O‘rganish obyektining hajmiga ko‘ra ikki turga bo‘linadi:
1. Umumiy leksikologiya dunyodagi barcha tillarning lug‘at trkibini tekshiradi.
2. Xususiy leksikologiya ma’lum bir tilning lug‘at tarkibini o‘rganadi va lug‘at tarkibini qay holatda o‘rganishiga qarab ikki turga bo‘linadi:
1) tavsifiy leksikologiya ma’lum bir tilning lug‘at tarkibini statik (turg‘un) holatda, ya’ni uning tarixiy taraqqiyoti bilan bog‘lanmagan holatda o‘rganadi. Bu yana sinxronik (yun. sin – “birga”, chronos – “vaqt” degani) leksikologiya deb ham ataladi.
2) tarixiy leksikologiya ma’lum bir tilning lug‘at tarkibini dinamik (harakatli) holatda, ya’ni uning tarixiy taraqqiyoti bilan bog‘langan holatda o‘rganadi. Bu esa diaxronik (yun. dia– “orqali”, chronos – “vaqt” degani) leksikologiya deb ham ataladi46.
Leksikologiya quyidagi vazifalarni bajaradi:
1. Tilning lug‘at tarkibini ma’no jihatidan tavsiflaydi.
2. Lug‘at tarkibidagi so‘zlarni kelib chiqishi jihatidan tavsiflaydi.
3. Tilning lug‘at tarkibini ijtimoiy guruhlar qo‘llashi jihatidan tavsiflaydi.
4. Tilning lug‘at tarkibini faolligi yoki nofaolligi jihatidan tavsiflaydi.
5. Tilning lug‘at tarkibini hissiy-ta’siriy bo‘yoqdorligi jihatidan tavsiflaydi.
6. Tilning lug‘at tarkibidagi ajralmas birikmalar – frazeologik birikmalarni ma’no va tarkib jihatdan tavsiflaydi.
Quyida ana shu vazifalarni batafsil ko‘rib chiqamiz.
So‘z va leksema munosabati
Tilshunoslikda so‘zning markaziy birlik ekanligi haqida yuqorida aytib o‘tgan edik. Bunda muayyan tilning lug‘at tarkibiga kiruvchi barcha so`zlar nazarda tutiladi. Lug‘at tarkibidagi so‘zlarni ikkita katta guruhga bo‘lish mumkin:
1. Atash xususiyatiga ega bo‘lgan so‘zlar. Bular, shaxs (odam, bola), narsa (kitob, daftar), belgi (yaxshi, go‘zal), miqdor (olti, yettinchi), holat (tez, oson), payt (hozir, bugun), harakat (yurmoq, yozmoq), ishora (bu, shu) kabi tushunchalarga nom bo‘lib keladi.
2. Atash xususiyatiga ega bo‘lmagan so‘zlar. Bular so‘zlarni bir-biriga bog‘laydigan (va, uchun), so‘zlarga qo‘shimcha ma’no kiritadigan (faqat, xuddi), tovush va harakatlarga taqlid bildiradigan (gurs, jimir-jimir), inson his-tuyg‘ularini aks ettiradigan (oh, voy), aytilgan fikrga munosabat bildiradigan (shekilli, menimcha) kabi so‘zlardir.
Ma’no jihatidan birinchi guruhga mansub so‘zlar lug‘aviy birlik hisoblanadi va leksikologiya bo‘limida o‘rganiladi, ikkinchi guruh so‘zlar esa grammatik so‘zlar hisoblanadi va ular faqat grammatika bo‘limida o‘rganiladi.
Ilmiiy adabiyotlarda atash xususiyatiga ega bo`lgan so`zlar leksema termini bilan atalmoqda. “O`zbek tili system leksikologiyasi asoslari” nomli o`quv qo`llanmada leksemaga quyidagicha ta’rif beriladi: “Jamiyat a’zolari uchun tayyor, umumiy, majburiy bo`lgan, shakl va mazmunning barqaror birikuvidan tashkil topgan, voqelikdagi narsa, belgi, xususiyat va munosabatlarni shakllantiruvchi, nutq va lug`atda grammatik morfemalarni o`ziga biriktira oladigan morfema turi leksemadir”.47
Leksema va so`zning o`zaro munosabati fonema bilan tovush o`rtasidagi munosabatga o`xshaydi, ya’ni leksema til birligi hisoblansa, so`z nutq birligidir. Boshqacha aytganda, so`z leksemaning nutqda voqelashgan shaklidir. Masalan: Bolalar keldi gapini olaylik. Bu gapda bola- (kichik yoshdagi odam) va kel- (harakat)48 birliklari leksema hisoblansa, bolalar va keldi qismlari so`z hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |