II. Xitoy Xalq Respublikasi Sintszyan Uyg’ur avtonom rayoni (SUAR) hududida Mashrab va u yashagan adabiy muhit haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilish
Xitoy Xalq Respublikasi Sintszyan Uyg’ur avtonom rayoni (o’tmishda Sharqiy Turkiston deb ham atalgan) adabiy muhitiga Alisher Navoiy, Rahimbobo Mashrab kabi o’zbek alloma adiblarining ta’siri katta bo’lgan.
Mashrab hayotining ma’lum bir davri Qashqar, Yorkentda ham o’tgan. Shoir haqida nafaqat bizning hududda, balki u yerdagi adabiy-ilmiy manbalarda keltirilgan ma’lumotlarni qiyosiy o’rganish muhimdir.
O’tmishda bu hududda yashagan qator adiblar bo’lganki, ular Turkiston adabiy muhitidan to’liq xabardor holda Qo’qon, Buxoro, Hirot, Xorazm adabiy maktablari ta’sirida kamol topganlar. Ulardan ko’plari to’g’ridan-to’g’ri Alisher Navoiy va Rahimbobo Mashrab adabiy an’analarini davom ettirganlar.
Yorkent adabiy muhiti
Sintszyan tarixidagi muhim jarayonlarni boshidan kechirgan Yorkent xonligida adabiy muhit yuksak darajada rivojlangan. Mashrabning Xitoy hududidagi faoliyati ham shu xonlikning so’nggi davrlari bilan bog’liq holda kechgan. Qashqarda 2007 – 2009 yillar davomida olib borgan ilmiy izlanishlarimiz natijasida xalqlararo adabiy va madaniy aloqalarga, Alisher Navoiy, Rahimbobo Mashrab va uning zamondoshlariga oid ayrim manba va ma’lumotlarga ega bo’ldik. Ular asosida Mashrabning Yorkent xonligi hududida yashagan davrida nomlari xalq orasida keng tarqalgan ijodkorlar haqida ma’lum xulosalarga kelish, badiiy asarlarning qiyosiy tahlillari asosida qo’shni xalqlarning adabiy qarashlari va aloqalariga doir tadqiqot ishlarini maydonga keltirish mumkin. Mazkur makon va zamonga oid zarur ma’lumotlar quyidagi manbalarda mavjud:
Muhammad Sodiq Qashqariyning 1182/ 1768 yillarda yozilgan “Tazkirai xo’jagon” tazkirasida, Mir Xaladdin Kotib Yorkendiyning 1143/1730 yillarda yaratilgan Hidoyatnoma” , muallifi noma’lum bo’lgan va taxminan 1696 yildan keyin yozilgan “Tarixi Qashqar”, Zayniddin Muhammad Emin Sadr Qashqariyning “Asar ul-Futux” , 1842 yilda Muhammad Hakimxon To’ra tomonidan yozilgan “Muntahab ut-tavorix” , Mirza Olim Mushrifiyning “Ansob us-salotin va tavorix ul-havoqin” , Muhammad Aziz Marg’iloniyning «Tarixi Aziziy» , Muhammad Haydar Mirzo (1499 – 1533)ning 1541 – 46 yillarda yaratilgan “Tarixi Rashidiy” , Shoh Mahmud mirzo Fozil Cho’rasning 1107/1696 yillarda yozilgan «Anis at-tolibin” va “Tarixi Rashidiy –Zayil”, Mulla Musa Sayramiy (1836 – 1917)ning “Tarixi aminiya” va “Tarixi Hamidiy” kabi asarlarda.
Quyida Mashrab she’riyatiga o’z ta’sirini o’tkazgan ijodkorlar haqida ayrim ma’lumotlarni keltirib o’tamiz:
1. Ayazbek-qo’shchi . Yorkent xonligining dastlabki yillarida sarkardalik qilgan. U g’azal ijod qilishdan tashqari «Mahmudnoma», «Jahonnoma» dostonlarining muallifi hisoblanadi. Uning quyidagi she’ri Ayazbekning shoirlik salohiyatidan dalolatdir:
Soqiy mayi farahbaxsh tutkim bahor keldi,
Ishrat zamoni yetdi ul gul’uzor keldi…
Davron ayru-ishrat besh kun erur g’animat,
Chun charxi bemuruvvat napaydarpay keldi.
Iydu bahor ayyomidur, soqiy labbo-lab jom tut,
Ayshu tarab davronidur jomi mayi gulgun tut…
Gohi Ayoziy sorig’a boqqil sorig’ ruxsorig’a,
Yaxshi-yomonning borig’a lutfu karamni ham tut.
2. Sulton Saidxon (1487 – 09.07.1533 y.y.). Yorkent xonligining asoschisi (1514 y.) va xoni (1514 – 1533 y.y.). Iqtidorli shoir, adabiy taxallusi Saidiydir.
Muhammad Haydar Mirzo ko’ragon ibni Muhammad Husayn ko’ragon Do’g’lot (1499/1500 – 1533 y.y.) ning 1541 – 1546 yillarda yozilgan «Tarixiy Rashidiy» asarida tug’luqtemuriylar va temuriylar avlodidan yetishib chiqqan va xonlik ijtimoiy hayotida faol qatnashgan ijodkorlar xususida so’z yuritadi.
«Tarixiy Rashidiy»da Saidxonning badiiy salohiyati haqida shunday deyiladi: «Nasta’liq xatida chiroyli yozardi. Imlosi forsiyda ham, turkiyda ham, arabiyda ham to’g’ri va bekamu ko’st edi. U turkiyda chiroyli qilib insho tuzishda benazir edi. Bunaqasi ko’plab bilimdonlarning qo’lidan kelmasdi. U o’ylab o’tirmasdan she’r tuzardi. Yig’inlar va suhbatlar paytida oldida qanday devonni ochishmasin, o’sha she’rlarning istalgan vazni va qofiyasiga moslab, badiha she’r to’qib tashlardi…
Xon yig’inlar paytida to’qigan badihalardan ayrimlarini men eslab qolganman…
Qaysi gulshanning yuzingdek bir guli ra’nosi bor?
Qaysi gulning bir maningdek bulbuli shaydosi bor?..
(Mashrab bu she’rga nazira tarzida:
Qaysi parining san kabi dilbari guluzori bor?
Qaysi chamanning gullarin tiyri mijangcha xori bor?
bayti bilan boshlanuvchi g’azal yozgan. – E. M. )
Bir kuni men xondan forsiyda badiha aytishini iltimos qildim. Qattiq so’raganimdan keyin xon Xoja Hasanning shu yerda turgan devonini ochishni buyurdi. Ochgan edim, bir g’azal chiqdi. Matlaidagi birinchi misra budir:
Ey zi sar to ba qadam joni kasi,
(Ey sen, boshdan-oyoq birovga jonsan).
Yig’inda hozir bo’lgan odamlar ham badihago’ylik qila boshlashdi. Xon shunday bayt to’qidi:
Chanda go’yiki: Bigo’ joni kasi?
Rost go’yamki, tui xoni kase.
(Necha dersen: «Ayt, kimning jonisan?»
Rost so’zlay: «O’zing birov xonisan».)
Mana shu sinov baytidan ham u nechog’lik iqtidor egasi bo’lganligi ko’rinib turibdi».
Mazkur she’r ham Sulton Saidxonga nisbat berilgan:
Shukrilloh, holatim zohir bo’lubtur yorg’a,
Endi yor ollida o’zni ko’rsatay ag’yorg’a.
Sayr uchun kirsa guliston ichra ul sarvi ravon,
Banda bo’lsun sarvi ozod ul hadu raftorg’a.
Har saboh qon yig’lasam ayb aylamang man zorni,
Bas kela olmam netay bu diydai xunborga.
Shoh Mahmud mirzo Fozil Cho’ras (1626 – 1696 y.y.) “Tarixi Rashidiy-Zayil” (Cho’rasning bu asari “Tarixi Rashidiy” ning mantiqiy davomi hisoblanadi. Muallif asarini Muhammad Haydar Mirzoga taqlidan shunday atagan) asarida uning ushbu baytini keltiradi:
Ey Saidiy, ol yordin tanting murodingni tamom,
Barchasi bo’ldi muyassar shukr qil biru borga.
3. Abdurashidxon (1510 – 1569 y.y.). Sulton Saidxonning o’g’li, shoh (1533 – 1569 y.y.) va shoir, adabiy taxallusi Rashidiy. Shoir g’azalidan parcha:
Haq yo’lida jon chekib bir justujo’yi qilmadim,
Tavba suyidin tanimni shustushuyi qilmadim.
Vah, nechuk maqbuli bo’lg’ay, vah, namozimkim mening,
Chunki xunobi jigar birla vazuyi qilmadim.
Abdurashidxon ona tilidan tashqari, fors tilida ham ajoyib she’rlar yaratgan:
Gar qadatra sarvi guyam, sarvara raftor nest,
Gar labatra g’uncha xonam, g’unchara guftor nest.
«Tarixi Qashqar» asarida keltirilishicha, Abdurashidxon nihoyatda savodxon bo’lib, ona tilida va fors tillarida ajoyib she’rlar ijod qilgan. U har qanday zeru zabarsiz matnni yod olgandek o’qir edi.
4. Amannisaxon (1534 – 1567 y.y.). Nafisiy taxallusi bilan ijod qilgan. Abdurashidxonning quyi tabaqadan chiqqan ikkinchi xotini, shoira, hattot va iste’dodli san’atkor. Asarlari: «Devoni Nafisiy», «Qalblar sharhi», «Ahloqi Jamila» risolasi.
5. Mulla Yusuf Qodirxon Yorkendiy ( ? – 1571 y.y.). Amannisaxonning ustozi, Abdurashidxonning Bosh vaziri, mashhur musiqashunos, shoir. «Devoni Qodirxon» nomi bilan devon tartib bergan.
Uyg’ur olimlari ijodkorlar sifatida qayd qilishgan, biroq bizga ularning asarlari noma’lum bo’lgan Hanifiy, Ho’piqiy, Oxun Mulla Shahxo’ja, Mulla Habib, Mulla Atip, Baba xo’ja Oxun Xo’tandiy, Muhammad Emin Zehniy, Mirza Shah xo’ja, Mulla Juniy xo’janing ijodiy merosidan namunalarni qo’lga kiritish maqcadga muvofiq.
Mashrabga zamondosh bo’lgan Obid Qumuliy, Mulla Pozil, Muhammad Xarobotiy, Xirqatiy, Muhammad Siddiq Zaliliy, Navbatiy, Boboxo’ja Oxun Xo’tandiy, Ibrohim Mashhuriy, shuningdek, Siddiq Qashqariy, xoja Nasiroxun, Mavlono Hulqiy, Mirzo Mirak Chalishiy kabi shoir va san’atkorlar ham ijod qilganlarki, ularning asarlari bilan Mashrab she’rlarini qiyosiy-tanqidiy o’rganish, shu asosda o’tmish o’zbek adabiyotining tarqalish jug’rofiyasini va ta’sir doirasini aniqlash adabiyotshunoslar oldida turgan vazifalardan bo’lib, bunga oydinlik kiritish Markaziy Osiyo xalqlari adabiy aloqalarining ma’lum davrini yoritishga xizmat qiladi.
Hozirgi davrda yaratilgan ayrim tadqiqotlarda Arshiy degan shoir Mashrabga zamondosh sifatida keltiriladi. Gohida Arshiy degan shoir bo’lganu biroq uning qachon va qayerda yashagani noma’lumligi haqidagi fikrlar ham uchraydi. Bunga qo’shimcha tarzda Gumnom va Xirqatiyni alohida ijodkorlar sirasida bilish hollari ham yo’q emas.
Jahon xo’ja Yoqub (Arshiy taxallusi bilan devon tartib bergan). Taxminan 1724 – 1730 yillar oralig’ida Buxoro, Samarqand, Qo’qon madrasalarida o’qigan. Arshiy taxallusi bilan turkiy, fors va arab tillarida she’rlar ijod qilgan. Yorkent hokimi (1735 – 1759) bo’lgan. Arshiy har payshanba kuni «Oltin» madrasada talabalarga dars bergan. Ular orasida Qo’qon xonligidan bo’lgan talabalar ham tahsil olishgan. Ma’lumotlarga qaraganda, Jahon xo’ja afsonaga aylangan uyg’ur qizi, Mahdumi A’zam avlodi Iparxon (15.09.1734. Yorkent – 19.04.1788. Pekin) ning xojasi bo’lgan.
1707 yil Qashqarda tug’ilgan tazkiranavis Muhammad Siddiq Rushdiy “Tazkirat ul–avliyoi turkiy” asarida unga ko’plab yaxshiliklar qilgan Mavlaviy Arshiy haqida so’z yuritadi:
Shohi jahon Mavlaviy Arshiy edi,
Nasabi aslida Qurayshiy edi.
Loyiq edi ruhi ravonim desam,
Arzir edi jismaro jonim desam.
Surma edi ko’zima bosqon yeri,
Shakkar edi komima shirin so’zi.
Tegdi samum ofati yo’ldoshima,
Tegdi firoq o’ti meni boshima.
Qildi bu o’t ichra samandar meni,
Ayladi olamda qalandar meni.
Muallif Mavlaviy Arshiy ajdodlarining nasabi asli Qurayshiy bo’lganligini aytmoqda. Bundan Arshiyning xo’ja-lar avlodidan ekanligini anglash mumkin. Biroq Rushdiyga aziz bo’lgan bu inson ochundan erta ko’z yumganligi sababli misralar muallifi ko’p aziyat chekkanligi ko’rinib turibdi. Davr va makon nuqtai nazaridan qaralsa Rushdiy madh qilayotgan kishi aynan Jahon xo’ja bo’lishi haqiqatga yaqin.
Rahimbobo Mashrab shaxsiyati va uning ijodiga xos xususiyatlarni aniq belgilash uchun unga zamondosh bo’lgan ayrim shoirlarning hayoti va ijodi haqida muxtasar fikr yuritamiz:
1. Obid Qumuliy. Asosan g’azal va ruboiy janrlarida ijod qilgan. Qumul shahri hokimi Ubaydulla G’ozibek homiyligida faoliyat olib borgan. XXR SUAR (Urumchi)dagi adabiyot muzeyida saqlanadigan «Bayoz»da shoirning 34 g’azali va 69 ruboiysi keltirilgan.
2. Mulla Pozil. Adabiy taxallusi «Kichik». 1653 yilda tug’ilgan. Shoirning Alisher Navoiy asari ta’sirida 1705 yili yozib tugatilgan «Layli va Majnun» dostoni bizgacha yetib kelgan. Asarning Alisher Navoiy «Layli va Majnun» dostonidan asosiy farqi, tilining soddaligi, el og’zaki ijodidagi tushunchalarning aks etishida ko’rinadi. Qo’lyozma 254 sahifadan, 5592 misradan tarkib topgan.
3. Muhammad Xarobotiy (tax. 1638 – 1730 y.y.). Muhammad binni Abdulla Xarobotiy 1638 yili Choqtal shahri Oqsuv tumanida tug’ilgan. Qashqar va Buxoro madrasalarida ta’lim olgan. Asosan diniy faoliyat bilan shug’ullangan. Abdulla Xarobotiy mahalliy hukmdor va diniy arboblar bilan har doim chiqisholmaganligi haqida o’zining “Masnaviyi Xarobotiy” asarida bir necha marta sha’ma qiladi va masnaviyning har bobi so’ngini quyidagi murojaat bilan tugallaydi:
“Man nechuk aylay ko’ngulni shodlar,
Qaysi bir g’amdin qilay faryodlar?”
Ayrim xitoylik turkiy adabiyotshunoslar fikricha, shoir bir qancha lirik va epik asarlar yozgan, biroq bizga uning faqat, «Kulliyoti masnaviyi Xarobotiy» asari ma’lum. Mazkur asar XVII asr birinchi choragida yaratilgan uyg’ur didaktik adabiyotining yirik namunasi hisoblanadi.
4. Muhammad Emin Xo’jamquli Xirqatiy (Gumnom) (1634 – 1724 y.y.). Xirqatiy 1634 yili Yangi Qashqarning Tazgun tumanidagi Bog’cha qo’rg’onida dunyoga keldi. U o’n olti yil mobaynida Qashqar madrasalarida ta’lim olib turkiy, arab va fors tillarini mukammal darajada egallagan. Qashqarda, Ofoq xo’ja dargohida Rahimbobo Mashrabga saboqdosh bo’lgan.
Xirqatiy ijodining cho’qqisi uning 1670 yilda yozilgan “Muhabbatnoma va Mehnatkam” nomli munozara janridagi dostoni hisoblanadi. Xirkatiy bu masnaviyi bilan turkiy tildagi dostonchilik mavzusini boyitib, an’anaviy ishqiy kechinmalar aks etgan muhabbat mavzusini mehnat mavzusi bilan omuxtalashtirishga erishadi. Dostonning asosiy g’oyasi bulbul va atirgul o’rtasidagi munozarada ochib boriladi. Asarda yana bir ijobiy obraz – Sabodan tashqari, yovuz kuchlar timsoli – Guliqahqah siymosi mavjud.
Shoirning to’qson yil umr ko’rganligi va kamida ellik yil badiiy ijod bilan shug’ullanganiga e’tiborga bersak, uning asarlari hajmi ancha katta bo’lishi kerak, biroq bizga faqat Xirqatiyning epik adabiy merosidan «Muhabbatnoma va Mehnatkam» dostoni ma’lum. Xirqatiyning ikkinchi taxallusi Gumnom. Uning «Devoni Gumnom» she’riy to’plami 109 sahifadan iborat bo’lib, 85 g’azal (1550 misra), 14 muxammas, 25 ruboiy, bir tarjibband va bir masnaviydan tarkib topgan. Gumnom Mashrabning:
Chiqsam ko’chaga shohsuvorim keladur
Gul g’unchasidek lola uzorim keladur.
Har yong’a boqib, kifrik o’qin xalqg’a otibon,
O’tlarni yoqib jonimg’a nigorim keladur.
Gulgun labidin ishq mayin elga sunibon,
O’z mastig’idin ko’zi xumorim keladur… —
g’azaliga nazira bog’lagan:
Chiqsam ko’chaga shahsuvarim keladur,
Gul g’unchasidek lola uzorim keladur.
Har yong’a baqib, kirpik o’qin eliga otib,
Jonimg’a yoqib o’tni nigorim keladur.
Maygun labidin ishq mayin yelga sunub,
O’z mastlig’idin ko’zi xumorim keladur…
Shuningdek, Mashrabning
Qofu nun – ko’zu labing, madd alifu madd – qoshing,
Ro’yi astoring boshingdin oyog’ing Qur’on qiz.-
kabi baytlarga monand misralar Gumnomning she’rlarida ham uchraydi:
Qofu nun ko’zi labing, madd alif qaddi qoshing,
Ro’yu asroring boshingdin oyog’ing qiran qiz .
Xirqatiy Gumnom taxallusini faqat she’rlarda qo’llagan. Muhabbatning faylasufona talqini aks etgan ushbu she’rda ham shoirning ikkinchi taxallusi qo’llangan:
Ishqning kavnu makon ichra makoni yo’qturur,
Lek boqsang jon ko’zida ishqsiz yo’qtur makon.
Bul havaslar binihayatdur qachon topqan xabar,
Ishq otin tutqan bila to bo’lmag’uncha bag’ri qon.
Ishq oti mashhur erur kim ko’rdi shaklu suratin,
Jonu dil ko’ymakdin o’zga kim oni ko’rdi ayon.
Anglagil Gumnom boqsang har taraf yo’q g’ayri ishk,
Foniy bilgan ko’z ko’rar hech til ani qilmas bayon.
5. Muhammad Siddiq Zaliliy (1676 – 1755 y.y.). Yorkent xonligidagi Saidiya shahrida tug’ilgan. Yorkentda, mashhur “Xonliq madrasa”sida tahsil ko’rgan. Ta’limni tugatgach, 40 yoshida ukasi Dalil va shoir do’sti mulla G’azal bilan Turkiston bo’ylab uzoq safarga otlanadi. Qashqar, Atush, Turfan, Xo’tan, Quchar, Qumul, Qarg’aliq kabi shaharlarda bo’lib, mahalliy xalqlarning turmushi bilan yaqindan tanishadi, aziz-avliyolarning qabrlarini ziyorat qiladi. Bu safarning taassurotlari zaminida Zaliliy “Safarnoma” (1718), “Tazkirai Chiltan” (1734), “Tazkirai xoja Muhammad Sharif” (1744) asarlarini yaratadi. Bundan tashqari, uning 196 turkiy, 56 forsiy g’azallari, 27 ruboiy, shuningdek, mustazod, qasida, soqiynomalari bizgacha yetib kelgan. 50 yoshga kirganda Yorkentdan Xo’tan shahriga ko’chib o’tadi va 1755 yili vafot etadi. Qabri Xo’tan shahridagi “Alg’un mozor” nomli qabristonda joylashgan.
Shuni alohida mamnuniyat bilan ta’kidlash kerakki, tadqiqotchi Tursun Qurbon 2008 yili “Zaliliy hayoti va ijodiy merosi: manbalari, matniy tadqiqi mavzuida filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun yozgan dissertatsiya ishini maydonga keltirdi.
Tursun Qurbon ilk marta Zaliliy hayoti va ijodini monografik yo’sinda tadqiq qildi. Unda shoir asarlari, jumladan, “Safarnoma”, “Tazkirai chiltan”, “Tazkirai Xoja Muhammad Sharif Buzrukvor” dostonlarining matnlari qiyosiy o’rganilib, umumlashma ilmiy–nazariy xulosaga kelindi. Bu kabi izlanishlari bilan Tursun Qurbon o’zbek va uyg’ur adabiyotlari tarixiga o’zining munosib hissasini qo’sha oldi.
Tursun Qurbon Mashrab va Zaliliy she’rlaridagi o’xshashlik haqida shunday deydi: “Muhammad Siddiq Zaliliy ijodi manbalari haqida so’z yuritganda, Rahimbobo Mashrab devonidagi va “Zaliliy devoni”dagi ayrim g’azallarda o’xshashliklar uchrashini alohida ta’kidlash kerak” .
6. Navbatiy Xo’tandiy (1691 – 1760 y.y.). Uyg’ur adabiyotida iqtidorli lirik shoir sifatida nom qoldirgan. Navbatiy Xo’tanda tug’ilgan. Uning asarlari Qashqar madrasalarida Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy asarlari bilan bir qatorda o’qitilgan. Navbatiy she’rlari to’plami 1954 yilda Kuchar shahrida topilgan. Majmuaga taxminan 1740 yilda tartib berilgan. Qo’lyozma 107 g’azal va 31 ruboiyni o’z ichiga oladi. Kitobga Huvaydoning 69 she’ri ham kiritilgan.
Qo’qon xoni Erdonabiy (1720 – 1764 y.y.) huzuriga 1760 yili kelgan Yorkentning taniqli adibi Muhammad Siddiq Rushdiy (tax.1708 – 1788 y.y.) 1780 yilda Farididdin Attorning «Tazkiratul avliyo» si zaminida “Tazkirat ul-avliyoi turkiy” asarini yaratdi. Bu tazkira Alisher Navoiyning mutasavvuf ijodkorlar haqidagi «Nasoyimul muhabbat» asaridan keyin turkiy tilda yaratilgan shu mazmundagi birinchi asar hisoblanadi. Unda to’qson besh mutasavvuf haqida qiziqarli ma’lumotlar keltiriladi.
O’zbek mumtoz adabiyoti Sintszyan adabiyoti taraqqiyotiga kuchli ta’sir ko’rsatgan. Agar o’zbek lirik she’riyati Yorkent xonligi davrida yangi sifat bilan mahalliy adabiyotga ta’sir qilgan bo’lsa, hudud epik she’riyati XVIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab ko’p jihati bilan o’zbek dostonlari an’analarida yaratildi. Birgina Abdurahim Nizoriyning (1770 – vafot yili noma’lum) Alisher Navoiy ijodidan ilhomlanib yaratgan «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun» dostonlarining o’zi fikrimizni asoslaydi. Bu epik an’anani Noruzoxun Ziyayi va Turdi G’aribiy ham davom ettirishgan.
O’zbek lirikasining mumtoz an’analari shoir Oxun she’riyatida, XIX asrning ikkinchi yarmida ijod qilgan Sadir Polvon, Said Muhammad Koshiy, Mulla Shokir kabilarning asarlarida davom etdi.
Mahalliy adabiyotda g’azal janri XIX asrda yashagan yetuk shoir Bilol Nozim (1824 – 1899 y.y.) ijodida yuksak darajaga yetdi. Adibning “G’azaliyot” devonidagi muhabbat, ijtimoiy hayotga munosabat, didaktik g’oyalar aks etgan she’rlari sodda tilda va el ohangida yozilganligi bilan ajralib turadi.
Aynan shu davrda qo’qonlik ayrim ijodkorlar turli sabablar bilan Sintszyanga borishib, u yerning adabiy — madaniy hayotida faol qatnashishgan. Bunday ijodkorlar sirasiga Akmal Toshkandiy, G’iyosiddin Umar Marg’iloniy, Imom Ali Qunduziy, Pisandiy, tabib Hasan xo’ja kabilarni kiritish mumkin. XX asr boshlarida taniqli o’zbek shoiri, olimi va publitsisti Zokirjon Xolmuhammad o’g’li Furqat (1858 – 1909 y.y.) Qashqar va Yorkentda umrining so’nggiga qadar yashab ijod qildi.
Tarix sohasida ayniqsa, Shoh Mahmud mirza Fozil Cho’rasning faoliyatini alohida ta’kidlab o’tish joiz. Bu alloma Yorkent madrasalaridan birida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borib, umrining so’nggi yillarida «Anis at–tolibin” va “Tarixi Rashidiy-Zayil” deb nomlanuvchi tarixiy asarlarni yaratdi. Mazkur ikki asar Turkiston xalqlari tarixini o’rganishda hanuzgacha muhim manbalar bo’lib qolmoqda.
Yorkent xonligi va undan keyingi davrda hozirgi XXR SUAR hududida yaratilgan badiiy, ilmiy, tarixiy – memuar asarlar mahalliy el ma’naviy dunyoqarashining, badiiy – ilmiy tafakkuri doirasining, tarixiy hodisalarga va ijtimoiy hayotga bo’lgan munosabatining ko’zgusi sifatida ahamiyatlidir. Bu xil asarlarning yaratilishida o’zbek adabiyotining ta’siri katta bo’lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |