Adabiyot tarix va zamona materialiga murojaat qilishiga ko‘ra quyidagi obrazlarni vujudga keltiradi:
1. Yozuvchi „tarix orqali zamonaning ichiga kirsa“ (A. Tolstoy), tarixda bo’lib o‘tgan voqelikni obrazlarda gavdalantirsa, ular tarixiy shaxslar obrazi deb yuritiladi. Hamid Olimjonninng „Zaynab va Omon“idagi Zaynab, Oybekning „Navoiy“ romanidagi Navoiy, P. Qodirovning „Avlodlar dovoni“dagi Akbar real tarixiy shaxslar obrazidir.
2. Yozuvchi bugungi jamiyatning taraqqiyoti uchun zarur bo’lgan yangi g‘oyalarni ifoda etsa, bu g‘oyalarni zamondosh, „tanish bo’lgan notanish“ xarakterlarda gavdalantirsa, bu zamonaviy obraz yoki zamondosh obraz deb yuritiladi. Mustaqillik mafkurasini qalbiga ko‘chirgan, Istiqlol mohiyatini o‘zida jam qilgan, el-yurt ravnaqi uchun kuyib, yonib yashayotgan, O‘zbekistonning buyuk davlat bo‘lishiga asos va kuch berayotgan tadbirkor, mulkdor zamondoshlarimiz obrazi bunday obrazlarning yaqqol timsolidir.
Ulug‘bek Hamdamning „Muvozanat“ romanidagi Yusuf, Said, Mirazim, Amir, „Isyon va itoat“ romanidagi Akbar, Tursunboy jontalash, Iskandar, „Sabo va Samandar“ romanidagi Sabo, Samandar obrazlari zamondoshlarimizning timsollaridir.
Adabiyotshunoslikda obrazlarning yana boshqacha turlari ham mavjud: o‘zgaruvchan obrazlar (Yormat, „Qutlug‘ qon“), murakkab obrazlar (Ortiq, „Qora ko‘zlar“) kabi. Demak, bu sohadagi izlanishlar davom etaveradi.
Badiiy asardagi bir-biri bilan uzviy bog‘liq obrazlar majmuyi — obrazlar tizimi (,,O‘tgan kunlar“dagi Yusufbek hoji, O‘zbekoyim, Otabek, Kumush, Yodgorbek kabi), asardagi ma’lum bir guruhga mansub obrazlar — obrazlar galereyasi (,,O‘tgan kunlar“dagi Homid, Sodiq, Mutal, Jannat kampir kabi) deb yuritiladi.
Badiiy asar qahramonlarini yuqoridagidek turlarga ajratish mumkindir, lekin ular o‘rtasiga Xitoy devorini qo‘yish tamoman noto‘g‘ri. Chunki go‘zal va hayotbaxsh bitta obraz (masalan, Otabek)ni — realistik obraz, epik obraz, bosh obraz, ijobiy obraz, tarixiy obraz deb yuritaverish haqiqatga to‘g‘ri kelaveradi.
Hayotda har qanday yaxshi insonning ham qusurlari, har qanday yomonning ham yaxshi xislatlari borligiga hech kim shubha qilmaydi. Shunday ekan, badiiy asar qahramonlarini faqatgina bir rangda (oq, qora yoki qizil) tasvirlanishi, sun’iy ravishda bir rangning quyuqlashtirilishi mantiqan noto‘g‘ridir.
Jumladan, „Oltin zanglamas“ (Shuhrat)dagi Mirsalim, „Chiniqish“ (Mirmuhsin) dagi Bo‘rixo‘ja, „Senga intilaman“ ( G‘. G‘ulom)dagi Mirhosil obrazlari yozuvchilar tomonidan jamiyatimizda uchrab turuvchi salbiy xususiyatlarning deyarli barchasini o‘zlarida jamlagan shaxslar sifatida tasvirlanadi; obraz aniqligiga putur yetkaziladi. Natijada bu obrazlar o‘zlarining jonli qiyofalarini yo‘qotib, salbiy xususiyatlarning yig‘indisiga aylanib ketadilar. Chunonchi, yigirma yildan buyon jamoa xo‘jaligiga rais bo‘lib kelgan Mirhosil — qo’li egri, qo‘pol, xushomadgo‘y, cho’lni nobud etuvchi, ma’naviy jihatdan buzuq, xotin olib, xotin qo‘yuvchi va hokazo...
Adabiyot — insonshunoslik ekan, adabiy asardagi obrazlar hayotdagi kishilarning fe’l-atvorlariga — xarakterlariga muvofiq kelishi, eng asosiysi, hayotiy bo’lishi talab qilinadi.
Adabiyotshunoslikda „obraz“ tushunchasi bilan ba’zida teng, ba’zida farqli ishlatiladigan „personaj“, „qahramon“ tushunchalari ham bor.
Do'stlaringiz bilan baham: |