Birinchi bob
RAHIMBOBO MAShRAB FAOLIYaTINING O’RGANILISh TARIXI VA MUAMMOLARI
Rahimbobo Mashrab faoliyati va adabiy merosini o’rga-nish manbalarini mazmuni va mohiyatiga ko’ra quyidagicha tasnif qilish mumkin:
1. XVII – XIX asrlarda yaratilgan asarlar;
2. Ilmiy risola va maqolalar.
Manba sifatidagi tazkiralar
Rahimbobo Mashrab haqidagi ilk ma’lumotlar shoirga zamondosh bo’lgan adiblar asarlarida o’z aksini topgan. XVII – XIX asrlarda yaratilgan ayrim tazkiralarda Rahimbobo Mashrab hayoti va faoliyati haqida katta-kichik ma’lumotlar keltiriladi. Dastlabki xabarlar Muhammad Bade’ Malehoning 1689 – 1692 yillarda yozilgan “Muzakkir-ul ashob” nomli tazkirasida uchraydi. (Borligi noma’lum bo’lgan Ziyovuddin Bog’istoniyning “Tazkirai qalandaron” asarini bu ro’yxatga kiritmadik.)
Abdul Mutallibxo’ja Fahmiyning 1763 yilda yaratilgan “Tazkirai Fahmiy”, Majzub Namangoniyning “Tazkirat ul-avliyo”, Abdushukur Ziyoning “Musavvadai Abdushukur Ziyo” tazkiralarida, 1842 yilda qo’qonlik Muhammad Hakimxon To’ra tomonidan yozilgan “Muntahab ut-tavorix” , Ko’qon xoni Xudoyorxonning munshisi bo’lgan Mirza Olim Mushrifning “Ansob us-salotin va tavorix ul-havoqin” , kabi tarixiy asarlarida hamda Mir Xaladdin Kotib Yorkendiyning 1730-1731 yillarda yaratilgan “ Hidoyatnoma” va “Manoqibi xo’jai Poshsho” singari holot va manoqiblarda Mashrab va uning zamondoshlari haqidagi ma’lumotlar mavjud.
Akademik Vohid Abdullayev Mashrab to’g’risida ma’lumot bergan yana bir guruh shoirlarning nomlarini keltirib o’tadi: Balx shoiri Surat, Hind shoiri Behud, Nozim Xiraviy, Shavkat Buxoriy, Rafi Shohid, afg’on shoiri Zuhur .
Fikrimizcha, yaqin kelajakda Mashrab faoliyati va adabiy merosini o’rganish uchun kuyidagi ishlarni amalga oshirish lozim:
I. Mashrab ijodi va faoliyati haqidagi muhim asarlarni nashr qildirish
Respublikamiz kutubxonalarida va kishilar qo’lida mavjud “Devonai Mashrab” kitobining, shuningdek, “Mabdai nur” va “Kimyo” asarlarining eng qadimgi, salmoqli nusxalarini aniqlash, ular asosida shoir ijodi va faoliya-tiga aniqlik kiritish navbatdagi vazifalar hisoblanadi. “Devonai Mashrab” kitobi nusxalari yurtimizning turli shahar va qishloqlarida yashovchi aholi qo’lida hali ham uchrab turadi. Turli oliygohlar kutubxona va muzeylarida “Devonai Mashrab”ning bir qancha nusxalari saqlanmoqda. Jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti kutubxonasi sharq qo’lyozmalari va nodir kitoblar bo’limida ham “Devonai Mashrab” kitobining 9 qo’lyozma, 5 toshbosma va “Mabdai nur” asarining 4 qo’lyozma, 4 toshbosma nusxalari mavjud (foydalanilgan adabiyotlar bo’limida ularning ro’yxati ketirilgan).
Do'stlaringiz bilan baham: |