Johiliya davri mohiyati. Johiliya so’zining lug’aviy ma’nosi arabcha «jahula» so’zidan olingan bo’lib, (bilimsizlik), johillik, nodonlik ya’ni «yagona Allohni tanimaslik» ma’nosini, anglatadi. Johiliya davrida ma’naviy va ijtimoiy hayotda ana shunday johillik, nodonlik xususiyatiga ega kishilar islomdan oldingi davrda yashaganlar.
Johiliya davri mazmun-mohiyatini tushunish va tasavvur qilish uchun o’sha tarixiy davr V-VII asrlarga xos xususiyatlar, arab qabilalari o’rtasida hukmron bo’lgan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar va ularning diniy-g’oyaviy hayoti bilan qisqacha tanishib chiqishni taqozo etadi.
Johiliya davrining xususiyatlaridan biri shunda ediki, bu davrda arablar orasida ko’p xudolik hukm surar, har bir qabilaning sig’inadigan o’z sanamlari mavjud bo’lib, o’ziga xos e’tiqod qilish tartib-qoidalari shakllangan edi. Bu davrdagi arablarning ma’naviyati tubanlashib, xalqlar orasida mayparastlik, axloqiy buzuqliklar o’rin ola boshladi. Eng nohush, va dahshatli odatlaridan biri qizlarining tiriklayin ko’mish ham ana shu johiliya davrida tatbiq qilingan.
V-VI asrlarda, hatto VII asr boshlarida arab qabilalari o’rtasidagi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot darajasi bir xil emas edi. Arabiston yarim orolining iqlim sharoiti noqulay qumli sahrolar va tog’lardan iborat bo’lib, ko’chmanchi aholisi chorvachilik bilan shug’ullanar edi. Yarim orolning nisbatan yaxshi iqlim sharoitiga ega bo’lgan qismida joylashgan. Yaman qadimdan rivojlangan qishloq xo’jalik va madaniyat markazlaridan biri bo’lgan. Ammo yarim orolning shimoliy qismida joylashgan shaharlarda ko’chmanchi-chorvachilik bilan shug’ullanib, hayot kechirayotgan arab qabilalari o’rtasida quldorlik munosabatlari endigina rivojlana boshlagandi. Yamanda esa quldorlik tuzumi taraqqiy etgan, so’nggi quldorlik davlati bo’lgan Xim’yariylar podsholigi eramizning II asrda tashkil topgan va VI asr boshlarida tanazzulga yuz tutgan. Lekin yarimorolning boshqa hududlari-suvsiz sahrolardan iborat bo’lganligi sababli o’troq dehqonchilik faqat ayrim joylarda sahrolar o’rtasidagi onda-sonda uchraydigan kichik vohalardagina birmuncha taraqqiy etgan edi. Bu yerlarda dehqonchilik ham noqulay iqlim sharoiti tufayli har tomonlama cheklangan edi, asosan xurmo va arpa yetishtirilardi.
Yarimorolning cheksiz sahrolarida yashovchi, chorvachilik bilan shug’ullanuvchi arab qabilalari-badaviylar bundan ham og’ir sharoitda yashar edilar. Ular ijtimoiy taraqqiyot jihatidan ancha orqada qolgan, taraqqiyotning urug’-qabilachilik bosqichida edilar. Manbalarning ko’rsatishicha, VI asr oxiri-VII asr boshlarida, ya’ni islom vujudga kelishi arafasida turli arab qabilalarining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot darajasi bir xil bo’lmay, qiyin ahvolda hayot kechirayotgan qabilalar ko’pchilikni tashkil etar edi.
Qadimiy taraqqiyot markazi bo’lgan Yamanda rivojlangan quldorlik tuzumi hukmron bo’lib, yarim orolning shimoliy qismida joylashgan va Vizantiya hamda Eron kabi qadimiy imperiya ta’siri ostida bo’lgan hududlar savdo munosabatlari endigina rivojlana boshlagan, sahrolarda ko’chmanchi chorvachilik bilan shug’ullangan arab qabilalari o’rtasida patriarxal, urug’-qabilachilik tartibi hukmron edi. Bu tartibning yemirilishi va sinfiy munosabatlarning tarkib topishi davri endigina boshlangan edi.
Og’ir iqlim sharoiti va ishlab chiqaruvchi kuchlar zaif rivojlanganligi sababli Arabiston yarim orolida yashagan ko’pchilik qabilalar taraqqiyot jihatidan Misr, Vizantiya, Eron, Mesopotomiya kabi qadimiy madaniyat markazlari aholisiga nisbatan ancha orqada qolib ketgan edi. Yarim orolning g’arbiy qismida Qizil dengiz qirg’oqlari bo’ylab cho’zilgan va Hijoz deb nom olgan hudud bu davrda iqtisodiy jihatdan birmuncha rivojlangan. Buning sababi suvli vohalarda dehqonchilik bilan shug’ullanish imkoniyati mavjud bo’lganligidan va janubdan shimolga tomon qadimiy karvon yo’li o’tganligida edi. Tarixiy manbalarga ko’ra, VI asr o’rtalarida bu yo’l janubda Yaman orqali Habashiston va Hindiston bilan, shimolda Suriya orqali Misr, Vizantiya va Eron bilan bog’langan. O’z davri uchun katta iqtisodiy ahamiyatga ega bo’lgan Hijozdagi ayrim aholi manzillari, shaharlar, xususan yo’l ustida joylashgan Yasrib (Toif) shahri, VI asrda ancha kengaygan va gavjum savdo markazlariga aylangan edi.
Johiliya davridagi arab qabilalarining faqat iqtisodiy jihatdagina emas, balki ijtimoiy jihatdan ham tengsizligi ular o’rtasidagi munosabatlarning murakkab va qiyin ahvolga tushishiga sabab bo’ldi. Badavlat qabilalar iqtisodiy jihatdan zaif qabilalarga o’z ta’sirlarini o’tkazib, ularning arzon mehnatidan foydalanishdan tashqari ijtimoiy hayotda hukmronlikka ham da’vo qilganlar.
Bu davrdagi oila, nikoh, ijtimoiy munosabatlar, farzand ko’rish, tarbiyalash masalalari, diniy e’tiqod, pul munosabatlari (sudxo’rlik), maishiy buzuqlik va boshqa ko’pgina sohalarda ham qiyinchiliklar, ziddiyatlar bo’lganki, ular haqida keyingi sahifalarda batafsil to’xtaymiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |