Xullas, tasavvur materialni bunyod etadi, hissiyot uni harakatga soladi, aql esa boshqarish va nazorat qilish vazifasini o‘taydi...
OBRAZ YARATISH YO’LLARI VA TURLARI
Tayanch tushunchalar
Obraz yaratishning jamlash va prototip yo‘llari. Realistik obraz. Romantik obraz. Epik obraz. Lirik obraz. Dramatik obraz. Xayoliy — fantastik obraz. Afsonaviy obraz. Mifologik obraz. Majoziy obraz. Kinoyaviy obraz. Satirik obraz. Yumoristik obraz. Ijobiy obraz. Salbiy obraz. Tarixiy obraz. Zamonaviy obraz. Bosh obraz. Yordamchi obraz. Personaj. Qahramon.
Adabiyotshunoslik ilmining kuzatishlariga ko‘ra obraz yaratishning ikki yo’li mavjud:
1. Jamlash yo’li bilan obraz yaratish. Bu haqda N. G. Chernishevskiy „San’atning voqelikka estetik munosabatlari“ asarida shunday yozadi: yozuvchi „ko‘pgina individual shaxslarni kuzatadi; bularning hech qaysisi tip bo‘lib xizmat qila olmaydi; lekin u har biridan umumiy tipik xususiyatlarni aniqlaydi; barcha tasodifiy xislatlarni chiqarib tashlab, har xil kishilarga xos bo’lgan xususiyatlarni badiiy bir butunlikka birlashtirish yo’li bilan xarakter yaratadi“24.
Yozuvchi hayotda ko‘rgan, bilgan kishilarining xarakterli xislatlarini miya sandig’iga joylab qo‘yaveradi. Tug’ilgan g‘oyaga muvofiq tasavvuri ishga tushadi — hayotni badiiy qayta ishlaydi. Tasavvur qalbini, ongini uyg‘otadi va unda joylashgan materiallardan, xislatlardan, detallardan keragini tanlab oladi va ularni faollik bilan yakka shaxsda birlashtiradiki, undan tasvirlanishga mo’ljallangan obraz qismati reallashadi. Otabek va Kumush (,,O‘tgan kunlar“), Qobil bobo ( „O‘g‘ri“), Turobjon („Anor“) kabi ko‘plab obrazlar ana shu yo‘nalishning mahsulidir.
2. Prototip asosida badiiy obraz yaratish. Prototip (yunoncha „protos“ — ilk, dastlabki; „tupos“ — nuqta, nishona) badiiy obraz uchun asos, nuqta bo’ladi. Yozuvchi hayotda mavjud bo’lgan tarixiy yoki zamondosh shaxsga tayanib obraz yaratar ekan, albatta, yuqorida ta’kidlangan barcha unsurlardan foydalanadi. „Agar badiiy obrazni jonli organizm deb faraz qilinadigan bo’lsa, prototip shu organizmning skeleti, badiiy to‘qima — uning eti, estetik ideal esa qoni-joni. Tirik organizmning etini skeletidan, skeletini qoni-jonidan ajratib bo’lmaganidek, badiiy obraz „organizmi“dagi prototipni badiiy to‘qimadan, badiiy to‘qimani estetik idealdan uzib olib bo’lmaydi. Ular bir-birlariga payvandlashib, qo‘shilib-chatishib ketadi“ (T. Boboyev). „Zaynab va Omon“dagi Zaynab, ,,O‘tgan kunlar“dagi Musulmonqul cho’loq, „Navoiy“ romanidagi Alisher Navoiy, „Yulduzli tunlar“dagi Bobur kabi qator obrazlar ana shu yo‘nalishning ixtirolaridir.
Jamlash va prototip asosida yaratilgan obrazlarning jamini adabiyotshunoslik fani shartli ravishda turlarga bo’lib o‘rganadi. „Odamlar daryodek gap: hammasining suvi bir xil, hamma joyda o‘sha suv, lekin daryo goh keng bo’ladi, goh tor, goh tez oqadi, goh sekin, suvi goh tiniq bo’ladi, goh loyqa, goh sovuq, goh iliq bo’ladi. Odamlar ham shunday...“ (L. Tolstoy) Shu sabab badiiy obrazlar rang-barang, turfa xildir.
Ijodiy metod taqozosiga ko‘ra obrazlar romantik va realistik bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |