MASHRAB, MASHRABSHUNOSLIK VA NASHRLAR
Bizda Mashrab asarlari keyingi 25 yillikda olti marta turli hajmda, turli saviyadagi tadqiqotchilar tomonidan to‘planib nashr etildi. Bu nashrlar asosan uchta bo‘lib, qolganlari shularning ikkinchi va uchinchi chiqarilishidir.
A.Hayitmetov va P.Shamsiyevlar tayyorlagan to‘plam bu nashrlarning birinchisi bo‘lib, 100 betcha hajmda, so‘zboshi bilan 1958 yilda bosildi va oradan ikki yil o‘tgach takror nashr etildi. A.Abdug‘afurov tayyorlagan yangi nashr 1963 yili nashr etilgan bo‘lib, X.Hayitmetov nashriga qaraganda shoir ijodini qariyb ikki marta ko‘p qamrab olgan edi. Bu nashr ancha shuhrat qozondi. Oradan sakkiz yil o‘tgach, yangi so‘z boshi bilan ikkinchi marta, 1979 yili yana boshqa so‘z boshi bilan “Sharq klassiklari merosidan” seriyasida uchta yangi g‘azal va bitta yangi muxammas kiritilib, uchinchi marta – 150000 nusxada nashr qilindi.
Lekin kitobxonlar mashrabshunoslardan yangi-yangi so‘zboshilarnigina kutayotganlari yo‘q edi. ularga yangi so‘zboshilar bilan birga yangi she’rlar, Mashrab ijodidan to‘liqroq bahramand qiluvchi nashrlar ham kerak. O‘quvchilar kutayotgan bu nashrni Vahob Rahmonov bilan Komiljon Isroilovlar Mashrab “Devon”i shaklida e’lon qilishdi (1980 yil). Bundan keyingi ishlar asosan ushbu “Devon” asosida olib borilishi kerak. Chunki tadqiqot bilan nashr bir-birining doirasidan chiqib ketmasligi lozim.
Yuqorida aytganimizdek, turli xil saviyalilik ularning so‘z boshilarini ham chetlab o‘tmagan edi. Ma’lumki, Mashrabning tavallud joyi, yili atrofida adabiyotshunosligimiz turli qarashlarga ega. A.Abdug‘afurov bu masalaga to‘g‘ri munosabat bildiradi. U Mashrab nashrlariga yozgan barcha so‘zboshilarida shoir tavalludi 1640 yil, tug‘ilgan joyi Namangan ekanligini ta’kidlaydi. A.Hayitmetov esa Mashrab 1657 yili Andijonda tug‘ilgan deb da’vo qiladi. Umuman mashrabshunoslikdagi bu ikki yo‘nalish haqida A.Abdug‘afurovning “Erk va ezgulik kuychilari” kitobi orqali yaxshi tanishish mumkin.
Vahob Rahmonov “Devon” so‘zboshisida bu masalaning “joy” qismiga aniqlik kiritadi. U adabiyotshunoslikda shu masalaning uzil-kesil hal bo‘lishini aytib, “andijonchilar” Andigonni Andijon deb xato o‘qiganliklari, Andigon – Namangandagi bir qishloq ekanligini ta’kidlaydi.
Ikkinchi masala bahsli qolyapti, u ham bo‘lsa Mashrabning tug‘ilgan vaqti. Mashrabshunoslikdagi “joy” masalasiga dadil va dalil bilan chek qo‘ygan Vahob Rahmonov Mashrabning tug‘ilgan yilini 1657 ko‘rsatib bu masalani oydinlashtirishdan chetlanib o‘tadi.
Adabiyotshunoslarimiz yuzaga chiqargan bu 17 yil chorak asrdan beri kitobdan-kitobga, maqoladan-maqolaga soya tashlab o‘tyapti.
Birinchi masala uzil-kesil hal bo‘libdi, deb xotirjam bo‘lingan bir paytda A.Hayitmetovning “Sharq Yulduzi” jurnalida (Z, 1980) “Mashrab lirikasi” maqolasi e’lon qilindi. Maqolada Mashrabning “tug‘ilgan yeriga oid ikki xil ma’lumot mavjudligini qayd etish bilan chegaralanish kifoya” deb masalaning uzil-kesil hal qilinganiga shubha bildiradi. Mashrab hayotiga doir bu ikki masala atrofida manzara ana shunday.
Yuqoridagi bahslar Mashrab hayotiga oid bo‘lsa, yana shunday munozaralar borki, ular shoir ijodini tadqiq qilishda yuzaga chiqqan. A.Abdug‘afurov Mashrab haqida gapirganda, uning Lutfiy, Navoiy ijodini chuqur o‘rganganligi, g‘azallariga tazmin va naziralar bitganligini gapiradi va Mashrabning boshqa shoirlar bilan bog‘lanish doirasini ana shu ikki misol bilangina cheklab qo‘yadi. Mashrab eng ko‘p ta’sirlangan va ijodini o‘ziga yaqin tutgan shoirlar orasida Hofiz, Nasimiylar bor ediki, bu xususda A.Hayitmetov va V.Rahmonovlar dalilli misolar keltirishadi. Mashrabning Nasimiy qalamiga mansub mashhur “Sig‘mazam”radifli g‘azaliga nazira tarzida “Sig‘madur”, “Sig‘madim” radifli g‘azallarini yaratganligi misoli ayniqsa e’tiborlidir. Tadqiqotchi V.Rahmonov Mashrabning Badriddin Hiloliy bilan bog‘lanish nuqtasini topgani yanada quvonchli bo‘lgan.
Demak, hozircha mashrabshunoslikda shoirning Lutfiy, Navoiy, Nasimiy, Hiloliy bilangina bog‘lanish nuqtalari haqida gap bor. Mashrab bulardan tashqari o‘zbek adabiyotining Ahmad Yassaviy, So‘fi Olloyor kabi vakillari bilan ham ko‘p o‘rinlarda yaqindir. Umuman, adabiyotshunosligimiz oldida Mashrab ijodini turli oqimdagi unga zamondosh va o‘tmishdosh shoirlar ijodi bilan mukammal qiyosiy o‘rganish, shuningdek Mashrabning o‘zidan keyingi shoirlarga ta’sirini chuqur tadqiq qilishdek ulkan vazifa turibdi.
Mashrab she’rlarini tahlil qilishda ma’lum bir she’riy parchani (misra, matla’) asosiy fikrdan uzib qarash, she’rning umumiy ma’nosiga e’tibor bermaslik orqasida ko‘pgina xatolarga yo‘l qo‘yilgan. Masalan, A.Abdug‘afurov shoir asarlarining 1971 yil nashridagi so‘zboshisida quyidagi baytni tahlil qiladi:
Bir xudodin o‘zgasi barcha g‘alatdur Mashrabo
Gul agar bo‘lmasa ilkimda tikonni na qilay!
Tahlilda shoir tanosib san’atini qo‘llab “birinchi misra mazmunini ikkinchi misrada namoyish etadi, xudoni… inkor etadi” deb da’vo qilinadi.
Mashrab tadqiqotchi aytgan san’atni qo‘llagan bo‘lsa bordir, lekin xudoni inkor etmaydi.Tadqiqotchining da’vosi noto‘g‘ri ekanligini ko‘rsatish uchun aynan shu g‘azalning boshqa bir matla’ini keltiramiz:
Zarrai nuri quyoshdek bu jahon ichra tamom,
Oshkora o‘lmasa, sirri nihonni na qilay!
Bu matla’ mazmunini so‘filar ta’limoti yordamisiz ochish mumkin emas. Quyosh mavjudligini namoyon qiladigan narsa – uning bizga yetib keladigan zarralari Xudo – ulug‘ sirri nihon! Bu sirri nihon oshkor bo‘lmasa, ya’ni uning vasliga yetolmasam oshiq bo‘lib nima qildim, demoqchi Mashrab. Tadqiqotchiga Mashrab xudoni inkor etadi deb aytish imkonini bergan narsa boshqa yoqda. Biz keltirgan matla’ning ikkinchi misrasidagi “Oshkora bo‘lmasa” degan joyini “Oshkora bo‘lsa” deb mutlaqo teskari o‘qiydi va haligiday “kashfiyot” yaratishga muyassar bo‘ladi. Bu xato, ya’ni “Oshkora bo‘lsa” degan joyi nashrlardan-nashrlarga oyog‘i osmondan kelib o‘taverdi, nihoyat, “Devon”ga kelganda matnchilarning xizmatlari tufayli asl holiga keldi (71-bet). Shunday qilib, adabiyotimizda 20 yillab yerda qo‘li bilan yurgan Mashrab o‘zini to‘g‘rilab oldi, oyog‘ini yerga tushirdi! Lekin aynan shu g‘azal atrofidagi ikkinchi nuqson “Devon”da ham tuzatilmadi. A.Abdug‘afurov so‘zboshisida xudoni inkor qiladi deb da’vo qilgan va boshqa tadqiqotlarida ham bir necha bor murojaat etilgan matla’ nashrlarining hech qaysisiga kirmay qolavergan. So‘zboshida misol tariqasida keltirilib shoirning oyog‘ini osmondan qiladigan yarashiqsiz tarzda tahlilqilingan matla’ning kitobdan, g‘azaldan tushirib qoldirilishini qanday izohlash mumkin.
Vahob Rahmonov ham so‘l so‘filar ta’limoti to‘g‘risida gapirar ekan sho‘rlik matla’ning “Bir xudodin o‘zgasi barcha g‘alatdur Mashrabo!” misrasini keltiradi-yu, “Devon”ning o‘ziga kelganda yana g‘azaldan tushirib qoldiradi. Bu holda shoir haqidagi tadqiqotlar bilan shoir asarlari o‘rtasida uzilish ziddiyat kelib chiqadi. Aynan shu holning oldini olish haqida A.Hayitmetov o‘z vaqtida eslatib o‘tgan edi.
Bu jihatdan o‘z hajmi hamda matni saviyasiga ko‘ra Mashrabning “Devon”i boshqa nashrlarga qaraganda qimmatlidir.
“
Do'stlaringiz bilan baham: |