Mazmun. Hayot — tabiiy borliq (tabiat), ijtimoiy borliq (jamiyat), insoniy borliq (inson)da mavjud ekan, demak, ana shu shakllarning yashash tarzi va munosabatlari mazmunni tashkil qiladi. Shunga asosan, hayot doimo san’at, adabiyotning asosi va mazmuni bo’lib kelgan. Aniq bir asarda tasvirlangan hayot parchasi — shu asarning mazmuni sanalgan. Jumladan, ,,O‘tgan kunlar“ romanining mazmuni deganda, biz XlX asrning ikkinchi yarmidagi o‘zbek xalqi hayotini tasavvur qilamiz. Otabek, Kumush, Zaynab taqdirlarida sevgi-muhabbatni, kundoshlikning fojiali oqibatini, Homid, Musulmonqul cho’loq, Aziz bachcha, O‘tabboy qushbegi, Xudoyorxon kabilar taqdirida feodal tuzum siyosati va kirdikorlarini, Yusufbek hoji, O‘zbekoyim, Mirzakarim qutidor, Oftoboyimda farzandlarga mehr-oqibatni, orzu-armonlarni va hokazo jonli voqealarning barchasini ko‘z o‘ngimizga keltiramiz.
Badiiy asarda hayot parchasi yozuvchi dunyoqarashi va salohiyatiga muvofiq anglashilgan, baholangan, to’ldirilgan, ta’sirchanlashtirilgan voqelik sifatida tasvirlanadi. Demak, uning mazmunidan muallifning hayotni qanday tushunishini, uni qanday baholayotganini anglash mumkin. Mazmun fikr bilan, to‘g‘rirog‘i yozuvchi g‘oyasi bilan chambarchas bog’lanadi; g‘oyaviy mazmun (bir butun va hal qiluvchi kuch) obrazlar qismati orqali tiriladi. ,,O‘tgan kunlar“dagi XIX asrning ikkinchi yarmi — „tariximizning eng kir, qora kunlari bo’lg‘an keyingi „xon zamonlari“ tarzida Abdulla Qodiriyning bahosini oladi va romandagi Otabek, Yusufbek hoji, O‘zbekoyim, Hasanali, Kumush, Mirzakarim qutidor, Oftoboyim, Zaynab, Homid, usta Olim, Saodat va shu kabi o‘nlab taqdirlar qismatida isbotini topadi. Ana shu g‘oya asosida obrazlarning tartiblashtirilgan, yaxlitlashtirilgan o‘zaro munosabatlaridan sujet yaratiladi, voqealar xarakter mantig‘iga, xarakterlar voqealar mantig‘iga mos harakatlanadi. Bularning barchasiga so‘z jon ato etadi...
Ana shu xususiyatga binoan obraz (xarakter) alohida qudratga ega, ya’ni u g‘oyaviy mazmunga nisbatan shakl va ayni paytda, boshqa unsurlar (kompozitsiya, sujet, so‘z va sh. k.)ga nisbatan mazmun (adabiy asarning bosh vazifasi — xarakter yaratish) hodisasi hamdir. Xarakter bir vaqtning o‘zida ham shakllanadi, ham mazmunlashadi: u mazmun, shaklni jon va jasad kabi yaxlitlashtiradi, bir butunlikda tiriltiradi. Biri birisiz keraksiz matohga aylanadi. Buni V. Belinskiy asosli ta’kidlagan: „Mazmunni ifodalovchi shakl bir-biri bilan shunday bog’liqki, shaklni mazmundan ajratish — mazmunni yo‘q qilish, mazmunni shakldan ajratish — demak, shaklni vayron qilishdir“42.
Shakl. Bu qonuniyatga tayansak, shakl — badiiy asarning qobig’i, go‘zal va betakror „libosi“dir. Shu nuqtayi nazardan ,,O‘tgan kunlar“ga yondashsak, XIX asming ikkinchi yarmi „tariximizning eng kir, eng qora“ kunlari „g‘oyaviy mazmuni“ni yuzaga chiqaruvchi barcha vositalar (obrazlar tizimi, kompozitsiya, sujet, konflikt, mavzu, badiiy nutq, janr, uslub va h.) romanning badiiy shakli sanaladi.
Shuni doimo yodda tutish lozim: mazmunga nisbatan shakl ikkilamchidir, mazmundan kelib chiquvchidir, ayni paytda, judayam faoldir. Faolligi shundaki, u o‘zida voqelik mohiyatini kashf etgan mazmunni go‘zallashtiradi, tiniq va betakrorligi bilan maftunkor qiladi, yoniqligi, ohanraboligi bilan zavq-u shavqqa ko‘madi.
Ana shunday vobastalik hayotni chuqur tahlil qilishni, uning mohiyatini ifodalashni, ifodalaganda ham kuyib va yonib, yoqlab va rad etib, quvonib va g‘amga botib (qo‘yingki, mazmun talabiga, hattoki mazmun ohangiga mos tarzda), boyitib va mubolag‘ali qilib tasvirlashi lozim, shundagina haqiqiy badiiy asar tug’iladi.
Shodlik va baxt kuychisi H. Olimjonning „Xayolimda bo’lding uzun kun...“ she’rida poetik kashfiyotni ko‘ramiz, uning mutanosibligidan, qalb torlarini sehrli tebratishidan hayajonga tushamiz, „hiylagar oy, sehrgar dilbar kimnidir yodimizga solib qo‘yganidan“ huzur va soginch tuyamiz:
Xayolimda bo’lding uzun kun,
Seni izlab qirg‘oqqa bordim.
Och to’lqinlar pishqirgan tunda,
Topib ber, deb oyga yolvordim.
Ishon bunga, seni doimo
Esga solur chiroyli tunlar,
Sho‘x yulduzlar, salqin saharlar,
Esga solur baxtiyor kunlar.
Toleyimning oshinosi sen,
Sen sevgimning ko‘kargan bog‘i.
Sening bilan birga iqbolim,
Ishonchimning sen vafo tog‘i.
Meni qurshar salqin bir havo,
Suv ustidan tun quyuladi.
Shunda qancha-qancha gaplarni
Esga solib oy ham to’ladi.
Kecha jimjit, yolg’iz to’lqinlar,
Pishqiradi bilmay tinimni.
Hiylagar oy, sehrgar dilbar,
Solib qo‘yding yodimga kimni?..43
Ushbu she’rning shaklini yuzaga chiqaruvchi vositalar she’rning ritmi, turoqlanishi, vazni, qofiyalanish tartibi, ohangi, poetik sintaksisi, fonetikasi, badiiy-tasviriy vositalarning barchasi birvarakayiga lirik qahramonning sevgilisiga bo’lgan muhabbatini, bu muhabbat uyg‘otgan sog’inchni ochib berishga xizmat qiladilar. Mazmun va shakldagi ana shunday yaxlitlik poetik asarni jo‘shqin, ta’sirchan qilgan. Mazmun sayoz bo’lganda-chi? Shakl yasama bo’lmaydimi? Shu nuqtayi nazardan hozirgi jarayonga bir nazar tashlaylik.
San’at — serzavq go‘zallik, o‘ta nafislik, to‘kis uyg‘unlik, huzurbaxsh oromijonlik xislatlari —mazmun va shaklning yaxlitligi bilan maftun etadi, ezgulikka yetaklaydi, ayniqsa, ishqni kuylaganda ko‘ngilga olov tashlaydi: musiqa, so‘z va ovoz bir-birlarining taniga, yo‘q, yo‘q, jon-jonlariga singishib ketganda, uchalasidan yorqin, jonbaxsh bir olam yaralganda oh deysan, yoqangni yirtasan, ko‘z yoshi to‘kasan, joning o‘rtanadi, qalbingda har qanday tuyg‘ung yonadi va shu olovda pishib, toblanib, yangilanib ezgulik ruhini socha boshlaydi:
Umr o‘tar, vaqt o‘tar,
Xonlar o‘tar, taxt o‘tar.
Omad o‘tar, baxt o‘tar,
Lekin hech chiqmas yodimdan
Sening yurishlaring, sening kulishlaring...
(O. Matchon)
Bu oshiq — sadoqat timsoli, ishqning jahoni; u yori uchun shunchalik kuyib-yonadiki, Sizning aqlingizni eritib yubora oladi, qalbingizga g‘ulg‘ula solib, uni junbishga keltirib qaynatadi, har qanday g‘ubordan ozod etadi.
Ana shunday haqiqiy oshiqqa sal-pal o‘xshashga intilayotgan, klipdan ayyorona (o‘zini ko‘z-ko‘z qilishda) foydalanayotgan, o‘zini bo’lar-bo’lmasga dam choptirayotgan, dam dumalatayotgan, dam cho‘ziltirayotgan, dam yig’latayotgan, dam kuldirayotgan... „Zohiri sadoqat bilan burkangan, ichi esa fisq-u fasod bilan bulg‘angan“ ba’zi qalbaki oshiqlarning bugungi „Oh-u zoriga“ nima deyishni bilmaysan?
Bu oshiqlar, Alisher Navoiy bobokalonimiz „Hayrat ul-abror“ dostonlarida aytganlaridek, „Yoridan o‘z xohishining ushalishini talab qiladi: gap-so‘zidan esa adabsizligi bilinib turadi. Goh yorining la’li labidan jon tama etadi, bitta jon emas, imkoni bor hamma narsani so‘raydi. Goh u yorning gul hidli badanini, taninigina emas, tanasining har bir a’zosini vasf qiladi. Jimjimador xatlari hazil kitobga o‘xshaydi, uning mazmuni fahsh, yolg‘on va firibdan iborat. Ko‘zbo‘yamachi shishasining usti sof-u lekin zimniga yuz xil makr-u hiylasi, yolg‘on joylashgan. Shu ham oshiq hisoblanadigan bo’lsa, uni o’ldirish, boshdan oyoq vujudini kuydirish kerak“.
Oshiq ani bilki, erur dardnok,
Ham til-u ham ko‘zi-yu ham ko‘ngli pok.
O‘zlugidin ishq ani pok etib,
Balki fano o‘tiga xoshok etib.
„Haqiqiy oshiq deb sen shuni bilki, u dard bilan yashaydi; uning tili ham, dili ham, ko‘zi ham pok bo’ladi, ishq uni o‘z „men“idan pok qilib, hatto fano o‘tiga xashak qilgan bo’ladi“.
Ha, mazmun sayoz bo’lsa, uni shakl umriboqiy qila olmaydi. Voqelik ichidagi haqiqat kashf etilgandagina mazmun o‘z shakl-shamoyili bilan, xuddi farzanddek, birdaniga dunyoga keladi.
Xullas, badiiy asarda mazmun shaklga, shakl mazmunga tabiiy monand bo’ladi, shundagina vobastalik va bir butunlik yuzaga keladi. G archi, shartli ravishda mazmun g‘oyaga, shakl badiiylikka bo‘ysunsa-da, ikkalasi yaxlitlashgandagina (badiiylik g‘oyalashganda, g‘oya badiiylashganda, ya’ni biri-birining ichiga kirganda, biri-birining ichidan chiqqanida) badiiy asar kashf etiladi.
Nazariyotchi alloma Izzat Otaxonovich Sultonov aytganlaridek: „Badiiy asar go‘yo bir jonli tanadir: tana jonsiz yashay olmaganidek, „jon“ ham tanasiz o‘zini namoyon qilolmaydi. Jonli tananing eng kichik hujayrasi ham unda aylanib turgan iliq qon tufayli yashagani kabi kichik qismi ham unga hayot baxsh etib turgan mazmun tufayli yashaydi va shu mazmunning tashqi ifodasi, nishonasi bo’lib xizmat qiladi“.
Mazmun, shakl davr va zamonlar taraqqiyoti bilan, inson, tabiat, jamiyat haqidagi bilimlar o‘sgani sayin ularning talabiga monand o‘zgarib boradi.
Jumladan, talabalik hayoti kechagi o‘quvchini o‘zgartiradi; yangi va chuqurlashtirilgan bilimlar uning ongi, tushunchasini boyitadi. Shahar hayoti uning ma’naviyatiga, madaniyatiga ta’sir qiladi; uning tashqi ko‘rinishi ham (kiyinishi, soch turmaklashi va hokazo) o‘zgaradi. Mazmun tashqi ko‘rinishga ta’sir ko‘rsatganidek, shakl mazmunni chuqurlashtirishga olib keladi.
Ma’lumki, Pirimqul Qodirovning „Yulduzli tunlar“ romani 1972- yilda yozib tamomlangan va 1979-yilda bosilib chiqqan edi. Oradan 20 yildan ortiq vaqt o‘tdi. Shu davr ichida Bobur istiqlol tufayli qaytadan kashf qilindi, Zokirjon Mashrabov boshliq Bobur ekspeditsiyasi jahonni kezib, yangi-yangi tarixiy hujjatlarni kashf etdi. Ana shu haqiqatlar yozuvchi tomonidan dilda pishitilgandan so‘ng, „Yulduzli tunlar“ning sujet chiziqlariga uzviy bog’landi, „Amir Temur va Bobur Mirzo orasidagi vorisiylikka, irsiy va ijodiy yaqinlikka bag’ishlangan boblar va lavhalar“44 romanga kiritildi va u mukammal asarga aylandi. 1999- yilda „Yulduzli tunlar. Bobur“ nomi bilan nashr etildi.
,,O‘rni kelganda yosh shoir ukalarimga bir gapni aytib o‘tay, zinhor bitta she’rni bir o‘tirishda yozdim deb maqtanib yurmang, she’r, ya’ni so‘z ayrim unli va undoshlariga qadar tinimsiz sayqal topgandagina va ayni chog‘da, birinchi yozilishdagi ruhiy quvvat va sehrini yo‘qotmagan taqdirdagina mukammal asarga aylanishi mumkin“,— deydi Abdulla Oripov.
Demak, yozuvchi-san’atkor bir necha bor asar qo’lyozmalari ustida ishlar ekan, uning tuzatishlari faqatgina til va uslubga doir bo’lmaydi, balki har gal „birinchi yozilishdagi ruhiy quvvat va sehrining“— mazmunining bekam-u ko‘st bo’lishi ustida ishlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |