Tadqiqotning joriylanishi. Dissertatsiya Buxoro davlat universiteti O`zbek filologiyasi kafedrasining yig`ilishida muhokama qilinib, himoyaga tavsif etilgan. Dissertatsiyaning asosiy mazmuni BDU M.Bulgakov tavalludining 120 yilligi munosabati bilan nashr etilgan ilmiy to`plamda bayon etilgan.
Tadqiqotning tarkibi. Dissertatsiya kirish, ikki asosiy bob, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro`yxatidan iborat.
BIRINCHI BOB
ADABIY AN’ANALAR VA ERKIN VOHIDOV SHE’RIYATI
I.1. E.Vohidov she’riyatida Navoiy va Bobur ijodiy an’analarining rivoji.
Alisher Navoiy va Erkin Vohidov ijodlarida shamol, shabada, quyun singari betakror obrazlari ham mavjud. Navoiy ijodida quyun obrazi bor. Quyun gir aylanuvchi shamol, to`fon. Xalq orasida “jin-to`polon”, “devona shamol”, “jin-shamol”, “chang-to`zon” atamalari bilan ham tilga olinadi. Uning harakati, ko`rinishi, qo`qqisdan paydo bo`lishi, ko`proq dashtu sahrolarda izg`ishi bizga ma’lum. Tabiatda uchrab turadigan bu hodisaning o`ziga xos ilmiy asoslari bor. Ammo badiiy adabiyotda shoirimiz qalamida u yangicha mohiyat, mazmun egallaydi. “Navoiy she’riyatida quyun oshiq yoki oshiqlar, shiddat, kuch va tezlik ifodasi. Lirik qahramon yo`ldoshi, sargardonlik va sargashtalik timsoli sifatida gavdalanadi”.2 Quyun – bu oshiq. Oshiqlik – xokisorlik, yor hajrida sargardonlik, har qanday xo`rlikka chidash demakdir. Alisher Navoiy shunday yozadi:
Ishq dashtida Navoiy, quyun qilmang gumon,
Kim tani hoki bila bir sho`x sargardondur.
Quyun – tezlik, kuch va shiddat sohibi yo`lida uchragan xas-xashak, gard, g`uborni pirpirak qiladi. Lirik qahramon ham yoriga yetishish ushun quyundan najot istaydi. “Uchurki, ey, quyun, ul oy boshiga evrulayin” deydi. Oshiq ma’shuqa hajrida “tufroq bila yakson”. Uning ishqidan vujudi zaifu notavon. Quyunga bir joyda gir aylanish xos. Ana shu ko`rinish oshiq uchun ma’shuqasi “boshiga evrulish” aylanish imkonini beradi. Yor boshiga evrulish visol ifodasi. Uning yo`lida tufrog`lik sadoqat va kamtarlik belgisi. O`z sevgilisidan, sarvi ra’nosidin yiroqda bo`lgan, hijronda qolgan oshiq quyundek har taraf sargashta. U quyunga nido qilib, o`z holini Majnun ismlik qardoshiga sezdirishni so`raydi.
Shamlaye fosh ayla sarsongarligimdin, ey quyun,
Uchrasang dasht uzra Majnun ismlik qardoshima.
Majnun – haqiqiy oshiq, vafo va sadoqat ramzi. Oshiqlar ustozi va hamdardi. Uning makoni sokin va kimsasiz dasht. Ishqqa mubtalo ko`ngil aksariyat yolg`izlikni, hududsiz kehglikni xohlaydi. Quyun harakati ham ko`pincha oshiqlikda sodir bo`ladi. Shu asosda lirik qahramon quyun orqali vodiy uzra sarson kezgan Majnunga o`z holatini anglatishga intiladi. Navoiy lirik qahramoni azobkashlikda Majnundan ham ustun. Ohdin quyunlar yugurtirgan oshiq Majnunni hayron qoldiradi.
Isq dashtida yugurterman quyunlar ohdin,
Ko`rgali bu turfani Majnuni hayron qaydadur?
Quyun – bu oshiqning ohi. Oh-dard, azob, musibat ifodasi. Sevgiga duchor yurak nidosi. Yoriga yetolmay, ayriliq o`tida yongan ko`ngil nolasi. Oshiqning bu iztirobi ishq dashtida quyunlar paydo qiladi. Ushbu holat hatto Majnundek savdoyini ham hayron qoldiradi. Quyundagi gir aylana harakat – oshiq holati, uning sarsonligi ifodasi. Uni shakllantirgan chang, g`ubor, xas-u xashaklar esa oshiq tani - vujudi, azobdan, hajrdan yakson bo`lgan shaxs ko`rinishi. Ishq dashti -dard vodiysi bilan bog`liq. Muhabbat ahlining qismati - ovvorayu sargardonlikdan iboratdir. Hijrondan ezilgan, ayriliqdan tentiragan, visol ilinjida ko`zlari to`rt bo`lgan oshiqning holati bundan boshqacha bo`lishi mumkin emas. Shuning uchun ham quyunlarni tabiat hodisasi deb emas, balki vodiyi dard ichra ovvorayu sargardon ishq ahli deb ahglash to`gri bo`ladi.
Ovvorayu sargardon ishq ahliga bo`l hayron,
Mundin o`zga bo`lmagay majnun sargardoni ishq.
Quyun – harakatda beqaror. Shoir Erkin Vohidovga ham quyun tezlik bilan uchish ma’nosida foydalanilgan.
Fuzuliy Karbalo dashtin quyundek kezdi Qays birlan
Dili hech topmadi taskin davrning boda bangidan. (290-bet)
Sharhlashga hojat yo`q. Aruzda yozilgan bo`lsa-da, ammo - mohiyati tushunarlidir. She’rlarida ko`pincha Fuzuliyning nomini keltirilishi bu insonga, ijodiga hurmati beqiyosligidandir.
Quyundan kichikrog`i, mayinrog`i – bu shabbodadir. Shoir kerakli o`rinlarda bu obrazdan ham unumli foydalangan.
Gul bo`ylarini bog`dan keltirgan, ey shabboda,
Dildorga noma yozdim, yetkur uni havoda. (245-bet)
Shabboda endi quyundek kezmaydi, u osuda yeladi. Yorga yetkaziladigan noma ohistalik bilan, uni cho`chitmaslik ila yetishini istaydi shoir. Bunda neytral so`z hisoblanmish shamol ishlatilsa ham bo`lardi, ammo birxillilikdan qochish, she’r nozikligini oshirish istagi kuchli bo`lganligi uchun shoir so`zlarni g`alvirdan o`tkazib, keyin o`z o`rniga ishlatishga harakat qilgan. Bunday badiiy obrazlarni E.Vohidov Navoiy g`azallariga bitgan muxammaslarda ham o`z ifodasini topgan. Xususan, Navoiyning “Aylagach” g`azaliga bitilgan muxammasida gul, bulbul, g`uncha, ag`yor obrazlaridan keng foydalanilgan.
Ko`z o-char gul/shan-da g`un-cha/bul-bul af-g`on/ay-la-gach
Ne-ga af-g`on/ay-lay ul gul/yuz-ni to-bon/ay-la-gach
Mis-li oy-kim/ko`rk o-char ay/ru sha-bis-ton/ay-la-gach
Hus-ni or-tar/yuz-da zul-fing/an-ba-raf-shon/ay-la-gach
Sham-(i) rav-shan/roq bo`-lur to/rin pa-ri-shon/ay-la-gach.
– v – – / – v – – / – v – – / – v – /
Navoiyning “Aylagach” g`azali aruzda yozilgan ramali musammani mahzuf, ya’ni foilotun foilotun foilotun foilun bahrida yaratilgan. Erkin Vohidov ham muxammasni shu tartibda oxirigacha davom ettirgan. 1-misrada Erkin Vohidov g`uncha va bulbul munosabatini keltirish orqali tanosib, ya’ni bir-biriga uzviy bog`liq bo`lgan so`zlarni ishlatib shoir ular vositasida o`ziga xos obrazli lavha yaratgan. Ma’lumki, bulbul nola qilsa, g`uncha ko`z ochadi, gul bo`lib ochiladi. Navoiy ijodida ko`pincha gul va bulbul munosabati tanosib san’ati vositasida go`zal tasvirlangan. Shu o`rinda ham Erkin Vohidov aruz vaznining salnoqdorligini saqlab qolish uchun g`uncha obrazini kiritadi, ammo keyingi misralarda yana Navoiy an’anasini davom ettirish maqsadida noziklik bilan ma’no- mohiyatdan chekinmagan holda g`unchani gulga aylantiradi. Ammo Erkin Vohidov g`azallarida g`uncha timsolini guldan ko`ra ko`proq ishlatadi va yorqinroq tasvirlaydi. Sodda va xalqona uslubda g`uncha haqqida yozilgan aruzning o`ynoqi vaznidagi quyidagi misralar mazkur fikrimizning yorqin dalilidir:
Barg ostidan muloyim, boqqan iboli g`uncha,
Ne sirni saqlagaysan, bag`ring nechun tuguncha. (242-bet)
Bu betakror ijod namunasi o`zbek g`azalchiligini yana bir pog`ona yuqoriga olib chiqdi. Bu esa oson, oddiy va kichkina ish emas, albatta. Muxammasning ikkinchi va uchinchi misralarida gul (ya’ni yor) yuzini shoir “misli oykim” deb oyga qiyos qiladi. Navoiy ijodida esa yorning yuzi oydinda yorqinroq, chiroyliroq tarzida ifodalanadi. Oyning yuzidagi dog`lar mashuqa yuzi bilan tenglashtirishga xalaqit beradi. Navoiy g`azallarida oy doimo yuzini mashuqadan yashirib yuradi, uyaladi. Bu erda husni ta’lil ya’ni yor go`zalligi vasfiga hizmat qiluvchi badiiy vosita sifatida ishlatilgan. Muxammasning ikkinchi bandiga murojaat etamiz.
Nega ul kun sochlaringni anbarafshon aylading?
Ro`zgorim tiyra, ko`zim kavkabiston aylading?
Qo`lga qo`ygachmu xinolar yo dilim qon aylading?
Yuzni gullardin bezabmu bizni qurbon aylading,
Yo yuzingga tegdi qonlar bizni qurbon aylagach.
Ikkinchi bandning mazmun - mohiyatdan uzoqlashmagan holda so`roq gap sifatida yaratilgan. 2-qatordagi “ro`zgorim tiyra” yoki “ko`zni kavkabiston aylading” birikmalari aynan Navoiy davri tiliga xos bo`lgan so`zlardir. Navoiy o`zining “Mehr ko`p korguzdim...” deya boshlanuvchi g`azalida aynan shunday birikmalarni keltirgan. Muxammasda yana o`sha davrga xos “u”ning “ul” shakli (qo`ygachmi – qo`ygachmu) ishlatilgan. 3-misradagi yorning qo`lga xino qo`yishi bu hozirgacha saqlanib qolingan udumlarimizdandir. Navoiy davrida ham yorning qo`liga xino qo`yilishiga doir turli ma’lumotlar bor. Xinoning bag`r qoniga o`xshatilishi, umuman xino va bag`r qoni o`rtasidagi bog`lanishlar Navoiyda ham bor.
Takovaringga bag`r qonidan xino bog`la,
Itingga g`amzada jon rishtasin rasan qilg`il.
Garchi Navoiyda shoirning yurak qoni yor otining to`yoqlariga xino bo`lish uchun tayyor bo`lsa-da, E.Vohidovda yorning o`zi oshiqning bag`r qonidan xino qo`yadi. Keyingi bandda qarama-qarshi so`zlar ishlatilib, Erkin Vohidov tomonidan tazod san’ati qo`llanilgan.
Mehr so`ndirgach dilida jonni so`zon ayladi,
Husnini obod etib, ko`nglimni vayron ayladi,
Sehr aylab oshikoro bandi pinhon ayladi,
Oshikor aylab yuzin, ko`zimni hayron ayladi
Yoshurin oldi ko`ngil ko`zimni hayron aylagach.
Bu yerda obod – vayron, oshkor – pinhon kabi qarama-qarshi so`zlar tazod san’atini yaratgan. Aruzda mehr va sehr so`zlarida “i” imolasi qo`llanilish imkoniyati bor. (meh(i)r, seh(i)r kabi). Navoiy oshkor so`ziga “i” imolasini qo`shib, “osh(i)kor” tarzida g`azalga kiritgan. Ammo E.Vohidov o`zbek tili qoidalariga asoslanib, mehr va sehr tartibida qo`lladi va talaffuzda “i” imolasi bilan o`qilishini nazarda tutib, shu tarzda g`azal yaratdi. Navoiyda odatda ko`ngil-ko`ngul, ko`zim-ko`zum tartibida keladi. Yoshurun esa hozirgi vaqtda “yashirin” ma’nosida qo`llaniladi. Demak, E.Vohidov faqat fonetik o`zgarishlarni talab qilgan so`zlarnigina o`zgartirgan va bu o`zgarishlar g`azalning badiiyatiga ta’sir qilmagan.
Men-ku sodiq mahram erdim og`zi mahkam, ko`ngli pok,
Ishq sirin etmasdim oshkor, bo`lgunicha poki xok,
Shafqat istab nola qildim, ont ichib yoqamni chok,
Jonda qo`ygoch naqdi ishqin qildi ko`nglimni halok
O`ldurur mahramni sulton ganj pinhon aylagach.
Bu bandda E.Vohidov oshkor so`zini ishlatgan. (Navoiyda oshikor edi.) So`nggi misradagi ganj so`ziga (i) imolasi qo`shilib, vaznga solganda ganj(i) tarzida talaffuz etiladi. Mahram, etmasdim, shafqat so`zlaridagi oxirgi undosh vaslga uchraganligi sababli keyingi so`zning boshiga qo`shilib talaffuz etiladi (ya’ni, m+erdim, m+oshkor, t+istab kabi). Muxammas qoidasiga binoan bunda muxammas yozguvchi shoir ham o`z nomini kiritishi lozim. E.Vohidov ham shu an’anaga amal qilgan holda so`nggi bandni yaratdi.
Nolayu afg`oning, Erkin, dilbaringga yetmadi,
Yetsa ham yo bemehr yor zarra parvo etmadi,
Bitdi ko`p zahming va lekin ishq zahmi bitmadi,
Ey Navoiy, ishq agar ko`nglingni majruh etmadi
Bas, nedinkim qon kelur og`zingdan afg`on aylagach.
Afg`oning – fig`on chekmoqlik. Nola va afg`on bir toifadagi ikki xil so`zlardir. Bu so`zlarning ketma-ket keltirilishi esa oshiqning kuyib yonishlarini yuqori bosqichi darajasida namoyish qilishiga xizmat qilgan.
Erkin Vohidov zulfdan tashqari qosh, ko`z, kiprik hatto ishqni ham Navoiy uslubiga tayanib go`zal san’atar, o`xshatishlar orqali tasvirlashga erishgan. Navoiyning “Ko`zing ne balo qaro bo`libtur” deb boshlanuvchi g`azaliga yozgan muxammas buning yaqqol misolidir.
Ishqing menga to jafo bo`libtur
Ko`nglumga jafo safo bo`libtur
Qoshing, ne jazoki, yo bo`lubtur,
Ko`zing ne balo qaro bo`lubtur
Kim jong`a qaro balo bo`lubtur. (57-bet. “Orzuli dunyo” kitobidan.)
Ushbu muxammas aruzning ramali musaddasi mahzuf ruknida yozilgan bo`lib, E.Vohidov ushbu bandda takrir san’atidan ya’ni jazo so`zini bandning turli o`rinlarida qo`llanilgan bo`lib, Navoiy misralarida esa tardu aks san’atidan foydalanilgan.
Hajringki, yuzimni zard qildi,
Dunyoni ko`zimga sard qildi,
Dashti olam ichra gard qildi,
Majnun davoni dard qildi,
Dardingki manga da’vo bo`lubtur.
Shoirning ushbu ijodida Navoiy zamoni tiliga xos bo`lgan so`zlar muxammas badiiyatini oshira borgan. “Zard”, “sard”, “gard” kabilar shular jumlasidandir.
Chun o`tli yuzing adosi yuz jon,
Qosh birla ko`zing gadosi yuz jon,
Zulfingni chu mubtalosi yuz jon,
Ishq ichra oning fidosi yuz jon,
Har jonki sango fido bo`lubtur.
Ushbu banddagi “chun” va “chu” so`zlari Navoiy davriga xos so`zlardir. Shoir bu so`zlarni garchi davr farq qilmasa-da, o`zgartirishsiz shunday yoritgan, ya’ni Navoiy davriga moslashtirilgan. Navoiy g`azalidagi sango – sanga, bo`lubtur – bo`libti tarzida o`zgartirilmay shundayligicha keltirilgan. Bu bandda ham yuz, qosh, ko`z, zulf obrazlari Erkin Vohidov tomonidan kiritilgan. Ma’no - mazmun esa o`sha – o`sha. Yor uchun nechta jon bo`lsa, barchasini fido qilmoqlik.
Tun – kun tiladim visol xudodin,
Hijronni yubordi ul sabodin,
Yor yuz o`giribdi men fidodin,
Begona bo`lubtur oshnodin
Begonag`o oshno bo`lubtur.
Ushbu bandda u – ul, dan – din shakllari qo`llanilgan. Sababi, Navoiy misrasi oshnodin so`zi bilan tugaganligi sababli, shoir o`sha davr ruhiga moslashgan va tun – kun so`zlari orqali tazod san’ati qo`llanilgan.
Chun ikki jahon
saodati – ishq,
Chun umrim o`zi – hikoyati ishq,
Erkin tilagi – hidoyati ishq,
To tuzdi Navoiy oyati ishq,
Ishq ahli aro navo bo`lubtur.
Ushbu so`nggi baytda ishq so`zi takrorlanib, o`ziga xos jozibadorlikni yaratgan. “Chun” so`zi esa Navoiy davriga xos tildir. Ajablanarlisi shundaki, bu davr tilidan nafaqat E.Vohidov, balki ko`plab yosh ijodkorlar ham foydalanib kelishmoqda. Umuman olganda, E.Vohidov xoh g`azal, xoh muxammas bo`lsin, u aruzda juda go`zal namunalar yaratdi-ki, buni tan olmay ilojimiz yo`q. Ushbu fikrlarimizning tasdig`i sifatida adabiyotshunos Hotam Umurovning quyidagi fikrlarini keltiramiz: “Xullas, ilmu aruzni alohida fan sifatida o`rganish davrning taqozosidir. Chunki, aruz mumtoz she’riyatimizning asosidirki, uni yetarli tushunmasdan mumtoz adabiyotimizning salohiyatini, mumtoz shoirlarimiz badiiy mahoratlarini to`liq tasavvur etish qiyin. Yana E.Vohidov, Jamol Kamol kabi zamondosh shoirlar aruzning go`zalligini namoyon qilmoqdalarki, ularni borligicha anglamoq uchun ham aruzni o`rganish zarur”.3 E.Vohidov muxammaslaridagi gul va bulbul obrazlari uning g`azallarida ham aks etgan.
Bargi gul qog`ozim o`lsin, shoxi gul xoro qalam,
Lafzi bulbul birla qilsin ishq so`zin insho qalam. (284-bet)
Odatdagidek gul va bulbul oshiqlik timsollarida kelgan. Ammo ushbu baytda ham bilan – birla qabilida kelib, Navoiy davri adabiy muhitini eslatib yubordi. Shu bilan bir qatorda bu obrazlarning davomi sifatida “may”ni ham keltirish mumkin. May Navoiy ijodida ham, E.Vohidov ijodida ham ko`p uchraydi. Bu borada adabiyotshunos N.Bekovaning quyidagi so`zlarini keltirishimiz mumkin:
Ashraqat men aksi shamsil ka’si anvor ul-hudo,
“Yor aksin mayda ko`r” deb jomdin chiqdi sado.
(A.Navoiy. MAT. 3-jild. – T., 1988.)
May kosasining quyosh aksidan haqiqat yo`lining nurlari porladi. May kosasi – ishq-u muhabbat tufayli yaratilgan butun borliq. Quyosh – Olloh, aksi – tajalli. Shoir “haqiqat yo`lining nurlari porladi” deyish orqali Olloh komil inson vositasida tajalli aylanishiga va ikkinchi misrada moddiy olamning javhari ko`ngil – ilohiy ismlar mazhari, markazi ekanligiga ishora qilgan”.4 Yana bir o`rinda Botir Oqbo`tayev “may”ning istilohini shunday ochib beradi:
Aylamagay may bila oluda lab,
Tongla qilur bodai kavsar talab. (“Hayrat ul-abror”dan)
Shoirning fikricha, ta’ma ahlining firibgarligi, riyokorligi shu darajadaki, ular o`zini bu dunyoda pokdomon tutgani uchungina og`izlarini may, sharob kabi islomda man etilgan ichimliklar bilan bulg`amaydi, lekin “tong-la” – qiyomat kuni ularning asl maqsadi amalda boshqa ekani ayon bo`ladi. Negaki, shu paytga qadar mayni harom deb bilgan riyokor zohid o`sha kuni jannat mayining talabgoriga aylanadi. Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy zohidlarning ta’ma ilinjidagi taqvodorligini ana shu tarzda qoralagan”.5
Navoiydagi may ana shunday murakkablikka, har xillilikka ega bo`lgan keng qamrovli tushunchadir. Ammo fikrimizcha, E.Vohidovdagi “may” oddiy bir so`z. U bu qadar murakkablikka ega bo`lmagan dunyoviy tushuncha, xolos. Masalan:
Ne ajabkim, mast bo`libman ko`zlaringga termulib,
Yetti iqlimda bu yanglig` may yo`g`u mayxona yo`q. (326-bet).
Yoki:
Ikki gulgun chehra bo`lsa, o`rtada gulgun sharob,
Men uchun maydin ham ortiq suhbati hamdam shirin. (285-bet)
Har ikkala baytda ham may oddiy oshiqni sarxush etadigan ichimlik haqida ketyapti. Lekin bari bir ham bu so`zlar, ularning imlo tuzilishi, birin-ketin joylashuvi tag ma’nosida ham Navoiy ijodining nafasi sezilib turgandek go`yo. O`sha gulgun sharob, maydin, mayxona yoki aynan yetti (yetti iqlim) raqamining kelishi bizga Navoiyni eslataveradi. Navoiyda yana yetti qasr, yetti go`zal, yetti sayyoh, yetti kun, yetti rivoyat va hokazo kabilar bor. Albatta, bunday o`xshatishlarni koplab keltirish mumkin. Masalan: ashk – ko`z yosh, oy – mohim, kiprik – kamondagi o`q, sochlar – sunbul, lab – g`uncha. Ammo bu o`xshatishlar aynan ko`chirma degani emas, balki an’ana ichidagi mohiyatning turli xil ko`rinishdagi salmoqdorligi demakdir. Bizga ma’lumki, ko`pgina mumtoz adabiyotimizning ko`zga ko`ringan taniqli ulkan vakillari asarlari bilan tanishganimizda, bir jihat kishini hayratlantiradi. Bu ularning turli xildagi ilm sohalaridan ancha keng, chuqur xabardor ekanliklaridir. Xususan, tasavvuf adabiyotiga mansub yoki ijodi tasavvuf bilan o`zaro yaqin qalamkashlar asarlarida astranomiya, falsafa, mantiq, tibbiyot ilmiga doir to`g`ri va majoziy ma’nolarda tadbiq etilgan istilohlar ancha keng o`rin egallagandir. Misol:
Garchi Hindistonda qor o`lmas, vale oq raxtini
Yoydi Hindiston kibi bu tunda nomaqbul qish. (Navoiy)
Televizor, radio, telefon bo`lmagan o`sha zamonda Hindistonga bormagan Navoiy u yerda qor yog`masligini albatta kitoblardan yoki sayyohlardan bilgan. Bilimga chanqoq insongina bunday davlat borligiga va uning geografik o`rni, ob-havosi bilan qiziqadi. Albatta, yangilikka intilish E.Vohidov ijodida ham bor. Garchi internet barcha savollarimizga javob bersa-da, ammo ba’zi falsafiy savollarga chuqur mushohadani insonchalik fahmlay olmaydi. Oddiy misol, shoirning “Nega yapon yuz yil yashar..” she’rida u shunday yozadi: “…Yaponlar sahar turib oshga bormaydi, ta’ziyaga ming kishilik ziyofat qilmaydi, hayiti yo`q, bel bog`lab uch kun ko`chada shamday qotib turmaydi” deb qator sabablar keltirib, shunday yakunlaydi:
Bu so`zimni yaponga aytsam,
Dedi battar siqib ko`zini:
“Yapon bundoq yasholmas hech ham,
Xarakiri qilar o`zini”. (Xarakiri – o`z-o`zini o`ldirish degani).
Bunday mazmunda va tartibda she’r yozish uchun yaponning tashqi ko`rinishi, urf-odatlarini va ayrim so`zlarning tarjimasini bilishi talab etiladi. Bundan tashqari garchi Navoiy islom diniga, Ka’batullohga sig`insada, Muhammadning ummati bo`lsa-da, ammo Iso (Masih) haqidagi ma’lumotlarga ham ega bo`lgan.
Ey Navoiy, Ka’ba tut yo dayrkim ahli jahon
Jurmu g`amdin bu ikki manzilni ma’mon qildilar. Yoki:
Ignasi birla Masih og`zin tikib urmas nafas,
Jon berurga ochsa ul sho`hi shaker guftor og`iz. (“Chor devon”, 32-bet)
Ushbu baytlarni yozish uchun Iso (Masih) ning o`likni tiriltira oladigan darajadagi buyuk payg`ambar ekanligini anglash lozim. Xuddi shunday E.Vohidovning “Hazrati inson”, “Xizr”, “Ka’batulloh” kabi she’rlarni yozish uchun Hazrati Hizrning obihayotdan qonganligi, Ka’batullohga boradigan inson imonli, namoz, ro`za, zakot farzlarini ado etishi, Qur’oni Karimni o`qigan bo`lishi lozimligini bilishi kerak.
Nafi yo`q zar sochib gunoh yuvishning
Rahmon ham jabbor ham yolg`iz Ollohdir.
Bir dardman qarindosh, bir muhtoj qo`shning
Ozurdagi yuragi Ka’batullohdir. (“Orzuli dunyo”, 73-bet)
Zamondosh ijodkorlarimizga nisbatan mumtoz adabiy merosimizning nafasi E.Vohidov ijodida ko`proq ufurib turadi. Bu xususiyat uning g`azalchilik an’anasini davom ettirib kelishida, Hofiz, Navoiy, Fuzuliy g`azalariga naziralar, tatabbular bitishida yaqqol ko`rinib turibdi. E.Vohidov ixlos bilan mumtoz adabiyotga shunday baho beradi: O`ylab qarasam, demak, mumtoz adabiyotning o`zi mening tayanch nuqtam ekan. Chunki, men yoshlikdan adabiyot ruhida tarbiyalanganman. Men o`zim uchun yangi bir dolg`ali adabiyotni kashf etdim. Hindistonda, Arab mamlakatlarida, Turkiyada ko`plab shoirlar bilan hamsuhbat bo`ldim. U mening uchun yangi olam. Ammo men ularning barchasida mumtoz adabiyot asosini ko`raman”.5
Erkin Vohidov ijodiga e’tibor beradigan bo`lsak, bunda Bobur g`azallarining ham nafasi kelgandek bo`ladi go`yo. Taniqli munaqqid Suvon Meliyev bu haqda shunday fikr bildiradi: “She’rni tahlil qilish qiyin, lekin haqiqiy she’r tahlil qilinishi kerak. Shunda u badiiy faktdan adabiyotshunoslik faktiga aylanadi va kitobxon ongida tugal qiyofaga ega bo`ladi”.6 Demak tahlil shunday kuchga ega ekan, biz yana an’anaviylik ichidagi novatorlik haqida fikr yuritishni davom ettiramiz. Bizga ma’lumki, Zahiriddin Muhammad Bobur o`zbek adabiyoti durdona asarlari muallifidir. U 1483-yil Andijonda tug`ilgan. Bobur arabchada “sher”, Zahir esa “homiy, sergul daraxt” degan ma’nolarni anglatadi. Bobur ijodda Navoiyni o`ziga ustoz deb biladi. Har ikkalasi ham aruz vaznida g`azal bitib, shu vazn haqida asarlar ham bitganlar. Navoiy va Bobur ijodining o`xshash tomonlari ko`p. Ammo Bobur ijodining o`ziga xos tomonlaridan biri vatan sog`inchi va xiyonat motivlaridir. Navoiy g`azallarida esa oshiq ma’shuqadan jafo chekadi. Shu nuqtayi nazardan E.Vohidov g`azallarida ham yor javriga, qolaversa Navoiy ijodiga xos o`gitnamozlik toifasidagi g`zallariga ham duch kelamiz. Shoir qachon muxammas bitadi? Qachonki, muxammas bitayotgan g`azal uning qalbini rom etsa, larzaga solsa. Boburning “Qachon bo`lg`ay musharraf…” deya boshlanuvchi g`azali E.Vohidovning ko`nglidan joy olgan g`azallar sirasiga kiradi. Ushbu g`azal aruz vazninig hazaji musammani solim, ya’ni mafoiylun, mafoiylun, mafoiylun, mafoiylun bahrida yozilgan bo`lib, to`liq tugallangan solim shaklida yaratilgan. E.Vohidov ushbu g`azalga muxammas bitar ekan, bevosita aruz talabiga ko`ra turli usullarni qo`llashga harakat qilgan va shu ruknda, shu bahrda davom ettirib, muxammasning yana bir go`zal namunasini yaratgan. Ushbu muxammasni bandma - band tahlil etishga kirishamiz.
Ye-tol-may qo/ma-tim yo-dur/ne-cha oy-kim/hi-lo-ling-ga
Qa-ro ko`z mar/du-mi yig`-lab/ti-kil-moq bir/la xo-ling-ga
Qa-chon ul tot/li kun kel-gay/ye-tar-man lah/za bo-ling-ga
Qa-chon bo`l-g`ay/mu-shar-raf bo`l/g`ay-men jo-no/ja-mo-ling-ga
Qu-tul-g`ay-men/fi-ro-qing-dan/ye-tish-gay-men/vi-so-ling-ga? (340-b)
Muxammasda shoir tomonidan ba’zi bir fonetik o`zgarishlar amalga oshirilgan. Jumladan, ayrim joylardagi g`a-ga ko`rinishida (jamoling`a – jamolingga), ba’zida esa ayrim harflar tushirib qoldirilgan (bo`lg`aymen – bo`lg`amen). Shoir o`ziga tegishli misralarga mumtoz adabiyot vakillari foydalangan so`zlardan ham anchagina ishlatgan. Masalan: 3-misradagi “ul” hozirgi kunda “u” tartibida qo`llanilgan. 2-misradagi “Qaro ko`z mardumi” birikmasi Navoiyning o`sha mashhur “Qaro ko`zim” g`azalini yodga soladi, ya’ni:
Qaro ko`zim kelu mardumlig` emdi fan qilg`il
Ko`zim qarosida mardum kibi vatan qilg`il. (“Chor devon”, 48-bet)
3-misra esa Bobur g`azalining 1-baytiga moslashtirilib, savol berish tartibida keltiriladi. Umuman olganda Bobur ijodida savol - javob tarzidagi g`azallar talaygina. Shularning orasida ritorik so`roqqa ega bo`lgan g`azallar ham mavjud.
Yuz javru sitam ko`rgan, ming mehnatu g`am ko`rgan
Osoyishi kam ko`rgan, mendek yana bir bormu? (Saylanma. Bobur, 70-b.)
Ritorik so`roq – javob berilishini talab qilmaydigan savol, fikrning so`roq shaklida tasdiqlanishidir. Bu hodisa mumtoz adabiyotida tajohul ul-orif ya’ni biluvchining bilmagan bo`lib ko`rinishi, o`zini bilmaslikka solishi. Bunda shoirning muddaosi biror narsaning asl holatini bilmagandek, uni bir narsaga o`hshatish, madh etish yo mubolag`a, yo hazil qilish bo`ladi. Boburning bunday san’atdan oqilona foydalanish uslubini Erkin Vohidov ham o`z g`azallarida qo`llagan. Masalan:
Ayt, bu soching tolasinmu, jon ipin bir bandimu,
Yoki soching tolasiga jon ipim bog`landimu? (317-bet)
Bundan tashqari Bobur ilk baytidayoq tazod san’atidan (firoq, visol: qutilmoq, yetishmoq) ham foydalangan. Bunday badiiy san’atlardan ko`p foydalangan Bobur ijodiga mos ravishda Erkin Vohidov ham o`z muxammasida ana shunday badiiy san’atlar yaratishga harakat qilgan.
Qaro bo`lmish ne tongkim, ro`zigorim qora ul ko`zdin,
Qaro o`q otdi kipriklar, ko`ngilda yora ul ko`zdin,
O`zim sobitman ishqda, ko`z yoshim sayyora ul ko`zdin,
Ko`z ochqil boqqani kim bo`lmisham bechora ul ko`zdin,
Lab ochqil so`rg`ali kim, tashna bo`lmishman zilolingga.
Bunda birinchi va ikkinchi qatorda takrir (qaro) san’atidan, uchichi misrada esa mubolag`a (ko`z yoshim sayyora ul ko`zdin) san’atidan foydalanilgan. “Ro`zigorim qora” iborasi umuman olganda Navoiyda, Boburda, Fuzuliyda ham anchayin ko`proq uchraydigan birikmadir. Demak, Erkin Vohidov ham aynan shundan foydalanilmoqni o`ziga lozim topgan. Shunisi qiziqki, bu satrda shoir avval qaro, keyin qora deb ishlatgan. Ikkalasi ham qora rangning belgisi, ammo ikki davrdagi aytilishi va qo`lanilishi doirasida bu ikki zamonning uyg`unlashgan ifodasidir. Ro`zigorim aslida ro`zg`orim tartibida qo`llash kerak edi. Ammo aruz talabiga ko`ra “i” imolasi yashirin tartibda emas, oshkora tarzda yoritilgan.
Salomim etkur ey xurshid, nigorim kuyidan o`tsang,
G`uborin ko`zga sur, ostonasiga bosh urub yetsang,
Bo`l ogohkim, yuzin ko`rgach ajab yo`qdir kuyib ketsang,
Ul oyning yuzi birlan to`sh urib da’voyi husn etsang,
Yaqin bo`ldi bukunkim, ey quyosh, etting zavolingga.
Ushbu bandning uchichi misrasida mubolag`a san’atidan foydalanilgan. Boburning uchinchi baytida esa birla - birlan tartibida keltirilgan. Balki bu o`zgarishlar turli kitoblada turlicha shaklda keltirilgan bo`lishi mumkin. Ammo bu o`zgarishlarda mazmun o`zgarmaydi
Netar mendan borib bulbul anga sharhi ko`ngil etsang ,
O`zing ko`nglim bo`lib borsang, aning ko`nglini gul etsang,
Kerakmas, g`amlarim so`ylab agar ko`nglim malul etsang,
Kabutar eltasan xatim ne bo`lg`ay gar qabul etsang,
Ko`ngulni bog`lasam ul noma yanglig` parru bolingga.
Bobur o`zining keyingi baytida ko`ngilga asosiy urg`uni berganligini inobatga olib, Erkin Vohidov ham shu mavzuga alohida to`xtaladi va ta’sirchanlikni oshirishga xizmat qiluvchi ko`ngil so`zi bir necha bora takrorlanib, takrir san’atidan unimli foydalangan. Bobur o`z g`azalida “eltasen xattim” birikmasi muxammasda o`g`uz lahjasiga moslashtirilib, “eltasan xatim” tarzida berilgan. Gul va bulbul motivlari har bir davr she`riyatida bo`lganidek, E.Vohidov ham aynan oshiq bulbul obrazidn foydalangani yangilik emas, albatta. Ammo oshiqning maktubini ya’ni xatini yorga yetkazish xabarchisi har bir shoirda turfa xil motivda bo`lishi mumkin. Navoiyda bu vazifa saboga yuklansa, Boburda kabutarga yuklatilgan. E.Vohidov ijodida bu shabboda orqali amalga oshiriladi. Masalan:
Gul bo`ylarini bog`dan keltirgan ey, shabboda,
Dildorga noma yozdim, yetkur uni havoda. (245-bet)
Bu borada Navoiy va E.Vohidov ijodida aynan bo`lmasa-da, bir oz o`xshashlik bor (sabo va shabboda – tabiat hodisalaridir). Boburda bir oz boshqacharoq, ya’ni kabutarga – jonli bir qushga yuklatilgan. So`nggi band:
Asiri bandi zulfingman, demam Erkinni ozod et,
Kuyibman dog`i jabringdan, demasman tarki bedor et,
Meni band et, menga jabr et, hayotim mayli barbod et,
Belingdin kim xayolidur, yiroqdurman meni yod et,
Umidim borki, Boburdin, yetishgayman xayolingga.
So`nggi bandda shoirlarnig nomi keltirilgan bo`lib, “et” so`zi radif bo`lib kelgan. Yana xayoledur – xayolidur, yetishkaymen – yetishgaymen, belingdinkim – belingdin kim kabi bir oz o`zgargan tartibda foydalanilgan. Bobur o`zbek adabiyotida lirik janrlar rivojiga katta hissa qo`shdi. Uning lirik merosi hajmi uncha ko`p bo`lmasa-da, mavzu doirasi, shakily takomuli va badiiy tomondan g`oyat go`zal va mukammalligi bilan ham ajralib turadi. Bobur lirikasini g`azal, ruboiy, qit’a, tuyuq, masnaviy, fard va muammolar tashkil etadi. Bobur lirikasining muhim tomonlaridan yana biri shoir she’rlari tarixiy voqea va hodisalar bilan chambarchas bog`lanishi o`sha davrning voqeyligini sodda va ravon tilda ifodalanishidadir. Xuddi shu mavzu motivlari E.Vohidovning “O`zbegim” va “Inson” qasidalarida o`z ifodasini topgan. Bobur lirikasining markazida muhabbat mavzuyi, insonning pok sevgisini ulug`lash, hijron a’lamlaridan shikoyat, visol orzusi, vafodorlik motivlari turadi.
Hajring g`amidin oqibat o`lgum, qora ko`z,
Yuz g`ussa-yu anduh ila borgum, qora ko`z.
Vasling bila qilmading ilojin Bobur
Mushkulki firoqingda tirilgum, qora ko`z.
E.Vohidov esa bunday yozadi:
Hajr kuydirgay emishdir, vasl o`ldirgay emish,
Kel, meni kuydirma, o`ldir menga o`lmoq ne pisand.
Tashlading band aylab avval ne uchun Erkin dilin
Yo`lda qolmish ohu yanglig`, bo`ynida tori kamand.
Maqta’ – g`azalning oxirgi yakunlovchi baytidir. An’anaga ko`ra, aksariyat maqta’larda shoir taxallusi keltiriladiki, u g`azal muallifini ko`rsatib turuvchi o`ziga xos imzo, tamg`a vazifasini o`taydi. Navoiy o`zining barcha g`azallarida o`z taxallusini kiritadi, biroq maqta’da taxallus kiritish qat’iy qoida maqomiga ega emas. Shuning uchun Bobur g`azallarining maqta’sida taxallus keltirilmaganlari ham uchraydi. Bunday jarayon E.Vohidovda ham mavjud. Bobur lirikasida yor obrazini yaratishda mumtoz adabiyot uslubiga xos bo`lgan mubolag`a san’atidan keng foydalaniladi.
Oy yuzing yoqda qaro kun bo`lsun,
Yer-u ko`k ostin-u ustun bo`lsun.
Erkin Vohidov ijodida mubolag`a san’ati kerak bo`lsa har bitta g`azaliga mavjud:
Lahzai hijron yukiga Bistun ukparchadur,
Bir qadoqlik toshcha kelmas, yer bilan osmon yuki.
Oftob hijronida tong sabzalarga qo`ndi nam,
O`ylakim, kipriklarimni egdi tong giryon yuki. (270-bet)
Ijodda har ikkala shoir ittifoq ya’ni she’rda shoir taxallusining ham lug`aviy ma’nosida, ham taxallus sifatida ishlatilish san’atidan ham foydalangan. Bunda shoir g`azalning maqta’sida o`z taxallusini keltirayotgan bo`lsa-da, bayt mazmuni uni lug`aviy ma’noda ham tushunishni taqozo etadi. Masalan:
Oyog`im yetgancha Boburdek ketar erdim vale,
Sochining savdosi tushti boshima boshtin yana,
baytida Bobur so`zinig she’r nomi ma’nosidan ko`ra, lug`aviy ma’noda, ya’ni “sherdek qaytmas bo`lib ketardim” ma’nosida anglash ko`proq estetik zavq beradi. Xuddi shunday E.Vohidovning:
Senga o`n to`rtda bog`landim, hanuz Erkin bo`lolmas dil,
O`zim dog`man, aql kirmas, to`zimsiz o`ttizimdan ham,
baytida Erkin so`zini “ozod bo`lish” ma’nosida anglash talab etiladi. Bundan tashqari har ikkala ijodkorda ko`p bo`lmasa-da, musajja’ va muqobala san’atidan ham foydalanilgan.Tardu aks san’ati namunalari esa Navoiynikiga o`xshab ketadi.
Ko`ngulga bo`ldi ajoyib balo qaro soching
Shikasta ko`nglima ermish qaro balo soching. (Bobur).
Navoiyda qaro – balo so`zlari ko`zga nisbatan qo`llanilib, tardu aks san’atini hosil qilgan.
Ko`zing ne balo qaro bo`lubtur
Kim jong`a qaro balo bo`lubtur. (Navoiy)
E.Vohidovda ushbu san’at quyidagicha qo`llanilgan.
Men seni Zuhro-yu Oy deb iltijo qildim va lek
Sen yiroqsen, garchi menga Oy-u Zuhro bir qadam.
Bobur ijodida haqiqiy inson motivi ulug`lanadi. Bobur inson qadr – qimmatini yuqori tutish, amal, davlatga erishib g`ururlanmaslik, kamtarin bo`lish kabi insoniy fazilatlarning kamol topishiga undadi. U xalq manfaatlarini doimo diqqat markazda tutish kerakligini ta’kidlaydi:
Davlatqa yetib mehnat elin unutma,
Bu besh kun uchun o`zingni asru tutma,
Borg`onni kel emdi, yod qilmay, ey do`st,
Borish-kelishingni lutf etib o`ksutma.
Albatta xalqni o`ylash shohning vazifasidur. Ammo nafaqat shoh, balki oddiy fuqaro ham xalq xizmatini qilishi, xalq farovonligini o`ylashi bugungi kundagi komil insonning vazifasidur. E.Vohidov ham ana shu Hazrati Inson mavzusiga bot-bot qaytaveradi.
Sobit-u sayyorada inson o`zing, inson o`zing
Mulki olam ichra bir hoqon o`zing, sulton o`zing.
Yoki:
Hazrati inson qoshida sajdaga bosh egdi charx,
Chunki inson qalbida ishq boshida urfon yuki.
Bobur axloq – tarbiya mavzuidagi g`azallarida hayotidagi real hodisalar asosida o`zi uchun ibratli xulosalar chiqaradi.
Mast-u behudluq bila umringni o`tkarding darig`,
Ey ko`ngul, mundin beri bo`l bir nima xushyorroq. (Bobur).
Axloq – tarbiya mavzusi E.Vohidovning “Orzuli dunyo” nomli kitobida anchagina tashkil qiladi. Bu mavzuni yoritish uchun albatta shoir turli tajribalardan o`tib, keyin xulosa chiqarishi lozim.
Marhamatli inson ko`ngli doim oq,
Barchaga barobar dargohi kengdir.
Lekin yomonga ham yaxshilik qilmoq,
Yaxshiga yomonlik qilmoqqa tengdir. (E.Vohidov)
Yaxshilik mavzusi Bobur ijodida yaratilgan eng sara g`azallarning bosh g`oyasidir. El orasida mashhur bo`lgan o`sha “Yaxshilig`” radifli g`azali shoirni nechog`lik dilbar shaxs ekanligidan dalolat beradi.
…Ey ko`ngul, chun yaxshidin ko`rdung yomonlig` asru ko`p,
Emdi ko`z tutmoq ne ya’ni har yomondin yaxshilig`.
Bori elg`a yaxshilig` qilg`ilki, mundin yaxshi yo`q
Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig`.
Vatandan ayrilish mavzusi Bobur ijodining asosiy motivlaridan biridir. Shuning uchun E.Vohidov ushbu mavzu haqida so`z ketganda albatta Bobur va Furqat nomlarini tilga oladi. Shu orqali u ayrim vatan qadrini bilmaydiganlarning ko`zini ochishga harakat qiladi. “Vatan qadri” she’ridan:
Yurt nedur, yurt dog`i nedir, yurtdan ayrilgan bilar,
Anglanuvchi yurt firoqin yurtda topilmas kishi.
Ey, vatandoshim, eshit Bobiru Furqat nolasin,
Besabab anduh tig`ida bag`rini tilmas kishi. (“Orzuli dunyo” kitobi)
Bobur ijodida ma’rifatparvarlik g`oyalari ham ilgari suriladi.
Kin yor anga ilm tolibi ilm kerak,
O`rgangali ilm tolibi ilm kerak.
Men tolibi ilmu tolibi ilme yo`q,
Men bormen ilm tolibi, ilm kerak.
Ushbu ruboiydan ma’lumki, Bobur ilmli kishilarni xor qilmagan va o`zi ham ilm izlagan. Ilm, ma’rifat mavzusi E.Vohidovda xalqni ma’rifatli qilishga undaydi, til o`rganishga da’vat etadi.
Ul Vatan yelkanlarini ma’rifat ummonida
Qiblai imon sari burmoqni istaydi ko`ngil.
Bas, yetar, yolg`on saodat, yolg`on erk, yolg`on vatan
Hurriyat zavqini chin surmoqni istaydi ko`ngil.
Bobur merosi – buyuk meros. Ammo Bobur ana shu boy she’riy merosni tartibga solib an’anaviy devon shakliga keltirishga, lavvoh, muzahhib va rassomlar qo`lidan o`tkazib bezatishga ulgurolmagan. Shoir bu haqida ruboiylarining birida shunday yozadi:
Devonima ne rabt-u ne tartibedur,
Ne jadval-u, ne lavh-u, ne tazhibedur.
Ki sanga yibordim ani ayb aylamakim,
Devoningni tilarga takriredur.
Devon tuzish an’anasining davomi sifatida E.Vohidov ham o`zining ilk “Yoshlik devoni”ni tuzdi. Ushbu devonda uning faqat aruz vaznida yozilgan g`azallari o`rin olgan. Ammo shoir ilk “Debocha” she’ridayoq kitobxonlardan uzr so`raydi. Agar xato-kamchiliklar bo`lsa yoshligimga yo`nib, ayb qilmanglar deb qo`yadi. Bunday kamtarlik Boburning yuqorida keltirgan misrasida ham ko`zga tashlangan ya’ni u ham “devonim to`liq tartibli emas, ayb aylama” deb avvaldan uzrini aytib qo`yadi. E.Vohidov ilk g`azal yozganida darrov uni chop ettirishga oshiqmadi. Sayqallanib, toblanib ikki yil deganda gazetaga aruzdagi ilk namunalarini berishga jazm qildi. Barmoq vaznida she’r yozish avj bo`lgan o`sha pallada “aruzda g`azal bitganim uchun meni ustimdan kulmanglar, she’riyat keng tushuncha. Men ham o`z iste’dodimni, o`z imkoniyatimni sinamoqchiman. G`azalchilikda Navoiy bo`lmasam-da, ammo Navoiyning avlodiman. Qonimda undan nimadir o`tgan bo`lishi kerak” degan umid bilan murojaat qiladi.
Rost, g`azal avjida barcha Oy ila Zuhro emas,
Ko`p erur somonchilar ham she’riyat osmonida…
Do`stlarim, shoir demang, Erkin g`azal shaydosidur,
Yosh dengu, ma’zur tuting, sahf o`lsa gar devonida.
Shoir tomonidan 1967-yilda yozilgan ushbu “Debocha” g`azal unga o`zi kutgandan ham ortiq obro` olib keldi. O`sha vaqtda ushbu kitob deyarli barchaning qo`lida “cho`ntak kitob” bo`lib nom chiqardi va katta olqishga sazovor bo`ldi. Darvoqe, Boburning ham g`azallari jahon fondlaridagi mavjud qo`lyozmalar asosida bir yerga jam qilindi va tartibga solindi. Uning she’rlari ham, boshqa asarlari qatori minglab nafis nushalarda qayta-qayta nashr etilib, keng kitobxonlar ommasini xushnud etdi. Necha zamon o`tganiga qaramay, mashhur bo`lgan Bobur g`azallari balki o`sha davrda devon tartibida keltirilganda, balki uning yo`qolgan variantlari ham saqlanib qolgan bo`lar edi. Ammo vaqtni orqaga qaytarib bo`lmaydi. Borini boricha saqlab qolish va o`sib kelayotgan yosh avlodga yetkazish har bir davrning muhim talabi hisoblanadi.
Jamiyat hayoti haqiqiy shoirni hech qachon befarq qoldirmasligi kerak. Shu nuqtayi nazardan o`tgan XX asrda jahonda sodir bo`lgan voqealarga shoir o`z fikrini she’riy tarzda ifoda etdi. Tabiatni o`zlashtiraman deb insonning qilgan qabihliklari, tuzalmas xatolari haqida, taraqqiyotga xizmat qilsin deb yaratilgan atom zaryadining keyinchalik inson kushandasi atom bombaga aylanishi tafsilotlari haqida, insonning insonga qarshi o`q otishi, irqlarning kamsitilishi haqidagi “Inson” qasidasini yaratdi.
Zarrani ijod etib, dahshat balo bunyod etib,
Oqibatni yod etib, hayron o`zing, hayron o`zing.
Kim farangi, kim xabash, irq qon talash, iymon talash
Shumi insondek yashash, armon o`zing, afg`on o`zing.
Xuddi shunday Bobur ham o`z davridagi jamiyat illatlariga dadillik bilan qarshi chiqdi. Uning g`azallarida hayotni tor ma’noda tushunuvchi din peshvolari, mutassib shayx va zohidlar qattiq tanqid ostiga olinadi. Ularning o`rinsiz ta’na va da’volariga qarshi o`tkir qalami qaratiladi.
Agar muslihmen, ar mufsid va gar oshiqmen, ar obid,
Ne ishing bor sening zohid, meningki ixtiyorim bor.
Shoir yor hajrida jannat halovatlari, tubiyu ra’nolaridan ham voz kechadi. U do`zah o`tini hajr o`ti oldida uchquncha ham deb bilmaydi.
Zohido, do`zah o`tidin meni ne qo`rqutasen
Hajr o`ti qoshinda ko`rmasmen ani uchquncha. (Bobur)
Haqiqiy oshiq uchun do`zah o`ti, o`lim hech narsa emas. Oshiq bir onlik visol uchun har narsaga tayyor. Bunday oshiqlik motivlari E.Vohidovda ham uchraydi.
Hajr kuydirgay emishdir, vasl o`ldirgay emish
Kel, meni kuydirma, o`ldir, menga o`lmoq ne pisand? (E.Vohidov)
E’tiborlisi shundaki, ma’no jihatdan anchayin o`xshash bo`lgan bu ikki bayt turli usulda, bir-biriga o`xshamagan holda yaratilgan. Umuman olganda har ikkala ijodkor ijodida ham hijrondan shikoyat motivlari katta o`rin egallaydi.
E.Vohidovning “Hijron yuki” she’rida shunday bayt bor:
Oftob hijronida tong, sabzalarga qo`ndi nam,
O`ylakim kipriklarimni egdi tong giryon yuki.
Saharda oftobni kutaverib, tongning sabzasiga nam qo`ndi, ya’ni bu yerda shudring tongning ko`z yoshisi va shu ko`z yoshlar og`irligidan kipriklarni egdi, qayirdi ma’nosida kelgan. Hajr va hijron aslida bir narsa bo`lib, ammo she’r talabiga muvofiq ba’zida hajr, ba’zida esa hijron qo`llaniladi. Hajr – bir bo`g`inli, hijron esa – ikki bo`g`inli so`z. Ammo hajr g`azalda qo`llanadigan bo`lsa, aruz talabiga muvofiq ikki undosh j va r orasiga “i” imolasi ham qo`shib [haj(i)r], ikki bo`g`inli qilish mumkin. Bu haqda Bobur o`zining “Aruz risolasi”da shunday deydi: “…Bilgilki, she’r avzonining arosida iki sokin yondasha kelmaydur. Agar she’rda iki sokin jam bo`lsa, taqti’ qilurda birisi mutaharrika mahsub bo`lur…”.7 Erkin Vohidov va Bobur ijodidagi an’anaviyliklardan yana biri obrazlarning xilma-xilligidir. Navoiy, Bobur ijodida mavjud bo`lgan obrazlar Erkin Vohidov g`azallarida ham o`z ifodasini topgan. Jumladan: gul, bulbul, yor, oshiq, Farhod, Majnun, sabo, oy, xazon, barg. Mumtoz adabiyot vakillari ijodida Navoiy asarlari qahramonlarining nomini keltirish an’ana tusiga kirgan. Ana shu an’anadan Bobur ham, E.Vohidov ham o`z ijodlarida mohirona qo`llagan va kerakli o`rinlarda bu obrazlarni ideal shaxs darajasiga ko`targan.
Husnda ortuq agar bo`lsa yuzi Laylidin,
Men taqi bormen aning ishqida yuz Majnuncha. (Bobur)
Demak, yor go`zallikda Laylidan yuz marta ortiq bo`lsa, oshiq ya’ni shoir sevgisi, darbadarligi Majnundan yuz karra ziyodroqdir. Bu yerda “oshiqning sevgisi va ma’shuqaning go`zalligi oldida Navoiy asari qahramonlari ham orqada qolgan” degan ma’no o`z ifodasini topgan. Bu hodisa E.Vohidov g`azallarida ham bor.
Gar sog`inchim sharhin aytsam yondirar Farhod o`zin,
Yo ochay Majnunga dardim, ul-ku mendan sog`roq.
Bunday o`xshatishlar bilan shoirlar Navoiy asari qahramonlarini yerga urish emas, balki o`z obrazlarining (yor va oshiq) ta’sirini kuchaytirish maqsadida foydalanilgan. Aksar g`azallarda bu holat “Sen Laylidek…” yoki “Men Farhoddek…” birikmasi tarzida kelib, shu obrazlarga havas qilgan holda o`zni tenglashtirilar edi. Ammo ijodda yangilik yaratish ishtiyoqi hamma vaqt ham o`z urug`ini sochaveradi. Boburda bag`rning qoni rang nuqtayi nazaridan (qizil) yorning lablariga o`xshatiladi.
Mayxonasi sari guzar, ey jon, qilma,
Ishrat uyini kulbayi ahzon qilma,
Zulfing kibi ko`nglumni parishon aylab
La’ling kibi bag`rimni to`la qon qilma. (Bobur)
Erkin Vohidovda bag`r qoni lolaga, bodaga o`xshatiladi. Bunda ham rang nuqtayi nazaridan qarasak, lola ham qip-qizil rangda, boda(vino) ham qizil rangda bo`lganligi uchun albatta. Darvoqe, Boburning ushbu ruboiysida “zulf” obrazi mavjud bo`lib, u oshiq ko`nglini parishon qilishga qodir. Bunday detal E.Vohidovning “Parishonlik” g`azalida ham uchraydi.
Zulfimu parishonlik odat etdi, yo ko`nglim
Ayladi parishonhol bu qaro parishonlik.
Demak, yorning zulfi har ikkala shoirning ko`nglini parishonhol qilishga qodir. Bundan tashqari xol obrazi ham mavjudki, u ham yor go`zalligining bir qismi sifatida e’tirof etilgan. Yuzdagi nuqtadek xollar yor chiroyiga chiroy qo`shib, oshiqni behush holatiga keltirgan. E.Vohidovda:
Nuqtadek bir xoli bormish g`uncha labning ustida
Ul biri oshkor emishdir, ul biri pinhon emish.
Bobur go`zal g`azallardan tashqari betakror tuyuq namunalarini ham yaratdi. “Xol” timsoli tuyug`larda ko`proq uchragani uchun shundan misol keltiramiz.
Mehrkim ko`kka qilur ohang tong
Ollida bo`lsa emas berang tong.
Xoli-yu ikki labidek bo`lmag`ay
Hindu gar keltursa shakkar tang-tang. (Bobur)
Bobur ijodida Andijon va Hindiston nomlari ko`p uchraydi. Garchi Bobur Hindiston podshohi bo`lsa-da, ammo u o`z yurti bo`lmish Farg`onani, Andijonni sog`inib, g`azallar bitgan.
Shoh Bobur yurdi hindu ustiga, shoir va lek
Yig`ladi Farg`onadan to mulki Hindiston qadar.
E.Vohidov Farg`ona va Andijonni madh etishdan charchamaydi. U garchi Boburdek o`zga yurtning shohi bo`lmasa-da, ammo Vatanni qo`msash, o`zga yurtda yashab o`z yurtingni sog`inish nima ekanligini biladi, tushunadi va o`z ijodida Vatanning qadriga yetib, shukrona g`azallar bitadi.
Maskanim Farg`onayu ko`hna Samarqand ham manim,
Xorazm – faxrim, Namangan mehri mujgonim – tanim,
Yoshligim ardoqlagan Toshkent ko`nguldan sevganim
Andijon, Surxon, Buxoro, o`z cho`lim, o`z gulshanim,
Lek, desam Farg`ona, dilda o`zga otash yonadur
Maskanim Farg`onadir, Farg`onadir, Farg`onadir.
Albatta, g`azallarda joy nomlarini keltirish bu obrazlilik emas, ammo ikki shoir o`rtasidagi jug`rofiy mutanosiblik, ya’ni ularni bir yurtda tug`ilganligini anglatadi. Navoiy ijodidagi “quyun” obrazining ta’siri Bobur g`azallarida ham namoyon bo`lgan. Boburdagi sabo va quyun obrazlari ham Navoiydek tezkor xabarchi vazifasini ado etadi. Ruboiy:
Vaslingni tilab necha sabodin bilayin,
Kelgilki, quyundek boshingga evrulayin.
Gar kelmasang, istasang meni xizmatingga
Boshimni qadam qilib, qadamg`a kelayin. (Bobur)
E.Vohidovda quyun yo`q, ammo xat tashish sabo va shabbodaga yuklatilgan. Qosh, ko`z, kiprik mumtoz adabiyotda ko`p qo`llaniladigan tushunchalardir. Ayniqsa ko`zni joduga o`xshatish bu yangilik emas. Ana shu an’ana davomiyligini E.Vohidov mohirona amalga oshirdi.
Bandga tushgan bu ko`nguldur, menda ayting, ne gunoh
Dil qushiga dom qo`ygan ul ikki joduda ayb.
Jodu ko`zlar bandi yolg`iz – sen emas, tutqun yurak
Avval oxir ko`hna meros ishq degan tuyg`uda ayb.
Obrazlar borasidagi bu an’ananing davomiyligi o`zbek adabiyoti uchun yutuq samarasidir. “...Shoirlar uzoq asrlar mobaynida adabiy taqlid, yumshoqroq aytsak adabiy an’analar doirasida ko`proq ijod qildilar. She’riyatning eskirib va torayib borayotgan libosini yahgilash lozimligini hech kim o`ylab ko`rmadi...italyan she’riyatida sonetning paydo bo`lishida g`azalning, yapon she’riyatidagi tanka va xokkularning tug`ilishida esa qit’aning ta’siri yo`q deb bo`lmaydi. Ammo Sharq (o`zbek) she’riyati faqat XX asrga kelibgina boshqa jahon adabiyotini kashf etdi... XX asr o`zbek adabiyoti deganda nafaqat A.Qodiriy, Fitrat, Cho`lpon, Hamza balki Oybek boshliq keyingi avlodning mumtoz vakillari ham ko`z oldimizga keladi. Ular o`z ijodlari salaflari an’analarini davom ettiribgina qolmay, davr bergan imkon darajasida rivojlantirdilar ham”.8 Bizning nazdimizda Oybek boshliq keyingi avlodning o`tkir vakiliga E.Vohidov ham kirgan. Chunki u o`sha jahon adabiyoti durdonalaridan bo`lmish I.Gyotening “Faust” asarini o`zbek tiliga she’riy tarzda tarjima qildi. Tarjimonlik ham buyuk san’at. Zero, o`zbek iste’dodining qirralari har jabhada ham namoyon bo`laveradi. Tarjimonlik mahoratini ham balki u Boburdan o`rgangan bo`lsa ne ajab. Zero Bobur Xoja Ubaydulloh Ahror Valiyning “Volidiya” asarini she’riy tarjima qilib, o`z tarjimonlik mahoratini ko`rsatgan va tahsinga sazovor bo`lgan shoirlardandir. Bobur garchi Hindistonda yashasada, islom dini mazhabida bo`lgan. Hihdlarda esa butparastlik oqimi mavjud. Garchi shunday bo`lsada, uning haj, Ka’batulloh tipidagi islomiylik tariqatiga xos baytlari ham bor. Masalan:
Haj yo`lig`a kir, ko`ngul, himmat bila,
Ber qaz, oqar o`lsa yuz ming qofila. (Saylanma. 177-b.)
Islomda komil inson g`oyasi yotadi. Zero, inson – bebaho hilqat. Hazrati Jaloliddin Rumiy aytganlaridek: “O`zingni arzon sotma, chunki qiymating yuksakdur”.9 E.Vohidov ham ana shu buyuk hilqatga atab “Inson” degan qasida bitib, uni shunday boshladi:
Sobitu sayyorada inson o`zing, inson o`zing,
Mulki olam ichra bir xoqon o`zing, sulton o`zing,
deya bong urib, unga shunday o`git qildi:
Imon-u namoz-u ro`za-yu zakot –
Farzin ado etma el ko`zi uchun. (“Orzuli dunyo”, 73-b.)
Erkin Vohidovda Bobur shaxsi va ijodining ta’sirini shoir she’rlarida uning nomi va asarlarining mazmunini berish orqali ifodalanganligida ham ko`ramiz. M.: “Xazina” she’ridan:
O`qib “Devoni Bobur”, ham varaqlab “Nomai Bobur”,
Eshit bulbul navosi-yu qilichlarning jarangidan. (290-bet)
Yoki:
Kim degay qattol uni, Boburni u qon yig`latib
Qilmasa Mashrabni Ofoq oldida kulgu zamon. (294-bet)
***
Shoh Bobur Hindu sori yurdi-yu, shoir va lek
Yig`ladi Farg`onadin to mulki Hindiston qadar. (302-bet).
Yoki:
Mirzo Bobur – sen, fig`oning soldi olam ichra o`t,
Shoh Mashrab qoni senda urdi tug`yon, o`zbegim. (334-bet).
Shuni aytish joizki, Erkin Vohidov ijodida Navoiy va Bobur ijodidagi mohiyatning salmoqdorligi saqlanib qolingan va shoir tomonidan o`ziga xos xususiyatlar ham namoyon bo`lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |