Simpatrik usulda tur hosil bo‘lishi
Simpatrik usulda tur hosil bo‘lishi ona tur areali doirasida amalga oshadi. Bu usul nisbatan nisbiydir, chunki doimiy adaptatsiya va raqobat simpatrik tur hosil bo‘lishini bo‘shashtiradi, hatto bartaraf etadi. Shunga ko‘ra, bu usul yangi tur hosil bo‘lishining dastlabki bosqichlari sifatida shubha ostida olinadi. XIX asrning o‘rtalaridan boshlab ko‘pgina tadqiqotchilar simpatrik usulda tur hosil bo‘lishini inkor etganlar. Ba’zi biologlar dastlabki tur zaminida ayrim o‘zgarishlar ro‘y bersa xam, bu o‘zgarishlar o‘zaro chatishish tufayli yo‘qolib ketadi, degan fikrni aytganlar.
Mendel va boshqa olimlarning ayrim belgilarini irsiylanishiga doir tajribalarda yuqoridagi fikrlarni asossizligi isbotlandi.
Keyinchalik populyatsiyaning polimorfizmi haqidagi ma’lumotlar elon qilingandan keyin bir-biridan farq qilgan formalar panmiksiya va populyatsiyalarda faqat saqlanib qolmaydi, balki turg‘un gruppalarni vujudga keltirishi ma’lum bo‘ldi. Panmiksiya grekcha pan-hammasi, miksis-qo‘shilish, qo‘shish, aralashish, degan ma’noni bildiradi. Panmiksiya xar xil jinsli organizmlarning erkin favqulodda qo‘shilishini populyatsiya va boshqa tur ichidagi taksonlarda amalga oshishi hisoblanadi. Tabiatda panmiksiya faqat ideal sharoitda va juda katta populyatsiyada uchraydi.
Geografik yoki ekologik irqlar doirasida alohidalanish mehanizmlarining bo‘lmasligi ham simpartik yo‘l bilan tur paydo bo‘lmasligiga rukach sifatida ko‘rsatildi. Aralash populyatsiyalarda jinsiy tomondan alohidalanish borligi e’tiborga olinsa, bu e’tiroz xam asossiz ekanligini payqash mumkin. hozirgi vaqtda turlar simpatrik yo‘l bilan hosil bo‘lishiga doir ko‘p ma’lumotlar to‘plangan.
Ona (ajdod) tur tarqalgan arealda simpatrik yo‘l bilan yangi turlar rivojlanishi bir qancha usulda amalga oshadi. Birinchi usul ona turga mansub populyatsiyalarda jinsiy alohidalanish bilan uzviy bog‘liq. Aytilgan hodisa ko‘p hollarda xromosomalar sonining o‘zgarishi natijasi hisoblanadi. Jumladan, hasharotlar yordamida changlanishga ixtisoslashgan ma’lum bir hasharotlarga bog‘liq holda alohidalanish ro‘y bergan. Natijada bunday organizmlar o‘xshash territoriyada tarqalgan shu turga mansub qo‘shni populyatsiyalardan jinsiy jihatdan to‘liq alohidalashgan. Masalan, arilar, itog‘iz o‘simligining har xil irqlari o‘rtasida alohidalanishni vujudga keltiruvchi omil sifatida namoyon bo‘ldi. Jumladan, arilar itogizning bir irqidan ikkinchi irqiga qo‘nmaydi. Simpatrik usulda vujudga kelgan irqlar boshqa entomofil o‘simliklarga ham taaluqlidir.
Simpatrik usulda tur paydo bo‘lishining ikkinchi usuli mavsum jihatdan alohidalanish bilan bog‘liq. Zavadskiy ma’lumotlariga ko‘ra, oq shura o‘simligining erta gullaydiganlari tanlanish tufayli kech gullaydigan formalaridan alohidalangan. Selektiv alohidalanish gullash muddatiga ko‘ra oraliq formalarini nobud bo‘lishi bilan izohlanadi. Masalan, baliqlarda seld, okun sazan, minogo, miksina, har xil davrda jinsiy voyaga yetadi. Shuning uchun ham o‘zaro chatisha olmaydi. Ko‘pchilik olimlarning fikricha, baliqlarda bu usulda tur hosil bo‘lishi ko‘p uchraydi. Bunda simpatrik geografik alohidalanishsiz amalga oshadi. O‘xshash turlar ham shu usulda paydo bo‘ladi.
Amerikalik ekolog va evolyutsionist (aslida rus) olim F.G.Dobjanskiy fikricha, tur tarqalgan arealdagi sharoitning o‘zgarishi bilan ba’zi bir populyatsiyalarda ro‘y beradigan mikroevolyutsiya jarayonlari ular morfologik, fiziologik jihatdan boshqa populyatsiyalardan alohidalanishga, mustaqil bo‘lishga sababchi bo‘ladi. Bunday populyatsiyalar shu turga mansub boshqa populyatsiyalar orasida chatishish va genlar ayriboshlanishi amalga oshsa ham, lekin bu ayrboshlash, morfologik-fiziologik jihatdan hali alohidalashmagan populyatsiyalarga qaraganda ko‘proq bo‘ladi. Bunday alohidalashgan populyatsiyalar o‘rtasida kam bo‘lsa ham chatishish, normal nasl qoldirish sodir bo‘lar, ekan, u holda tur murakkab bir butun sistema bo‘lib qoladi. Kuchli alohidalanish bosimi tur doirasidagi populyatsiyalar orasidagi genlar axborot almashinishini to‘xtatib qo‘ygan taqdirdagina ana shu populyatsiyada evolyutsiyaning boshlang‘ich omillari ta’sirida yanada yangi o‘zgarishlar hosil qilib genetik jihatidan mustaqil yangi turga aylanishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, genetik jihatdan ochiq sistemalarning genetik yopiq sistemalarga aylanishi yangi turlar kelib chiqishi uchun asos bo‘ladi. Har bir populyatsiya ichida mikroevolyutsiya jarayonlariga sodir bo‘ladi. Hosil bo‘lgan o‘zgarishlar chatish orqali boshqa organizmlarga tarqalishi va natijada turli tuman genlar kombinatsiyasidan iborat, genotip va fenotiplarning hosil qilishi tabiiy tanlanish samaradorligini oshiradi. Natijada tanlanish endilikda tur ichida emas, balkim turlar o‘rtasida yuz beradi. Bu esa o‘z navbatida yangi paydo bo‘lgan turlar taqdirini, ya’ni ular yashash uchun kurashda g‘olib kelishi yoki nobud bo‘lishi, yoki ajdod (ona) tur bilan birgalikda yashashini belgilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |