244
yordamida polipeptid bog` tarkibiga kiradi. Boshqacha aytganda, tripletlarning biror
nukleotidida ro`y bergan mutatsiya sintez natijasiga ta’sir etmaydi. Bu esa molekula
darajasidagi ko`pgina mutatsiyalar neytral ekanligidan dalolat beradi. Shu sababli
bunday mutatsiyalar tabiiy tanlanish nazoratidan chetda qoladi. Lekin neytral
konsepsiyaga qarama-qarshi dalillar ham ko`plab uchraydi. Maxsus o`tkazilgan
tajribalarda bunday mutatsiyalar individlar yashovchanligiga ta’sir etganligi
aniqlangan. Umuman olganda, mutatsiyalarni neytral, foydali, zararli xillarga
ajratish nisbiy ekanligini, har qanday mutatsiya bir xil sharoitda foydali, boshqa
sharoitda zararli, uchinchi xil sharoitda neytral bo`lishini ta’kidlash kerak. Bu esa
o`z-o`zidan, neytral mutatsiya konsepsiyasi g`oyasi yetarli asoslanmaganligini,
organik olam evolyutsiyasida tabiiy tanlanish yetakchi omil ekanligini ifodalaydi.
Lekin neytral konsepsiya tarafdorlari tabiiy tanlanish organik olam evolyutsiyasida
yo`naltiruvchi omil ekanligini inkor etmasalar ham, molekula darajasidagi
evolyutsion jarayon boshqacha yo`nalishda bo`lishini ta’kidlaydilar.
Keno, Lekart va Dyu Noyui targ`ib qilgan «tasodifga qarshi» faraz
nomuayyan, tasodifiy mutatsion o`zgarishlar va ular asosida ishlaydigan tabiiy
tanlanish oqibatida ro`y beradigan evolyutsiyani inkor etadi va u ma’lum maqsadlar
tomon yo`nalgan harakat natijasi, deb tushuntiradi. Bunday qarash finalizmning
hozirgi ko`rinishidan boshqa narsa emas.
Finalizmning o`zgartirilgan yana bir shakli «o`z-o`zini boshqarish»
(avtoregulyatsiya) konsepsiyasidir. Vandel ilgari surgan bu konsepsiyada
filogenez ontogenezga qiyos qilinadi va har bir filogenez yoshlik, gullab yashnash,
qarilik, o`lim bosqichlarini boshidan kechiradi, deb uqtiradi.
Neokatastrofizm, finalizm va neonomogenez tarafdorlari tajribaga asoslanib
yakun chiqaradigan olimlar bo`lmagani uchun makroevolyutsiyani qandaydir
taxminlar asosida tushuntiradilar va ularni tajriba asosida olingan mikroevolyutsiya
sabablari haqidagi bilimlar bilan bir o`ringa qo`yadilar.
Yuqorida bayon etilgan fikrlarni xulosalab, antidarvinizmning
uch yo`nalishi
borligini qayd etib o`tish kerak. Bular kasb etilgan xossalarning nasldan-naslga
o`tishini himoya qiluvchi ektogenez (mexanolamarkizm), adaptiv evolyutsiya har
qaysi organizmdagi ichki kuchlar ishtirokida hosil bo`ladi, deb qayd etuvchi
avtogenez va nihoyat yangi turlar, avlodlar, oilalar sakrash yo`li bilan vujudga
keluvchi o`zgarishlar asosida amalga oshadi, deb talqin etuvchi mutatsionizmdir.
Barcha antievolyutsionistik nazariyalar oshkora yoki yashirin ravishda organik
maqsadga muvofiqlikni, mutlaqlikni e’tirof etib, tabiiy tanlanishning ijodiy rolini
inkor qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: