1.3.1-rasm. 2019 - yilda jahonda eng ko‘p turistlar tashrif buyurgan davlatlar reytingi, mln. kishi16 Fransiyadagi turizmni boshqarish tashkiloti davlat, mintaqa, bo‘limlar, viloyatlar va xususiy sektorni birlashtirgan izchil va samarali tizim hisoblanadi. U o‘z ichiga vazirlikdan tashqari transport va tartibga solish, turizm bo‘yicha davlat kotibiyati, turizm bo‘yicha 22 ta viloyat qo‘mitalari, 100 ta turizm bo‘limlari bo‘yicha qo‘mitalar va 36000 ta jamoaga ega viloyatlarni oladi.
Mamlakatda davlat darajasida tartibga solish va transport vazirligi turizm uchun javobgar hisoblanadi. Uning tarkibida milliy turistik ma’muriyat vazifasini bajararuvchi davlat kotibiyati mavjud. Federal turizm bo‘limining vakolatiga quyidagi vazifalarni amalga oshirish kiradi:
- kasbiy tayyorgarlikni amalga oshirish;
- turizm statistikasini yuritish;
- turizm rivojlanishini bashorat qilish;
- mintaqaviy qo‘mitalar bilan aloqalarni shakllantirish;
- hududlar uchun 5 yillik shartnoma rejalarini tuzish.
Turizmni boshqarish tizimida davlat tashkiloti mavjud bo‘lib, u Fransiya turizm muhandisligi agentligi hisoblanadi. Mazkur agentlik quyidagi vazifalarni bajaradi:
- yangi sayyohlik loyihalarini mamlakat bo‘ylab moslashtirish;
- turizmni rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli rejalashtirishni tahlil qilish va rejalashtirish;
- turli mamlakatlardagi sayyohlarning xulq-atvorini o‘rganish yoki talabning monitoringini amalga oshirish;
- turistik taklif to‘g‘risida turistik ma’lumotlarning monitoringini yuritish;
- turli turistik tashkilotlar uchun tavsiyalar berish;
- soha mutaxassislari uchun treninglar va “nau-xau” o‘tkazish uchun texnik kunlarni o‘tkazish;
- “boshidan oxirigacha” tamoyili asosida loyihani boshqarish.
Mamlakatda Turizm vazirligi Fransiya turizm muhandisligi agentligini nazorat qiluvchi tashkilot sifatida agentlikni binolar bilan ta’minlaydi va xodimlariga maosh to‘laydi. Fransiya turizm muhandisligi agentligida 22 nafar kishi ishlaydi. Agentlikning yillik budjeti taxminan 5400 ming yevroni tashkil qiladi. Shundan 1/5 qismi agentlik xizmatlarini sotish va 4/5 qismi turli vazirliklarning subsidiyalari hisobiga shakllanadi. Bunday agentlik yagona hisoblanadi, ammo mutaxassislar prognozlariga ko‘ra turistik muhandislikka ehtiyoj doimiy ravishda oshib boradi. Shu bois, mintaqaviy agentliklarni yirik sayyohlik mintaqalarida tashkil etish maqsadga muvofiq.
Fransiyada milliy darajada turistik qo‘mita, birlashma va sayyohlik agentliklarini birlashtirgan tashkilotlar mavjud bo‘lib, ularga Fransiya turizm qo‘mitalari va bo‘limlari federatsiyasi, Fransiya shahar sayohat idoralari assotsiatsiyalari federatsiyasi, Fransiya ijara kabinalari federatsiyasi, shahar atrofidagi parklar federatsiyasi kabilar kiradi.
Fransiyada turizmni boshqarish tizimi ko‘p yillar davomida rivojlandi. Hozirgi vaqtda ba’zi vakolatlar viloyat va boshqarmalarga berilgandan so‘ng, davlat turizmini boshqarishni nomarkazlashtirish tendensiyasi shakllandi. Fransiyaning sayyohlik hududi sifatida muvaffaqiyatli rivojlanishiga qaramay turizm sohasining eskirishi va tabiiy resurslarning cheklanganligi kabi muammolar mavjud.
Fransiya jahonda qishloq turizmini rivojlantirgan birinchi mamlakat hisoblanadi va bu Fransiya modeli bo‘lib hisoblanadi. Bu davlat XX asrning o‘rtasida qishloq turizmini rivojlantirishning davlat dasturini ishlab chiqdi. Hozirgi kunga kelib qishloq turizmi Fransiyaning barcha departamentlarida yaxshi tashkil qilingan. Fransiya modelida qishloq turizmi ancha murakkab va maxsus ixtisoslashtirilgan hisoblanadi. Mamlakatning janubida qishloq-cho‘milish plyaj turizmi infratuzilmalari yetarli darajada yaratilgan. Bu qishloqlarda turistlar uchun maxsus kottej uylari qurilgan. Markaziy rayonlarda agroturizm yaxshi rivojlangan. Bu yerdagi qishloqlarda turistlar uchun kichik uylar barcha sharoitlari bilan turistlarning ixtiyoriga beriladi. Chunki, fransuzlar ovqatni o‘zlari tayyorlashni xush ko‘radilar.
Fransiya vino va gastronomiya turizmi bo‘yicha jahonda oldingi o‘rinlarda turadi. Bu turizmda asosan boy turistlar dam oladilar. Ular qishloq uylarda joylashib, kuniga uch mahal yoki to‘liq pansion shaklida ovqatga buyurtmalar beradilar hamda bevosita ushbu ovqatlarni tayyorlash jarayonlariga qatnashadilar. “Vino turizmi” shaharlik fransuzlarning eng yaxshi ko‘rgan qishloq xo‘jalik turizmi yo‘nalishiga kiradi. Ma’lumki, fransuzlar eng ko‘p vino ichadigan xalq hisoblanadi. Vino turizmidagi turistlar vinoning ta’mini sinab ko‘rishga qatnashadilar, shampan vinosidagi farqni bilish uchun vinochilik xo‘jaliklariga boradilar, vino tayyorlashni o‘rganadilar, vinoni mehmonlarga uzatishni mashq qiladilar va vinoning navlarini to‘plab uylariga olib ketadilar.
Fransiyada ko‘pchilik turistlar qadimiy qal’a, tarixiy ibodatxona va arxeologik topilmalar joylashgan qishloqlarda hafta-o‘n kunlab qolib ketadilar. Ular qishloq uylarida joylashib, kuni bilan piyoda sayrga chiqadilar, ibodatxona, tarixiy joylarni o‘rganadilar va ovqatlanishga to‘liq haq to‘laydilar, ammo o‘zlari ovqat tayyorlamaydilar. Alp tog‘laridagi qishloqlarda chang‘i sporti havaskorlariga turistik xizmatlar ko‘rsatiladi.