IKKINCHI BO‘LIM
UCHINCHI BOB
ASAR - BETAKROR OLAM
MAZMUN VA SHAKL
Tayanch tushunchalar
Badiiy asar — yaxlit olam. Mazmun — asarda aks etgan badiiy parcha. Shakl — mazmunning „libosi“. Ularning bir-biriga o‘tishi. Mazmun va shakl — bir butun hodisa.
Badiiy ijodni, ko‘pincha, farzandning dunyoga kelishi jarayoniga o‘xshatishadi. Buning asosi bor. Obrazning ham oy-kuni, vaqt-soati yetiladi va oxiri tug‘iladi.
Shuning uchun ham Mirmuhsin „Yozuvchining hamma asari ham farzandidek aziz... Shaxsan men uchun „Degrez o ‘g‘li“ ... hayotimning yaxlit bir bo‘lagi“39, — deb yozadi. S. Ahmad „Mening jiddiy hikoya yozishim xuddi ayol kishining ko‘z yorishidek azobli bo’ladi“40,—deb ta’kidlaydi va ikkinchi bir o‘rinda „Oykuni yaqin ayolni ikki yo’l o‘rtasida turibdi, deyishadi. Ayol yo bola tug‘adi, yo halok bo’ladi... Yozuvchi ham xuddi shu onaga o‘xshaydi“41, — deya o‘z „daxlsiz“ dunyosi bilan tanishtiradi.
Aytmoqchimizki, obraz san’atkorning ongi va qalbida tug’ilgan bo’lsa ham, adabiy asar sahifasiga qadam qo‘yar ekan, u mustaqillik kasb etadi, „o‘zgacha“ yashash huquqini qo’lga kiritadi. U yozuvchi xayoli, tasavvuri, tajribasi, xotirasi, iste’dodining mevasi va ayni paytda, yozuvchiga o‘xshamaydigan, uning hayot yo’lini takrorlamaydigan obyektiv „o‘zgacha“ dunyoning, „o‘zgacha“ qalbning jonli egasidir.
Xuddi shunday olamlarning o‘zaro munosabatlari tasviridan — hayotning yaxlit, bir butun manzarasi gavdalanadi — badiiy asar dunyoga keladi. Badiiy asar va undagi qahramonlar barkamolligi bilan birdaniga ishga kirishadi: kuchli hayajon va zavq uyg‘otish orqali kitobxonning fe’l-atvorini, dunyoqarashini, xatti-harakatini — ruhiy va tashqi olamini boyitadi, poklaydi va ezgulikka, insoniylikka yetaklaydi. Ushbu jarayonning mohiyatini to’liqroq anglashning zarurati shundaki, u badiiylik unsurlarining barchasini yanada aniqlashtiradi, oydinlashtiradi, yaqqol bilishga va amaliyotda asosliroq foydalanishga imkoniyat yaratadi. Darhaqiqat, badiiylikni vujudga keltiruvchi mavzu va g‘oya, obraz va xarakter, sujet va kompozitsiya, badiiy til va uslub, tur va janrlar kabi vositalar har bir asarda betakror tarzda uyg‘unlashadilar va har safar ham jonli bir vujudni dunyoga keltiradilar. Shu mulohazalarga asoslanib, badiiy asarni qismlarga bo’lib tekshirishga o‘tamiz.
Bularning birinchisi — mazmun va shakl hodisasidir, chunki har qanday predmet, hodisa, narsa — o‘zining mazmuni va shakli mutanosibligida voqe bo’ladi va mavjudligini, bir butunligini namoyon etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |