Mashrabning tug’ilgan joyi
masalasiga doir
Adabiyotshunoslikda Mashrabning tug’ilgan joyi xususida munozalar mavjud. Shoir vatani deb uch joy: Namangan, Namangandagi Andugon qishlog’i va Andijon shahri ko’rsatildi. Bu munozaralarning paydo bo’lishiga albatta sabab bor. Chunki XVII – XIX asrlarda yaratilgan tazkiralar-da, qissalarda ham bu masalada chalkashliklar mavjud. Jumladan, Mashrab zamondoshi Maleho Samarqandiyning “Muzakkir ul-ashob” tazkirasida Mashrabning vatani Andijon ekanligi ko’rsatiladi: “Mashrab–taxallusi Rahimbobo qalandar ast. Asl az viloyati Andijon buda, dar ayyomi barahnaro’yi bakasbi fazilat va fazoyil baviloyati Namangon omada..”. (“Mashrab – qalandar Rahimboboning taxallusi. Asli Andijon viloyatidan bo’lib, yoshlik chog’larida ilm va fazilatlar kasb etish uchun Namangan viloyatiga borgan.”).
Ushbu ma’lumotning aksi o’laroq “Tazkirai Fahmiy” kitobida Mashrabning vatani Namangan ekanligi aytiladi: “Mavlono Mashrab Namangoniy az muridoni hazrati Xo’ja Hidoyatullo Ofoq xo’ja Qashqarist”. (Mavlono Mashrab Namangoniy hazrat Xo’ja Hidoyatullo Ofoq xo’ja Qashqa-riyning muridlaridandir)”. Mashrabning namanganlik ekanligi “Musavvadai Abdushukur Ziyo” , “Ansob us-Salotin” , “Muntaxab ut-tavorix” kabi kitoblarda ham keltiriladi.
Ushbu manbalardagi turli fikrlilik tufayli adabiyotshunoslar orasida Mashrabning asl vatani haqida bahs yuritildi. Fikrimizcha, bu behuda tortishuvlarga nuqta qo’yish vaqti keldi. Mashrabni Andijonda tug’ilgan, deb hisoblovchi A. Fitrat , A. Hayitmetov , G’. G’ulom , M. Zokiriylarga e’tirozlar yo’q emas. M. Zokirov “Men ham inson naslidan” deb nomlanuvchi maqolasida “Devonai Mashrab”ning barcha qadimiy va toshbosma nusxalarida, xalq og’zida yurgan rivoyatlarda Mashrab Andijonda tug’ilgan, deb tasdiq etiladi. Bu gaplar bejiz emasdir, axir!” deydi. M. Zokiriyning “Devonai Mashrab” qissasining qaysi nusxasiga asoslanib bunday xulosaga kelganligi bizga qorong’u. Ayrimlar esa Namangandagi Andugon qishlog’ini Rahimbobo Mashrabning vatani, deb bilishmoqda. Biroq ilmiy jamoat-chilikka ma’lum bo’lgan “Devonai Mashrab” qissalarining birontasida Mashrabning Andijonda yoki Andugon qishlog’ida tug’ilganligi haqida hech qanday ma’lumot yo’q!
Shu yerda adabiyotshunos olim Abdulla Jabborning quyidagi fikrlarini keltirib o’tish o’rinlidir: “Fitrat domlaning yozishicha, Maleho Samarqandiy asarini Mashrabni tanimasdan avval – 1689 yilda yozib bitirgan. “Mashrab qalandar Rahimboboning taxallusidir”, deb boshlanadigan matnni esa Maleho shoir bilan uchrashgach – 1691 yilda o’z asariga ilova tarzida yozib kiritgani ma’lum bo’ladi. Mashrabni “andugondan edi”, deb ma’lumot bergan ilk manba ham adashmasam, shu tazkira edi. Endi tasavvur qilaylik, o’zining ko’pgina she’rlarida “Namangon farzandiman” deb yozgan Mashrab yoshi ellikdan oshganda Malehoga andigonlik (andijonlik)man, deyishi mantiqqa ziddir” .
Darhaqiqat, «Devonai Mashrab» kitobining biz bilgan barcha nusxalarida “Shoh Mashrab vaqteki, onadin tavallud topib, vujudga keldilar, valiyi modarzod erdilar. Ammo Namangan shahridandurlar” qabilidagi ma’lumot keltirilib, Mashrabning namanganlik ekanligi aniq ko’rsatiladi. Rus sharqshunosi Nil Likoshin ham “Devonai Mashrab” kitobi tarjimasining kirish so’zida Namangan shahrida katta bozor yonidagi Maddohxon mahallasida joylashgan Bozor Oxun maqbarasidan 550 qadam narida Mashrab tug’ilgan uyining qoldiqlari mavjudligini aytib o’tgan. Qolaversa, o’tgan asrning boshlarida rus tadqiqot ishlarida ham Mashrabning Namanganda tug’ilganligi keltiriladi: “1640 yilda Namanganda tavallud topgan Devonai Mashrab Turkistonning eng mashhur mutasavvuf mualliflaridan biri sanaladi.” Bulardan tashqari, Mashrab “Namangandin ketar bo’lsam”, “Men tavalludi o’shal farzandi Namangoniman” kabi misralarida vatani qayer ekanligiga o’zi ishora etmoqda. Agar bu yerda xalq Mashrabga qo’ygan “Namangoniy” nisbasiga ham e’tibor bersak, hamda shaxsiy kutubxonamizda saqlanayotgan «Devonai Mashrab» qo’lyozmasidagi quyidagi ma’lumotlarga ishonadigan bo’lsak, unda Mashrabning vatani – Namangan ekanligiga hech qanday shubha qolmaydi: Alqissa hazrat eshon shoh Mashrab bul g’azalni tamom qilg’ondin keyin savdogarlar aydilarki: “Taqsiri shohim, qaydin kelursiz, va qayda borursiz”. Anda hazrat eshon shoh Mashrab aydilarki: “Man Namangondin kelurman, ziyorati xonai Ka’baga borurman dedilar. Anda savdogarlar: “Taqsir shohim, sizdin bizlarga ta’birga bir sura eshitsak” dedilar, hamalari iltijo qildilar…
Bir necha yo’l borguchilar hazrat eshon shoh Mashrabni ko’rub so’rdilarki: “Ey devona, qayda borursan”. Hazrat eshon shoh Mashrab aydilarki: “Man ham azbaroi ziyorati haj borurman”. Alar aydilarki: “Qaydin chiqding?”. Eshon shoh Mashrab aydilarki: “Namangondin kelurman..”.
Deb hazrat eshon shoh Mashrab bul g’azalni o’kug’ondin keyin Rum shahriga yettilar, ko’rdilarki ko’p xojalar ketib borurlar, ul yer ham Arabiston erdi… Alqissa, bir necha muddatdin keyin xabar keldiki, Namangon viloyatidin haj qilg’oni ko’p kishi kelibdurlar. Hama xaloyiq istiqbollariga chiqdilar. Eshon shoh Mashrab ham xojilar birla peshvoz chiqdilar. Eshon shoh Mashrab birla bir-bir ko’rushib so’rashdilar, go’yoki Mashrab o’lik erdilar, bularni ko’rib tirildilar. Xushvaqt bo’lub hazrat eshon shoh Mashrab anda xojalarga qarab ul g’azalni o’qudilar:
Namangan shahridin do’stlar meni yoronlarim keldi,
Ota birla onamni bilguvchi mehmonlarim keldi…
Deb eshon shoh Mashrab bul g’azalni o’qug’ondin so’ng, hama xaloyiq bildilarki devona shoh Mashrabni ham xeshu aqrabosi bor erkon .
“ Devonai Mashrab” asari haqida
Rahimbobo Mashrab hayoti va ijodiga oid asosiy asar “Devonai Mashrab” qissasi ekanligini yuqorida qayd qilib o’tdik. Asar xalq kitoblari shaklida tuzilgan bo’lib, unda Mashrab haqidagi hikoyalar va rivoyatlar nasriy yo’lda bir syujet chizig’ini hosil qilgan holda keltiriladi. Mashrabga nisbat beriluvchi she’rlar esa bu hikoyalar bilan qorishiq gohida voqea–hodisalarga qovushmagan holda uchraydi.
“Devonai Mashrab” asarining har-xil nusxalari mavjud bo’lib, ular xalq orasida saqlab kelingan. Ushbu nusxalar kotiblar, noshirlar va oddiy kitobxonlar tomonidan “Devonai Mashrab”, “Devoni Mashrab”, “Eshon Shoh Mashrabi devonai Namangoniy”, keyingi nashrlarda “Qissai Mashrab” kabi nomlar bilan atalib kelingan. Qissaning nusxalari garchi turli hajmda, voqealar tartibi o’zgargan, ba’zi syujetlar tushib qolgan va ko’chirgan hattot shevasining ta’siri natijasida hosil bo’lgan o’zgarishlarga qaramay, ular bir mantiqiy yaxlitlikni tashkil etadi. Kitoblarning deyarli barchasi “Ammo roviylar andog’ rivoyat qilibdurlarkim..”. deb boshlanib va “Holo hazrati Eshoni Shoh Mashrabning qabrlari Ishkonmishdadur, vollohi a’lam bissavob” misralari bilan tugaydi.
Kuzatishlar shuni ko’rsatadiki, “Devonai Mashrab” singari xalq kitoblari asosan, O’rta Osiyoning janubiy viloyatlarida paydo bo’lgan va tarqalgan. Adabiyotshunos olim Qobiljon Tohirovning xulosalariga qaraganda, bu xil kitoblarni yozish (yoki qissachilik) O’zbekistonning Surxondaryo, Buxoro, Samarqand, Xorazm viloyatlarida hamda Turkmanistonda dunyoga keldi va tarqaldi. Shu muzofotda XVII – XIX asrlarda yuzdan ortiq asarlar yozildi. Xalq kitoblari yozma adabiyot va xalq og’zaki ijodi o’rtasidagi oraliq janrdir. Uning o’ziga xos xususiyatlari mavjud. Xalq kitoblarining kompozitsion tuzilishi deyarli bir xil, hikoya-g’azal, hikoya-bayt, hikoya-to’rtlik, hikoya-mustazod… Ularning barchasi roviylarga murojaat qilish bilan boshlanadi. Badiiy adabiyot asarlari bilan xalq kitoblari qiyoslanganda, xalq kitoblarida xalkning jonli tiliga xos bo’lgan qisqalik va ixchamlik, kesatiq va qochiriqlardan ustalik bilan foydalanish bo’rtib ko’rinadi. Shuningdek, bu kitoblarda saviyasi past kotibning asarga erkin yondashishlari tufayli kirib qolgan g’aliz jumlalari, badiiy tasvirni ifodalashdagi no’noqlik va xiraliklar ham ko’zga tashlanib turadi.
Xalq kitoblarini paydo bo’lish sharoitiga qarab ikki katta guruhga ajratish mumkin:
1) mumtoz adabiyot ta’sirida paydo bo’lgan;
2) xalq og’zaki ijodi namunalari asos bo’lgan xalq kitoblari.
Tarixiy (“Shayboniyxon”, “To’lg’onoy”) yoki diniy (payg’ambar,chahoryor kabilarga bag’ishlangan) mavzuda yozilgan yoki ham tarixiy, ham diniy mavzuga bag’ishlangan (“Abu Muslim jangnomasi”, “Qissai Ibrohim Adham”, “Qissai Sayid Nasimiy”) kitoblarni birinchi guruhga mansub deb bilamiz, chunki asar syujeti xalq kitobi bo’lgunga qadar badiiy adabiyotda o’z ifodasini topgan.
Ikkinchi guruhga mansub xalq kitoblari dostonlar, deb ham atalib kelinmokda. Bunday bitiklarni odatda ma’lum mualliflar yaratadilar. Birok, asrlar davomida og’izdan-og’izga o’tish natijasida ularning birinchi ijrochisi unutilib, umumxalq ijodiga aylanib qoladi. “Alpomish”, “Ravshan”, “Oshiq G’arib va Shohsanam”, “Yusufbek bilan Ahmadbek” kabi dostonlarni shunday kitoblar turkumiga kiritish mumkin.
“Devonai Mashrab” qissasi xalq kitoblarining birinchi turkumiga mansubdir. Uning ilk nusxasi ma’lum bir kishi tomonidan yozilgan. El orasida Mashrab ijodiyotiga bo’lgan qiziqish sababli asar turli kotiblar tomonidan ko’chirila boshlandi. Kitob nusxalarini bu xil ko’paytirish XX asrning boshlarigacha davom etdi. Keyingi ko’chirilgan har nusxa ma’lum ma’noda tarixiylik mezonlaridan uzoqlashdi va badiiylashtirildi. Har bir kotib asarga o’zicha yondashib, unga uncha katta bo’lmagan syujet yoki rivoyatni kiritishi, ayni vaqtda olib tashlashi ham mumkin edi. Shunga qaramay, “Devonai Mashrab” kitobi mazmunan yaqin bo’lgan “Qissai Sayid Nasimiy” yoki “Qissai Ibrohim Adham” kabi kitoblardan jiddiy farqlanadi. Asar aniq tarixiy shaxs -XVII asrda yashab, ijod qilgan Rahimbobo Mashrabga bag’ishlangan. Ibrohim Adham va Imodiddin Nasimiy haqidagi qissalar ham tarixiy shaxslarga bag’ishlangan, lekin ulardagi voqealarning, syujet va obrazlarning juda ko’pchiligi rivoyat va afsonalarga asoslangan. “Devonai Mashrab” qissasining boshqa xalq kitoblariga nisbatan ikkita katta tarixiylik jihati bor:
1. Mashrabning tug’ilishidan to qatligacha bo’lgan hayot yo’li;
2. Asardagi asosiy qahramonlar.
Demak, “Devonai Mashrab” kitobi tuzilishi jihatidan xalq kitoblariga o’xshasa ham, lekin mazmuni jihatidan tarixiy manbalar asosida yaratilgan badiiy asardir. Ilmiy manbalarda kitob “Devonai Mashrab”dan tashqari “Devoni Mashrab” deb ham atalib kelinmoqda. Bilmadim, ne sababdan Jaloliddin Yusupov ham o’zining Mashrab she’rlar to’plamini “Devon” deb atabdi. Vaholanki, Mashrabning devoni yo’q. Devonlarda lirik she’rlar janr talablaridan kelib chiqib qat’iy tartibda (g’azal, mustazod, muxammas, musaddas, musammas va boshqalar.) joylashtiriladi. Radifdagi so’nggi harf arab alifbosidagi harflar tartibiga qarab, she’r o’rnini belgilaydi. Shuningdek, devonlarga qissadagi kabi nasriy hikoyalar kiritilmaydi.
Hozirgi tushunchalarga ko’ra, devona so’zi asosan hushdan ajralgan, aqldan ozgan savdoyilarga nisbatan ishlatiladi. Bunda kishi asab kasalligiga chalingan bo’ladi. Bu xil talqinni “devona” laqabi bilan ijod qilgan shoirlarga nisbatan qo’llash to’g’ri emas.
Mumtoz adabiyotda “devona” laqabi butun fikru xayoli ma’lum maqsadga, xususan yorga yetishish bilan band bo’lib, ko’rinishi g’arib, ammo ko’ngli pok, moddiy talab va istaklardan voz kechgan “zohiran-malomatangez, botinan — sog’u salomat” bo’lgan haqiqiy oshiqlarga nisbatan qo’llangan. Ushbu sifat “devona” laqabini olgan shoirlarga nisbatan ham ma’lum ma’noda to’g’ri keladi. Ular ijtimoiy muhitdan chetda bo’lmay, balki bid’at va zulmat, g’aflat va jaholatga qarshi murosasiz kurash olib borganlar. Mashrabga ham qissa, tazkiralar va xalq og’zaki ijodida “devona” laqabini shu nuqtai nazardan nisbat berib qo’llashgan. Mashrabning o’zi ham ko’pgina she’rlarida taxallusi bilan laqabini birga yoki alohida ishlatgan, gohida esa nafaqat o’zini, balki ustozi Bozor Oxunni ham “g’urur” bilan “devona” deb ataydi:
Ma’rifatning gulzori mullo Bozor devona,
Oshiqlarning sardori mullo Bozor devona…
Mashrab o’zi devona, ishq o’tig’a parvona,
Yo’l yurodur sarsona, mullo Bozor devona.
XV asrda yashab ijod etgan Mir Muflisiy, mavlono Muhammad Arab, Mir Haydar Majzub, XIX asr qalamkashlaridan Mutrib, Andalib, Rahimiy, Abdulmajid, Zufunun, Yahyo xo’ja kabilarning ismlariga ham “devona” laqabi qo’shib ishlatilganki, bunda ham ularning «chin oshiq», bo’lganliklariga urg’u berilmoqda.
Kitob devon bo’lmaganligi uchun “Devoni Mashrab” emas, balki shoirga nisbatan “devona” laqabi qo’llanilib, uni Mashrabi devona yoki devonai Mashrab nomi bilan atashgani sababli asarni “Devonai Mashrab”(ya’ni, “Haqiqiy oshiq Mashrab” ma’nosida) deb nomlash to’g’ri bo’lar edi. Zero, Mashrabning o’zi o’zini bir nechta she’rlarida “devona” deb atagan. Jumladan: “…Mane devona Mashrabg’a muhabbatdin bayon aylang”, “… Mani barcha xaloyiq deydilar: “Devona-devona..”
Ulug’ mutafakkir Alisher Navoiy bu masalada munozara bo’lishi oldindan karomat qilganlaridek, ushbu misralarni ijod qilganlar:
Ish anga junun, manzil anga mayxona,
Devon yasamoqni ne bilur devona.
G’afur G’ulom “Adabiy tanqidiy maqolalari”da “Devo-nai Mashrab” qissasining tuzuvchisi haqida quyidagi ma’lumotni keltiradi: “Bugun bizning qo’limizda mavjud mashhur “Mashrab devoni”, shoirning sevgilisi Mahvashxonim tomonidan to’plangan va tartibga solingandir. Shoiramiz Mahvashxonim o’zbek adabiyoti tarixi uchun qilgan bu azamat xizmati evaziga yana o’sha Namangan dindorlari tomonidan sochi qirqildi-gisuburida qilindi”. Jaloliddin Yusupov “Afsuski, bu ma’lumotlarni G’afur G’ulom qayerdan va qaysi manbalardan olganligi biz uchun ravshan emas” deb e’tiroz bildiradi. Darhaqiqat, bu xil jiddiy ma’lumotlarning asl manba¬lari keltirilishi maqsadga muvofiq. Agarda bordi-yu, G’afur G’ulom faqatgina mana shu keltirilgan ma’lumotlar asosida kitob muallifini aniqlamoqchi bo’lsa, unda bu ma’lumotlar yetarli emas. Mahvashbibi “Devonai Mashrab” qissasining muallifi bo’lolmaydi, chunki bu asarda Mashrabning chet eldagi, jumladan, Qashqardagi hayoti aniq tafsilotlarga boy tasvirlanadi. Mashrab bosib o’tgan yo’l hududiy izchillikka ega, bu yo’l asosida Mashrab qadami yetgan joylar xaritasini chizish mumkin. Bu qadar aniqlik esa bitik muallifidan Mashrab bilan kamida 10 – 15 yil birga shahar va qishloqlarni kezishni talab qiladi. Lekin bizga ma’lum bo’lgan manbalarning birontasida Mahvash¬bibi yoki boshqa bir ayol kishining Mashrab bilan birga dunyo kezganligi haqida ma’lumot berilmaydi.
Abdurauf Fitrat Majzubning “Tazkirai avliyo” asariga tayanib, Mahvash haqida quyidagi ma’lumotlarni keltiradi: “Mahvash” namanganlik bir xotun bo’lib, mullo Bozorning muxlislaridan ekani, mullo Bozorning Namangandagi go’rxonasi shul Mahvashbibining bog’i bo’lg’oni, Mazjubning “Tazkirat ul-avliyo”sida bor. Mazjubning so’ziga ko’ra, bu xotun Namanganning og’aliqlaridan bo’lgan. “Devoni Mashrab” kitobida Mashrabning onasi haqidagi marsiyalardan:
Nechun aylay oyo do’stlarki, jononimdan ayrildim,
Tiriklik boisi ul munisi-jonimdan ayrildim… bandi bilan boshlangan muxammas shul Mahvashbibining eri uchun aytg’oni marsiyadir. Bu dardli marsiya Mahvash bibini u zamondagi yaxshi shoirlar qatorida sanashga bizni majbur qiladir. Esizki, buning boshqa she’rlarini haligacha uchrata olmadik” .
Mahvashbibi aslida Mashrabning yori emas, balki uning Mahvash taxallusi bilan she’rlar yozgan Mohibadr ismli singlisi ekanligini Jaloliddin Yusupov qayd qiladi. Agar domla J. Yusupov shu fikrlarini ham manba orqali asoslaganda ma’qul bo’lar edi. Mahvashning “sevgi”lidan “singil”ga aylanib qolishi jiddiy da’vo. Balki domlaning keyingi ishlarida bu fikrning asosiga ham ega bo’larmiz.
Fikrimizcha, G’afur G’ulomning yuqoridagi mulohazasida keltirilgan asar muallifiga qo’shib “shoirning sevgilisi Mahvashxonim” degan ta’rifini inkor qilishdan oldin yana bir tekshirib ko’rish kerakka o’xshaydi. Chunki, Mashrab she’rlarida ayol kishining ismiga nisbat berish mumkin bo’lgan “moh”, “mahvash” so’zlarini singildan ko’ra sevgiliga mos keladigan tarzda ko’p keltiradi: “Qachon bo’lg’ayki ko’rgayman o’shandog’ mohi anqoni?”, “Ul moh chiqibon parda ko’tardi, boqa qoldim”. “Ey mohi tabon, zulfi parishon”, “O’rtada bir mahvashi siymin uzor istar ko’ngul…Jilva qilsa diydalarga ravzai mohi tobon”, “Zulayho dardini ul Mohi Kan’onimga yetkurgay”, “Ey mohi nozanin, Sani gul birlan yod etay”, “Ko’rmakka sani tun-kechalar uyg’onadurman, — Ey mohi jahonim” , “Ey moh, netay, ishqing o’ti ayladi rasvo – devona bo’lubman» , Jahonni mohi bo’lsa, norasog’a asli dil berma…
Hajringdadur qarong’u, ey moh, ro’zg’orim,
Rahm ayla siynam uzra dog’ uzra dog’ dilbar…
Holimni so’rmading hech, ey mahvashi shakarlar,
Ey mahvashi shakarlab, ey sho’xi, siym g’abg’ab.
Sansiz na qilay ushbu qarong’u jahon ichra, —
San-san manga mahvash,
Jonimni beray ayla qabul, ey mahi tobon, —
Jonim sanga qurbon…
Alvido, ey mohi rahmat, shahri g’ufron alvido!
Alvido, ey rahmati Haq, mohitobon, alvido!..
Bir ajab mahsan hama mahlar aro qurbing azim,
Qaysi moh san kabi sohib, xayri ehson alvido!
Biroq, nima uchun bu muallif asarni esdalik yoki holot tarzida emas, balki qissa shaklida yozganligi biroz taajjubli. Balki u shu janr imkoniyatlari orqali kitobxonlarni Mashrab she’rlaridan ham boxabar qilmoqni nazarda tutgandir.
“Devonai Mashrab” asarida Mashrabning yonida yurgan Pirmast Setoriy degan shogird maqomidagi yigit xususida ham so’z boradi, biroq uning bevosita biron asar yozganligini, jumladan, “Devonai Mashrab” asarining muallifi ekanligini tasdiqlovchi biron bir hujjatga ega emasmiz.
Ibrohim Haqqulning: “Sharqdagi ayrim so’fiylar va mutasavvuflar shon-shuhratdan qochib, yozgan asarlariga ismi shariflarini yozishmagan” degan fikri mazkur masalaga ham daxldor shekilli.
Rahimbobo Mashrab hayoti va ijodini o’rganish XIX asr boshlarida rus sharqshunos olimlari tomonidan amalga oshirildi. Sho’rolar davriga kelib shoir faoliyati va adabiy merosi ma’lum qolip asosida o’rganilib, asosiy e’tibor shoir she’rlarining nashriga qaratildi. “Mabdai nur” va “Kimyo” asarlari zararli, deb topilib, muallifi Hofiz Ro’ziboy Mashrabi Soniy ekanligi “aniqlandi”! 90 yillarning boshlariga kelib Jaloliddin Yusupov, Ismatilla Abdullayev kabi tadqiqotchilar keltirilgan asarlarning muallifi Rahimbobo Mashrab ekanligini isbotlamoqchi bo’lishdi, biroq ular tomonidan bildirilgan mulohazalar asosli dalillarga muhtoj ekanligi Abdusattor Jumanazar kabi tadqiqotchilar maqolalarida qayd etildi. Demak, hozircha mazkur asarlar muallifi haqidagi masala ochiq qoladi. “Mabdai nur” haqidagi mulohazalarimiz keyingi “Rahimbobo Mashrab haqidagi yangi ma’lumotlar” nomli monografiyada keltiriladi.
Bahodir Sodiqov
Do'stlaringiz bilan baham: |