Buxoro davlat universiteti zoyirova muhabbat sobirovna erkin vohidov ijodida mumtoz adabiyot an


I.2. Adabiy an’analarning Erkin Vohidov she’riyatida yangilanishi



Download 343 Kb.
bet8/11
Sana21.01.2022
Hajmi343 Kb.
#396699
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Bog'liq
ERKIN VOHIDOV IJODIDA MUMTOZ ADABIYOT AN’ANALARI

I.2. Adabiy an’analarning Erkin Vohidov she’riyatida yangilanishi

Erkin Vohidov XX asr o`zbek she’riyatining yirik vakili sifatida o`z o`rni va ovoziga ega shoirdir. Uning ijodi ezgu insoniy mushohadalar, hurlik va go`zallikka mushtoqlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan. Shoirning kuyga, qo`shiqqa aylangan satrlari xalq mulkiga aylangan. E.Vohidovning qaysi she’ri yoki dostonini o`qimaylik, unda ijodkor o`z xalqining fidoyi farzandi sifatida bo`y ko`rsatadi. Shu bois ham atoqli adabiyotshunos olim va munaqqid Ozod Sharofiddinov shoirning iste’dodiga ob’ektiv baho berib, “Erkinning talanti avvalo shunda ko`rinadiki, u shoirlikning eng zarur xislatiga – shoirona tafakkur qilish, obrazlar bilan o`ylash qobiliyatiga ega”,10 deb yozgan edi. Darhaqiqat, shoir she’rlarining shirali va jozibali ekanligiga sabab uning o`ziga xos obrazlar vositasida tafakkur yuritishidir. Erkin Vohidovning qator sh’еriy to`plamlari, doston va dramalari, tarjima asarlari adabiyotimiz xazinasini boyitib kelgan bebaho gavharlardir. U o`zbek aruzidagi beqiyos imkoniyatlarni XX asr adabiyotiga olib kirdi. Shu o`rinda ulug` adibimiz G`.G`ulomning Said Ahmadga aytgan quyidagi so`zlari diqqatga sazovordir. “Bu bola mudrab yotgan aruzni uyg`otib yubordi. Erkin uni arab, fors so`zlaridan tozalayapti. Sof o`zbek g`azallarini olib keldi. Juda chiroyli, ma’noli, mahorat bilan yozgan narsalarni e’lon qilishga shoshilmasligi menga ma’qul bo`ldi... mana shu g`azallar daftar qatorida yotibdi. Qachon bostirasan desam yana ozroq tura tursin deydi. Mana buni chinakam shoir desa bo`ladi. Shu bolaga ixlosim oshib ketdi. Bilasanmi, Erkin she’riyatda taqlid qilish davridan sakrab o`tib ketdi. Navoiyga ham, Boburga ham, Mashrabga ham taqlid qilmaydi. Ularga asir bo`lib qolmadi. O`sha mumtoz shoirlarning she’r san’atini o`rgandi. Nihoyat o`z yo`lini topdi. She’r ham kuy, ham fikr, ham suvrat, ham tuyg`u. U yig`i, u faryod, u quvonch, u nur”.11 Darhaqiqat, E.Vohidov mumtoz she’riyatimizning asosiy vazni bo`lmish aruzga yangi ohahg, yangi mazmun olib kirdi. Inson farzandi dunyoga kelibdiki, tabiat qo`ynida yashaydi. Hayotning yaxshi damlarini ham, yomon kunlarini ham tabiat bilan hamnafaslikda o`tkazadi.



Erkin Vohidovning g`azallari ustida juda ham ko`p munozaralar olib borildi. Jumladan, 1977-yil “Sharq yulduzi” jurnalining 4-sonida “Doira stol atrofida” mavzuidagi bahs o`rtaga tashlandi. Ushbu munozarali bahsning mavzusi o`zbek she’riyatining yutug`i va kamchiliklari edi. Ushbu bahsga ko`plab shoiru munaqqidlar, jami o`n yetti ijodkor munozaraga kirishishadi. Jumladan, Erkin Vohidovning “Yoshlik devoni”ga kiritilgan g`azallari ana shu bahsning diqqat markazida turadi. Kimdir maqtasa, kimdir esa tanqid qildi. Ushbu munozarali bahsga ham dastlab munaqqid Ozod Sharofiddinov “She’riyat parvozi yuksakroq bo`lsin” (“Sharq yulduzi”, 1977, 4-son. 183-b.) maqolasida shunday deydi: “1976-yilda Erkin Vohidovning “Muhabbat” to`plami bosmadan chiqdi. Garchi to`plamga shoirning avval yozgan she’rlari kiritilgan bo`lsa-da, ular bir muqova ostida jam bo`linib, yangicha tarovat kashf etgan. Bu kitob ham tom ma’nodagi poeziya namunasi sifatida adabiyotimizda yashab qoluvchi asardir”. Munaqqid Umarali Normatov ham bu fikrni yoqlab, “She’riyatimiz ko`lami” (“Sharq yulduzi”, 1977, 4-son. 181-b.) maqolasida: “Erkin Vohidovning “Hozirgi yoshlar”i she’rlaridagi murakkab kechinmalar tasviri keng kitobxonlar ommasiga manzur bo`lmoqda” deydi. “Sharq yulduzi” jurnalining ushbu sonidagi “She’rning yuragi bo`ladimi?” maqolasida muallif Ibrohim G`afurov shunday deydi: “Menga juda ko`p she’riy kitoblar yoqadi, lekin didlar har xil bo`lgani uchun, aytaylik, keyingi yillar mobaynida paydo bo`lgan Uyg`un va Habibiy she’rlari, Erkin Vohidovning “Muhabbat” degan kitoblari bir kunda bir ruhning va ko`zlarning fayzi uchun qarab qo`yiladigan, sevib o`qiladigan kitoblarga aylanganday bo`lib tuyuladi… She’riyat tom ma’noda mana shunday sehrga juda chanqoq, juda muhtoj. Erkin Vohidovning “Qo`llar” degan qasidasini eslang. Inson hayotining ma’no va mazmuni naqadar teran va tiniq ifodalangan unda. Yana bir she’r o`ziga mana bunday fasih obrazlari bilan sehrlab olmaydimi: “Diyorim bir sahiy soqiy, Orol unga mayi boqiy, Siru mavjli Amudaryo – bu qo`llardir, bu qo`llardir”. O`zbek diyori dunyo xalqiga o`z ulushini – boqiy tiriklik mayini tutib turibdi. Shoir shuni ajib shoirona obraz bilan ifodalagan”.

Yana shu sonda taniqli munaqqid Keldi Qodirov “Ijodiy jasorat uchun” maqolasida “Erkin Vohidovning, Abdulla Oripovning yangi kitoblari she’riyatimizning yuksak parvozini ko`rsatib turibdi” deya o`z ijobiy xulosasini beradi. Ammo shu bilan birgalikda Erkin Vohidov g`azalchiligiga bir oz tanqidiy munosabatda bo`lganlar ham bo`ldi. Jumladan, “Tafakkur va hissiyot birligi” maqolasida (“Sharq yulduzi”, 1977, 4-son. 213-b.) muallif Naim Karimv shunday deydi: “Chamasi, aruzning, g`azalning badiiy imkoniyatlarini oshirib yuborish hollari yuz bermoqda. Bir qadar aruzni she’riyat tassarufidan badarg`a etishga urinish qanday ko`ngilsiz oqibatlarga olib borgan bo`lsa, bugungi kunda aruzga, g`azalga ortiqcha e’tibor berish ham shunchalik bir tomonlamalikka bormoqda. Erkin Vohidov “Yoshlik devoni”ga kirgan qator g`azallari bilan bu ko`hna janrni zamon xizmatiga bo`ysundirishda, uning yangi badiiy imkoniyatlarini kashf etdi. Ammo Erkinning keyingi ijodi faqat g`azalnavislikdan iborat bo`lib qolsa, adabiyotimiz g`azalga bo`lgan bunday muhabbatdan yutmagan bo`lardi. Erkin buni o`z vaqtida tushundi. Men uning boshqa tengdoshlari va izdohlari ham ilmiy-texnik inqilob davri kishilarining hissiyot va fikriyotini aks ettirishda aruzga katta umid bog`lamasliklarini istar edim. G`azal qanchalik yolqinli, bezakdor va musiqiy ohanglarga boy bo`lmasin, unda zamon g`oyalarini, zamondoshlarning nozik va murakkab kechinmalarini hozirgi adabiy taraqqiyotimiz darajasida turib, realistik ifodalash mahol. Shuning uchun ham ayrim g`azallarimizni o`qib, ularning Gagarin va Korolyovga zamondosh shoirlar tomonidan yozilganiga shubha bilan qaraymiz. G`azallarning boshqa bir turida esa ayon haqiqatni, har qanday badiiyatdan mahrum fikrlar – oddiy gaplar tizmasini o`qiymiz”. Taniqli munaqqid Norboy Xudoyberganov esa “Ma’no qudrati” maqolasida (“Sharq yulduzi”. 1977, 4-son. 223-b.) “Erkin Vohidov “Qo`llar” va “Inson” qasidalarida hammamizga ma’lumu manzur fikrlarni jamlab, ta’sirchan misralarga joylangan she’rlarning musiqaviyligini ta’minlagan. Ulardagi samimiy kuyga, tabiiy ohangdorlikka mahliyo bo`lamiz, ammo o`sha kuy, ohangga hayot murakkabliklarini tadqiq etish natijasida kashf qilingan, salmoqli fikr, qudratli ma’no “payvandlanmagani” tufayli ongimizga ong, aqlimizga aql, tuyg`ularimizga tuyg`u qo`shadigan zo`r poetik topilma yaratilmagan. “O`zbegim” 1968-yilda yozilgan. Shundan bo`yon qariyb o`n yilga yaqin vaqt o`tibdi, shoirimiz ijodida esa jiddiy o`zgarishlar bo`lmayapti” deydi. Ushbu munozaralarni chuqur o`rganib chiqqan munaqqid Nuriddin Shukurov o`zining “She’riyatning sirli olami “maqolasida Norboy Xudoyberganov Erkin Vohidovning eng yaxshi g`azal va qasidalarini asossiz kamsitganligini e’tirof etadi (“Sharq yulduzi”, 1982, 2-son. 169-b.). Bundan tashqari u o`n yil davomida Erkin Vohidov “Lirik qahramon”, “Vafo”, “Iltijo” kabi juda ajoyib she’rlar, qasidalar va “Oltin devor” komediyasini sanab o`tib, bularni hisobga olmay, ta’na toshlarini otgan munaqqidga shoir she’riyatiga e’tiborsizlik va hurmatsizlikdir, deb baholaydi. Nuriddin Shukurov “Erkin Vohidov ham g`azalning shaklini, ya’ni vaznini, qofiyalash sistemasini qabul qilib olgan bo`lsalar ham, ularning romantizm printsiplari bilan bog`liq boshqa bir qancha qonuniyatlarini qabul qilib olganlari yo`q” deya o`z fikrini yakunlaydi. Biz ham ushbu fikrga qo`shilgan holda, Erkin Vohidov g`azalchilikda ham o`z ovoziga, o`z uslubiga ega ijodkordir, deya baholaymiz.

Tabiat – tiriklikning nishonasi, mangu hayot tantanasi. Tabiat tirik ekan, go`zallik dunyosi ham o`lmaydi. E.Vohidovning tabiat, o`lka, vatan, sevgi mavzusida yozilgan she’rlarini o`qiganimizda vatanimizning beqiyos go`zalliklari, bepoyon vodiylari, mehnatkash, bahodir kishilar qo`li bilan chamanzorga, gulzorga aylanayotgan bog`lari, paxtazor maydonlari, go`zal, iboli ayollari ko`z oldimizga keladi. Shoir hayotning yorqin, nurli tomonlarini mahorat bilan jozibador qilib ko`rsatib bera oladi. Tabiat undan xassos idrok etish san’ati va teran fikrlash madaniyatini darig` tutmagan.

Ulkan iste’dod sohibi bo`lgan E.Vohidov ham tabiat manzaralarining tasviri orqali o`zining insoniyatga, jamiyatga bo`lgan munosabatini, his-tuyg`ularini ifoda etadi. Uning go`zal tabiatdan va hayotdan olgan taassurotlari bir-biri bilan uyg`unlashib ketadi. Erkin Vohidov kecha va kunduzni tasvirlaganda ajoyib tashbehlar qo`llaydi va “oyda ham dog` bor” deyilgan xalq iborasini ustalik bilan “Kecha va kunduz” she’riga singdirib yuboradi.

Yorug` dunyo bor ziyosini

Teng bo`lgandi kecha, kunduzga.

Nur qadriga etmay tun uni

Sochdi oyga minglab yulduzga.

Shundan oyning yuzi dog` ekan

Yulduzlar ham xuddi munchoq yosh.

Kunduz esa barcha nuridan

Yaratibdi birgina quyosh.12

Shoir aruz vaznida yozilgan she’rlarida ham inson va tabiat obrazini yaratishga e’tiborini qaratib, tabiat jismlariga insonga xos xatti-harakatlarni ko`chiradi va uni badiiy tasvir vositalari orqali ifodalaydi. Jonlantirish, sifatlashlar qo`llaydi.

Barg ostidan muloyim boqqan iboli g`uncha

Ne sirni saqlagaysan, bag`ring nechun tuguncha. (242-bet)

Bu satrlarda gulni, g`unchaning rangini qizil qonga o`xshatib, oshiqning ishq iztiroblarini ifoda etadi. Ya’ni:

Gulgun yanog`ing uzra bir tomchi yosh ko`rarman

Kel birga dardlashaylik , uy-uyda yig`laguncha. (242-bet)

Bunda oshiq ma’shuqani dardlashga chaqiradi, dilxunlikdan yiroqlashishga undaydi. Erkin Vohidov “Dunyoda eng qiyin, murakkab ish odamlar ko`ngliga yo`l topishdir” degan edi.13 E.Vohidovning har bir satridan samimiylik ufurib turadi. Uning she’rlari, g`azallari o`zbek kitobxonlari orasida yod bo`lib ketgan. U o`z g`azallarida aruzga xos yangi ohang olib kirdi.

Istadim sayr aylamoqni men g`azal bo`stonida

Kulmangiz ne bor senga deb, Mir Alisher yonida. (238-bet)

Shoir o`zbek she’riyatiga kirib kelganda ming yillik sinovdan o`tgan aruz tayziq ostida qolgan edi. U katta jasorat bilan aruzni, g`azalni himoya qildi.

Ey munaqqid sen g`azalni ko`hna deb kamsitmagil

Sevgi ham Odam Atodin qolgan inson qonida.

Toshga ham shirin g`azal baxsh aylagay otash va jon

Shafq o`ti yonsa agar shoir g`azalxon qonida. (238-bet)

Bu satrlardagi murojaat faqatgina munaqqidga emas, balki aruz vazninig raqiblariga ham qaratilgan. Iste’dodli shoir qaysi janrda bo`lmasin, yuksak asarlar yarata oladi. Bu shoirning ijodida g`azal, qit’a, chiston, muxammas, mustazod, musaddas kabi janrlar katta o`rin egalladi. Shu bois ham adabiyotshunos H.Boltaboev E.Vohidov haqida “Bir mumtoz tusli she’riy gulshan yaratdiki, uning bag`rida g`azal va qasida ham, qit’a va ruboiy ham, muxammasu musaddas, tarje’band va tarkiband, mustazod va muvashshahlar ham gulday ko`karib, o`z ifori, tusi va chehrasi bilan “Yoshlik devoni”ni bezab turibdi” deb yozgan.14 Shoir qasidago`ylikda bitgan baytlari bilan ham elga manzur bo`ldi.

Sobit-u sayyorada inson o`zing, inson o`zing

Mulki olam ichra bir hoqon o`zing, suiton o`zing. (14-bet).

Yoki:

Tarixingdir ming asrlar ichra pinhon, o`zbegim,



Senga tengdosh Pomir-u oqsoch Tiyonshon, o`zbegim. (9-bet)

Shoir g`azallarining aksariyati an’anaviy aruz qoidalari asosida yozilgan bo`lsa ham mazmun-mohiyat jihatdan bugunni, zamondoshlarni tarannum etadi. Samimiyat, pok sevgi, inson ruhiy kechinmalari, yoshlik xayoloti, orzu-umidlari, do`stlik mavzularini qamrab olgan satrlar she’rxonni o`ziga sehrlab qo`yadi.

G`unchadek chehrangda Erkin jon fido etgan sanam

Qatra qoshida gul uchun to muhabbat bog`ida.

Umuman olganda, Erkin Vohidov aruzni ijtimoiy hayotga, jonli harakterlar tasviriga yo`naltirdi. Shoir g`azallarida izchil g`oya aks ettirildi, oddiy inson ham o`z uy tashvishlari bilan bu g`azallar qahramoni bo`la olishligi isbotlandi. Shu ma’noda ustozlar an’analari yo`lida bardavom bu she’riyat o`ziga xos betakror bo`ston yaratdi. E.Vohidovning “Yoshlik devoni”, “Kavkaz she’rlari”, “Alvon lolalar”, “Kanada turkumidan”, “Qumursqalar jangi”, “Donishqishloq latifalari” singari turkumlari o`zbek she’riyatining janr imkoniyatlari naqadar kengligini tasdiqladi.15 Shoirning keyingi yillar izlanishlarida to`rtlik, g`azal, sakkizlik, ertak, latifa, rivoyat, muxammas, chiston, ruboiy kabi poetik janr va shakllardagi badiiy barkamol namunalar yaratildi. Shoir she’riyatining mavzu-masalalar ufqi kengayib, usluban boyib borayotganligini ko`rsatadi. Bular o`z navbatida shoir she’riyatining janr tarkibi tobora kengayib borayotganligini tasdiqlaydi. Bashariy, ma`naviy-ahloqiy, intelektual qadriyatlarni tarannum etishda ijtimoiy-falsafiy hamda psixologik tahlil madaniyati teranlashib borayotganidan dalolat beradi. Shoir Navoy ijodining shaydosi. Darhaqiqat, Navoiyning buyukligini isbotlab o`tirishga hojat yo`q. Uning buyukligini anglash uchun she’riyatni idrok eta bilish, his qila olish kifoya. Adabiyotdan ozgina xabardor bo`lgan va ma’lum ta’biiy estetik dunyoqarashga ega inson anglab yetadiki, Navoiy ko`tarilgan yuksaklikka turkiy tilda ijod qilgan hech bir shoir ko`tarila bilgan emas.

She’riyat odatda ong va qalb orqali qabul qilinadi. Ong shoirning dunyoqarashi, tafakkurining salmog`i hisoblansa, qalb she’riyatning san’atidan, sehridan bahramand bo`ladi. Navoiy ijodi ong uchun ham, yurak uchun ham cheksiz xazinadir. Ustoz olg`a surgan o`lmas umuminsoniy g`oyalar bizni hanuzgacha tarbiya qilsa, uning ijodiga xos buyuk san’at bizni har safar hayratga soladi. Navoiy sheriyati sehrining qudrati shu qadarki, gohida bunday satrlarni bitish inson qo`lidan keladigan ishga o`xshamaydi. Navoiyning buyukligini anglash uchun o`ta murakkab tahlil talab etilmaydi. Hazratning bir baytini o`qishning o`zi kifoya. She’riyatni tushungan kishi bu so`zlarni faqat Navoiy aytishi mumkinligiga qanoat hosil qiladi. Shoirni qadrlash uni anglashdir. Shoirni qadrlash uning ijodini qalbga singdirish, undan bahramand bo`lish demakdir. Bizning ota-bobolarimiz so`zning qadriga yetgan. Ularning suhbatlari baytlari bilan muzayyan bo`lgan. Alisher Navoiy milliy madaniyatimiz timsoli bo`lishi barobarida beqiyos boyligimiz hamdir. Bobokalonimiz she’ri kirgan qalbga jaholat va yovuzlik kirmaydi. Navoiy ijodi insonni yuksakka ko`taruvchi buyuk qudratga ega. Bu haqida E.Vohidov shunday deydi:

“Navoiy ijodi meni she’riyatga olib kirdi. Ko`plar kabi u mening ham buyuk ustozim, piri komilimdir. Men hamisha bu yuksak ijod sehri oldida hayratga tushaman va unga intilib yashayman”.16 E.Vohidovning ushbu so`zlaridan ham bilish mumkinki, shoir Navoiy ijodini sevgan va uni yanada ko`proq anglash uchun Navoiyona uslubda yozishga harakat qilgan. Jumladan, u shunday yozadi. “Navoiy ijodi shu qadar buyuk tuyg`ular olamiki, undan inson hissiyotining barcha jilolarini topish mumkin. Sevgi, sog`inch, rashk, umid, ayriliq uqubati, visol shodligi, yurt mehri, jasorat...bu sanoqni cheksizlik qadar davom ettirsa bo`ladi. Tasavvurimda inson ruhiyatining biror holati yo`qki, Navoiyda uning ifodasi uchun bir bayt topilmasin”.17

Hazratning bir g’azali “Vahki, umrum barcha zoe bo`ldi el komi bila” deb boshlanadi. She’r boshdan oyoq ozodlik tuyg`usi haqida. Kom – istak, xohish demak. Komronlik o`z istagiga ko`ra yashamoq, ya’ni ozod bo`lmoqdir. G`azalning birinchi satriyoq kishini cheksiz xayollarga g`arq qiladi.

Vahki, umrum barcha zoe bo`ldi el komi bila

Bodai nob o`rnida xunoba oshomi bila.

Kimsa ming yil komronlik qilsa, bilkim, arzimas

Dahr aro bir lahza bo`lmoqqa birov komi bila.

Zahrni o`z komi birla ichsa andin yaxshikim,

Ichsa hayvon sharbatin noqomlik jomi bila.

Yuz dilorom aylagandim ravza xabsi yaxshiroq –

Bo`lmoq o`z vayrona ichra ko`ngli oromi bila.

Ey ko`ngul, el subhi ayshi sari boqma, xuy qil –

Fardlig` vayronida mehnat qaro shomi bila.

Bo`lmoq itlar mun’ini tan to`ma aylab, yaxshiroq –

Tanni qilg`uncha samin nokaslar in’omi bila.

Joh-u markat birla, eykim, bormading maqsad yolin,

Qat o`lur betushalig` zodi fano komi bila.

Ey Navoiy, huzn ila o`tkar qarilik mehnatin,

Chun yigitlik bordi ayshu ishrat ayyomi bila.

Naqadar buyuk iztirob bor bu so`zlarda. Birgina shoirning emas, bor insoniyatning, hamma zamon va makonlarning dardu a’lami bor. Shohning eng yaqin do`sti va maslahatchisi, zamonning eng davlatmand odamlaridan biri, yoshlik chog`idanoq shuhrati mamlakatga yoyilgan elda hurmat – e’tibori beqiyos darajada yuksak, aytgani aytgan, degani degan ulug` amir Navoiyki nokomlik bilan umr kechirgan, o`z erki o`zida bo`lmagan ekan, oddiy bandalarning xoli ne kechdi? Haqli savol tug`ilishi tabiiy, albatta. Insoniyatga o`zidan ma’nolar xazinasi bo`lgan ijod namunalarini qoldirgan, ko`plab madrasalar, dorushshifolar, ko`priklar qurdirib elga yaxshilik qilgan, umrining har lahzasini ezgulik xizmatiga baxsh etgan Navoiydek inson umrim zoye ketdi demoqlikka nima majbur qildi?

Odamzod hamisha ko`nglim nima deydi deb emas, el-yurt nima deydi deb yashar ekan. Kerak va keraksiz g`am-qayg`u, tashvishlarni boshiga ortar ekan, qalbning eng xassos ezgu tuyg`ularini yashirmoqqa majbur bo`larkan. Zotan jamiyatda yashamoqning ma’nosi shu, ozodlikning anglab yetilgan zarurat ekani shu. Odatda, she’rni tahlil qilganda biz, shoir undoq deydi, bundoq deydi, falon g`oyani ilgari suradi, deya so`z yuritamiz. Aslida she’r biror fikr, g`oya ifodasi emas, yurak tebranishlari ekanini unutamiz. Navoiy ushbu g`azalda inson erkini tarannum etgan, desam haqiqatning hammasi bo`lmas. Agar faqat shunday bo`lganda besh yuz yil o`tib, bugun u bizning yuragimizni larzaga solmas edi. G`azal insonning mangu dardi to`g`risida, ko`rinmas kishanlari to`g`risidagi hasratli qissadir. Shoir yuragini to`ldirgan armon ichidan chiqqan chuqur xo`rsinishdir.

E.Vohidovning keyingi vaqtdagi g`azallarida ham yigitlik va qarilikni solishtirish nasihatomuz tarzidagi she’rlari uning “Orzuli dunyo” to`plamida keltirilgan. Xuddi shu mavzuga Navoiy ham o`zining keksalik davrlariga tez-tez murojaat etgan . Odamzod yoshi o`tganidan so`ng uning hayot tajribasi oshadi va u nasihat berish bosqichiga etadi. Shunda shoir bunday holatni she’rlar orqali bayon etadi. Bu she’r aruz vaznida yozilmagan bo`lsa-da, ammo ma’no jihatidan Navoiy ijodiga hamohangligi uchun keltirib o`tamiz. Jumladan, “Keksalik gashti” she’rida shunday misralar bor.

Qarilik gasht emas, yulg`unli dasht ul,

Qarilik tikandir, yoshlik esa gul,

Yoshlikka ne etsin, u o`zi ma’qul,

Yoshlik xazinadir qarilik – bir pul. (137-bet)

Yana ikki ijodkor ijodidagi ko`ngil timsoliga qaytaylik. Ko`ngil istiloh va timsol sifatida Alisher Navoiy g`azallarida juda ko`p qo`llanilgan. Navoiyshunos olim Yo.Ishoqov xuddi saboga o`xshab ko`ngilga murojaat q`ilish Sharq lirikasida an’anaga aylanib qolgan bir usul bo`lib, ko`ngil sevgining asosiy sababchisi sifatida talqin qilinishini qayd etgan. Demak, Navoiy ijodining ilk bosqichlaridan boshlaboq bu usuldan mohirlik bilan foydalangan. Bundan tashqari Sharq shoirlari qalb va ko`ngilni inson ma’naviy hayotining mahzani va bosh markazi deb bilishgan. Ko`ngilni poklash va uni ishq, go`zallik oynasiga tenglashtirishni kamolot yo`lidagi asosiy vazifalardan hisoblaganlar. Chunki oshiqlik, oriflik, odillik, komillik – barchasining istiqboli ko`ngilga bogliq. Olloh vujuddagi qalbdan boshqa biror a’zoga ma’rifat mushohadasiga berilmoq, g`oyibiy sirlarni kashf etmoq salohiyatini nasib etmagan.18

Navoiyning e’tirofi bo`yicha olamni yaratishdan maqsad odam bo`lsa, odamdan maqsad ko`ngil edi.

Ermas edi onda g`araz hech gul,

Gayri ko`kim, g`araz erdi ko`ngul.19

Inson ko`ngli – bilimlar xazinasi. Bu xazinada Haq o`zini pinhon etgan. Ikki dunyo saodati ko`ngilda mujassam. Kimki bu hazinada sohib bo`lsa, shubhasiz o`zligiga yetadi. Biroq

Dahr ishi oludaliqdir, ey xusho ul pokrav

Kim o`tar bu jiyfag`a ko`nglini moyil qilmayin.20

Ya’ni, aldoqchi dunyo ishi tubanlik, kimki poklikni istasa, bu jiyfa – o`limtikka ko`nglini moyil etmasligi lozim, Navoiyning birgina “Badoye’ ul-bidoya” devonidan ko`ngul radifli o`nta g`azal o`rin olgan. Bundan tashqari devonda aql, jon, yor, zulf, qosh, ko`z, visol, borliq, Olloh va ko`ngil munosabatlari aks etgan yuzlab baytlar uchraydi. Ularda Haq Taoloning tengsiz xazinasi, nazargohi hisoblangan ma’rifatga to`la orif ko`ngli, ishq shiddatidan mastu behud, parishon, miskin, junun sifatiga sohib oshiq ko`nglining holatlari o`z ifodasini topgan. Alisher Navoiy ko`ngilni an’anaviy tarzda goh Ka’ba, goh qush, goh g`uncha, goh dengizga o`xshatadi. Unga ishonchli do`st sifatida murojaat qiladi. Biroq bu an’anaviylik zamirida shoirning ko`ngil to`g`risidagi o`ziga xos qarashlari, badiiy talqinlari yuzaga chiqadi. Shoir ko`ngilni lahmi pori sunubari ya’ni go`sht parchasi deb emas, “badan mulkining sultoni, ma’rifat bog`idin vaxdat rayohining esgan nasimi, ruhoniyat gulistonidin oshnolig` gullarining shamimi”21 deb bilgan. Shunga ko`ra g`azallarida ko`ngilning turli hil sifat va suratlari go`zal tarzda tasvirlab berilgan. Ayrim adabiyotshunoslar Navoiy lirikasini tinch oqar daryoga, Fuzuliy lirikasini esa toshqinli, tez oqadigan soyga qiyoslashlariga munosabat bildirib, navoiyshunos Abduqodir Hayitmetov shunday deydi. “Bizning nazarimizda, Navoiy lirikasiga bunday baho berish shoir lirikasining emotsional kuchga to`g`ri baho bermaslik, uni kamsitish degan gapdir. Navoiyning loaqal ko`z yoki ko`ngil bilan bog`lagan tasvirlarining o`zi, ulardagi zo`r hissiyot, tug`yon o`ynoqilik, kutilmagan yangi o`xshatish va taqqoslashlar bu fikrni rad etadi”.22 Bunday o`rinlarda Navoiy qalb harorati tasvirining eng yuksak cho`qqisiga ko`tarilishi tabiiy. Darhaqiqat, qalb kechinmalari, dard va tug`yonlari, harakat va manzaralarini tasvirlashda Navoiy nihoyatda yuqori natijalarga erishgan edi. Xuddi shunday E.Vohidov ijodida ham ko`ngil masalalari, uning dardlari, inson hayoti birinchi o`rinda turadi. Ana shu jihatlari bilan u Navoiyga yaqinlashadi. E.Vohidov g`azal bitishning o`zi bir mo`jiza ekanligi, bu mo`jizaning yaralishiga Navoiydan minnatdor ekanligini, agar xatoliklar bo`lsa, shoirning yoshligiga yo`nib, kechirishlarini kitobxondan so`raydi. G`azal dunyosiga, ko`ngil dunyosiga o`zining ilk “Debocha” g`azalidayoq Navoiy hazratlariga minnatdorchilik tuyg`ularini izhor etadi.

Istadim sayr aylamoqni men g`azal bo`stonida

Kulmangiz ne bor senga deb Mir Alisher yonida.

She’riyat dunyosi keng gulzori ko`p, bo`stoni ko`p,

Har ko`ngul arzini aytur neki bor imkonida.

Ey, munaqqid sen g`azalni ko`hna deb kamsitmagil

Sevgi ham Odam Atodin qolgan inson qonida.

Toshga ham shirin g`azal baxsh aylagay otash va jon

Shavq o`ti yonsa agar shoir g`azalxon qonida.

Rost, g`azal avjida barcha Oy ila Zuhro emas,

Ko`p erur somonchilar ham she’riyat osmonida.

Do`stlarim shoir demang, Erkin g`azal shaydosidur,

Yosh deng, ma’zur tuting sahv o`lsa gar devonida.23

Ko`ngil mavzusi keng qamrovli tushuncha, u qalbga yaqin. “Qalb – sadrning ichi, yurak ham deyiladi. Iymon nuri porlaydigan joy, muhabbat, rizo, qanoat singari tuyg`ularning markazi erur”. Zero, shunday ekan, iymon nuri tushgan qalb haqida ijod qilish har qanday shoir uchun baxtdir. Bu baxtga erishmoqlik oson emas. Ammo Navoiy ijodini chuqur o`rganib ilhomlangan shoir uchun bu baxt eshiklari ochildi va shoir bu uchun Navoiydan minnatdor. “Yo`q emish orzuda ayb” deb nomlangan g`azalida u ko`ngilga shunday murojaat qiladi.

Ey ko`ngil, o`z mayling ila bo`lding ishq domiga band,

Izlama endi bahona, demagin u-buda ayb. (251-bet)

Aslida mumtoz adabiyotda “Ey ko`ngul” deb murojaat etish hollari Navoiyda “Chun ko`ngul” ko`rinishida ko`p uchraydi. Ana shu an’anani E.Vohidov “Ey ko`ngil” tarzida davom ettiradi, ammo bu an’ana ichida yangiliklar, o`ziga xos jihatlar ham mavjud. Hazrat Navoiyning

Chun ko`nguldir qalbu til g`ammoz, mahfiy rozni,

Jon harimidin bu ikkiga huvaydo qilmangiz.

Chun ko`ngul til birla mahram bo`lmadi, hojat emas,

Aytmoqqim, elga oni nuqta imlo qilmangiz.

Navoiyda ko`ngil bir g`azalning o`zida ketma-ket misralarda kelish hollari ham uchraydi. Ammo E.Vohidovda bunday hodisa kamroq uchrab, ko`ngil bir bora tilga olinib, fikrlar ketma-ket taqdim etilaveradi.

E.Vohidovda “Charx urib ko`nglim xayolning otashin girdobida” (248-b.) ko`ngilning azoblanishi, “Yetkur uni va lekin, ko`ngliga qayg`u solma” (245-b.) ko`ngilni asrash motivlari uchraydi. Bundan tashqari ko`ngilning – ko`ksim ko`rinishidagi misralar ham uchraydi.

Men ham ahir seningdek izhori isq etolmay

Ko`ksimda dudi ohim dashtlar aro quyuncha. (243-bet).

Yoki:


Gul shohidan tikan uz, Gulbargi lolaga sanch,

Ko`ksimga tig` uraymi, hech qolmadi iroda. (246-bet).

Navoiy ijodida ko`ngil – ko`ksim ma’nosida yoki shunga yaqin ma’noda uchramaydi. Ko`ngil, dil, qalb, ko`ksim so`zlarining qaysidir ma’noda farqlari talaygina, ammo baribir bularning ma’no-mohiyatida bir hil mavzu yotadi. E.Vohidov dil haqida shunday deydi:

Dil agar payvand erursa ne jafo chekmak firoq,

Hech ko`ngil sevgan ko`ngil – yonida yakkash bo`lmasin. (287-bet)

Bu yerdagi ko`ngil so`zining takrori undagi e’tiborni kuchaytirishga qaratilgan. Bunda hech narsa toq yaratilmaganidek, ko`ngil ham o`ziga yaqin ko`ngilni topsa, hayotda yashash oson kechmoqligi ta’kidlangan va bu juftlikka uchinchi ko`ngil ham ortiqcha.

Qirqta jonim bo`lsa har bir kokilingga bir pilik,

Tolasiga o`zgalarning ko`ngli chirmash bo`lmasin. (287-bet)

Erkin Vohidovning birgina “Uch balodan saqlasin” g`azalining o`zida uch bora dil, ikki bora ko`ngil va bir bora qalb so`zlari keltirilgan. Bu shoirning so`zga hurmati, so`zni turli ko`rinishda berish, o`ziga xosligi demakdir. Bunday “so`zga xasis”lik qoidasini albatta Navoiydan o`rgangani va bu uning katta yutug`i sanaladi. Bundan tashqari Navoiy va Erkin Vohidov ijodida yor – ma’shuqa, soch – zulf, lab – dudoq kabi bir-biriga o`xshash bir qancha obrazlar mahorat bilan yaratilgan.

Sharq she’riyatiga xos an’analardan biri – yorning tashqi go`zalligini ideallashtirish hisoblanadi. Ma’shuqaning sochi, qoshi, ko`zi, kiprigi, xoli, zulfi va og`zi kabilar tasviri o`tmishdagi har biri shoir asarlarining yetakchi tamoyili bo`lgan. Ma’shuqa go`zalligi xuddi shu obrazlar vositasida yoritib borilgan.Bu esa “yor obrazining g`oyaviy mohiyatini uning tashqi go`zalligi orqali ochish”24 tajribasining barqarorlashuviga yaqindan yordam bergan. Haqiqiy san’atkorlar badiiylikni obraz va obrazlilik zaminida yuzaga chiqarishga alohida ahamiyat berganlar. Aks holda, soch, zulf, qosh, xol singari ma’shuqaning tashqi go`zalligini harakterlaydigan belgi va unsurlar Sharq she’riyati obrazlar olamining muhim bir qismini tashkil qilmagan bo`lardi.

Ayrim olimlar borliqqa munosabatga ko`ra obrazlilikni shartli ravishda ikki guruhga ajratganlar. 1. Haqiqiy obrazlilik. 2. Xayoliy obrazlilik.25 Xuddi xayoliy obrazlilik singari, haqiqiy obrazlilik ham shoirning qalb harorati ila jonlanib, yaratuvchilik xayoli bilan sayqallanadi. Shu boisdan soch, qosh, zulf yoki xol obrazlari asosida tasvirlangan bir shoir she’rlaridagi fikr va tuyg`ular ikkinchi bir shoirnikiga deyarli o`xshamaydi. Bu esa mazkur poetik obrazlarning har birini tarixiy, g`oyaviy, badiiy nuqtayi nazardan maxsus tekshirish, ularning she’riyat taraqqiyotidagi roli va mavqe’ini belgilash ehtiyojini yuzaga chiqaradi. She’riyatdagi har bir poetik obrazning o`ziga xos tarixi, insonning ichki olamini aks ettirishdagi o`ziga xos va takrorlanmas xizmatlari bo`ladi. Ma’lum bir obrazning tarixi va poetikasi o`rganilganda uning boshqa obrazlar bilan munosabati g`oyaviy-badiiy aloqadorligi xususida ham fikr yuritishga to`g`ri keladi. Masalaga shu nuqtayi nazardan qaraladigan bo`lsa, mumtoz she’riyatimizda ancha salmoqli o`rin ishg`ol etgan va deyarli barcha shoirlarimiz ilhom bilan qo`llagan zulf obrazining tadrijiy takomilini tadqiq etishning zarurligi va muhim ahamiyat kasb etishi to`la ravshanlashadi. O`zbek tilining izohli lug`atida sharhlanishicha, zulflar – ayollarning ikki chakkasidangi jamalagi, kokili.26 Bu jamalak yoki gajak xuddi yorning sochi, qoshi yoki xoliga o`xshab doimiy ravishda oshiqning aql hushini o`g`irlab, uning boshiga yuz ming balolar yog`dirgan. Bu obrazlar ichida jon va jonon obrazlari har ikkala davr ijodkorlarimizda ham salmoqli o`rin egallaydi. Erkin Vohidovning “Hijron yuki” deb nomlanuvchi g`azaliga murojaat etaylik. Shu bilan birgalikda ushbu g`azalda Navoiyning ta’siri yaqqol ko`rinadi. Jumladan, shoir yozadi:

Roziman tushguncha dilga nogahon hijron yuki

Nogahon mayli tanimdan ayru bo`lsin jon yuki .

Men bo`lay jondin judo bo`lguncha jonondin judo

Ne kerak ezsa jonim bir umur armon yuki. (270-bet)

Navoiyda esa bu g`oya talqini quyidagicha:

Aylagin jondin judo, bo`lguncha jonondin judo.

Juda ham go`zal an’ana saqlanib qolingan. Mumtoz adabiyotda jon va jonon obrazlari hamisha yonma-yon yuradi. Jonon hamisha jonni azoblashni, qiynoqlarga solishni yaxshi ko`radi. Shu vajdan jon o`zligidan kechishga hamisha tayyor turadi. Shu bilan u go`yo taskin topganday bo`ladi. Navoiy ijodi juda keng qamrovli. Navoiy ijodi baland bir tog`dir. Bu toqqa chiqqan sari inson ma’naviy yuksalib borayotganini qalban sezadi, ruhan taskin topadi. Navoiy ijodidagi jon va jonon to`laligicha tasavvufiy istilohdir, ammo Erkin Vohidov ijodidagi jon va jonon talqinida dunyoviy muhabbatning nafasi sezilib turibdi. Biroq bu barcha o`rinlarda shunday degani emas.

Navoiyning “Aylagach” g`azaliga yozilgan muxammasida Erkin Vohidov g`azaldagi ma’nodorlikni juda ham go`zal tarzda saqlab qolgan. Qolaversa, Navoiy ijodidagi yorning zulfi ham hamisha oshiqni o`ziga bog`lab qo`yadi va go`zalning husniga husn qo`shadi. Bu ifoda uslubi Erkin Vohidov g`azallarida ham ko`p uchraydi.

Voh ajabkim, zulfingga dil, qayta-qayta bo`ldi band

Necha-necha band bo`lishdan ul emabdur zarra pahd. (259-bet)

Navoiy ijodida zulf shunday qo`llaniladi:

Zulfida men foniyu tasbih ila mag`rur shayx,

Subha tori bas ne yang`lig` o`xshagay zunnorg`a.

Zunnor nomusulmonlik belgisi bo`lgan bog`ich. O`tgan zamonlarda musulmon mamlakatlarda darveshlar, zardushtlar, nasroniylar beliga bog`lab yuradigan chiviq bo`lib, ular buni taqishga va shuning evazidan boj to`lashga majbur bo`lganlar. Subha – tasbeh.27 Baytni shunday tahlil qilamiz. Men yorning zulfiga yo`qoldim (ya’ni dindan voz kechdim). Ammo bu zulfni (zunnor) ya’ni soch tolasini hech narsaga alishmayman. Shayx o`z tasbehi bilan g`ururlanadi, men esa o`z zunnorim bilan mag`rurman. Bu soch tolasini tasbeh toriga sira o`xshatolmayman. Erkin Vohidov lirikasida ham shoir yorning zulfiga oshiq bo`lib, dili unga band bo`ladi. Band bo`lsa-da, hech qachon pand yemagan.

Go`zal obrazlardan yana biri yuz va lab obrazlaridir. Tilshunoslikdan bizga ma’lumki, yuz so`zining ko`plab sinonimlari bor. Ruxsor, chehra, oraz, yuz, bet, bashara, turq. Ushbu qatorda yuz neytral so`z bo`lib, ruhsor, chehra va oraz yuzning ijobiy ya’ni yuqori tipdagi formalaridir. Hazrat Navoiy yorga nisbatan hech qachon yuzning salbiy pastki formalari bo`lmish bet, turq, bashara singari so`zlarni qo`llamagan. U doimo hatto ijodda ham yorga nisbatan go`zal iboralar, tashbehlar qo`llaydi. Bisotidagi barcha chiroyli so`zlarni ishlatishga harakat qiladi.

Yuzung quyoshmi ekin yo quyosh yuzingmi ekin,

Ki qaysi, qaysi ekan farq emas nechukki egiz.

Navoiy ushbu baytda avval yuz quyoshga, keyin esa quyosh yuzga o`xshatiladi. Bu yerda Navoiy tashbehi aks (teskari o`xshatish) tashbeh turlaridan biri bo`lib, avval bir narsa ikkinchi bir narsaga o`xshatiladi. So`ngra esa buning aksi amalga oshiriladi, ya’ni ikkinchi narsa birinchi narsaga o`xshatiladi. Boshqacha qilib aytilsa, tashbehi aksda avval mushabbih bo`lgan so`z, keyin mushabbihun bih, mushabbihun bih bo`lgani esa mushabbihga aylanadi. Bu yerda yuz birinchi holda mushabbih bo`lsa, keyingisida mushabbihun bihga aylanadi.28

Erkin Vohidovda chehra obrazi ko`proq qo`llaniladi.Masalan.

Ikki gulgun chehra bo`lsa, o`rtada gulgun sharob

Men uchun maydin ham ortiq suhbati hamdam shirin. (285-bet)

(Bu yerda sharob rangi bilan yorning qizil yonoqli yuzi o`xshatilyapti.)

E.Vohidov o`z sevgani ham dilkusho do`st va ham dilrabo, shirin suxan yor bo`lishini istaydi. Ne ajabkim Navoiy ijodining ayrim o`rinlarida ham bunday insoniy orzular “yilt” etganday bo`ladi, nazarimizda. Navoiy yaratgan obrazlarning aksariyati badiiy san’atlar yaratadi. Xuddi shu iste’dod E.Vohidov g`azallarida ham uchraydi. Bunga biz yuqorida bir necha marotaba duch keldik. Ammo qancha ko`p murojaat etsak, shuncha g`azalning mazmuni sayqalanib boraveradi. Alisher Navoiy:

Otashin la’lidurkim, anda muzmar bo`ldi jon

Otashin gulbargidan xil`atin jononimdadur,

baytida “la`l” so`zi ko`chma ma’noda qo`llanib, lab ma’nosini bildiradi. Bu baytda tashbehi kinoyat – ko`chimli o`xshatish badiiy san’ati qo`llanilgan. Erkin Vohidovning mashhur “Rashkim” g`azalida lab shunday ifodalanadi.

...Degaylarki, charosu ol gilos olmish labingdan rang

Labing tegsa hasad qilgum gilos birlan uzumdan ham. (283-bet)

Ushbu g`azalda lab gilosning ol rangiga o`xshatiladi. Bundan tashqari Erkin Vohidov ijodida kiprikning o`q uzib dilni yaralashi kabi o`xshatish ham bor, ya’ni:

Kiprigingdan o`q uzib, ko`ksim aro zahm aylading,

Dilni zabt etmoqqa balki choh o`yib lahm aylading. (254-bet)

Aynan shunday o`xshatishlarni Navoiy asarlarida ham uchratamiz. Bu mumtoz adabiyot an’anasini shoir tomonidan o`zgartirishsiz olib kirilgan bir ko`rinishidir. Ammo an’ana ichida yangilik olib kirilgan g`azallar ham talaygina. Masalan:

Ikki qoshing o`sma birlan bo`ldi juft nargisli barg,

Ikki barging qoshida men titragayman misli barg. (255-bet)

Bu yerda qoshlar ikki juft bargga o`xshatilmoqda. Bargning yoysimon egilgan shakli yorning qoshlariga qiyoslangan. Ammo bunda qoshlar usma bilan juftlashgan. Bu yerda bir oz milliylik, o`zbek qizlarining usma qo`yish udumlari ham mohirlik bilan ochib berilgan.

Zamondosh ijodkorlarimizga nisbatan mumtoz adabiy merosimizning nafasi Erkin Vohidov ijodida ko`proq ufurib turadi. Bu xususiyat uning g`azalchilik an’anasini davom ettirib kelishida yaqqol ko`rinib turibdi.


Download 343 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish