3.2.50.
Meyerxo‘ld Tiyotri (1927)
«Er yuzi» majmuasi o‘z o‘quvchilarini eng zo‘r tiyotr muallimlaridan biri bilan
tanishdirmoqchi bo‘lub shu vazifani menga topshirdi. Bu ko‘p sharaflik bir xizmat bo‘lsa
ham, tilamasdanrak bajardim. Buning sababi belgili. Meyerxo‘ld to‘g‘risida kitoblar
yoziladi, maqolalar, ayniqsa, «Er yuzi»ning o‘lchovli betlariga sig‘a oladurg‘an qisqa
maqolachalar yozish bilan uni keragicha tanitib bo‘lmaydi. Modomiki tugal tanita
olinmas ekan, hozirg‘a sabr qilib turish yaxshimasmidi? Yo‘q! «Oz bo‘lsa ham tanib
turayliq», – der ekan o‘quvchilar; shu uchun biz ham qo‘ldan kelganini qilishg‘a majbur
bo‘lamiz. Boring, bu sarlavhasi bo‘lsin, bir ozdan so‘ng «madhal»ini boshlashg‘a ham
mumkin bo‘lub qolar.
Meyerxo‘ldni maxtag‘anlar «rus tiyotrining mumtoz san’atkori» deb maxtaylar;
hatto uning muxoliflari ham so‘kish chog‘ida: «Eng buyuk muallimlardan birining
xatosi», – deyib o‘talar.
1926 yil aprel oyida uning tiyotri 5 yillik to‘yini o‘tkazdi. Shu to‘yni o‘tkazmak
uchun 101 kishidan iborat maxsus qo‘mita tuzilgan edi. Qo‘mitaning raisi Klara Setkin*,
o‘rinbosarlari Lunacharskiy bilan Slavinskiy o‘rtoqlar edi. Boshqa a’zolar orasida Bela
Kun, Budyonniy, Dogodof, Lozovskiy, Semashko, Dumbol va Unshlixt* kabi ulkan
nomlar uchraydi. Mana buning o‘zginasi ham bu kun Meyerxo‘ld tiyotrining ahamiyatini
ko‘rsatishga yetadi. To‘yg‘a qadar bir kollektiv holda ishlab kelgan bu tiyotr to‘ydan
so‘ng hukumat qaramog‘ig‘a o‘tti va «Meyerxo‘ld nomig‘a hukumat tiyotri» deb ataldi.
Bu tiyotrning o‘z boshig‘a mustaqil bir muassasa bo‘lub ishlashi 1922 yildan boshlanadi.
1922 va 1923 yil tiyotr faslida u avval «Meyerxo‘ld tiyotri» bo‘lub, so‘ngra «Meyerxo‘ld
nomig‘a tiyotr» bo‘lub ishlaydi. Ungacha bu tiyotr bir necha muassasaga aralashib
chiqqan: 1920 yilning noyabr oyidan 21 yilning yozlarig‘acha bu tiyotrning tub kuchlari
boshlarida Meyerxo‘ld bo‘lg‘ani holda, «RSFSRning birinchi tiyotri»da ishlaylar. U
409
yerda «Tong qizilliqlari»* («Zarya»), «Misteriya buff»*, «Yoshlar soyuzi»* degan
narsalar qo‘yiladi. Bularning birinchisi balchiqoli* adib va shoir Verxarnniki* bo‘lub,
muosir* sarmoyador jamiyatdan boshqa bir oliyroq jamiyatga ko‘chishni tasvir qiladi.
Unda sinf kurashi bir necha tabaqa orasida ko‘rsatiladi. Ikkinchisi rus futuristlaridan
mashhur Mayakovskiyning asari bo‘lub, narigi (ma’naviy) olamlarni ermak qiladi.
Nihoyat, uchinchisi norvajli* adib Ibsenniki* bo‘lub, asrimizning muammolariga
qoqiladi. Bu asarlarning har biri o‘sha vaqtda jamiyatga hayajonlar solg‘an, uni silkitkan
narsalardir.
Meyerxo‘ld o‘sha tiyotrda vaqtida edikim, «Tiyotrda o‘ktabr» shiorini maydonga
otti. Uning g‘ayrati va tashabbusi bilandirkim o‘sha tiyotrda yangi asoslar amalga
qo‘yildi. Bu yangi asoslarning biri «Tiyotr san’ati ham siyosatdan xoli emas»dir. Qanday
bo‘lsa ham, bir sinfning manfaatiga xizmat etganini da’vo qilar, shu uchun o‘zi ham
mamlakat tizginini qo‘lg‘a olg‘an tumoyoq sinfiga xizmat etardi. Bu mafkura masalasidir.
Yana bir yangi asos sahnaning tuzilishiga oid bo‘lub, sahna maydonining chiroyliq qilib
yasatilishig‘a qarshi sahnada eng oddiy muyimlardan eng oson va arzon shakllar
uyushdirishga tirishardi. Bu ham, albatta, «siyosatdan xoli emas», negakim bu sodda
sahna sodda xalq uchun, sodda xalq esa tumoyoqlar edi.
Bino yetishmasligi orqasida u tiyotr burung‘i Nezlobin tiyotri* bilan birga
qo‘shilib, «Akto‘r tiyotri»g‘a aylandi. O‘sha tiyotrda qo‘yilib juda katta muvaffaqiyat
qozong‘an «Velikodushnыy rogonosets»* tomoshasi «Akto‘r tiyotri» qurulmasdan burun
«Birinchi RSFSR tiyotri» bilan yuqori rejisso‘r Qurslari tomonidan birlikda
tayyorlang‘an edi. Meyerxo‘ldning ikkinchi asosi (sahnani soddalashtirish) o‘sha vaqtda
avjiga chiqqan edi: uning o‘z gapiga qarag‘anda, yuqorida aytilgan asarning qo‘yilishi
faqat 200 so‘mgagina tushkan.
O‘ziga hamma vaqt yangi yo‘llar aqtarg‘an, bir yerda to‘qtamag‘an, «tinib o‘lmas»
Meyerxo‘ld va uning to‘dasi, albatta, Nizlobin to‘dasi bilan chiqisha olmas edi. Ham
shunday bo‘ldi-da: ilgari ikkovi orasida kurash ketdi, so‘ngra uzilishishga majbur
bo‘ldilar. «Akto‘r tiyotri» tamoman Meyerxo‘ld qo‘lig‘a qoldi.
Undan keyin «Akto‘r tiyotri» deganimiz «GITIS tiyotri»g‘a* aylandi.
410
Unda ham ikki to‘da o‘ynardi: biri Meyerxo‘ldniki, yana biri «Tajriba qahramonliq
tiyotri». Bu ikkala to‘daning kurashishi natijasida so‘ngg‘i to‘da yo‘q o‘ldi va 1922 yilda
«Meyerxo‘ld tiyotri» degan mustaqil bir tiyotr tashkil qilindi.
O‘zining o‘sha yo‘li bilan Meyerxo‘ld tiyotri hozirg‘acha yurib keldi. Albatta, bu
orada chayqalishlar bo‘lmadi emas, bo‘ldi, lekin ularning mohiyatidan gapirmakchi
bo‘lsak, kitoblar yozishg‘a to‘g‘ri keladirkim, unga bizning kuchimiz ham hali hozirg‘a
yetmaydi.
Bu orada Meyerxo‘ld tiyotri «Muallim Bubus»*, «D.E.»* (Ber Ovruponi!),
«Mandat», «Er ko‘pdi»*, «Yur, Xitoy»* kabi har jihatdan yangi va muosir narsalar berdi:
qadimgi Ostrovskiyning* «O‘rmon»i bilan Gogolning «Tergovchi»sini yangilab astar-
avrasini ag‘darib qo‘ydi. «O‘rmon»da uncha qilu qol qo‘zg‘almag‘an edi. Ammo bu
«Tergovchi»da juda qilu qol qo‘zg‘aldi. Qo‘yilg‘aniga bir yarim oy bo‘lub qolg‘ani
holda, hali ham maqtash va so‘kishlar to‘qtag‘ani yo‘q. «Tergovchi»ga baho berishda
Maskov bilan Leningrad tanqidchilari ikkiga bo‘lindilar. Maskov so‘kadi, Leningrad
maxtaydi. Bu so‘kish va maxtashlar to‘g‘risida gapirmak uchun ham yana ayrim
maqolalar yozish kerak. Shuning uchun qisqa qilib shunigina aytamizkim, Maskov
munaqqidlari Meyerxo‘ldni «o‘nglashib ketish»da ayblaylar, Leningrad munaqqidlari esa
Meyerxo‘ldning «Tergovchi»sidan Gogolning chin ruhini topalar va yangi hech kim
topolmag‘an narsalar topilg‘anini da’vo qilalar. Chinakam, «Tergovchi» bilan
«Velikodushnыy rogonosets» orasida shakl jihatdan juda katta farq bor. So‘ngg‘i narsani
200 so‘mga tayyor bo‘lg‘an deb o‘tkan edik. «Tergovchi»ning sahna jihozlariga bir necha
ming so‘m ketgan desak xato qilmaymiz. Kiyimlar hammasi toza narsadan, xotin
kiyimlari hammasi ipak, boshqa jihozlar ham kino‘larniki qadar boy.
Meyerxo‘ld tiyotrida bu choqqacha parda, dekoratsiya va sahnaoldi fanorlari
bo‘lmas edi. «Tergovchi»da parda devorg‘a aylangan. Ravot darvozalar…
O‘yinlarda «Ot o‘yini» (tsirk) va kino‘ning ko‘b ta’siri bo‘lg‘an bu tiyotr, gapning
qisqasi, tevarak-atrofni eng ko‘b mashg‘ul qilayotkan bir san’at muassasasidir. Bu
to‘g‘rida bir emas, ko‘b, ko‘b martaba so‘z qilishg‘a to‘g‘ri kelar – hozir so‘zni tamom
qilmasdan burun Meyerxo‘ld tiyotrining bizga ta’siridan ikki og‘iz so‘zlab o‘tay.
Bu tiyotrning soddaligi biz uchun kerak, ko‘bchilikka yaqin kelishi yana biz uchun
lozim. Bizning xalq tiyotrlari unsurlaridan ba’zilari bu tiyotrda bor. Shu uchun bizning
411
yangi tiyotrimiz ham bundan qochib qutulolmaydi va qochmoqchi ham emas, albatta.
Balki Maskov dram istudiyasi bu yo‘lda birinchi qadamni qo‘ydi: o‘tkan yil Maskov
istudiyasida meyerxo‘ldchilardan o‘rtoq Sverdlinning ta’limi bilan «Qorovul uyqusi»
degan bir so‘zsiz o‘yin* tayyorlang‘an edi. Endi bu yil esa «Pul undirish»* degan bir
kulgi asar tayyorlanib turadir.
«Zarafshon» gazetasining 1927 yil 4 yanvar sonida «Cho‘lpon» imzosi bilan
bosilgan.
«Adabiyot nadir» maqolalar to‘plamida qayta chop etilgan.
«Zarafshon» gazetasi asosida nashrga tayyorlandi.
Meyerxo‘ld teatri (102-bet). «Er yuzi» jurnalining 1927 yil 13 fevral sonida
«Cho‘lpon» imzosi bilan e’lon qilingan. «San’at» jurnalining 1991 yil 10-sonida (nashrga
tayyorlovchi Sirojiddin Ahmad) va «Adabiyot nadir» to‘plamida qayta nashr etilgan.
«Er yuzi» jurnali asosida nashrga tayyorlandi.
Klara Setkin (1857 – 1933) – Germaniya kompartiyasining asoschilaridan biri.
Lozovskiy (taxallusi, haqiqiy ism-sharifi Solomon Abramovich Dridzo) (1878 –
1952) – sovet davlati arboblaridan biri, tarix fanlari doktori.
Slavinskiy, Dumbol, Unshlixt – 20-yillardagi yirik siyosiy arboblar.
Kun Bela (1886 – 1939) – xalqaro kommunistik xarakat aboblaridan biri, venger.
Budyonniy Semyon Mixaylovich (1883 – 1973) – sovet sarkardasi, Sovet Ittifoqi
marshali, fuqarolar urushi qahramonlaridan biri.
Semashko Nikolay Aleksandrovich (1874 – 1919) – sovet davlat va partiya
arboblaridan, sovet sog‘liqni saqlash tizimining tashkilotchilaridan biri.
«Tong qizilliklari» – E.Verxarn asari.
«Misteriya-Buff» – V.Mayakovskiy asari.
«Yoshlar soyuzi» – G.Ibsen asari.
«Balchiqoli» – belgiyalik.
Verxarn Emil (1855 – 1916) – belgiyalik shoir va dramaturg.
412
Muosir (arab.) – asrdosh, zamondosh.
Norvajli – norvegiyalik.
Ibsen Genrik (1828 – 1906) – norvegiyalik dramaturg.
«Nezlobin teatri» – 1909 yili K.N.Nezlobin tashkil qilgan teatr. Keyinroq bu teatr
Meyerxold teatriga qo‘shib yuborilgan.
«Velikodushnыy rogonosets» – belgiyalik dramaturg F.Krommelink (1888 – 1970)
asari. 1921 yili yozilgan.
«GITIS teatri» – «Davlat teatr san’ati bilim yurti» (Cho‘lpon izohi).
«Muallim Bubus» – rus dramaturgi A.M.Fayko (1893 – 1978) asari.
«D.E.» – Podgayetskiy asari.
«Er qo‘pdi» («Zemlya dыbom») – Martineov va Tretyakov asari.
«Yur, Xitoy» –Tretyakovning «Hayqir, Xitoy» asari nazarda tutilgan.
Qadimgi Ostrovskiy – dramaturg A.N.Ostrovskiy (1823 – 1886) nazarda tutilgan.
Uning
«O‘rmon» dramasi 1871 yili yozilgan.
«So‘zsiz o‘yin» – pantomima.
Muassir – ta’sir etuvchi.
Tafarruj – sayr-tomosha, ko‘ngil ochish.
Ma’ruf Rasuliy (1900 – 1937) – samarqandlik ma’rifatparvar va jamoat arbobi.
Do'stlaringiz bilan baham: |