BIR “DЕVON” BAHONASIDA
KЕCHASIN ICHIDAGI CHAQMOG‘IMAN…
O‘zbek adabiyotida shunday ulug‘ zotlar borki, ularning iste’dodi oldida hayratga tushamiz, ular bilan faxrlanamiz. Bu hayratimiz, bu faxrimiz dunyosida buyuk shoir Boborahim Mashrab ham bor.
Mashrab o‘zining mangu muhabbati muhrlangan o‘lmas g‘azallarini yaratar ekan:
…Ishqing jovidondur,
Kechani ishq-la kunduzdek yorittim. –
deb yozadi. Mashrab iste’dodi chaqmog‘i bilan o‘z zamonasi – tunni yorita bildi. Bu yorug‘da Mashrab ko‘p odamlar va ko‘p narsalarni ko‘rdi. Bu yorug‘da odamlarni va odamlar Mashrabni ko‘rdilar! Bu chaqmoq Mashrab iste’dodini zamonlar osha yoritib turibdi.
Mashrab o‘zining otash to‘la ijodi bilan “ishq ahliga o‘tlug‘ yuragini dahan” – darvoza etdi: sofdil, pokiza, halol va diyonatli odamlar “Ko‘nglig‘a bir o‘t qalab” o‘tdi, nihoyat “kechasin ichidagi chaqmog‘i” bo‘ldi. O‘z zamonida odamlar qalbiga qalangan bu o‘t asrlar osha alanga olib hozirgi yorug‘ kunlarimiz kishilarining dillarida yonayapti, demak yashayapti.
O‘t o‘tligini qiladi. Uning vazifasi faqat yonish emas, balki yondirish hamdir: yoritish bilan birgalikda kuydirish hamdir! Mashrab yozadi:
Kim yuziyu ko‘zi o‘tlug‘, xori mujgondin kechar.
Mashrab esa o‘t edi! U xori mujgondin – uyi, el-yurti, avlod zurriyotidan kechdi. Kechdi emas, zamon uni xori mujgonidan judo qildi, benasib qoldirdi.
O‘t bilan Mashrab qudratli olov – haqiqat, isyon o‘ti oldida o‘zini parvona bildi, xolos. Shuning uchun ham:
Parvonsifat jonimni o‘tg‘a qalab o‘tgum…
yoki:
O‘tdek tutab kuydi yuragim bila jonim,
Parvona bo‘lib o‘tqa o‘zimni ura qoldim…
yoki:
O‘tdek tutashib yondi yuragim, kuya-kuya kul bo‘lg‘oli keldim.
…Sha’mi jamoling parvona qildi, o‘tg‘a o‘zumni urg‘oli keldim. –
deb yozadi shoir o‘z g‘azallarida. Endi uning o‘ti haqiqatning yondiruvchi, isyonning kuydiruvchi olovi bilan qo‘shilib yona boshladi. Uning oldida ikki imkoniyat: yonish yo yondirish, kuyish yo kuydirish bor edi.
Uni zamon hasrati, yorning firoqi yondirdi:
Hasrat o‘tidin kuydimu motamzada kettim,
Firoqning o‘tiga kuydim, kiyar bu ustixon emdi.
U yonganning bir o‘chishi, bir ko‘yganning bir kuydirishi bo‘ladi. Mashrab o‘tlarda yonib-yonib, oxirida o‘zi o‘t bo‘ldi. Endi uni hech narsa, hatto do‘zax otashi ham yoqolmas edi. Chunki do‘zax so‘zoni ishq o‘ti oldida hech gap emas. Ishq o‘ti o‘tlarni yondirar, suvlarni kuydirar, tosh-temirlarni eritar edi:
Ishq o‘tidin tashlab do‘zax qurutay derman…
Bu misrada oshiq qalbi otashning g‘ururini, qudratini namoyon qiladi. Yana bir misol:
Chun barq urubon chiqsa o‘shal ko‘hga Majnuni,
Do‘zax kuyar jannatu rizvon chidayolmas…
Bu o‘t qudratlik, jannat do‘zaxni kuydirish bilangina cheklanmay, butun ilohiy olamning markazi bo‘lmish Arshi A’loni ham yondira oladi:
Arshining kuyar ohimdan tongla bo‘lsa qiyomat…
Bu misra ortida samimiy bir kuch, beparvo bir ishonch, erka bir g‘urur ko‘rinmayaptimi? Ishq o‘tining yashindek shiddatidan esa osmon gumbazi ham junbushga keladi:
O‘tlar chaqilib gurkiragan ra’d emasdur charx ustiga har dam,
Ohim o‘tini shiddatidin berdi sado bul gumbazi davvor.
Jannatu do‘zax, Arshi A’loyu barcha falaklarni kuydiruvchi bu o‘tni tasavvur qilib ko‘ring:
Ishqida ohim o‘ti uchundir oy ila kun!
Mashrabning shu qudratli o‘tdan “oshiq elini ko‘ngliga bir o‘t qalab” o‘tishi oddiy bir hol. Shu o‘t bilan zamon “kechasin ichidagi chaqmog‘i” bo‘lish esa Mashrab uchun yana ham kamtarlik edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |