Karst ko'llari eruvchan jinslar-ohaktosh, gips, dolomitlardan tarkib topgan o'lkalarda vujudga keladi. Bu jinslarning erishi chuqur, biroq uncha katta bo'lmagan kotlovinalarning vujudga kelishiga sabab bo'ladi. Pastki qatlamdagi jinslarning erishi va olib ketilishi natijasida bu joylarda tez-tez o'pirilmalar bo'lib turadi.
Karstli hududlarning ko'llari ham o'ziga xos bo'lib, ular o'pirilma chuqurliklarda joylashadi. Odatda ular kichik, biroq chuqur bo'ladi. Ba'zan katta karst ko'llari ham uchraydi. Tagi grunt suvlari sathiga yetgan ko'llar doimiy ko'llar hisoblanadi. Agar ko'l tagi yer osti suvlarining sathi mavsumiy o'zgaradigan qatlamga yetsa, ko'l yomg'irli faslda mavjud bo'lib, yomg'irsiz faslda qurib qoladi. Nihoyat, karst ko'llar sathining nodavriy tebranishlari ham bo'ladi, bunda ko'l hatto butunlay yo'qolib ketishi yoki birdaniga paydo bo'lib qolishi mumkin. Bu yer osti suv havzalarining o'zgarishi bilan bog'liq. Masalan, karst qulashlari yer osti. suvi oqimini to'sib qo'yib, suv yer betiga oqib chiqishi mumkin. Aksincha, yer po'stida vujudga kelgan yangi bo'shliq ko'l suvini tortib ketishi yoki ko'l sathini ancha pasaytirishi mumkin.
Karst ko'llari bu guruhlarning hech qaysisiga kirmaydi. Ular yog'inlar va oqar suvlardangina emas, kuchli yer osti suv oqimlaridan ham to'yinadi. Suvi asosan yer osti bo'shliqlariga oqib ketishga sarf bo'ladi. SHu sababli karst ko'llarining suv massasi davriy va nodavriy ravishda keskin o'zgarib turadi. Vaqt- vaqti bilan suvi yo'qolib, tagi ochilib qoladigan karst ko'llari ham ko'p.
Karst ko'llari yer osti karst bo'shliqlari-shiftining o'pirilishi bilan birgalikda cho'kishi hamda yuzada yotgan gips, tuz kabi o'ta tez eruvchan tog' jisnlarining suv ta'siriga berilish tufayli yuzaga keladigan bo'shliqlar, botiqlar o'rnida ham shakllanishi mumkin. Masalan Suvsiztog'ning janubiy-g'arbiy qismida dengiz sathidan 1200 m balandlikda shakllangan Xomkon yoki Kon beshbuloq ko'li misol bo'la oladi. Bu yerda quyi yura davriga xos gips hamda tuz qatlamlari karstlangan bo'lib, respublikamizdagi eng yosh (100-150 yil muqaddam shakllana boshlagan) va eng yirik karst ko'li hisoblanadi. u engiga 100-150 m, bo'yiga 300-350 m atrofida o'pirilgan karst bo'shlig'i o'rnida shakllangandir. Karstlanish jarayoni hamon davom etgani holida Kon beshbuloq ko'lining sathi yildan yilga tuproq qoplami tagidagi tuz, gips qatlamlarining karstlanishi va bo'shliqlarning o'pirilishi evaziga janub-g'arb tomonga rivojlanib bormoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |