Adabiy tur va janrlar, uslub va tasviriy vositalarga ko‘ra obrazlar quyidagicha bo’linadi:
1. Epik obrazlarda hayot voqea-hodisalari keng va atroflicha tasvirlanadi. Voqeabandlik, obyektiv tasvir ustunlik qiladi. Epik turlarning hamma janrlarida yaratilgan obrazlar epiklik xislatlariga ega bo’ladi. Mirzo Ulug‘bek, Qalandar, Ali Qushchi („Ulug‘bek xazinasi“), Alpomish, Barchin („Alpomish“), Qobil bobo („O‘g‘ri“), Sotiboldi („Bemor“) kabilar shular jumlasidandir.
2. Lirik obrazda voqelik inson kechinmalari (tuyg‘ulari, hislari, o‘ylari) orqali ifodasini topadi. Lirik turning janrlaridagi (she’r, g‘azal, qasida, ruboiy, qo‘shiq, ashula, yor-yor, alla va sh. k.) qahramon (oshiq, yor, raqib) obrazlari lirik obrazlar jumlasidandir.
3. Dramatik obrazda voqelik harakat orqali sahnada voqe bo’ladi. Tragediya, komediya, drama, libretto, miniatura kabi janrlarda yaratilgan obrazlar (Qo‘chqor, Alomat, Olimjon, Qumri, Sharofat, Saltanat, Suvon — „Temir xotin“) — dramatik obrazlar deb yuritiladi.
4. Xayoliy-fantastik obrazlar haddan tashqari bo‘rttirilgan, ilohiylashtirilgan, mo‘jizaviy xarakterga ega bo’lgan qiyofalardir. Xalq og‘zaki ijodi (doston, ertak) dagi uchar gilam, ur to‘qmoq, dev, ajina, jin obrazlari va fantastik janrdagi (Hojiakbar Islom Shayxning „Tutash olamlar“ mistik-fantastik romanidagi) Nazira, Nargiza, Nafisa, G‘avsul A’zam, hazrat Shayxontohur, Iblis obrazlari kishilarning tasavvurlarini kengaytiradigan, ruhiyat dunyo sirlari bilan oshna etadigan timsollardir.
5. Afsonaviy obrazlar butunlay xayolning mevasidir, ular bitmas-tuganmas qudratga, yuksak fazilatlarga, mo‘jizaga ega bo’ladilar. Alpomish („Alpomish“), Go‘ro‘g’li („Chambil qamali“), Avazxon („Malikai ayor“), Ram („Ramayana“), Yudhishthira, Bhimasena, Arjun („Mahabhorat“)lar ana shunday qahramonlardir.
6. Mifologik obrazlar afsona asosida yaratilgan asotiriy qahramonlar (Antey, Prometey, Kayumars, Jamshid kabilar)dir.
„Mifologiyaga ko‘ra, Gaya Martan (Kayumars) yer yuzida paydo bo’lgan birinchi odam bo’lib, Axura Mazda (Xurmuz) tomonidan yaratilgan va ikki vujuddan: ho‘kizdan va odamdan tashkil topgan ekan. Insoniyatning ashaddiy dushmani bo’lgan Axriman Kayumarsni o’ldiradi. Kayumars jasadining ho‘kiz qismidan 55 xil don, 12 xil o‘simlik, sigir va ho‘kiz, ulardan esa 272 xil foydali hayvonlar paydo bo’ladi; odam qismidan insonning erkak va ayol jinsi hamda metall vujudga keladi“.25
7. Majoziy (simvolik) obrazlar predmetlar, o‘simliklar, jonivorlar, ranglar orqali ijtimoiy hodisalarni umumlashtirib ifodalash demakdir. Majoziy obrazlarda ifodalangan tasvirdan bevosita insonlarning munosabatini, ruhiy olamini anglaymiz.
Sahroni yosh to‘kib ko’l qilgan hutman,
Bir lahza behudman, bir lahza hudman.
Allohim, rahm et, uvol ketmayin —
Yigirma uch yilda g‘arq pishgan tutman.
(Nodir Jonuzoq, „Chilla“)
Keltirilgan to‘rtlikda lirik qahramon (shoir) o‘zini majozan „hutga“ va „g‘arq pishgan tutga“ o‘xshatmoqda. „Hut“ — shamsiya yil hisobidagi o‘n ikkinchisi (21- fevraldan — 21- martgacha), yomg’ir mo’l yog‘adigan oyning obrazi bo’lsa, „g‘arq pishgan tut“— yigirma uch yoshlik yetilgan yigitning ramzidir. Yigitlik davrida goh yaxshi, goh yomon (goh o‘ziga kelib, goh behush) umrguzaronlik qilar ekan, u Allohdan rahmdillikni so‘raydi, uvol ketmaslikni iltijo qiladi.
8. Kinoyaviy (allegorik) obrazlarda hayvonlar, hasharotlar, turli jonivorlar insoniylashtiriladi, ayrim odamlarning fe’l-atvoridagi kamchilik, illatlar achchiq kulgu, yengil hazil bilan fosh qilinadi. O‘git va nasihatlar beriladi. „Zarbulmasal“ (Gulxaniy)dagi Toshbaqa, Chayon, Maymun, Tuya, Bo‘taloq kabilar allegorik obrazlarning yorqin misoli bo’la oladi.
Quyidagi poetik asardagi sichqonlar ( O‘tkir Rashid, „Qo‘ng‘iroq“) ham kinoyaviy obrazlarning barcha xususiyatlarini o‘zida jamlaydi:
Sichqonlar yig‘ilishdi qoldirmayin iz,
Mushukvoydan yashirinib qildilar majlis.
Rais dedi: —Majlisda masala bitta,
Qolmadi hech andisha mushuk surbetda.
Qutulish chorasin o‘ylab ko‘raylik,
Dunyoda u tursin, yo biz turaylik.
Qani, o‘ylab topaylik bir chora,
Qachongacha yem bo’lar sichqon bechora...
Birisi unday dedi, birisi bunday,
Biror tadbir topolmay bosh qotdi xumday.
Sherday mag‘rur kerilib turgan bir sichqon,
Mushukvoyga go‘yo u qo‘ygandek qopqon,
Dedi: — Mushuk chorasin men o‘ylab topdim,
Aql farosat kerak bunday ishga, hmm..
Tadbir shu: kirib borib mushuk qo‘yniga,
Ilmoq kerak qo‘ng‘iroq uning bo‘yniga.
Qo‘ng‘iroq ovozidan bilib olamiz,
Mushukvoy kelguncha qochib qolamiz.
Bu tadbirni ma’qullab, chalishdi chapak,
Pastdan bir ovoz chiqdi: — To‘xtanglar andak.
Qani ayting! Bu ishni kim qila oladi?
Mushukka qo‘ng‘iroqni xo‘sh, kim iladi?
Rais dedi: — Bu to‘g‘ri, kim iladi, kim?
Biror ovoz chiqmadi, suv sepganday jim.
Taklif qilgan „ sher“ dedi: — Tag‘in bilmayman,
Bu taklif, shaxsan men o‘zim ilmayman.
* * *
Shundaylar bor maslahat berishga usta,
Amaliy ish kelsa, „yuragi xasta“.
9. Satirik obrazlarda hayotdagi qusurlar ustidan zaharxanda kulgu, sarkazm, masxaralash usuli yetakchilik qiladi. Qahramonlardagi tashqi jihatdan ko‘zga ko‘rinmaydigan, lekin ichki jihatdan yaramas, arzimas odatlar fosh etiladi. Kulgu qanchalik fosh etsa, uning mohiyati shunchalik ochiladi — qusur va yaramasliklar o’limga mahkum etiladi. Mulla Dilkash („Hiylayi shar’iy“, G‘. G‘ulom), Kalvak mahzum („Kalvak mahzumning xotira daftaridan“, A. Qodiriy), Qori Ishkamba („Sudxo‘rning o’limi“, S. Ayniy) kabi obrazlar faoliyati achchiq kulgu ila fosh etiladi. „Malaydursan...“da yaratilgan ig‘vogarlarning satirik obraziga (O‘zAS, 27-noyabr, 1998) diqqat qilaylik:
Alayhi la’na iblisga sadoqatli malaydursan,
Qayon yaxshi odam borki, go‘riga g’isht qalaydursan.
Ko‘rinsa bir ayol xushro‘y, yo‘tal tutgay seni birdan,
Baroq qosh ostidan qiyg’ir ko‘zing-la parmalaydursan.
Bale, fisq-u fasod „ ilmi“ aro senga taraf yo‘qdir,
Jame’i rasvo hunarni sen bilursan, uddalaydursan!
Agar afting esa qiyshiq — nachora, oynada ne ayb,
Nechun ahli zamondan, ham zamondan o‘pkalaydursan?
Necha boshga balo bo’lding, baloyi tim qaro bo’lding,
Tuzalmas bir yaro bo’lding, qish-u yoz maddalaydursan.
Odamsan, zohiran, lek benasibsan odamiylikdan,
Ya’nikim, shunchaki maxluq erursan, o‘rmalaydursan...
10. Yumoristik obrazlarda hayotdagi ayrim nuqsonlar yengil, quvnoq kulgu ostiga olinadi va ularni tuzatishga chorlaydi. Mullado‘st („Maysaraning ishi“, H. H. Niyoziy), Hamrobuvi, Xolnisa („Shohi so‘zana“, A. Qahhor), Toshbolta („Toshbolta oshiq“, G‘. G‘ulom) kabilar yumoristik obrazlarning jonli namunalaridir. Asqad Muxtorning „Afsona“ she’rini o‘qisangiz, yumoristik obrazlarga xos yoqimli kulguning jonli shohidi bo’lasiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |