3.Sistematika fanining asosiy tushunchalari. T.I.: sistematika, klassifikatsiya, taksonomiya, nomenklatura, identifikatsiya Sistematika – klassik fan bo’lib, uning rivojlanish tarixi tabiatshunoslik rivoji bilan bir vaqtda (antik davr, hatto undan ham oldin) boshlanadi. Ayni paytda u zamonaviy fan hamdir, o’tgan asrning o’zida u kamida 2 bor keskin o’zgarishlarga uchradi. Sistematika– mustaqil fan bo’lib, o’zining qonuniyatlari, nazariyasi, uslub, qoida, va terminologiyasiga ega. Shunday bo’lsada u bilan shug’ullanuvchilar bir vaqtning o’zida: botanik, zoolog, mikrobiolog yoki mikologlardir. Sistematika (grekcha: systema – tartiblash) (1735 K.Linney) J.G.Simpson ta’rifiga ko’ra turli organizmlarni, ularning xilma-xilgini, ularning o’zaro munosabatlarining hammasi va har birini ilmiy o’rganadi. Boshqacha qilib aytganda sistematika – organizmlarning xilma-xilligi, uni ta’riflash metodlari va uning yuzaga kelish qonuniyatlari haqidagi fandir.Klassifikatsiyalash (klassifikatsiya yaratish) jarayoni bu taksonomik reallik haqidagi fikrlarni umumlashtirishdan iborat jarayon. Zoologik klassifikatsiya bu hayvonlarni ular o’rtasidagi o’xshashlik va bog’liqlik aloqalari yoki har ikkalasi asosida tartibga solishdir. Zoologik nomenklatura esa zoologik klassifikatsiyalarda ajratib ko’rsatilgan organizm guruhlariga nom qo’yish jarayonidir. Obyektlarning o’zini avvaldan ma’lum bo’lgan taksonlarga kiritish identifikatsiya-aniqlash deyiladi.
4.Klassifikatsiyada nomotetik sistematika yo’nalishi. T.I.: L.S.Berg, nomogenez nazariyasi, A.A.Lyubishev, evolyutsiyaning to’rsimon xarakteri Nomotetik sistematika (yun: nomos – qonun) L.S.Bergning nomogenez nazariyasi asosida A.A.Lyubishev tomonidan 1920-yillarda taklif etilgan. Uning asosiy maqsadi tirik tabiatning eng umumiy qonuniyatlari asosiga qurilgan sistemani yaratishdir. Xuddi D.I.Mendeleyevning davriy sistemasidagi elementning o’rni uning xususiyatlarini o’zida aks ettirganidek nomotetik sistemadagi organizmning o’rni uning asosiy xusiyatlarini anglatishi kerak. Bu yo’nalish tarafdorlari turlar o’rtasidagi konvergent o’xshashlikni bir taksonning turli yo’llar bilan shakllanishi mumkinligi bilan tushuntiradilar va bunday taksonni tabiiy deb qabul qiladilar. Nomotetizmda taksonlar o’rtasidagi qarindoshlikka etibor berilmaydi. Sistemaning o’zi esa ierarxik emas, to’rsimon va boshqa shakllarda bo’lishi mumkin.
Hamma fanlarda bo’lgani kabi sistematikada ham integrativ jarayonlar kechmoqda va yuqoridagi g’oyalarning har biridan hozirda fan oldida turgan muammolarni yechish uchun qo’llanmoqda.
Linneydan boshlanib 20-asr o’rtalarigacha rivojlangan ilmiy sistematikani ananaviy sistematika deb qarash mumkin. Ananaviy sistematikaning uch asosiy aksiomalari mavjud:
Bizni o’rab turgan organizmlarnining xilma-xilligi ma’lum bir ichki strukturaga ega
Bu struktura ierarxik tuzilishga ega ya’ni undagi elementlarning ba’zilari boshqalariga, ularning o’zi esa keyingi darajadagi tizimlarga bo’ysunadi
Bu strukturani oxirigacha, to’liq o’rganish va anglash hamda shu orqali tabiiy sistemaning informatsion tizimini yaratish mumkin.
Yuqoridagi uch aksioma ananaviy sistematikaning maqsad va vazifalarini o’zida mujassamlashtiradi. Bu vazifalar klassifikatsiyalash jarayonida amalga oshiriladi.