II.2. Erkin Vohidov ijodida badiiy san’atlardan foydalanish mahorati
Erkin Vohidovning asosiy g`azallari uning “Muhabbatnoma” kitobida jamlangan bo`lib, unda jami saksonta g`azal mavjud. Ushbu g`azallarning o`n uchtasi – hazajda, to`rttasi – rajasda va qolgan oltmish uchtasi – ramalda yozilgan. Ushbu g`azallar aruzning qaysi bahrida yozilishidan qat’iy nazar, ularning barchasida badiiy san’atlar va ranglar uyg`unligi mavjud. Badiiy san’atlar, vositalar va usullar lirikaning tabiatiga xos bo`lgan ixchamlik va mo’jazlikni ta’minlash, fikrni obrazli bayon etish, estetik zavq bag`ishlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ijodiy merosi adabiyotimiz cho`qqisi hisoblangan Alisher Navoiy ham mavjud an’analarni muvaffaqiyatli o`zlashtirish bilan birga, ularni rivojlantirish, yangi bosqichga ko`tarish, shu yo`l bilan she’riy san’atlarning ham bir qolipga tushib qolishidan saqlashga katta hissa qo`shdi. Badiiy san’atlardan oqilona foydalana bilish an’anasi avlodlarga ham o`tib kelgan. Navoiyda shunday bayt mavjud:
Bo`ldi oyog`ing qora ziynatu ne yarodin
O`ylaki, bo`lg`ay qora sham tubi soldim.
Ushbu baytda “Irsol ul-masal (ar. maqol, masal keltirish) – mumtoz adabiyotdagi she’riy san’atlardan biri bo`lib, she’rda ma’lum bir poetik maqsadda mashhur maqol, matal yoki hikmatli so`z keltirish. Shoir biror fikrni o`rtaga tashlar ekan, o`z fikrining isboti, izohi, tasdig`i uchun xalq maqollari, hikmatli iboralarni tamsil yo`li bilan keltiradi”.33 Ushbu baytda Navoiy “Chiroq tubi qorongu” iborasiga ijodiy yondashadi va shu’la sochayotgan shamning tagi qorong`u bo`lib turishini u oyog`iga qora ziynatlar taqib bezangan yorning latif ko`rinishiga qiyoslangan. Bunda Navoiy ushbu badiiy san’atning 2-ko`rinishi maqol yoki matal hech qanday ishoralarsiz aynan keltirilishidan foydalanilgan. E.Vohidov o`z ijodida ko`pincha irsol ul-masalning 3-ko`rinishidan foydalangan, ya’ni mazmuni bayt yoki misra ichiga singdirib yuborilgani holda maqol yoki matal o`z shaklini butunlay yo`qotish, bir oz o`zgartirishi yoki yangicha shaklga kelishi mumkin.
Sevgi dardidan mening ham bo`ldi rangim qahrabo,
Yo`q iloj, ne naf o`kinmak bo`lmasa ko`zguda ayb.
Mazkur baytda “Yuzing qiyshiq bo`lsa, oynadan o`pkalama” maqoli o`zgargan shaklda berilgan. Ammo baribir shu maqol xususiyati saqlanib qolingan.
“Badiiy san’atlarni qo`llashda Navoiy uslubiga xos yana bir xususiyat shundan iboratki, shoir o`zigacha qat’iy an’ana tusini olgan badiiy o`xshatishlar lirik usullar bilan qanoatlanmaydi. Shoir ma’lum va mashhur bo`lgan badiiy – lirik obrazlar yangi qirralarini kashf etishga ko`pchilik nazaridan chetga bo`lgan xususiyatlariga diqqatni tortishga harakat qiladi”.34 Navoiy irsol ul-masalning 1-ko`rinishidan ham foydalangan. Bunda maqol yoki matal “masaldurkim”, “masalkim”, “derlar”, “aytadilarki”, “elda bor shunday masal” kabi ishoralar bilan keltiriladi.
Yetti jon og`zimakim, chiqmas uyidin ul hur:
“Chiqmag`an jong`a umid” – ushbu masaldur mashhur.
Ushbu baytda “og`zi joniga kelmoq” iborasi ham qo`llanilishi bilan bir qatorda “chiqmagan jondan umid” iborasi ham ishlatilgan. Agar baytda maqol, matal yoki iboralar ikki yoki undan ortiq bolsa, “irsol ul-masalayt” deyiladi.
E.Vohidov o`z g`azallarida tanosib san’atidan ko`p foydalangan. Tanosib – poetik usullardan biri bo`lib, o`zaro munosabatda bo`lgan ikki tushunchaning bir-biriga bog`langan holda kelishi. Masalan:
Ko`z ochar gulshanda g`uncha, bulbul afg`on aylagach...
Navoiyda ham tanosib san’ati bor:
Shah yonin farzin kibi kajlar maqom etsa ne tong,
Rostravlar arsadin gar tutsalar ruhdek qiroq.
(arsa – shaxmat taxtasi, shah, farzin, ruh – shahmat donalari)
Navoiy ijodida tardu aks san’ati ham qo`llanilgan. Masalan:
Zulfi savdosi, bu savdoyi boshinda ko`pturur,
Bo`lsa savdo ahli, tong yo`q, ahli savdo birla do`st.
Ma’no nuqtayi nazaridan ham tardu aksning ikki ko`rinishi farqlanadi. Agar o`rnini almashtirib takrorlanganda so`z yoki birikma ma’nosi o`zgarmasa, aksi mutahodiy deyiladi. E.Vohidovning quyidagi baytida “Zuhro-yu Oy” birikmasi “Oy-u Zuhro” tarzida takrorlash bilan ma’no o`zgarishsiz qoladi:
Men seni Zuhro-yu Oy deb iltijo qildim va lek
Sen yiroqsan, garchi menga Oy-u Zuhro bir qadam.
Tardu aksning ma’no jihatidan farqlanuvchi 2-ko`rinishi aksi mujriy deb nomlanib, bunda o`rin almashishi natijasida yangi ma’no hosil bo`lishi nazarda tutiladi. Masalan:
Intilar borliqni inson barkamol etmoq uchun,
He ajab, insonni borliq barkamil etgan emas. (E.Vohidov)
Baytida “borliqni inson” birikmasining “insonni borliq” tarzida qaytarilishi natijasida ega – kesim munosabati o`zgaradi va natijada yangi mazmun hosil bo`ladi. Shuningdek, tardu aksning baytda akslanib, o`rni almashib kelayotgan so`z yoki birikmalar soni birdan ortiq bo`lishi ham mumkin.
Dema ra’no qad ila jilvasidin xolingni,
Jilva jonimga balo, ul qadi – ra’no ofat. (Navoiy)
Ushbu baytda “ra’no qad” birikmasi ichida ham, bu birikma bilan “jilva” so`zi orasida ham o`rin almashib takrorlanish kuzatiladi. Bundan tashqari har ikkala ijodkor ham tazod san’atiga tez-tez murojaat etadi.
Oshikor aylab yuzin, ko`zimni hayron ayladi
Yoshurun oldi ko`ngul, ko`zimni hayron aylagach. (Navoiy)
E.Vohidovda bu badiiy san’atga misollar serob. Masalan:
Seningsiz menga kom yo`qdir asal ichsam zahar bo`lg`ay,
Sening birlan shirin so`zim zahar yutsam shakar bo`lg`ay. (268-bet)
Kitobat – baytda arab harflari asosida o`ziga xos tashbeh yaratish.Masalan:
Jonimdagi jim ikki dolingga fido
Andin so`ng alif toza niholingga fido.
Nuni dog`i anbarin hilolingga fido
Qolgan ikki nuqta ikki xolingga fido. (Navoiy )
(Arabcha jonim so`zidagi jim – ikki yuzga, alif – qomatga, nun – ikki qoshga va nun ustidagi ikki nuqta uning ikkita xolidir.)
Hajrda qaddimni dol etting desam bergay javob,
Kim qo`yibdi sevgini qaddi bukilgan chol uchun. (E.Vohidov)
(Arabchadagi dol harfi – oshiqning hijron azobidan egilgan qaddi.)
Tavze’ – baytda bir xil tovushlarni takrorlash san’ati. Tavze’dan hosil bo`luvchi poetik samara shuki, bir necha bora takrorlanuvchi tovush yoki tovushlar guruhi baytga o`ziga xos ohang, musiqiylik baxsh etadi. Bunga Navoiy ijodi misolida unli(o)ni, Erkin Vohidov ijodi bo`yicha undosh(q)ni keltirib o`tamiz. Navoiy:
Oshiq o`ldur, bilmadim yor, o`zgalarga yor emish,
Olloh – olloh, ishq aro mundoq balolar bor emish.
bayti g`oyat xushohang, chunki uning tarkibidagi “o” unlisining 11 marta qo`llanilishi, musiqiylikni kuchaytirib bergan. E.Vohidovda:
Qaro qoshing, qalam qoshing, qiyiq qayrilma qoshing qiz
Qilur qatlimga qasd qayrab qilich qotil qaroshing qiz.
Qafasda qalb qushin qiynab qanot qoqmoqqa qo`ymaysan
Qarab qo`ygil qiyokim, qalbimni kuydirsin quyoshing qiz.
Bunda shoir 33 marta “q” harfidan foydalangan. Yana bir jihati, misralardagi “q” tovushi egallagan pozitsiyalarning bir-biriga mosligi musiqiylikni kuchaytirib bergan.
Talmeh – she’rda mashhur tarixiy voqea, shaxslar, badiiy asarlarga ishora qilish. Erkin Vohidovning:
Ming Samarqand, ming Buxoro hadya etgum xol uchun,
Lek nigorimda hafas yo`q mulku davlat mol uchun,
baytida Hofiz Sheroziyning mashhur matla’siga ishora qilinayotgan, shoir salafi bilan ijodiy musobaqaga kirishgani anglashiladi. Zero, bundagi oshiq muhabbati Hofiz talqinidagi oshiqnikidan kam emas – undan ming karra ortiq hadyaga tayyor; ma’shuqa esa mol-mulk havasidan forig`, ya’ni shu tomoni bilan u ham Hofiz talqinidagi ma’shuqadan ustun turadi. Navoiyning quyidagi baytida ham “Shayx San’on” qissasiga ishora qilingan.
Ko`nglum o`tidin ne tong gar topsa ruxsoring furug`,
Sho`x tarso muxaf o`rtar shayx San’on o`tig`a.
Tavsir – bayt avvalida mavhumroq tarzda aytilgan fikrni bayt davomida batafsil tushuntirib berish. Navoiyda:
Ravzada kavsar qirog`inda xayol ettim Bilol,
Yuz aro lab, lab uzra shabrang xolingni ko`rub.
Baytning 1-misrasida shoir xayoliga kavsar qirg`ogida o`tirgan Bilol kelganini aytib, keyingi misrada buning sababini izohlaydi, ya’ni yuzi jannatni, labi kavsarni, xoli esa Bilolni hayoliga keltirganini aytadi.
Erkin Vohidovda esa ushbu san’at shunday qo`llaniladi:
Uch balodin saqlasin, charxi balokash bo`lmasin
Do`st mehrsiz, dardsiz ulfat, yor jafokash bo`lmasin.
Ushbu baytda avval uch balodan saqlasin, degan istak ifoda etiladi, keyin esa “uch balo” deganda nimalar nazarda tutilayotgani sharhlanadi. Avvalida mavhum ifodalangan uch balo – mehrsiz do`st, dardsiz ulfat va jafokash yor tarzida aniqlashtiriladi. Umuman olganda, Navoiy va Erkin Vohidov ijodidagi badiiy san’atlar deyarli bir xil, ammo ma’no ko`lamdorligi farqlanishi tabiiy, albatta. Chunki davr, muhit, zamon boshqa-boshqa bo`lganligi uchun ham ta’sir qilishi aniq holdir.
Ayrim maqola va fikr-mulohazalarda o`zbek mumtoz she’riyatida rang ramzlari va ma’nolari muammosi masalalariga oid ma’lumotlar berilgan. “Ranglar va ularning ramziy ma’no-mohiyatidan baxs yuritish oson emas albatta. Chunki ranglar u yoki bu xalqlarning uni qurshab olgan olam, ijtimoiy-madaniy hayot, urf-odat, marosim, adabiyot va san’atga doir qadimiy qarashlari bilangina emas, balki kosmologik, mifologik, diniy-ilohiy tushuncha va tasavvurlari bilan ham bog`lanib ketgan. Shuningdek odamlarning dunyoqarashi, yashash sharoitlari, diniy hayot yo`llarining o`zgarishi bilan ranglarga munosabat, rangdan ko`zlangan maqsadlarni ham o`zgartirib ba’zan butunlay yangilanib borgan”.35 Ranglar borasida tilshunoslikda ham oq va qora ranglar bo`yicha turli talqin va tahlillar qilindi. Jumladan, oq – sariq – ko`k – yashil – qizil – jigar – qora. Ushbu ketma-ketlik boshqa ranglarning barchasi oq va qora rangning o`rtasida turadi. Qaysi rang oq rangga yaqin tursa oqqa, qora rangga yaqin tursa qoraga moyilligi bor hisoblanadi. Mashhur kitob “Avesto”da oq rahg yorug`likning, qora rang esa zulmat va qorong`ulikning ifodasi sifatida ta’rif va tavsif etilgani barchaga ma’lum. Bizda ham bu ranglar shunday. Ammo ba’zi xalqlarda oq rang motam, musibat va hatto qurg`oqchilik alomati hamdir. Bu narsa turkiy qavmlarga ham o`xshash joyi bor. Biror yaqin kishimiz olamdan o`tsa, a’zadorlik sifatida oq doka, oq ro`mol qirq kun yoki etti oygacha o`lgan odamning hurmati yuzasidan boshga bog`lab yuriladi. Boshiga oq bog`lagan ayolning uyida ta’ziya bo`lganligi, yaqin odamidan ajralganligini bilish mumkin. Toshkent va Farg`ona ayollari boshiga ko`k yoki qora ro`mol bog`lashadi.
Ozarbayjon olimi M.Saidovning yozishicha, “Oltoyliklarda oq rang motam ramzidir. Manbalar Chinda yashagan turk tilli solorlar uchun oq rangning boshqa ma’nolar bilan bir qatorda motam timsoli bo`lganligidan xabar beradilar. Faqat turkiylarda emas, boshqa ayrim xalqlarda ham ko`k va oq motam va qayg`u ramzi sanalgan”.36 Hozirgi kunda davlatimizda oq rang beg`uborlik, poklik timsoli sifatida qaraladi. Buni bayroqdagi rangdan ham bilish mumkin. Chunki bayroqda faqat o`sha xalqqa e’zozli bo`lgan rang va belgilar qo`llaniladi. Albatta, Oltoyliklarda vaqt o`tishi bilan ahvol o`zgargan. Buni qora rangga munosabatlarning o`zgarishidan ham anglash qiyin emas. Chunki qadimda turkiylarning dunyoqarashi va fikrlash olamida oq rangga qaraganda qora rang e’tiborliroq mavqega ega edi. Shu bois ularning diniy qarashlarida “qora” so`zi ko`proq o`rin egallagan.
Biz so`z yuritayotganimiz ranglar falsafasi Navoiy va Erkin Vohidov ijodlarida qanday tahlil etilganligini imkon qadar ko`rib chiqishga harakat qilamiz. Alisher Navoiy poklikdan, sadoqatdan, muruvvat va kamolotdan dalolat beruvchi faqr libosini yoqlab, “Sab’ai sayyor” dostonidagi ilk hikoyada o`rin olgan baytga murojaat etamiz.
Qora rang elga toji taroqdur,
Kim bu rang ichradur, muborakdur.37
Ushbu baytdagi fikrga tayanib, qora rangning muqaddas va muboraklik xususiyatlarini muxtasar shaklda yoritgan. Aslida qora rang – shimolning, qizil –janubning, yashil – sharqning, oq – g`arbning ramzi degan ma’lumot 30-40-yillardayoq fanda xrestomatik bir ma’lumotga aylangan. Navoiy ushbu e’tirofi bilan barcha “qora shol”dan libos kiysin, siyohpo`shlik barcha uchun umumiy urfga aylanmog`i kerak, mazmunidagi bir niyatni ko`zlagani yo`q, balki qora rang “qora libos ramziga asoslanib, tasavvufiy hayot imtiyoz va imkoniyatlari, tasavvufiy ahloq kuch-quvvatiga ko`pchilikning nigohini qaratgandir. Chunki tasavvuf, ayniqsa, faqr tariqi – ishq va ma’rifat, tafakkur va xoksorlik ila insonni shu dunyoda jannatga vosil etuvchi munavvar bir yo`ldir. Bu jannat esa oshiq, orif va faqirning kongil olamidir. Navoiyda ranglarga oid g`azallar bisyor. Jumladan:
Xil’atin to aylamish jonon qizil, sorig`, yashil
Shula’i ohim chiqar, har yon qizil, sorig`, yashil. (“Chor devon”, 48-bet)
Bu g`azalning tahlili ko`pgina adabiyotshunoslar tomonidan turlicha talqin etilgan va ko`pchiligida “tasavvufiy g`azal tipida yozilgan” degan qarorga kelingan. Demak, ranglar nafaqat dunyoviy, balki tasavvufiy istilohlarni berish imkoniyatiga ham egadir. Biz esa ranglarni dunyoviy tushuncha doirasida fikr yuritiladigan, Navoiyning ana shu tipdagi g`azallaridan biriga murojaat etamiz.
Furqatingdan za’faron uzra to`karman lolalar,
Lolalar ermaski, bag`rimdan erur parg`olalar.
Bu yerda za’faron – sariq rang, ya’ni sendan ayriliqda yuzim sarg`aydi va sariq yuzim ustiga lolalar to`kaman. Ular lolalar emas, bag`rimdan uzilgan qonli parchalardir (Bu yerda qizil rangga ishora bor). Demak, Navoiy ijodida sariq rang – ayriliq, hijron, kasallik ma’nosida, qizil rang esa lola va bag`r qonining timsollaridir.
Erkin Vohidov ijodida ba’zi ranglar Navoiyga uyqash, ba’zilari esa butunlay boshqacha holdir. Unda oq rang nurlilikni, oydinlikni ya’ni kunduzni bersa, qora rang esa zulmatni, tunni belgilaydi va doimo oshiq oq rangni ya’ni nurlilikni yoriga tilab, o`ziga zulmat tunni ravo ko`radi.
Senga bo`lsin nurli kunduz, menga qolsin qora tun,
Barcha gulshan senga bo`lsin, bor tikanzorlik menga. (240-bet)
Ushbu she’rda oq va qoraning bir joyga kelishi tazod san’atini keltirib chiqargan. Bundan tashqari qora rang ijobiy ma’noda, go`zal o`xshatishlarda ya’ni yorning ko`zi, qoshi, kiprigi, sochi, xoli va surma ranglari uchun ham qo`llanilgan.
Ko`zda qaro na iz bul, tun dog`idan asarmu,
Mayxona kezdimi yo mastonavor surma. (244-bet)
Shu kabi qora ranglardagi misollarning ko`pchiligida qora rang go`zallik namunasi, belgisi sifatida namoyon bo`ladi. (qora qosh, qora ko`z kabi)
Qizil rang esa E.Vohidovda Navoiydek bag`r qoni rangini beradi. Masalan:
Ishq elining qatra-qatra qonidan ungan chechak
Sevgining oshiq ko`ngillarga olovli chohi gul. (276-bet)
Ushbu baytdagi olov va qon qizil rangdadir. Bundan tashqari yorning lablari qizil deb emas, balki qizilning sinonimi bo`lmish “ol” so`zi qo`llanilgan.
Degaylarki, charosu ol gilos olmish labingdan rang,
Labing tegsa hasad qilgum gilos birlan uzumdan ham. (283-bet)
Erkin Vohidov ijodida sariq rang ba’zi hollarda aynan keltirilmasdan, nimagadir qiyoslanib foydalanilgan. Masalan:
Sevgi rangidan mening ham bo`ldi rangim qahrabo
Yo`q iloj ne naf o`kinmak, bo`lmasa ko`zguda ayb? (251-bet)
Qahrabo – sariq tosh. Yoki:
Navoiy sham kabi yonib, xazondek sarg`ayib so`lmish
Varaqlar ham olibdur, sohibi devoni rangidan.
Xazon – sariq yaproq; sohibi devon rangi – bu eskirgan, sarg`aygan varaq. Yoki:
Hajrinki yuzimni zard qildi
Dunyoni ko`zimga sard qildi. (“Orzuli dunyo”, 57-bet)
Zard – tojikcha sariq demakdir.
E.Vohidovda millat doirasida ko`zda tutilgan ranglar ham uchraydi.Masalan:
O`zbek Navoiyni o`qimay qo`ysa,
Oltin boshning kalla bo`lgani shudir.
Bedil qolib Dem’yan, Bedniyni sevsa,
Qora sochning malla bo`lgani shudir. (“Orzuli dunyo”, 83-bet)
E.Vohidov ijodida oqni oq, qorani qora deb aytilgan misralari ham bor.
Bu qasidam senga xalqim oq sut-u, tuz hurmati
Erkin o`g`lingman qabul et, o`zbegim jon o`zbegim. (337-bet)
Yoki:
Bunda oq birla qaro, zulmat – ziyo, shohu – gado
Jang qilurlar doimo, ul yon o`zing, bul yon o`zing. (343-bet)
Erkin Vohidovning o`ziga xosligi shundaki, u ikki davr adabiyoti tilini bir zaylda qo`llab bordi. Ba’zi g`azallarida qora (hozirgi davr), ba’zilarida esa qaro (Navoiy davri tili) tarzida foydalangan. Bu degani o`z davr tilidan foydalangan holda, Navoiy davri tilini ham eslatib o`tish maqsadidadir. Erkin Vohidov Navoiyni sevadi, shu sevgisi o`laroq uning tilidan foydalanib, o`sha davr ruhini his etib yashaydi. Ranglar qay yo`sinda berilmasin, har ikkala ijodkor ham she’r mag`zini o`quvchiga yetkaza olgan. Ammo shuni alohida ta’kidlab o`tishimiz lozimki, ba’zi o`rinlarda Navoiyda ham, E.Vohidovda ham rangni ifodalovchi so`zlarning sinonimlari qo`llaniladi. Masalan: Oq – oqmoq; ko`k – osmon; ol – olmoq.
Ol o`zing koshonalarni, menga qo`y mayxonani. (240-b., olmoq)
Otashida gul uzdim ol, bu shohigullar shohigul. (276-b., ikkala ma’noda ya’ni, qizil va olmoq ma’nolarida ham qo`llasa bo`ladi). Yoki:
Ko`k tarozu pallasidur, bu zamin bir tosh anga
Charx posangida, yuz ming tuman inson yuki. (264-b., osmon)
Tahlil davomida ana shunday chalkashliklarga yo`l qo`ymasak, she’rning asl maqsadi nima ekanligini to`liq tushunib olishimizga imkoniyat yaraladi.
Son va raqamlar kirib bormagan soha yo`q. Har qanday ob’ekt, joy, hudud, narsa yo hodisa, o`z ko`lamiga sonlarda ifodalanadigan miqdorga ega. Ammo sonlar orasida eng ko`p ishlatiladigani bu bir (1) raqamidir. Buyuk olim Abu Rayhon Beruniy “Sonlar “bir”dan tarkib topadi va “bir”ga borib tamom bo`ladi”, degan edi. Navoiy va E.Vohidov ijodlarida ham son va raqamlar ba’zida ko`zga tashlanib qoladi. Darvoqe, E.Vohidov ijodida ko`proq bir va ikki raqamlari qo`llanilgan. Hatto ba’zi bir she’rlarida sakkiz – o`ntagacha ushbu raqamlar ishlatilgan.(Masalan, “bir qadam” she’rida bir soni sakkiz marta, “Barg” she’rida ikki soni besh marta qo`llanilgan) Navoiy ijodida esa yetti raqami ko`p qo`llanilgan.(masalan; yetti musofir, yetti qasr, yetti go`zal, yetti sayyora va hokazo) Aynan bir xil raqamlarning tez-tez uchrashi bu hatto shoirning harakteriga, e’tiqodiga ham bog`liq bo`lar ekan. Buni numerologiya fani shunday izohlaydi: “Pifagorchilarning ta’limoticha, 1 raqami duyodagi hamma narsa va hodisalarning asosidir. 2 raqami tabiatda qarama-qarshiliklar asosidir. 3 raqami qarama-qarshiliklarning birligi, ya’ni jismlarning qarama-qarshi tomonlarining birligidan iboratdir. 4 raqami to`rt element (unsur)ning shaklidir. 7 raqami iste’dodni ilm-fan, san’at va falsafa sohalariga, diniy faoliyatga yo`naltirish qobiliyatidir”.38 E.Vohidov ijodida raqamlar qay tartibda keltirilganligiga e’tibor qilsak.
Ming asrlar kori holin qilg`ay u bir soniya
Lahzaning mazmunini ming bir kitob aylar xayol. (274-bet)
Ushbu baytning o`zida shoir uchta raqam ishlatgan, ya’ni: 1, 1000, 1001 . Bir bu yerda son, vaqtni (sekund, lahza) belgilayapti. Ming va bir ming bir ham o`z o`rnida zamon vaqtini, kitob sonini belgilamoqda. Umuman “ming bir” birikmasi Navoiyda ham uchrab turadi. E.Vohidovning quyidagi baytida ushbu birikma son ma’nosida kelgan.
Qilmadim bir bor o`shal, gul yuzli zebo birla sayr,
Qonmag`ay dil, aylasam, ming bitta Laylo birla sayr. (304-bet)
Umuman olganda, bir baytda bir necha raqamlarni keltirish she’rning jarangdorigiga ham ta’sir qiladi.
Do`st qidir, do`st top jahonda, do`st yuz ming bo`lsa oz
Ko`p erur bisyor dushman, bo`lsa u bir dona ham. (282-bet)
Bu baytda raqamlar yuz ming ko`plik va bir dona yakkalik ma’nosida kelib, sonlar insonga do`stni ko`proq topish kerakligiga undayapti. Umuman olganda, bir qatra – kamlik, tomchi; bir buyuk – mashhurlik; bir kuni – umid; bir vaqt – qachondir; bir ish – mehnat; bir zamon – o`tgan vaqt; bir odim – qadam… kabi bir qancha ma’nolarda maqsadga muvofiq tartibda qo`llanilgan. Ammo yumor tipidagi g`azallarda raqamlar ham jiddiylikdan bir oz chekinadi.
Maslahat, senga bu kundan bir aso darkor ekan
Kulsa yoshlar to`planib, quvgaysan og`oching bilan. (331-bet)
Aso – tuzilishi jihatdan ham 1 raqamiga o`xshaydi. Shoir asoni urish vositasi sifatida keltirayapti. 2 raqami E.Vohidovda (Navoiyda ham) yorning qosh, ko`z, zulflarini ta’riflaganda foydalanilgan.
Ikki qoshing o`sma birlan bo`ldi juft nargisli barg. (255-bet)
Dil qushiga don qo`ygan, ul ikki joduda ayb. (251-bet)
E.Vohidov “Rubobim tori ikkidur” g`azalida ikki raqami tazod san’atidan foydalangan holda 14 marotaba keltirilgan. Ammo bu ketma-ketlik she’r jozibasini yana oshirishga xizmat qilgan.
Jahonda ikki dilbarning biri sensan, biri Laylo,
Jahonda ikki oshiqning biri menman, biri Majnun. (296-bet)
Shoir shu yerdagi o`xshatishlarda ham Navoiy qahramonlaridan oqilona foydalangan. Umuman olganda, o`xshatishning boshqa turlarini ham uchratish mumkin.
Tog`laring tegranda go`yo bo`g`ma ajdar bo`ldi-yu,
Ikki daryo, ikki chashming chashmi giryon o`zbegim. (334-bet)
Bunda inson ikki ko`zining yoshi Amudaryo va Sirdaryoga o`xshatilgan. Bu o`xshatishda tarixiy jarayon va haqiqat mavjud.
Shoirlar nazdida dunyo har xil sanoqlanadi. Kimgadir dunyo ikkita, kimgadir esa uchtadir. (Ona qorni bilan) E.Vohidovda dunyo ikkita, ya’ni hozirgi va o`limdan keyingi dunyo.
Hayot deb yerdan uzsang ham, najot deb ko`kka qo`l cho`zsang ham
Ikki dunyo senga oshno, bu qo`llardir, bu qo`llar. (352-bet)
Qo`lning ikkitaligi ham dunyoga qiyoslanmoqda, belgi berilmoqda shoir tomonidan.
3 raqami quyidagicha uchraydi:
Uch balodan saqlasin, charxi balokash bo`lmasin
Do`st mehrsiz, dardsiz ulfat, yor jafokash bo`lmasin. (287-bet)
Bu hodisa mumtoz adabiyotda ham uchraydi.
4 va 5 raqami:
Nur qadam birlan elar cheksiz fazo bo`ylab zamin
Yelkasida beshta qit’a, to`rt buyuk ummon yuki. (264-bet)
14-18-30 raqami:
Senga o`n to`rtda bog`landim, hanuz Erkin bo`lolmas dil,
O`zim dog`man, aql kirmas to`zimsiz o`ttizimdan ham. (283-bet)
Ushbu baytda balog`at yoshi, sevgi yoshi nazarga tutilgan. Navoiyda bu 18 yosh atrofida shakllanadi.
O`n sakkiz ming olam oshubi magar boshindadur ,
Ne ajabkim sarvinozim o`n sakkiz yoshindadur. (Navoiy)
Umuman olganda, yosh masalalari Navoiyning “Devoni Foniy” asarida tartiblangan.
15-40 raqami:
Bunda shoir xalq og`zaki ijodidan (ya’ni “oyning o`n beshi qorong`u, o`n beshi yorug`” maqolidan ) foydalangan va oshiqqa umid bag`ishlagan.
Umrini oshiq hamisha o`tkazur orzu bilan
Oyning o`n beshi qorong`u, o`n beshi yog`du bilan. (299-bet)
Qirq boshlarimiz, qirq deya qirq og`a-ini gul
Tig`ingga ular bari sarafkanda bo`libdur. (307-bet)
Bu baytda xalq og`zaki ijodining ertak motivi (ya’ni qirq bosh, qirq og`a-ini botirlar) qo`llanilgan.
100, 1000, 100000 raqamlari 1 va 0 ketma-ketligidan iborat bo`lgan sonlardir. Sonlar falsafasida bu:
0 – qadimdan nol raqami soddadillik va to`liq ishonch ramzi bo`lib kelgan. Ko`p nollar sizni yolg`ondan asraydi. (Sonlar falsafasi. 133-b)
1 – bu raqam zehn, aqliy qobilyat ijod va yaratuvchanlik ramzi hisobladi. (Sonlar falsafasi. 134-b.)
Demak, bu raqamlar ishtirok etgan birikmalar shu sonlarning xususiyatini beradi.
100 raqami:
Aqlg`a yuz hayrat, emdi – bul uning qoshindadur. (333-bet)
Yuz jilva bilan nozli hirom etsa pechak gul. (307-bet)
Hayrat va jilva so`zlari bu ijobiy, noziklik timsoli. Qolaversa yuz hayratda nolga xos sodadillik (hayratlana olgan inson beg`ubor insondir) bor. Yuz jilvada birga xos ijodkorlik (har xil jilva qilish uchun ijodkorlik kerak) bor.
1000 raqami:
Ming asr osmon yuki… (264-bet, vaqt)
Mingta doston o`zbegim (336-bet, ijod mahsulu)
100000 raqami:
Neki dard bor, neki kulfat bu jahonning kunjida,
Men bo`lay yuz ming giriftor, lek mahvash bo`lmasin. (287-bet )
Ushbu baytda oshiq barcha baloni o`ziga olib, yorni asramoqda.
18000 ni tashkil etuvchi bir va nol raqamlari haqqida yuqorida ma’lumot bergan edik.
8 raqami farovonlik, cheksizlik, taraqqiyot, boylik va to`kin-sochinlik ramzidir. (Sonlar falsafasi. 136-b.).
Ko`pincha 18000 olam dunyo bilan birgalikda qo`llaniladi. Demak, dunyo birgalikda farovonlik va yaratuvchanlik ramzi bo`lib ta’minlanadi. Bu narsa Navoiy ijodida ham qo`llanilgan:
O`n sakkiz ming olam oshubi magar boshindadur
Ne ajab, chun sarvinozim o`n sakkiz yoshindadur. (Navoiy )
Navoiyning Erkin Vohidov ijodidagi ta’sirini xuddi ana shu bayt orqali ham anglashimiz mumkin, faqat E.Vohidovda bu yumor tarzida ifodalangan:
O`n sakkiz ming olam oshubi padar boshindadir,
Ne ajab chun o`g`li oning o`n sakkiz yoshindadir. (333-bet)
Ma’no-mazmun har xil, ammo so`zlar ketma-ketligi qofiyadosh so`zlar birxillilikdan iborat. 18000 raqami ikkala baytda ham bir xil mazmun – olam kengligini anglatadi.
Raqamlar orasida davrlar osha eng omadlisi bu 7 sonidir.
7 raqami muqaddas raqamlardan hisoblanadi. U inson qalbini donolik va sirli bilimlarga to`ldiradi. Ilohiy yaralishning yetti kuni, dunyoning yetti mo`jizasi, kamalakning yetti xil rangi, iymondagi yetti farz... (Sonlar falsafasi. 136-b).
Buni biz etti pir, etti avlod, deya davom ettirishimiz mumkin. Mumtoz adabiyotda, ayniqsa Navoiy ijodida bu raqam muhim ahamiyat kasb etadi. Xuddi shu jihatdan shoir ijodida ham bu ta’sir o`z natijasini ko`rsatadi.
Ne ajabkim mast bo`libman ko`zlaringga termulib,
Yetti iqlimda bu yanglig` may yo`g`u mayhona yo`q. (326-bet)
Bunda etti iqlim geografik ma’lumotdan olingan va qo`llanilgan. Ranglarga o`xshab ijodkorlarda ham raqamlarning sinonimlari uchrab turadi. Bu jarayon Erkin Vohidov she’riyatida ham mavjud.
Visol onida ko`z ochsa ne tong, tongdan ko`ngilda ranj
Judo qilgay meni oy yuz xumor ko`z yulduzimdan ham. (283-b.)
Ushbu baytda yuz so`zi inson beti ma’nosida kelgan.
Umuman olganda, E.Vohidov ijodida Navoiyning ta’siri barcha jabhada, ya’ni qolibda, mazmunda, tuzilishda, raqam va ranglarda, badiiy san’atlar… barcha- barchasida yaqqol ko`zga tashlanaveradi. Navoiy ijodiga befarq emasligi uning ayrim she’rlarida Navoiy ismining ko`p tilga olinganligidan ham anglash mumkin.
Mir Alisher na’rasiga aks sado berdi jahon,
She’riyat mulkida bo`ldi, shohu sulton o`zbegim…
Menga Pushkin bir jahonu, menga Bayron bir jahon
Lek Navoiydek bobom bor, ko`ksim osmon o`zbegim. (336-bet)
E.Vohidovning hatto barmoq vaznida yozilgan she’rlarida ham Navoiyning ismi tilga olinadi.
Sohibqiron yotar ustoz poyida,
Jomiyni pir tutgan Navoiy hazrat.
Ustoz buyuk degan buyuk qoida,
Bu qaytar dunyoda azaliy hikmat. (O`zAS. 01.10.2010)
Erkin Vohidovning Alisher Navoiy hazratlariga nisbatan hurmati beqiyosdir. U bir narsadan qo`rqadi, ya’ni o`zbek xalqi Navoiyni o`qimay qo`yishidan qo`rqadi. Ana shu qo`rquv vajidan ushbu halokatni oldini olish uchun turli tartibdagi she’rlar yozib, kitobxonlarga Navoiyni unutmaslikni uqtiradi. U xalqni mumtoz adabiyot bilan oshno etishga, uni sevishga da’vat etadi.
O`zbek Navoiyni o`qimay qo`ysa,
Dod demoqqa palla bo`lgani shudir.
Ma’rifatdan ayru o`ynasa, kulsa
Aza chog`i yalla bo`lgani shudir. (“Orzuli dunyo”, 83-bet)
“Shoir komil bo`lish ushun ham, xalq qalbi to`la nur bo`lishi uchun ham, o`zlikni anglash uchun ham Navoiyning o`lmas ta’limoti zarurligiga ishontiradi. Yuzlab navoiyshunoslarning tashviqini, orzularini birgina poetik asari bilan millionlab qalblarga singdiradi, Navoiyga oshno etadi”.39 Umuman olganda badiiy san’atlar Erkin Vohidov ijodining taraqqiy etishida xizmat qiluvchi asosiy omillardan hisoblanadi.
XULOSA
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Erkin Vohidov o`zining 75 yillik umri davomida o`zbek adabiyoti bo`stonida o`ziga xos o`rin egalladi, mehnati singdi. U XX va XXI asr o`zbek adabiyotining taraqqiyotiga ulkan hissa qo`shgan xizmatlari beqiyos ijodkordir. Shoir o`z ijodi mobaynida o`zbek mumtoz adabiyoti an’analarini davom ettirdi, o`zgacha uslubda g`azal bitdi. Ijodini barmoq vaznidagi she’rlar bilan boshlagan Erkin Vohidov keyinchalik aruz vazniga qo`l urib, betakror g`azallar yaratdi va o`zining iste’dodini yana bir bor namoyon etdi. Avvaliga u g`azallarini vaqtli matbuotga berib, darrov xalqning e’tiboriga havola etmoqlikni lozim ko`rmadi. U o`z ustida tinmay ishlab Navoiy, Bobur, Fuzuliy va boshqa ko`plab shoirlar ijodi bilan tanishib, aruzning o`ziga xos xususiyatlarini o`rgangandan so`nggina o`z g`azallarini debocha sifatida devon tartib berib, unga “Yoshlik devoni” deb nom berdi. Deyarli barchasi sevgi-muhabbatni, yoshikni, do`stlikni tarannum etgan ushbu g`azallari unga o`zi kutmagan obro` va olqish olib keldi. Shundan keyingina o`ziga ishonchi ortib, aruzda bemalol ijod etib, ketma-ket kitoblar chop ettirdi. Ammo u barmoq vaznini unutgani yo`q. Bu haqda shoir “Aruz va barmoq” she’rida shunday deydi:
Aruziy barmoqni to`pori deydi,
Sen pastsan men sendan yuqori deydi.
Barmoq uni ko`hna, xarobasan der,
Parvozlar asrida arobasan der.
Men ham o`tmishu kelajak aro
O`rta yo`lda qolgan bechoradurman.
Ular yuragimda qilsa mojaro
Kelishtirmoq bilan ovvoradurman. (“She’r dunyosi”, 100-b.)
Hazil tarzida yozilgan ushbu she’r shoir yuragidagi g`alayondir. U har ikkala vaznni ham sevadi va ikkala vaznda ham she’rlar bitadi. Ulardan birini oq, birini esa qora deb ajratmaydi. Shoir yoshlarga ko`proq barmoq vaznida yozilgan she’rlar yoqishini biladi. Sababi, aruz vaznida lug`atsiz tushunilishi qiyin bo`lgan so`zlar ham uchraydi. Bu esa bir oz qiyinchilik tug`dirishi tabiiy holdir. Erkin Vohidov ana shularni hisobga olib aruz vaznida eng sodda, o`rganilishi oson bo`lgan g`azallar yaratib, yoshlarni g`azalga oshufta qilmoqchi bo`ldi va buning uddasidan chiqdi ham. U “G`azalni sevgan qiz” nomli she’rida o`sha qizga bo`lgan hurmatini shunday namoyon qiladi:
G`azalni xushlabsan, singlim, tashakkur,
Har ko`ngil seningdek ishqiboz bo`lsin.
Senga biror satrim bo`lolsa manzur
Oyog`ing ostida poyandoz bo`lsin. (“She’r dunyosi”, 151-bet)
G`azalga, g`azalni sevgan qizga hurmati shu darajada bo`lgan shoirni haqiqiy ma’noda “mumtoz adabiyotning fidokori” desak ham bo`ladi. Erkin Vohidov siyosatga aralashib, deputatlikka nomzod bo`lganligini “xalqim ijoddan chekindi” deb tushunmasligi uchun shunday she’r yaratdi:
Demang shoir tinib ketdi, siyosatga inib ketdi
Va yo aytmangki mo`rt toldek, shamollarda sinib ketdi.
Siz, ey lutf bahrida g`avvos u sizni sog`inib ketdi
Demang, shoir jimib ketdi g`azal yozmay tinib ketdi.
Tinib ketsa bilingizki, yog`och otga minib ketdi. (“Orzuli dunyo”, 49-b.)
“Mumtoz adabiyotimiz namunalari IX asrdan XX asrning boshlarigacha islom mafkurasiga, shariat asoslariga tayangan va mohiyatan mafkuraviy yo`nalish nuqtayi nazaridan islomiy adabiyotning bir qismidir. Bu masala hozirgi kunda sir emas va uning mohiyati Erkin Vohidov singari ko`plab adabiyotshunoslarimiz tomonidan ochib berilmoqda”.40 Bas, shunday ekan, Erkin Vohidov kelajak avlod uchun mumtoz adabiyot an’analarining go`zallik qirralarini ochaveradi. Bunday xizmat esa davlatimizda yuksak qadrlanadi. Zero ma’rifatni, ilmu-ziyoni xalqqa yetkazgan inson ham bizning nazarimizda komil insondir. Ijod jarayonida esa bobolarimizning ruhiyati, falsafasi shoir ongiga singib, yana va yana go`zal an’analar, yangicha uslubdagi she’rlar davom ettirilaveradi, deb umid qilamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |