Iste'mol qilinadigan va iste'mol qilinmaydigan ashyolar (FKning 89-moddasi): iste'mol qilinadigan ashyolar bir karra foydalanish natijasida butunlay yo`qqa chiqadigan yoki jiddiy ravishda o`zgaradigan narsalar (masalan, oziq-ovqat, xom-ashyo kabilar) dir.
Iste'mol qilinmaydigan ashyolar birmuncha uzoq vaqt davomida o`zining sifatini saqlaydigan narsalardir. Bunday ashyolar odatda qayta-qayta foydalanishga mo`ljallangan bo`ladi. Qayta-qayta foydalanish davomida iste'mol qilinmaydigan ashyolarning yemirilishi ham asta-sekin kechadi. Iste'mol qilinmaydigan ashyolar jumlasiga: binolar, uskunalar, transport vositalari va h.k.lar kiradi.
Xususiy va turga xos alomatlar bilan belgilanadigan ashyolar: xususiy alomatlari bilan belgilanadigan ashyolar alohida faqat o`zlarigagina xos belgilari va o`ziga xos, yolg`iz sifatlari bo`lgan ashyolar hisoblanadi. O`zining belgilari bilan boshqa o`xshash ashyolarda ajralib turadigan narsalar, masalan, ma'lum ko`chadagi, ma'lum sonli uy-joy xususiy alomatlari bilan belgilanadigan ashyo bo`la oladi.
Xususiy alomatlari bilan belgilanadigan ashyolar jumlasiga noyob, ya'ni o`zi bir dona bo`lgan ashyolar ham kiradi. Masalan, jahon birinchiligida chempion bo`lgan ot, ko`hinur olmosi va shu kabilar. Xususiy alomatlari bilan belgilanadigan ashyolar boshqa ashyolardan muayyan usulda belgi qo`yish yoki muhr bosish, raqam qo`yish bilan farqlanadi.
Shu o`rinda pulning qaysi turdagi ashyoga mansubligi xususidagi masalaga e'tibor qaratish zarur. Zero, ko`pchilik holatlarda pulning xususiy alomatlari bilan belgilanadigan ashyomi yoki turga xos alomatlari bilan belgilanadigan ashyonmi degan savol tug`iladi.
Bir tomondan qaraganda, pullarda muayyan belgi va raqam qo`yilgani uchun uni xususiy alomatlari bilan belgilanadigan ashyo deyish mumkin. Ikkinchi tomondan qaraganda pullar bir turga xos, ya'ni ularning barchasi bitta vazifani – to`lov ekvivalenti vazifasini bajaradi.
Pulning ashyolarning qaysi turiga (xususiy yoki turga xos alomatlari bilan belgilanadigan ashyolarga) mansubligi masalasiga javob FKning 87-moddasi 2-qismida ifodalangan. Ushbu normaga muvofiq, xususiy alomatlari bilan belgilangan ashyolar boshqasi bilan almashtirib bo`lmaydigan ashyolardir. Pullarni esa boshqasi bilan almashtirish mumkin (masalan, yirik pulni mayda pulga va aksincha).
Turga xos alomatlari bilan belgilanadigan ashyolar, son, o`lchov va og`irlik bilan ko`rsatiladigan narsalar hisoblanadi. Masalan, 100 dona shifer, 100 metr chit, 100 tonna paxta va hokazo. Turga xos alomatlari bilan belgilanadigan ashyolar boshqasi bilan almashtirsa bo`ladigan ashyolardir. Shuning uchun ham bunday ashyolarga nisbatan persona non grataning (ya'ni, tur nobud bo`lmaydi) qoidasi qo`llaniladi. Fuqarolik huquqida ashyolarning xususiy va turga xos alomatlari bilan belgilanadigan ashyolarga bo`linishi katta ahamiyatga ega. Ayniqsa majburiyatlarni ijro etishda, burchni natura holida bajarilishida bunday bo`linishning o`rni beqiyos.
Do'stlaringiz bilan baham: |