori nuqtasiga yetkazish bilan afsungarlik qilishgan. Tomoshabinlar ham ba'zan o`zini yo`qotish darajasiga yetib marosimlar ishtirokchilari bo`lib qolishar edi. Odatda shaman marosim oxirida bir holatga kelib hech narsani eshitmay, ko`rmay qolar edi. Shuning uchun uning ruhlar dunyosi bilan muloqoti xuddi shu xolatda amalga oshadi deb hisoblanardi. Umuman, olganda ritual marosimlar qismlardan iborat bo`lgan afsungarlik jamiyatning haqiqiy talablaridan kelib chiqqan holda hayotda amalga oshirilgan. Ilohiy kuchlar dunyosi bilan bunday bog‘lanish yo`li hayotda noma'lum, oldindan bilib bo`lmaydigan sharoitlardan kelib chiqqan. Lekin shu bilan birga afsungarlik odamlarning fikr yuritish, ongini mustahkamlashda katta ro`-l o`ynaydi. Bu esa diniy ongni shakllanish jarayonida muhim o`rin tutdi. Afsungarlik fikr yuritish rivojlangan sari odamga o`z-o`zidan bo`ladigan, faqatgina maqsadli yo`nalishdagi harakatlar natijasida olinadigan emas, balki ilohiy kuchlar afsuni bilan bog‘lik bo`lgan sharoitlardan kelib chiqadigan ko`rinish deb hisoblangan. Natijada ko`pchilik aniq hodisalar, hattoki alohida buyumlar sehrli kuch egasi sifatida qabul qilina boshlandi.
Sehrgarlik marosimlari yakka holda yoki jamoa bo`lib amalga oshirilishi mumkin edi. Afsungarlik maqsadga ko`ra quyidagilarga bo`linadi:
1) Zarar keltiruvchi - yovuz afsungarlik. Uning maqsadi kimgadir zarar yetkazishdan iborat;
2) Harbiy afsungarlik. Bu dushmanga qarshi ishlatiladi (masalan, qurol-aslahalarni sehrlash);
3) Sevgi afsungarligi. Undan "issiq" yoki "sovuq" qilish maqsadida ishlatiladi;
4) Tibbiy afsungarlik. Undan davolash maqsadida foydalanish;
5) Ob-havo afsungarligi. Bu sehrgarlik turidan yomg‘ir chaqirish yoki shunga o`xshash ob-havoni o`zgartirish maqsadida foydalanilgan.
Sehrgarlik hozirda ham zamonaviy dinlarda va turli halqlar urf-odatlarida saqlanib qolgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |