Алишер Навоий. Ҳайратул-аброр (насрий баёни)
www.ziyouz.com
кутубхонаси
4
Alloh birinchi bo‘lib, aql uning ikkinchisini bilmaydi, hatto birinchi va oxirgi insonlar kimnidir
yoki nimanidir maqtamoqchi bo‘lsalar, bunga loyiq boshqasi topilmaydi va dunyodagi bo lishi
mumkin bo‘lgan gulshandagi gullarning yo‘qlik kechasidan borliq gulistoniga kelmog‘ining sifati va
koinot bozoridagi durlaming maxfiylik bulutidan zohirlik dengiziga tushganining ma’rifati
Ey Tangrim, dunyo boshlanishidanoq qadim abadiy bo‘lib, qadimliging, ulug‘vorligingning so‘ngi
ham bo‘lmagan. Senda ibtido ham bo‘lmagan; oxirda tugallanish ham yo‘q. Avval ham o‘zing, oxir ham,
o‘rtalik ham. Barcha-barchaga yaratuvchi bo‘lganingdek, banning ko‘zi, ko‘z qorachig‘i ham o‘zingsan.
Qachonki bu dunyo nihoniy bir xolatda edi, «Nihon»ning o‘zi ham jahondek yashirin edi. Hali
kunning yuzi yosmin yaproqlarini sochmagan, kechaning soch o‘rimlaridan Xo‘tan mushkining bo‘yi
kelmas edi. Ko‘kda ham lolalar shafaq ochmagan, na yulduzlardan ularga shudring to‘kilmagan edi. Na
yer bor edi, na yer yuzida biron kishi. Ko‘kning ham, yerning ham jabrzulmdan boshqa ishi yo‘q edi.
Husn o‘ti ham biron yig‘inni qizitmas, ishq egalariga ham kuyib-yonish uchun asos yo‘q edi.
Koshonalar ham sham’ o‘ti bilan yorimas, binobarin, parvona ham uning ishqida kuymas edi. Haligacha
gul ochilib nozik jilvalar ko‘rsatmagan, bulbul ham unga xonish qilmas edi.
Nargisning ko‘zi yumilib turganidan uni o‘lgudek mast, deb o‘ylamaslik lozim. U yo‘qlik gulshanida
chuqur uyquda. Mayxonada xali xumning og‘zi ochilmagan. Taqvodorlar
esa may uchun jandasini
garovga qo‘ymagan. Mayni quyib ishva bilan uzatuvchi bola zohidlarni mayning quyqasini ham ichib
qo‘yishga o‘rgatmagan bir davri.
Hali u dengizmisol Zot tinch va orom olar, o‘zining mumkin bo‘lgan
mavjlarini ayon qilishga
kirishmagan edi.
- Ey Xudo, sen bor eding-u boshqa bir narsa mavjud emas edi. O‘z husning o‘zingga jilva qilar edi,
xolos. Sening husning g‘oyib narsalarni aks ettiruvchi oynada zohir bo‘lar edi. Unda shu bilan birga sirli
xayolot jilva qilardi. Bunda ko‘ruvchi ham o‘zing eding, ko‘rinuvchi ham. Ishqing o‘zingga yoqib, o‘z
husningdan o‘zing mag‘rur eding. Birlik (1) bor edi-yu boshqa sonlar yo‘q edi. «Bir»dan o‘zga yagonalik
mavjud emas edi. Hali o‘zing bilan bog‘liq ilmning asl mohiyatining qisqacha ifodasi,
shuningdek,
martabalar va xolatlarning tafsilotlariga mone’liklar ham yo‘q edi.
Biroq o‘sha oshiqlarni yondiradigan, har bir shu’lasi ufqlarni kuydiradigan chehra o‘zi
zohir
bo‘ladigan yerda zuhur bo‘lishni, uning ushbu husni kamolining bundan ham mukammal bo‘lishini xayol
qilardi. Allohning husni jilvasiga chek yo‘q edi. Uni ko‘rish uchun sonsanoqsiz ko‘zgu kerak bo‘ldi. Bu
rang-barang gulshanni ochganda esa unda har bir gul o‘zi xitoyi ko‘zgu ekani bilindi. Bu husn jilvasi
ravshan ko‘rinishi uchun ushbu ko‘zgu paydo bo‘lgan edi.
Ushbu vositani sen to‘la amalga oshirganing tufayli to‘qqiz osmon taxta (lavh)si tiniq oynaga
aylandi. Osmonning sof yuzida har bir yulduz seni o‘zida aks ettiruvchi bir ko‘zguga aylandi. Quyosh
yuzini ham oynarang qilding. Quyosh tutilishi esa uning zanglagani belgisidir. Ko‘kni zangori varaqqa
o‘xshatib, o‘sha sahifani esa ko‘zguga aylantirding. Dunyoning bog‘chasini toza bir varaqqa aylantirib,
unga yasalgan panjara olti tugunli bo‘ldi. Sening kuch-qudrating tufayli
konlardagi gavharlar rang-
baranglik kasb etdi. Sening buyrug‘ing bilan qimmatbaho toshlarni tog‘ beliga kamar qilib bog‘lab
olgandir.
Yomg‘ir iplari sof dengiz suvlari bilan tutashgandan so‘ng yelning nozik barmoqlari ikkisidan ipakli
shoyi to‘quvchiga aylandilar. Qora changlarni sen shamol bilan omuxta