BADIIY ASAR KOMPOZITSIYASI
Tayanch tushunchalar
Kompozitsiya atamasi. Uning vazifasi. Kompozitsion markaz. Muvofiqlik. Me’yor. Asar sarlavhasi. Epigraf lirik chekinish, qistirma epizod, badiiy qoliplash, asar annotatsiyasi. Sujet va kompozitsiya aloqasi.
Kompozitsiya (lot. „Compositio“ — tarkib, qurilish, tuzilish) deganda, tasvirlanayotgan birliklarning va nutq vositalarining badiiy asar matnidagi o‘zaro bog’liqligi va joylashish tartibi tushuniladi. U personajlarni joylashtirishni, sujet epizod (grekcha „epesodion“ — begona, aloqasiz)larini taqqoslashni, voqea haqidagi tartibli xabarni tasvirlash usullarining o‘zgarishini, tasvirlanayotgan detallar va ifoda-tasvir vositalarining muvofiqligini, asarning qism, bob, bo’lim, band, parda ko‘rinishlarini o‘zida jamlaydi.
„Kompozitsiya — badiiy asarni tashkil etuvchi va intizomga bo‘ysundiruvchi kuch. Uning vazifasi biron-bir narsaning chetga chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, ayni chog‘da, uning bir butunlikka birikishini nazorat qilishdir... Uning maqsadi barcha bo’laklar (parchalar)ni shunday joylashtirishki, ular alal-oqibat asar g‘oyasini to’liq ifodalashga qodir bo‘lsinlar“' .
Bu fikrlardan ko‘rinib turibdiki, asar g‘oyasini ochishga xizmat qilmaydigan bironta obraz, bironta ko‘rinish, bironta xatti-harakat, bironta so‘z bo‘lmasligini badiiy kompozitsiya nazorat qiladi va shu xislati bilan go‘zallikda yagona bo‘lgan olamning — badiiy asarning yuzaga kelishiga sababchi bo‘ladi.
Har qanday asardagi bosh g‘oya (masalan, ,,O‘tgan kunlar“ning bosh g‘oyasi XIX asrning ikkinchi yarmidagi hayot tariximizning eng kir, qora kunlaridir) kompozitsiyaning markazi sanaladi. Ana shu markazga asardagi hamma unsurlar (boblar, obrazlar, detallar, vositalar, so‘zlar...) bo‘ysunadi va uning talabiga ko‘ra asar to‘qimasidan o‘z o‘rnini oladi. Ayni paytda, bosh g‘oyaning maqsadini ochish uchun xizmat qiladi. Jumladan, birgina misolga murojaat qilaylik: ,,O‘tgan kunlar“da Kumushning tug‘ishiga oz vaqt qolganda buvisi Oyshabibi vafot etadi. Natijada Oftoboyim va Mirzakarim qutidor azadorliklari tufayli Kumushning tug‘ishi arafasiga yetib borolmaydilar (holbuki, o‘zbek odatiga binoan qizning birinchi tug‘ishida onasi uning oldida bo‘lishi kerak). Bu holat Kumushning zaharlanishini (Oftoboyim bo‘lganida zaharlanish yuz bermagan bo‘larmidi?) va halok bo‘lishini asoslaydi. Kumushning shu tarzdagi fojiasi esa XIX asrning ikkinchi yarmidagi hayotning eng kir, qora kunlar ekanligini isbotlaydi.
Kompozitsiya, bundan tashqari, tasvirdagi me’yor va muvofiqlikni ham yuzaga chiqaradi. Sayozlikka, bayonchilikka, bayondagi ezmalikka, takrorga yo‘l bermaydi. Agar kompozitsiyaning bu talabiga rioya qilinmasa, „yozuvchi sayoz joyda cho‘kadi“ (A. Muxtor), bayonchilikka yo’l qo‘ysa — jurnalist, publitsistga aylanadi, ezmalik qilsa — san’atining qusurini namoyish etadi, takrorlarga ko‘plab yo’l qo‘ysa, yozuvchilik qismatini oddiy hunarmand qismatiga aylantiradi, xolos.
Do'stlaringiz bilan baham: |