Makroevolyutsiya yo‘nalishlari
Divergensiya, filetik evolyutsiya, konvergensiya va parallelizm makroevolyutsiyaning asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi. Bulardan birinchi 2 tasi birlamchi, keyingi 2 tasi ikkilamchi yo‘nalishlar hisoblanadi.
Divergensiya-evolyutsiyaning asosiy yo‘nalishi
Tur ichidagi o‘zgarishlar har xil yo‘nalishlarda sodir bo‘ladi. Bir turga kiradigan individlarda evolyutsiya jarayonida bir-biridan farq qiladigan belgilarning paydo bo‘lishini Darvin divergensiya deb atadi. Divergensiya -ajralish degan ma’noni bildiradi. Bu frqli belgilarni paydo bo‘lishi va ortib borishi natijasida yangi sistematik guruhlar (tur, avlod, oila va borqalar) hosil bo‘ladi.
Bir turga kiradigan individlarda farqli belgilarning bo‘lishi foydali bo‘lib, u organizmlar o‘rtasidagi yashash uchun kurashni bartaraf qilishga qaratilgan bo‘ladi. Tabiiy va sun’iy tanlashda belgilar divergensiyasi kuzatiladi. Darvin bir turga kiradigan organizmlarda xilma-xil morfologik va fiziologik xossalar bo‘lishi foydali moslanish ekanligini, ular turning keng tarqalishiga, xilma-xil joyni egallashiga qaratilganligini ko‘rsatib o‘tdi.
Doimiy sodir bo‘lib turadigan o‘zgaruvchanlik va tabiiy tanlanish doim foydali xossalarni saqlab boradi va yangi turlar hosil bo‘lishiga olib keladi. Masalan, tor arealda tarqalgan bo‘rilar o‘zining o‘ljasi bo‘lgan hayvonlarni izidan yurib, areali kengayadi, yangi sharoitlarga tushib qoladi. Agar ularning chopqir o‘ljalari (bug‘ular) ko‘payib ketsa, bo‘rilarning ham chaqqon formalari saqlanib, boshqalari kamayib boradi. O‘lja tez chopmaydigan joylarda esa shunga mos bo‘rilar saqlanib qoladi. Demak, ana shunday ikki yo‘nalishda bo‘rilarni 2 ta turi paydo bo‘ladi. Bu divergensiya hisoblanadi. Darvin Shimoliy Amerikaning Kotskil tog‘larida tez chopadigan va tez chopmaydigan kuchli bo‘rilar borligini qayd etgan.
Madeyra orolida 550 tur qo‘ng‘izdan 220 turi qanotsiz. Okeanlardagi turli xil dovullar hasharotlarni ko‘plab nobud qiladi. Bu dovullar natijasida tabiiy tanlanish sodir bo‘ladi.
Bularni tushuntirish uchun Ch.Darvin “Turlarning kelib chiqishi” asarida divergensiya sxemasini keltirdi. Unda avlodlar A dan L gacha harflar bilan belgilanib, ularda belgilar ajralishi isbotlab berilgan.
Umuman, organizm uchun foydali belgilar tabiiy tanlanish jarayonida saqlanib qoladi. Bu belgilar nasldan naslga o‘tsa, u yangi tur hosil bo‘lishiga olib keladi.
Xulosa qilib aytganda, Darvin faqat tur paydo bo‘lishini emas, balki uning rivojlanishini ham tushuntirib bergan. Tur hosil bo‘lishi uzoq tarixiy protsess bo‘lib, bu protsessda tabiiy tanlanish hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi. Darvin sxemasini davom ettirib, yangi avlod, oila, turkum, sinf, tiplar tarixiy rivojlanish protsessida paydo bo‘lishini ham tushuntirsa bo‘ladi. Bu protsesslar makroevolyutsiya hisoblanadi. Makroevolyutsiyada divergensiyaning asosiy roli ana shundadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |