Mil. avv. II ming yillikning oxiri-1 ming yillikning birinchi yarmiga kelib O’rta Osiyo hududlarida moddiy, madaniy va ijtimoiy hayotning turli tomonlarini qamrab oluvchi muhim uzgarishlar bo’lib o’tadi. Bu davrning eng muhim o’zgarishlaridan biri - temirdan yasalgan buyumlarning paydo bo’lishi va asta-sekinlik bilan keng hududlarga yoyilishi bo’lib, bu yangi tarixiy davr ilk temir asri deb yuritiladi. Metallurgiya sohasida temirchilikning rivojlanishi jamiyatning keyingi taraqqiyoti uchun ulkan imkoniyatlar yaratdiki, bu jarayon O’rta Osiyo sharoitida mulkiy tabaqalanish va ilk davlatlarning paydo bo’lishini yanada jadallashtirdi.
Arxeologik ma’lumotlarga ko’ra, temir eritish hunarmandchiligining eng qadimgi markazi Yaqin Sharq edi. Misol uchun, Suriyada va Mesopotamiyaning shimoli g’arbida mil. avv. XII asrdayoq temir buyumlar keng tarqalgan bo’lsa, Ossuriyada mil. avv.VIII asrda temir mis va bronzani xo’jalik hayotdan siqib chiqaradi. Kam sonli bo’lsada, mil. avv. II ming yillikning oxirlariga oid Kavkazortidagi arxeologik majmualarda temir buyumlar uchrasa, mil. avv. II-I ming yillik bo’sag’asida Eron va Hindistonda ham temir paydo bo’ladi.
O’rta Osiyoda temir asrining boshlanishi haqidagi munozaralar hamon tadqiqotchilarning ilmiy bahslariga sabab bo’layotgan masalalardan biridir. Bu davr dastlabki marta 1959 yilda V.M.Masson tomonidan o’sha paytda ma’lum bo’lgan O’rta Osiyodagi yodgorliklar asosida ajratilgan edi. O’sha paytda temir buyumlar janubiy Turkmanistondagi Anovda, Farg’onadagi Dalvarzinda, Turkmanistonning janubi-g’arbidagi Doxistondagina ma’lum edi. Hozirgi kunga qadar mil. avv. I ming yillikning boshlariga oid ko’plab yodgorliklar ma’lum bo’lsa-da, ulardagi topilmalar orasida temir buyumlar ko’pchilikni tashkil etmaydi. Ta’kidlash joizki, mil. avv. X-VIII asrlarda oldingi davrlarda bo’lgani kabi O’rta Osiyoning barcha hududlarida metall qurollarning asosiy qismi bronzadan tayyorlangan. Bu davrga oid arxeologik tadqiqotlar natijalari e’lon qilingan ko’pgina ilmiy ishlarda bu davr ba’zan so’nggi bronza, ba’zan esa ilk temir asri deb talqin etiladi. A.S.Sagdullayev esa, Uzining ayrim ishlarida bu davrni so’nggi bronzadan ilk temir asriga o’tish davri deb belgilaydi. Umuman olganda, mil. avv. I ming yillikning boshlarida O’rta Osiyo aholisi temir bilan tanishadi. Mil. avv. VI-IV asrlarda temir buyumlar bu xududlarda keng tarqaladi-ki, bu jarayon shaharlar taraqqiyotining yangi bosqichga ko’tarilishi uchun asos bo’lib xizmat qildi.
Hozirgi O’zbekiston hududlaridagi 4 ta qadimgi tarixiy-madaniy viloyatda ilk temir davriga oid arxeologik majmualar aniqlangan bo’lib ular Shimoliy Baqtriyada, So’g’d hududlarida, Farg’ona vodiysida va Toshkent vohasida joylashgan. Ushbu arxeologik majmualardagi shaharsozlik madaniyatida ko’p hollarda umumiylik aniqlangan bo’lsa-da, tarixiy jarayonlardagi o’ziga xoslik ham sezilib turadi.
Hozirgi kunga kelib o’ziga xos madaniyat namunalari O’rta Osiyoning janubidagi keng dehqonchilik vohalari - Parfiya, Marg’iyona, Baqtriya va So’g’diyona hududlaridan topib o’rganilgan. Bu majmualarga mos yodgorliklar ko’p hollarda dastlab topilib nisbatan ko’proq o’rganilgan majmua nomi bilan Yoz I deb ataladi.
Ko’pgina arxeologik ma’lumotlarning guvohlik berishicha, bronza davriga kelib Murg’obning quyi oqimlaridan Hindiqush va Hisor tog’ oldilarigacha bo’lgan keng hududlarda bir-biriga yaqin me’moriy-rejaviy tuzilishlar, turar-joylar, qurilish uslublari va xom ashyosi, ishlab chiqarish xo’jalik buyumlari, hunarmandchilik ishlab chiqarishi, aholi o’troq joylashuvining o’ziga xos xususiyatlari keng tarqaladi. A.Sagdullayevning fikricha, bularning barchasi bu hududlardagi aholining madaniy, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi hamda Baqtriya tarixiy-madaniy umumiyligi (BIKO-Baktriyskaya istoriko-kulturnaya obhnost) shakllanishining boshlanishi bilan izohlanadi.
Olimning fikricha, Yoz I, II, III, Tilla I, II, III, Qizil I, II, III kabi arxeologik majmualar BIKOning keyingi rivojlanish genezisini ko’rsatadi. Uning hududiy o’zagini Marg’iyona, Baqtriya keyin esa Sug’d tashkil etadi. Ta’sir doirasi esa Kepetdog’ tog’ oldi hududlari va Xuroson hisoblanadi.
Ko’rinib turibdiki olim BIKOni ajratish jarayonida mil. avv. VIII- VI asrlarda Baqtriya tarkibiga Marg’iyona va Sug’dni ham kiritadi. Ammo, bu holat Xorazm ham qadimgi Baqtriya tarkibida bo’lgan, degan fikrni bermaydi. M.X.Isomiddinov, A.Sagdullayevning fikriga qisman qo’shilib, aftidan bu yerda gap faqat Baqtriya va Marg’iyonaning tarixiy-madaniy umumiyligi haqida boradi degan fikrni bildiradi. Olimning ta’kidlashicha, siyosiy jihatdan Marg’iyona Xorazm tarkibiga kirgan. So’g’diyonaga kelsak, mil. avv. VIII- VI asrlarda u shubhasiz BIKO va qadimgi Baqtriya davlat uyushmasi tarkibiga kirgan. Aynan mana shu davrda Afrosiyob, Ko’ktepa, Uzunqir, Yerqo’rg’on kabi shaharlarning paydo bo’lishini So’g’dni siyosiy va iqtisodiy mustaqillikka intilishi,- deb izohlash mumkin.
O’rta Osiyoning janubiy hududlaridagi mil. avv. I ming yillikning boshlariga oid nisbatan yaxshiroq o’rganilgan va ayrimlari o’zida shaharsozlik belgilarini aks ettiruvchi yodgorliklarga Shimoliy Parfiyadagi Ulkentepa va Ulug’tepa, Marg’iyonadagi Yozdepa, Janubiy Baqtriyadagi Tillatepa, Shimoliy Baqtriyadagi Kuchuktepa, Qiziltepa kiradi.
Shahar madaniyati rivojlanishining yangi bosqichiga kiruvchi bunday qadimgi markazlarga Kopetdog’ tog’ oldi hududlari ham kiradi. Haqiqatan ham, o’tgan asrning 30-yilarida janubi-sharqiy Kopetdog’ tekisligida, Koushub temir yo’l stansiyasidan 1,5 km janubi-sharkda, Namozgohtepa yaqinida shahar ko’rinishidagi Ulkendepa xarobalari ochib o’rganilgan. Mil.avv.II ming yillik oxirlaridan -1 ming yillik o’rtalariga qadar mavjud bo’lgan bu qo’hna shahar, tadqiqotchilar tomonidan nafaqat Janubi-Sharqiy, balki, Markaziy Kopetdog’ hududlaridagi eng qadimgi markaz sifatida e’tirof etilgan. Ulkendepa rejaviy jihatdan ko’p burchakli qal’aga ega bo’lib, bu istehkom boshqa qurilishlardan ancha baland (20 m)da bunyod etilgan. Ko’hna shaharning Uzi 500x290 metr hajmida bo’lib, minoralari bo’lmagan mustahkam devor bilan o’rab olingan. Mudofaa devorining asoslari 40 metrgacha, balandligi esa 5 metrdan 10 metrgacha. Devor atrofi chuqur xandaq bilan o’ralgan. Ko’hna shahar atrofida Uz vaqtida qishloq qo’rgonlari va oddiy aholining turar-joylari bo’lgan tepaliklar saqlanib qolgan.
Bu davr yirik manzilgohlari bir necha o’nlab gektar maydonni egallagan bo’lib, misol uchun, ular turar-joy massivlari va alohida uylar qoldiqlaridan iborat tepaliklardan tashkil topgan. Bu tepaliklar orasida qap’a eng yirik bo’lib, Ulkentepada uning diametri 130 metr va yer sathidan 20 metr baland. Undan tashqari qal’alar 6-10 metrli g’isht poydevor ustida joylashgan. Ulkentepa va Qiziltepa mustahkam mudofaa devorlari bilan o’rab olingan. Ushbu ko’hna shaharlarning atrof hududlari (prigorod) bo’lib, bu hududlarda qo’rg’onlarning qoldiqlari aniqlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |