8.1. Fuqarolik huquqi obyektlari tushunchasi va turlari
Huquqiy munosabatlarning obyekti huquq subyektlarining harakatlari qaratilgan, huquq va majburiyatlar uning ustida belgilangan narsalardir.
O`zbekiston Respublikasi FKning 81-moddasiga asosan fuqarolik huquqlarining obyektlari jumlasiga:
–ashyolar;
–mol-mulklar;
–pullar va qimmatli qog`ozlar;
–ishlar va xizmatlar;
–intellektual faoliyat natijalari;
–shaxsiy nomulkiy huquqlar kiradi.
Umumiy holda, fuqarolik huquqining obyektlarini ikki turga, ya'ni moddiy va nomoddiy ne'matlarga bo`lish mumkin.
Boshqacha aytganda, jismoniy va yuridik shaxslar foydalanishi va tasarruf etishini amalga oshira oladigan, erkin suratda olish, sotish huquqi va odob-axloq normalari bilan cheklanmagan yoki ta'qiqlanmagan har qanday moddiy narsalar va moddiy qiy-matliklar qadriyatlar boylik hisoblanib, fuqarolik huquqining obyekti bo`la oladi.
8.2. Ashyolar – fuqarolik huquqining obyekti sifatida
Fuqarolik huquqlarining obyektlaridan biri hisoblangan ashyolar muayyan moddiy qiymatga ega bo`lgan hamda iqtisodiy munosabatning predmeti bo`la oladigan narsalargina bo`lishi mumkin.
Ashyolar xalq farovonligi uchun, respublika fuqarolarining moddiy va madaniy ehtiyojlarini qondirish uchun xizmat qiladi. Fuqarolik huquqida ashyolar jonli ashyolar ham, masalan, uy hayvonlari, jonsiz ashyolar ham, masalan, uy-joylar, ishlab chiqarish qurollari, asbob-uskunalar, kiyim-kechaklar va boshqa narsalar insonlarning yashashi uchun muhim ahamiyatga egadir.
Huquq subyektlarining muayyan ashyo to`g`risidagi, jumladan, ashyodan foydalanish tartibi va uni tasarruf etish usullari to`g`risidagi xatti-harakatlarini belgilaydigan huquq normalarining yig`indisiga ashyo haqidagi qoida deb aytiladi. Ashyolarning jamiyatdagi tayinlanishlariga qarab, ularning har qaysisi uchun turlicha huquqiy qoida, masalan, yerdan foydalanish qoidasi, korxonalardan foydalanish, ularni tasarruf etish kabi qoidalar belgilanadi.
Fuqarolik huquqida ashyolar o`zlarining iqtisodiy tayinlanishlariga, shuningdek huquq normalarda aks ettirilgan jismiy va boshqa xususiyatlarga qarab bir necha turga bo`linadi (klassifikatsiya qilinadi).
Ashyolarning muayyan xususiyatlari yuzasidan ham maxsus qoidalar belgilanishi mumkin. Masalan, o`zining xususiyatlari bo`yicha tevarak-atrofdagilar uchun xavf tug`diradigan ashyolar, ya'ni xavfli xossalarga ega ashyolar (portlovchi moddalar, qattiq ta'sir qiluvchi zahar kabilar) to`g`risida alohida qoidalar belgilangan (FKning 883-moddasi). Bunday ashyolarni erkin olish va sotishga yo`l qo`yilmaydi. Muomalada bo`lishga yo`l qo`yilmaydigan fuqarolik huquqlari obyektlarining turlari (muomaladan chiqarilgan obyektlar) qonunda to`g`ridan-to`g`ri ko`rsatilgan bo`lishi kerak (masalan, O`zbekiston Respublikasi Mulkchilik to`g`risidagi qonunning 19-moddasi 1-bandida ko`rsatilgan va O`zbekiston Respublikasining mutlaq mulki hisoblanuvchi obyektlar). Shuningdek, bunday turkumdagi ashyolar O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995 yil 31 avgustda qabul qilingan Alohida turdagi korxonalar va mol-mulklarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishning ayrim masalalari to`g`risida1gi qarorida ham mustahkamlangan.
Muayyan muomala ishtirokchilarigagina qarashli bo`la oladigan yoki muomalada bo`lishga maxsus ruxsatnoma bilan yo`l qo`yiladigan (muomalada harakatlanishi cheklangan obyektlar) fuqarolik huquqi obyektlari turli qonunlarda ko`rsatilgan tartibda belgilanadi (masalan, yopiq aksiyadorlik jamiyati aksiyalari fond birjasida erkin sotilishi mumkin emas, ov miltig`i faqat ruxsat olish va ro`yxatdan o`tish tartibida jismoniy shaxs egaligiga o`tishi mumkin va h.k.). Binobarin, qonun birinchi navbatda ashyolarni muomalada bo`lish xususiyatiga qarab farqlaydi. Fuqarolik muomalasidan chiqarilgan ashyolar fuqarolar va tashkilotlar egaligida bo`lishi mumkin emas. Yuqorida ko`rsatilganidek yer, yer osti boyliklari, suv va o`rmonlar davlatga xos mulk bo`lganligidan ular faqat foydalanishgagina berilishi mumkin. Fuqarolik muomalasidan chiqarilgan ashyolar fuqarolar va boshqa tashkilotlarga sotilishi mumkin emas. Bu ashyolar garovga qo`yilmaydi va kreditorlarning talablarini qondirish uchun ular hisobidan haq undirilmaydi.
Agar fuqarolik muomalasidan chiqarilgan ashyo qonuniy asoslarga ko`ra fuqarolarning mulki bo`lib qolsa, ya'ni fuqarolarning tasarrufiga o`tsa, u holda fuqaro ushbu fuqarolik muomalasidan chiqarilgan ashyoni o`zidan begonalashtirish choralarini ko`rishi lozim. Masalan, general vafotidan so`ng uning o`g`liga, generalga sovg`a qilingan pistolet meros bo`lib o`tadi. Bunda o`g`li fuqarolik muomalasidan chiqarilgan ashyoni qonuniy asoslarga qo`lga kiritdi. Shundan so`ng, u bu ashyo haqda tegishli harbiy bo`limga xabar beradi va vakolatli davlat organi pistoletning bahosini to`lab, uni merosxo`rdan sotib oladi.
Fuqarolik muomalasidan chiqarilgan ashyolarga nisbatan mulk huquqi har doim davlatga tegishli bo`ladi.
Ba'zi ashyolar xalq xo`jaligi uchun bo`lgan ahamiyati, davlat xavfsizligi nuqtai nazaridan yoxud boshqa asoslar bo`yicha faqat alohida ruxsat bo`yicha olinishi, sotilishi mumkin. Bunday narsa (ashyo)larning ro`yxati, shuningdek ularga ruxsat berish tartibi maxsus qonunlar bilan belgilanadi. Maxsus ruxsatlar bo`yicha olinishi mumkin bo`lgan narsalar jumlasiga: qurol va o`q-dorilar, portlovchi va radioaktiv moddalar, qattiq ta'sir qiladigan zaharlar, muhr va shtamplar kiradi.
Valuta qimmatliklari: chet el valutasi (banknotlar, qog`oz pullar, tanga-chaqalar); chet el valutasi hisobida yozilgan to`lov hujjatlari (cheklar, veksellar, akkreditiv va boshqalar); bankning chet el valutasiga sotib olinadigan va shunday valutaga almashtirish huquqiga ega bo`lgan so`m hisobidagi to`lov hujjatlari (cheklar va boshqalar); har qanday shakl va holatdagi qimmatbaho metallar: oltin, kumush, platina guruhiga kiruvchi metallar (palladiy, iridiy, radiy, ruteniy va osmiy); xom va ishlangan shakldagi qimmatbaho tabiiy toshlar (olmos, gavhar, la'l, zumrad, saprif, marvarid va boshqalar) O`zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda va doiralardagina oldi-sotdi predmeti bo`lishi mumkin. Mazkur qimmatbaho metal va toshlardan yasalgan zargarlik va boshqa maishiy buyumlar ham shunday buyumlarning siniq parchalari bundan mustasnodir.
Fuqarolik muomalasidan chiqarilmagan ashyolar doirasi nihoyatda keng bo`lib, bular jumlasiga xilma-xil buyumlar kiradi. Ular quyidagicha tasniflanadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |