xattotlik
(arab. – husnixat yozuvchi),
kalligrafiya – yozuv (xat) san’ati, kitob ko’chirish hamda me’moriy inshootlar, badiiy
buyumlarning kitobalirini yaratish kasbidir. Yozuvning paydo bo’lishi natijasida yuzaga keldi.
Ayniqsa, arab yozuvining keng tarqalishi tufayli xattotlikning rivojlanishi jadallashdi. Sharqda,
jumladan, O’rta Osiyoda kitob bosish vujudga kelguniga qadar qo’lyozma kitob tayyorlash,
ularning nusxalarini ko’paytirish (matn ko’chirish) bilan xattotlar shug’ullangan. Xattotlik
san’atiga bag’ishlangan ko’plab risolalar 10 xil asosiy xat uslublari (nasx, kufiy, muxakkak,
nasta’liq, suls, tavqe, ta’liq, devoniy, riko, rik’iy) mavjudligi haqida darak beradi. XV asrdan
kitob ko’chirish (fors, eski o’zbek tillari)da nasta’liq xati rasm bo’lgan. Xattotlar ko’proq
saroylarda, ayrim amaddorlar huzurida guruh bo’lib ishlagan. Xattotlik Markaziy Osiyoda
Temuriylar, SHayboniylar va so’nggi sulolalar (ashtarxoniylar, mang’itlar) davrida yuksak
darajada taraqqiy etgan. Temuriy shahzodalar Ibrohim Mirzo (1394-1435, Shohrux ikkinchi
o’g’li), Boysung’urMirzo (1397- 1433, Shohrux Mirzo o’g’li), Badiuzzamon Mirzo (1458-1515,
Husayn Boyqaroning to’ng’ich o’g’li) va boshqalar xattotlikka homiylik qilish bilan birga o’zlari
bu san’at turi bilan shug’ullangan. Jumladan, Ibrohim Mirzo olti xil xatda tengi yo’q xattot
bo’lgan. Shuning uchun ayrim masjid va madrasalar peshtoqiga o’z qo’li bilan kitobalar ham
yozgan. Temuriy shahzoda Boysung’ur Mirzo Hirotda tashkil qilgan kutubxonada musavvir,
naqqosh va boshqa ustalar bilan bir qatorda 40 dan ortiq xattotlar qo’lyozma kitoblar tayyorlash,
yaroqsiz holga kelganlarini ta’mirlash bilan mashg’ul bo’lgan. Zahiriddin Muhammad Bobur
(1483-1530) esa yangi xat va alifbo «Xatti Boburiy» ixtirochisidir. Kitobat san’ati bilan bir
qatorda binolarning kitobalari, qabrtoshlardagi bitiklar va buyumlarda xattotlik keng
qo’llanilgan. Amir Temur davrining yetuk xattotlaridan biri Mir Ali Tabriziy (1330-1405) nash
va ta’liq xati uslublari asosida nasta’liq xatini kashf qilgan. ). Amir Temur va Shohrux Mirzo
xizmatida bo’lgan. Nasta’liq xatining qonun-qoidalari bayon etilgan risola yaratgan, ko’plab
shogirdlar tayyorlagan. U ko’chirgan qo’lyozmalar, jumladan, Kirmoniyning «Xumoy va
Humoyun», «Kamolnoma», «Ravzat al-anvar» dostonlari (1396, Britaniya muzeyida),
Sa’diyning «Kulliyot»i, «Bo’ston» asari (1377), Nizomiy va Dehlaviyning «Xamsa»lari (Eron
milliy kutubxonsida) va qit’a (mumtoz adabiyotda lirik janr) lar (1 donasi Sankt-Peterburgdagi
Rossiya milliy kutubxonasida) bizgacha yetib kelgan. Temuriylar davrida Sultonali Mashhadiy
(1437-1520) «Sulton ul-xattotin» («Xattotlar sultoni») va «Qiblat ul-kuttob» («Kotiblar qiblasi»)
nomli yuksak unvonlarning sohibi bo’lgan. Xattotlik san’atida o’ziga xos maktab yaratgan
Sultonali Mashhadiy nasta’liq xatining mislsiz ustozi, Alisher Navoiy (1441-1501)ning
kotiblaridan biri sifatida sharaf topgan edi. Bu davrda Alisher Navoiyning shaxsiy kutubxonasida
11 ta yirik san’atkorlar (Abduljamil Kotib, Darvesh Muhammad Toqiy va boshqalar) xattotlikda
samarali ijod kilgan. Sultonali Mashhadiy o’z qalamiga sayqal berib, Nizomiy, Farididdin Attor,
Xo’ja Hofiz, Sa’diy, Xusrav Dexdaviy, Abdurahmon Jomiy, Husayniy (Husayn Boyqaro) va
boshqa mualliflarning asarlarini kitobot qilgan. Sultonali tomonidan ko’chirilgan 50 dan ziyod
kitoblar nusxasi bizgacha yetib kelgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |